MANQA

MANQAodam va hayvonlarda uchraydigan infeksion kasallik. Teri, shilliq pardalar, muskullar va ichki aʼzolarning zararlanishi bilan kechadi. Kasallikni tayoqchasimon bakteriya — Pseudomonas mallei qoʻzgʻatadi. Manqa zoonoz infeksiya boʻlib, aksari bir tuyokli hayvonlar (ot, eshak, xachir, tuya va zebralar)da uchraydi.

Kasallik, koʻpincha, odamga Manqa bilan ogʻrigan otlardan yuqadi. Infeksiya qoʻzgʻatuvchisi shikastlangan teri yoki shilliq qavatlar orqali organizmga tushadi. Kasallikning kasbga aloqadorligi aniqlangan, koʻproq hayvonlarga qaraydigan kishilar (otboqarlar, yilqichilar, chavandozlar, veterinariya xodimlari va b.) kasallanadi. Manqaning yashirin davri 1—5 kun. Oʻtkir va surunkali kechadi. Kasallikning oʻtkir shaklida qoʻzgʻatuvchi kirgan joyda yalligʻlanish, soʻngra yaraga aylanuvchi gra-nulyomalar paydo boʻladi. Keyinchalik regionar limfa tugunlarida yalligʻlanish, teri va shilliq qavatlarda pus-tulyoz toshmalar, muskullar va teri ostida yiringli yaralar; ichki aʼzolar va muskullarda abssesslar, yiringli osteomiyelit va artritlar yuzaga keladi. Koʻpincha, qon va bronxlar orkali oʻpka shikastlanadi. Letallik juda yuqori. Kasallik bir necha oy davom etib surunkali shaklga aylanishi mumkin.

Hayvonlarda kasallik mikrob bilan ifloslangan ozuqa, goʻng, parvarish vositalari va ot anjomlari opkali sogʻlom hayvonga, asosan, ovqat hazm qilish organlari, kam hollarda oʻpka orqali yuqadi. Kasallik mavsumiy boʻlmasada kuzqish oylarida koʻproq uchraydi. Manqaning yashirin davri 3 kundan 2—3 haftagacha. Patologik jarayonning joylashgan joyiga qarab kasallik shartli ravishda burun, oʻpka va teri Manqa siga boʻlinadi. Kasallik oʻtkir kechganda tana harorati 41—42° gacha koʻtariladi, qaltirash, koʻz va burun shilliq qavatlarining qizarishi, holsizlanish kuzatiladi. 2—3 kundan keyin hayvonning burun shilliq qavatida mayda sargʻish tugunchalar paydo boʻladi, bir necha soatdan soʻng ular oʻzaro qoʻshilib, yoriladi. Ular oʻrnida cheti egri, tubi yogʻsimon, yiringli qobigʻi bor yaralar hosil boʻladi. Kasal hayvon, koʻpincha, oʻladi.

Kasallik surunkali kechganda tana haroratining vaqti-vaqti bilan koʻtarilishi, oʻpka emfizemasi kuzatiladi, yaʼni oʻpka alveolalarida koʻp miqsorda havo toʻplanib, uning hajmi kattalashadi. Kasallik bir necha oydan bir necha yilgacha choʻzilishi mumkin.

Kasallikning oldini olishda uy hayvonlarining veterinarlar nazoratida boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Teri-allergik sinama yordamida kasal hayvonlar aniqlanadi va ular yoʻqotiladi. Kasallik chiqqan molxonalar dezinfeksiya qilinadi. Sogʻlom hayvonlar maxsus vaksina bilan emlanadi. Kasal hayvonlar bilan muloqotda boʻlgan kishilarga 5 kun davomida maxsus dorilar beriladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x