Siz koʻnglingizni pok saqlang Sizni Xudo saqlaydi. Hamma harakatlarimiz avvalo koʻngildan boshlanadi. Ezgu oʻy-xayollar bilan yurgan odamning soʻzlari yoqimli, ishlari barakali boʻladi.
Koʻngilni kiyna va adovatdan, yomonlik va hasaddan saqlagan, saqlay olgan kishining hayoti havas qilgulik goʻzal, ibratli, samarali boʻladi.
Ammo hayotda shunday kishilar ham borki, ular oʻzgalarning tinchini buzadi, koʻngliga vasvasa solib, oromini oʻgʻirlaydi. Ular makkorlik bilan sizga yaqinlashib oladilar: sizni, umuman kimni koʻrsa dastavval yaltoqlanib, eshilib, yolgʻondan maqtab soʻz boshlaydilar, “Ichingizga kirib olgan”dan keyin esa, kirdikorlarini boshlaydilar. Dastlab, aka yo ukangiz, doʻst yo dugonangiz, kasbdoshingiz, qarindosh yo tengdoshingiz bilan sizni qiyoslashdan ishni boshlaydilar. Ana shu qiyosda fitna bor. Ehtiyot boʻling, shunday shirin aldov bilan ikki orani buzish niyati bor bu makkorning.
Bu toifa kishilar oʻzlarining siz haqingizdagi salbiy fikrlarini boshqa birovlar nomidan shivirlab, gap yetkazayotganday, sizning shaʼningizni himoya qilayotganday, baʼzan atrofga oʻgʻri mushukday alanglab olib, xullas, teatrlashgan bir alpozda yetkazadilar. Birdan ikki quyonni urganday rohatlanish jilvalarini yuz-koʻzida koʻrishingiz uchun oʻzingizni uning bu gaplariga ishonganday, parvo qilganday tuting-da, zimdan koʻz qiringiz bilan yuziga razm solib koʻring, ana shunda uning makkor basharasida taltayib turgan manmanlikni oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz. Kayfiyati koʻtarilganining guvohi boʻlasiz. Asli maqsadi sizning tinchingizni buzishdan iborat boʻlgan ammo sizga mehribonchilik qilayotganday koʻrinishga urinayotgan bu toifani bir soʻz bilan hasadchilar deb aytish mumkin. HASADCHIlar oʻzgalarning yutuqlaridan iztirobga tushadigan kishilardir. Hasaddan saqlanmoq lozim. Hasaddan shuning uchun ham saqlanmoq lozimki, u birinchi galda hasadchining oʻzini kemiradi. Hasad qilmoq Xudoning adliga va fazliga shubha qilmoqdir. Bir kishiga Xudo bergan neʼmatlarni undan qizgʻanish ayni hasaddir.
Suhbatdoshingiz hasadchimi, yoʻqmi, buni aniqlashning oson yoʻli bor. Siz unga biror bir tanishining, kasbdoshining yutuqlari haqida gapiring va zimdan kuzating uning yuzida iztirob belgilarini, bir gʻalati sababsiz tushkunlik soyalarini koʻrasiz. Shunda bu masalada uning fikri bilan qiziqing. Oʻsha tanishining kamchiliklari haqida huzurlanib gapira boshlasa, bilingki, bu odam hasadchidir. Siz undan oʻtdan qochganday tez uzoqlashing, zero hasad oʻtining tutuni dilingizni xiyra, aqlingizni tiyra qilmogʻi mumkin. Yana bir yoʻli oʻzgalarning, ayniqsa oʻzidan kattaroqlarning yoki qaysidir maʼnoda undan oʻzib ketganlarning kamchiliklari, baxtsizliklari mavzusida gapirganda joʻshib ilhomlanib ketish hollari ham insoniyatga nisbatan umumiy nafratning ifodasi boʻlib baxtsiz odamlarga omadsiz odamlarga koʻproq xos bu xususiyat baʼzi hollarda oʻzlarining mavjud holatidan koʻngli toʻlmay yurgan duppa-durust kishilarda ham uchrab turadi.
Siz juda koʻp marotaba koʻrgansiz: baxtiyor kimsalar hamma narsada yaxshilik koʻradilar, har qanday hodisaning ijobiy tomoniga koʻproq eʼtibor qaratadilar. Odamlarning ham yaxshi tomonini koʻproq koʻradilar. Omadsiz va baxtiqaro kimsalarning tillari har doim soʻkinchga, qargʻishga va nolishga moyil boʻladi. Siz oʻylaysizki, ha, omadi chopmagani tufayli, qiyinchilik, yutqiziq va omadsizliklarga duch kelaverganidan shu holga tushib qolgan deb, unga achinasiz ham. “Odamning odamga rahmi kelsa, Xudoning qahri keladi” degan hikmatni koʻp eshitgansiz. Aslida odamning odamga achinishi, mehribonligi Xudoga maʼqul. Ammo kufroni neʼmat natijasida ogʻir ahvolga tushib qolgan odamga nisbatan boʻlgan ana shu achinishga Xudoning qahri keladi, deydi donishmand xalqimiz. Nega? Negaki, bu odamda noshukurlik jibilliy, tugʻma uning xamirturushida noshukurlik bor. Xudoning bergan neʼmatlariga noshukurlik qilaverib, shu kuyga tushib qolgan u. Bundaylarning oʻnlab vakillari bilan suhbatlashib, dardu hasratlarini tinglayverib odamning shu qadar noshukur boʻla olishini koʻrib hayratlangan paytlarimiz koʻp boʻlgan. Ularning aksari hayotdan sizu bizning xayolimizga kelmagan yaxshiliklarni koʻrganlar. Vaqtida odamlar ularga havas qilishgan, ammo ular tomonidan shukrona aytilmagan, qaytasiga kufroni neʼmatlari ziyoda boʻla borgan va kunlarning birida ishlari chappa keta boshlagan. Meni hayratga solgan narsa ularning taqdirlaridagi mantiqiy uyqashlik, umumiylikning mavjudligidir.
Bir odam bilan suhbatdan keyin koʻnglingiz holatiga boqing. U tiniqib, xotirjam tortsa, hayotga va ijodga ishtiyoqingiz ortganini sezsangiz, shu odamning suhbatiga intiling va koʻproq muloqotda boʻlishga harakat qiling. Mabodo birovning suhbatidan keyin koʻnglingizda gʻashlik qolsa, kimgadir nisbatan nafrat uygʻonsa, shu odam kim boʻlishidan qatʼiy nazar uning suhbatidan qoching, koʻziga koʻrinmaslikka va uni koʻrmaslikka intiling, soʻzini eshitmaslikka harakat qiling.
Olam keng va unda yaxshi odamlar bisyor. Siz doʻstsiz qolishdan aslo choʻchimang. Pok niyatli tiniq va hur fikrli kishilardan doʻstlar orttiring va ular suhbatidan fayzu baraka topib yashang. Ezgu fikrli va ilmli kishilar suhbati va xizmatiga xaridor boʻling. Bu xaridingiz umringizning oxirigacha eskirmaydi va sizga foyda yetkazib turadi.
OMAD nima? Astoydil qilingan pok niyat va uzoq, bardavom, aniq maqsad yoʻlida tinimsiz bajarilgan mehnatning mahsuli, natijasi baʼzan kutilmaganda birdan boʻy koʻrsatib qoladi. Ana shuni kishilar baʼzan omad deb oʻylaydilar. Vaholanki, siz omadli deb oʻylayotgan odamning bir yaxshi xislati bor. U oʻzgalarga yomonlik sogʻinmaydi. Doim yaxshi niyat qilib, ogʻir lahzalarda ham umidini uzmay tinimsiz mehnat qiladi va behuda harakatlardan, oʻzini koʻz-koʻzlashdan tiyiladi. Shuning uchun ham uning halol, mashaqqatli mehnat bilan qoʻlga kiritgan yutugʻi boshqalarga tasodif tuyulib, omad boʻlib koʻrinayotir. U shunchaki oqkoʻngil, mehnatkash va kamtarin inson.
Baʼzan, tabiatan quvnoq, shaldir-shuldur, har kim bilan tez chiqishib ketaveradigan, biroz “maqtanchoq” kishilarning ishlari oʻz-oʻzidan yurishib ketaverganini koʻp koʻrgansiz va oʻzingizcha ularni ahmoq, oʻzingizni oqil va donishmand hisoblaganingiz uchungina “Jahonda uchraydi takror va takror, ahmoqlar izzatda, aqillilar xor!” deb burningiz ostidan norozi gʻoʻldirab qoʻygan paytlaringiz ham boʻlgandir. Meni inkor etishdan oldin toʻxtab shu yerda bir zum tin oling va mana bu savolga javob bering. Sizni aqlli odam deb kim aytdi, oʻzi? Ha, bu sizning shaxsiy xulosangizmi?
Undoq boʻlsa men sizga shuni eslatmoqchimanki, dunyodagi barcha odamlar, atrofida, oʻzlarini dunyodagi eng aqlli odam deb hisoblaydilar. Demak, sizning bu fikringizga kamida yetti milliard odam qarshi.
Siz kishilarning “Vaqtim yetmadi”, “Pulim yetmadi”, “Qoʻlim yetmadi” deb noliganlarini koʻp bor eshitgansiz. Ammo hech zamonda “Aqlim yetmadi” deganlarini eshitganmisiz? Eshitmagansiz. Eshitgan boʻlsangiz ham kinoyaviy maʼnoda, teskari maʼnoda qoʻllaganini eshitgansiz. Eng nodon odamlarning koʻp qoʻllaydigan, suyukli iboralari nima, bilasizmi? Ular “Menga aql oʻrgatma”, “Oʻzim yaxshi bilaman”, “Sizdan yaxshi bilaman”, “Allaqachon bilib olganman” kabi soʻzlarni koʻp ishlatadilar. Aqlli kishilar bunday ahmoqona soʻzlarni mutlaqo ishlatmasliklarini bilasizmi? Eʼtiborliroq boʻlsangiz el ichida donishmandligi bilan mashhur boʻlgan kishilar har qanday holatda ham bu soʻzlarni ishlatmaydilar. Eng ahmoqona maslahatni ham muloyim tabassum bilan goʻyo “jon-jon” deb qabul qilganday qarshi oladilar. Oʻzlarini xotirjam tutadilar. “Shuni ham bilmas ekan” degan malomatdan qoʻrqmaganliklari uchun, oʻz bilimlariga ishonchlari mustahkam boʻlgani uchun shundaylar. Ana uning jirillashiga sabab esa bilimsizligini yashirish instinktidir. Ha, nodondagi harakatlarni instinkt deb atash ayni muddaodir. Zero, uni aql boshqarmaydi.
Donolarning bunday muloyimlik holatlarini HILM deb ataydilar. Hilm ilmdan keyin keladigan, maʼrifatning mahsuli boʻlib, ilm va maʼrifatni muhofaza qiladigan, uni undirib, hosilga kirgizib, egasini va uning atrofidagilarni ilm natijalaridan bahravor qiladigan juda oliy insoniy xulq koʻrinishidir. Xulqda hilm darajasiga erishmagan olimning ilmi nuqsonli, qusurli va baʼzan zararli hamdir. Mashoyixlarga quloq tuting
Bilgan odam bildim, demas,
Bildim desa, bilgan emas.
Men bu baytni Kitob – Ayoqchi avtobusida yoʻlovchidan eshitdim. Bir marta eshitdim va bir umrga eslab qoldim. Oʻshanda men talaba edim. Buni aytgan odam kimnikiligini bilmas edi, u ham oʻz vaqtida birovdan eshitgan va xotirasida qolib ketgan ekan. Uslub Sufi Alloyorni eslatadi. Kitoblarida uchratmadim. Oʻttiz yildan beri men buni takrorlab yuraman. Ne bir maqtanchoqlarga oʻqib berdim. Goʻzal va maftunkor bayt. Maqolday mukammal. Bu baytning magʻzini chaqing, oʻz ustingizda ishlashdan toʻxtamang, balki shu birgina bayt sizni donishmand qilsa ajab emas. Amal qiling, hayotingizda foydalanmagan bilimlaringizdan sizga bosh ogʻrigʻidan boshqa manfaat yetmaydi. Biling, bildingizmi endi amal qiling. Bildim deb maqtanib yurish uchun oʻqimaydilar. Hayotda foydalanish uchun bilim orttiriladi. Bilim shuncha ulugʻligi bilan maqsad emas, bilim bir vosita, ana shu vosita yordamida insoniyatga, taraqqiyotga, maʼrifatga xizmat qilish maqsadi boʻlmasa, bilim olishning hech bir foydasi yoʻqdir. Balki siz “Bildim” degan asossiz xulosaga kelgandirsiz? Bu sizning xulosangiz, dunyodagi har bir odam xuddi siz kabi oʻzini aqlli deb hisoblashini oʻylab koʻring.
Agar ayrim tanishlaringiz, doʻstlaringiz sizga “Aqllisan” deb tez-tez eslatib tursalar va siz shunga ishonib oʻzingizni oqillar qatoriga qoʻshib, shundan magʻrurlanib yurgan boʻlsangiz, men sizga boshqa bir holatni eslatmoqchiman.
Uyingizda yosh bola bor, tinmay ukasining oʻyinchogʻini tortib oladi, uni turtib yigʻlatadi, shovqin soladi. Xullas, gʻirt tinmas. Siz uni tinchlantirish uchun qanday usulni qoʻllaysiz? Ha, barakalla! Juda koʻpchilik shunday qiladi. “Sen, oʻzing aqlli bolasan-ku” unga eshittirib bir-birlariga nima deydilar: “Falonchiboy koʻp esli bola, aqlli bola, ukasini yaxshi koʻradi” bu soʻzlarni chin deb qabul qilgan bola bir oz muddat yomonligidan tiyiladi.
Aqlli odamlar, baʼzan bu usuldan kattalarni tinchlantirish uchun ham foydalanadilar.
Agar siz ilm tolibi boʻlsangiz bunday xato: oʻzini aqlli, bilimli deb hisoblash sizga juda katta zarar yetkazishini unutmang.
Ilgari bir muddat talabalarga dars berdim, ularni oʻqishga kirishlari uchun maxsus tayyorlanishlariga koʻmak bergan paytlarim ham boʻldi. Mening vazifam ularga dars tayyorlashda, bilganlarini takrorlashda koʻmaklashish, ular uchun begona maʼlumotlarni topib berishdan iborat edi. Har xil tabiatli bolalar kelishar, ularning tayyorgarlik darajalari ham har xil boʻlar edi. Meni ajablantirgani shuki, bu yoshlarning chala tayyorlanib kelganlaridan koʻra mutlaqo hech narsani bilmay kelganlarini tayyorlash osonroq kechardi. Sabab chala bilgichlar oʻzlarini bilimdon hisoblashib darslarga tayyorgarliksiz kelishar, natijada avvalgi hollarida qolib ketardilar. Hech narsa bilmaganlar esa, jon-jahdi bilan tayyorlanar va chala bilgichlardan tezda oʻtib ketardilar. Shu tarzda hech baloni bilmaydigan bir qiz bola qirq besh kunda kecha-yu kunduz tayyorlanib byudjet hisobidan oʻqishga kirib ketganini eslayman. Baʼzi bolalar uncha-buncha qobiliyatli boʻladilar, ammo yaqin-atrofida yaramas odamlar boʻlgani sababli bolani maqtayverib ishdan chiqarib tashlagan boʻlardilar. Bu holda ish ancha ogʻir kechar, bolapaqirga avval bilimsizligini isbotlab, xato bilganlarini esidan chiqarib olguningcha ancha vaqt oʻtib ketar, bola hamma narsani anglab oʻqishga sidqidil kirishganda oʻzi imtihon vaqti yetib kelib qoʻygan boʻlardi. Ahmoqona manmanlik bir yoshning umrini behuda sovurayotganini koʻrib turasan, ammo u bir texnika emaski, murvatini almashtirib, tuzatib qoʻya qolsang, uning atrofida pishang berib turadigan haybarakallachilar ishni yana-da ogʻirlashtiradi. Bolalarda uchraydigan eng yaramas illat – bu chala bilish. Chala bilish ularni gʻaflatda qoldiradi. Men inson psixologiyasi bilan oʻsha kezlarda jiddiy qiziqib qoldim. Notoʻgʻri tushuncha tufayli kishi oʻz imkoniyatlaridan foydalanolmay qolishi mumkinligini oʻshanda anglab yetdim. Ikkita bir xil imkoniyatdagi, bilimdagi talaba keladi biri ozgina narsani bilib olgach, ana shu chala bilganiga bino qoʻyib maqtanib yuraveradi. Topshiriqlarni bajarishga beparvo boʻladi, ikkinchisi sidqidil berilib oʻqir, hech narsa bilmasligini eʼtirof etib tinimsiz mehnat qilardi. Test sinovlaridan chiqqach, birinchi toifa bolalar xursand boʻlib chiqishar, qanday qilib qoyillatganlari haqida lof urishar, oʻzlarini talaba his qilib gerdayishardi. Ikkinchi toifa bolalar esa, xonada oxirigacha oʻtirib, eng soʻngida chiqishar, siniqibgina “Bilmadim, qiyin savollar keldimi, koʻp ikkilandim-da” deb kamtargina turishardi. Oradan oʻn kun oʻtib, gʻalvir suvdan koʻtarilganda esa, unda faqat kamtarlar qolib maqtanib yurganlar tushib ketishar, yiqilganlari maʼlum boʻlgach esa, haqsizlik boʻldi, deb oʻzlarini oqlab yuraverishardi. Mana sen bilan birga tayyorlangan bola oʻtdi-ku, desang uning bir omadi chopib qolgan-da, derdi hamon bir yonini bermasdan. Bu hol har yil takrorlanaverganidan menda qaysi bola sinovdan oʻtadi, qaysi yiqiladi degan savolga deyarli toʻgʻri javob topish malakasi paydo boʻlgandi. Bu misolni keltirishdan maqsad: siz balki birinchi toifa abituriyentlar sirasiga tegishlidirsiz. Shu haqda oʻylab koʻring.
Shuni bilingki, omad osmondan tushmaydi. Omad ham azmi qatʼiy, ishchan, mehnatkash kishilarga kulib boqadi.
Siz oʻzgalar hayoti bilan qiziqib emas, oʻz hayotingiz bilan yashang. Oʻz ishingizni halol va sidqidil, ishtiyoq bilan bajaring. Maqsadni aniq qoʻying. Katta maqsadlar qoʻying va unga erishish yoʻlida butun kuch-quvvatingizni safarbar qiling. Atrofdagilarning chalgʻituvchi fikrlariga parvo qilmang. Kim nima desa, ogʻzi oʻzida. Siz tanlagan yoʻlingizdan ogʻishmang. Albatta muvaffaqiyat qozonasiz. Faqatgina bu yoʻlda bor kuch-gʻayratingizni safarbar qilish lozimligini unutmang.
Safarbarlik nima? Safarbarlik inson oʻz ichki imkoniyatlarini, bilimi, gʻayrati, tajribasi, kuch va quvvatini boshqa har qanday chalgʻituvchi narsalardan cheklab, aniq maqsadga yoʻnaltirishi, tanlangan yoʻlga diqqatni toʻliq jalb qilish, bir lahza ham chalgʻimaslik safarbarlikdir.
Masalan, siz bu yil oʻqishga kirishni maqsad qilib oldingiz. Qaysi oʻqishga kirmoqchisiz? Shu yoʻnalishda qaysi fanlardan sinovlar bor? Qaysi fan birinchi darajali, qaysi fanlar ikkinchi, uchinchi darajali? Bularni aniqlagach, ustoz tanlang. Ustoz tanlaganda uning sizga yoqish-yoqmasligiga qarab emas, ishining sifatiga qarab tanlang. Unutmang, oʻz ishining ustasi boʻlgan kishilar odatda bir oz qoʻrsday tuyuladilar. Ammo bu aldamchi taassurot boʻlishi ham mumkin. Oxir-oqibatda shuni yodda saqlangki, ustozning dakkisi otaning shirin soʻzidan koʻra foydaliroq boʻladi.
Endi, ustoz tanlandi. Dars vaqtlari aniq belgilandi. Kun tartibingizni tuzib oling. Unda dars tayyorlash, dam olish, ovqatlanish, sport bilan shugʻullanish, toza havoda sayr qilish va ustoz huzuriga dars uchun borishgina boʻlsin. Boshqa hech narsa. Harqanday, toʻy, tugʻilgan kun, bayram va sayohatlarni qatʼiy chiqarib tashlang. Birgina maqsadga butun diqqatni yoʻnaltirganingizda, ikkilanishga yoʻl qoʻymaganingizda siz juda katta kuchga aylanasiz. Buning siri tarmoqlanishdan, kuchning boʻlinishidan saqlanishdadir. Har qachon biror sohada sizga muvaffaqiyat qozonish ehtiyoji boʻlsa ana shu aniq maqsaddan boshqasini barham berishga intiling va moʻjizalarni tomosho qiling. Dastlabki ikki-uch hafta ogʻir boʻladi. Sabr qiling, bu shunchaki, sizda koʻnikma yoʻqligidan. Keyinchalik, bu tartibga oʻrganib olganingizdan keyin, shunday rohat-farogʻat, qoniqish hissini tuyasizki, buni hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Natija ham quvonarli boʻladi.
Siz hayotingizdagi tartibsizlikka shunchaki odatlangansiz. Bunday yashash tarzi oson boʻlganligi uchun emas, shunchaki odatlanganingiz uchun sizga oʻngʻay tuyuladi. Aslida qatʼiy rejim bilan yashash zavqli, yengil, maroqli va eng muhimi samaralidir. Siz oʻz hayotingizni, shu kungacha yashab kelgan turmush tarzingizni astoydil tahlil qilib koʻring-a, qanchadan-qancha bebaho vaqtingizni yelga sovurganingizni bilib hayratga tushasiz. Mashoyixlardan biri “Oddiy dunyoviy odamning kun davomida bijargan ishlari, yugurib yelishlarining oʻn foizigina uning uchun muhim, kerakli qolgan toʻqson foizi keraksiz, behuda ishlar va tashvishlardir” deb qayd qiladi. Agar rostdan ham shunday boʻlsa, aziz umrimizning oʻn yilidan toʻqqiz yilini behuda ishlarga sarflagan boʻlib chiqamiz. Mana, daholar, yuqori natijalarga erishgan sportchilar va har bir sohaning eng ilgʻor kishilari bu natijalarga erishish uchun qoʻshimcha vaqtni qayerdan oladilar.
Birgina Alisher Navoiy amalga oshirgan ishlarni, yozib ulgurgan asarlarni, asarlarida foydalanilgan juda katta miqyosdagi bilimlarni oʻzlashtirish uchun bajarilgan keng koʻlamli yumushni odam bolasi bajarishi mumkin emasday tuyuladi, bizga. Yaxshilab oʻylab koʻrsak-chi? Behuda oʻtgan soatlarimizning hisobini olsak-chi? Shunda biz vaqtni qadrlash naqadar muhim ekanligini anglab yetamiz. Hazrat Navoiyning har bir asaridan beqiyos hikmatlar topish mumkin. Mana, masalan “Sabʼai sayyor” dostonidagi “Bahrom va Dilorom” hikoyatini oling. Hikoyat mazmuni qisqacha shunday: Shoh Bahrom suyukli xotini Dilorom bilan ovga chiqadi, ovchilikdagi mahorati bilan maqtanib, Diloromni qoyil qoldirmoqchi boʻladi. Dilorom hech qoyil qolavermaydi. Shunda Bahrom qochib ketayotgan kiyikni yoy oʻqi bilan oʻqlab orqa oyogʻini qulogʻiga qoʻshib boshiga tikib qoʻyadi. Ammo qaysar Dilorom “Bu ham mashq natijasi” deydi xotirjamgina tantiqlanib. Bunday sovuqqonlikdan jahl otiga mingan shoh Bahrom uni oʻldirmoqchi boʻladi ammo, koʻzi qiymaydi soʻngra oyoq-qoʻlini kulluklab choʻlning oʻrtasiga tashlab ketadi. Ittifoqo sahroda oʻtin terib yurgan bir chol uni topib olib uyiga olib ketadi va oʻziga qiz qilib oladi. Oradan yillar oʻtib, shoh Bahrom yana shikorga chiqadi va taqdir taqozosi bilan ana oʻsha cholning uyiga mehmon boʻladi. Cholning asrandi qizi cholni taniydi. Ancha yil oldin boʻlib oʻtgan voqeani eslatish uchun bogʻliqda turgan buqani koʻtarib soyga olib tushadi va sugʻorib boʻlgach, yana yelkasida koʻtarib yuqoriga olib chiqadi. Buni koʻrib turgan shoh cholni chaqirib, undan “Ayol libosidagi pahlavon kim?” deb soʻraydi. Chol “Bu mening qizim” deb, javob beradi.
Podshohning
– Nozik-nihol qiz shunday katta novvosni koʻtara oladimi – degan savoliga
– Buni oʻzidan soʻrang – deb javob beradi.
Diloromni chaqirtiradilar. Shoh Bahrom savolni ayolning oʻziga beradi. Dilorom yuzidan pardasini olib, Bahromga ayyorona kulib qaraydi va
– Bu ham mashqning natijasi – deb javob beradi.
Ana shunday tinimsiz va muttasil mashqlar natijasida aql bovar qilmas natijalarga erishsa boʻladi. Buning uchun esa, sabr-toqat, qunt va bitmas-tuganmas istak boʻlishi lozim. Yana bir eng muhim narsa – yoshlik shijoati kerak boʻladi. Yosh doʻstim! Sizda niyatingizga yetish va baxtli boʻlish uchun hamma narsa muhayyo, qolgani oʻzingizdan. Hazrat Navoiy aytganlaridek,
Oʻz vujudingga tafakkur aylagʻil,
Har ne tilarsen oʻzungdan tilagʻil.
Orif HOJI
“Ijod olami”, 2017–6
https://saviya.uz/ijod/nasr/konglingizni-pok-saqlang/