Koʻngil tilagan suhbat (“Yulduzlar shamoli” kitobidan parchalar)

Gohida yaxshi bir suhbatdoshni qoʻmsab qolasan, kishi. Kundalik tashvishlardan, mayda-chuydalardan ortib, hayot haqida, odamlar, oʻtgan-ketganlar toʻgʻrisida gaplashging keladi. Lekin bunday suhbatdoshni hamisha ham topib boʻlmaydi. Siyqa va maʼnisiz, ensa qotirar gaplar, turli xil gʻiybatlar bilan asabingizga tegadiganlar yetarlicha. Baʼzida esa vaqt, imkon boʻlmaydi.

Yaxshi soʻzdan, yaxshi suhbatdan koʻngil oziqlanadi, ruhiyat koʻtariladi. Yaqinda chop etilgan “Yulduzlar shamoli yoki muxlis bilan suhbatlar” kitobi ana shunday gurunglarni sogʻingan, lekin samimiy hamsuhbat topolmayotganlar uchun yaxshi bir tuhfa boʻldi. Kitob qahramoni – Oʻzbekiston xalq artisti Mahmud Namozov. Elimizning sevimli hofizi siz bilan samimiy suhbat quradi, yaqinlari, qishlogʻi, bolaligi, bosib oʻtgan ijodiy yoʻli va shaxsiy xotiralaridan soʻzlaydi. Mutolaa davomida bugun butun Oʻzbekistonga mashhur, kimsan Mahmud Namozov bilan emas, oʻzingizga judayam yaqin, sodda va  samimiy kishi dillashayotganingizni his qilasiz.

Gazeta-jurnallarda mashhurlar bilan juda koʻp suhbatlar, intervyular uyushtiriladi. Davriy nashrlarga materiallar tez muddatda tayyorlangani uchun suhbatlar koʻp ishlanmay, baʼzan asliyatdan farqli bosilib chiqadi. Kitob esa ancha muddatni talab etadi. Undagi boʻlim va boblar bemalol qayta ishlanib, tahrir qilinishi mumkin. Oʻz-oʻzidan matbuotdagidan koʻra pishiqroq, ravonroq matn paydo boʻladi. Mutolaa jarayonida bunga oʻzingiz ham guvoh boʻlasiz.

Kitob muallifi – taniqli adabiyotshunos va jurnalist Musulmon Namoz. U Mahmud Namozovning tugʻishgan ukasi.

Quyida “Yulduzlar shamoli”dan parchalar keltirilgan. Maʼqul boʻlsa, balki kitobni ham topib oʻqirsiz.

 

Orif TOLIB

 

***

…General boʻlishni orzu qilmagan askar askar emas degan gap bor. Shunday yaxshi kunlarni orzu qilganim rost. Biroq bu unvon, bu eʼtirof oʻz-oʻzidan kelmagan, axir! Mening butun hayotim sanʼat yoʻlida, qoʻshiq yoʻlida oʻtdi. Bu yoʻlga meni kimlar va qanday orzular boshlaganini, bugungi darajaga yetguncha ne-ne qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri kelganini yolgʻiz oʻzim bilaman. Vaqti kelsa, bular haqida gapirib berishim lozim ekan deb oʻylardim.

Shundan keyin hayotim yana odatdagi iziga tushib ketdi.  Ijod, ish, safarlar, uchrashuvlar. Menga berilgan yuksak unvoni oqlash uchun ikki barobar kuch bilan mehnat qildim. Ijodim bir qolipga tushib qolganday, yangi asarlarim avvalgilaridan yaxshiroq chiqmayotganday tuyula boshlagach, keskin bir qarorga keldim. Soʻnggi oʻn yillik ijodiy hayotimdagi hamkorlarim boʻlgan “Surxon” guruhi yigitlariga ruxsat berdim, aytdimki, sizlar endi mustaqil ijod eta oladigan darajaga yetishdingiz, tutgan yoʻlimni yoʻqotmasangiz, “Surxon” degan nomning oʻziyoq sizlarni umringizning oxirigacha boqadi. Oʻzim esa ijodni yangi kuch va yangi gʻoyalar bilan davom ettirmoqdaman.

Bu oʻzgarishlar mening oʻz hayotimni idrok etishga turtki boʻlgani kabi muxlislarimda ham shaxsimga, ijodimga nisbatan qiziqishni oshirdi. Nega, nima uchun, qanday kabi savol-soʻroqlar yogʻilib ketdi. Hamma savolga birvarakayiga javob berish maqsadida muxlislarim bilan suhbat qurish fikriga keldim. Kitob shaklida bitilgan bu mulohaza-xotiralarimda men to poytaxt Toshkentga koʻchib kelgan davrlarimgacha qalamga oldim.

Aziz muxlis, siz unda bugungi hayotimga oid maʼlumotlarni topmasangiz, xafa boʻlmang, avval siz mening aslim kim ekanligini tushuning, keyingi suhbatlarimda esa bugun kim boʻlganim, qanday yashayotganim, nimalarni oʻylayotganim haqida suhbatlashamiz.

 

***

…mezbonlar orasidagi nuroniy bir otaxon ismingizning maʼnosini bilasizmi deb soʻradi. Mendan rad javobini olgach, oʻzi tushuntirib berdi… Sizga ism tanlashda yuqoridan bir ishorat boʻlgandirki (otaxon koʻrsatkich barmogʻini shift tomon koʻtardi, negadir shu barmogʻiga temir uzuk taqib olgan ekan, shunga hayron boʻlganim yodimda), bizning dasht halqiga odat boʻlmagan bir yoʻsinda Mahmud deb ism berishibdi. Buning maʼnosi maqtalgan deganidir… Endi siz ismingizga munosib boʻlib, maqtalib yurishga arziydigan ishlargagina qoʻl uring. Xalqimiz orasida yana bir gap borki, oti birning zoti bir deyishadi. Ismingiz Mahmud ekan, binobarin, inshoolloh, umringiz odamlarning maqtoviga sazovor boʻlib oʻtsin…

Mazkur suhbatdan soʻng yigirma yillar chamasi oʻtdi. Toshkentda kasalxonada davolanayotgan paytim ruhoniy allomalarimizdan biri, elu yurtni maʼrifat yoʻliga boshlashga beadad xizmati singgan Fozil qori Sobirov bilan (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin bu hazratni) bir necha kun bemalol suhbat qurishga muvaffaq boʻldim. Dard chekayotgan ikki kishi bir-birining koʻnglini koʻtarishga urinar ekan.

-Dunyosan, yolgʻon dunyosan, deb qoʻshiq kuylabsiz, koʻp mutaassir boʻldim, – dedilar u kishi. – Haqiqatda bu yolgʻonchi dunyo biz insonlarga temir qafaslarni qurib qoʻygan. Buni, biz insonlar, anglashga koʻpda urinmaymiz, uning bir lahzalik jamoliga maftun boʻlib oʻtamiz. Bunday boqiy haqiqatlarni xalqning, ayniqsa, yoshlarning diliga singdirish biz kabi ruhoniylarninggina emas, qalb koʻzi ochiq har bir insonning vazifasidir. Qolaversa, koʻp qoʻshiqchilar faqat oʻtkinchi dunyo jamoli haqida kuylaydilarki, buni ham doimo toʻgʻri deb boʻlmaydi. Shu bois sizdan koʻp xursand boʻldim.

Qori domla ismingizning maʼnosini bilasizmi, deb soʻradilar suhbatlarimizning birida. Ha, dedim va yuqorida zikr etgan suhbatni qisqacha aytib berdim.

-Bilimdon kishi boʻlgan ekan hamsuhbatingiz, – dedilar Fozil Qori domla va andak soʻlish olib, davom ettilar. – Siz doimo xursand boʻlib yurishingiz lozimki, Mahmud ismi paygʻambarimizning ismga aylangan sifatlaridandir…

Bugun, orada koʻp suvlar oqib oʻtgach, shu ikki suhbat xotiramda qorishib ketgan.shu suhbatlar bahona boʻlib oʻzimcha xulosalar ham chiqarganman…

 

***

Qoʻshiq – bu koʻngilning torini chertishdir. Faqat koʻngilning toridan jaranglagan qoʻshiqlargina boshqalarning koʻngliga yetib bora olishini tushunib yetganman. Shu bois kuylayotgan qoʻshiqlarim oʻz-oʻzicha goʻzal musiqa joʻrligidagi xonish boʻlib qolishiga emas, hech boʻlmasa, oʻzimning koʻnglimdagi dardlarimga esh boʻlishiga, hamohang boʻlishiga harakat qilaman. Faqat oʻzimning emas, butun xalqimning yuragida joʻshayotgan dardlar, goʻzal tuygʻular qoʻshiqlarimda jaranglasa deb orzu qilaman. Bu orzularimga qanchalik erishyapman – endi bunisi boshqa masala. Yengil-yelpiroq qoʻshiq ohangi yuragimga joylashib, tashqariga chiqishga intila boshlasa, bunga ham koʻpda qarshilik qilmayman, oʻylaymanki, bunday tuygʻularga oshno boʻlib yurgan yuraklar ham bor, oʻshalar ham oʻz koʻnglidagi tuygʻularning qoʻshiq boʻlib jaranglashini xohlaydi.

 

***

Otamning asl ismi Alimuhammad boʻlgan, qisqartirib Almat deb ketishgan. Surxon vohasining kunchiqar tomonidagi qadim Bobotogʻ bagʻrida tugʻilgan. Bolaligi ikkinchi jahon urushining eng qizgʻin davrlariga toʻgʻri kelgan. Shundan, yoshligini eslasa, koʻngli buzilib ketaveradi. Boshidan kechirganlarini aytib beraversa, odamning ishongisi kelmaydi, xuddi afsonaviy bir odamning boshidan kechgan dostonni eshitganday boʻlaveraman. Hozir ancha qartayib qoldi. Yoshi ham saksonning naqd tagida…

Rahmatli onamizning ismi Mastona edilar. Volidai muhtaramamizni Yaratgan egamning oʻzi jannatiga muyassar qilgan boʻlsin, ilohim. Omin! 

 

 

***

Bolaligim Surxondaryo viloyatining Uzun tumaniga qarashli Fayzova qishlogʻida kechgan. Fayzova degani, bilinib turibdiki, fayzli, obod degan maʼnoda. Surxon daryosining chap sohilida, Bobotogʻ etaklarida joylashgan. Qishlogʻimizning tabiati juda soʻlim. Chunki bizda oqar suv moʻl…

Hayotimning ilk damlarini elas-elas xotirlayman. “G” harfi shaklida qurilgan tomi loyshuvoq uyimiz boʻlardi. Tomida har bahor qizgʻaldoq gullardi. Devorlari tagida zambariq unardi. Harfning uzun tomoni bir uy-bir ayvon, kalta tomoni ochiq shiypon boʻlib, bahor-yoz-kuzni shu kalta tomonda oʻtkazardik. Shiyponning qarshisida uzum ishkomlari bor edi. Goʻdak tasavvurimizda bizning uzum hammanikidan shirin, lekin hammanikidan kech pishardi. Qachon pishar ekan, deya tepaga termilib, tamshinab oʻtirganimdan shunday xotira qolgan boʻlsa kerak.

 

***

Koʻp xotiralarim odamlarning toʻylari bilan bogʻliq. Doim uchraydigan bittasini eslashsak. Maʼlumki, xonandayu sozandaga toʻy egasi alohida chorpoyaga joy qiladi. Odatda, shu chorpoyani qishloqning bola-baqrasi oʻrab turadi – ularga konsertdan ham artistlarni yaqindan koʻrish muhim. Shulardan sal narida yoshi yigirma besh-oʻttizlarga borgan bitta yigit ham albatta boʻladi. Boʻlmasa oʻzimiz ham hayron qolamiz. U muxlislarimdan biri boʻladi yoki hech boʻlmasa oʻzini shunday deb oʻylaydi. Shu toʻyda Mahmud Nomozov bilan tanishishim kerak, degan fikrni diliga tugib kelgan.

Ilk qoʻshiqni boshlaganimdan koʻzim bilan shu yigitni qidiraman va topishim bilan Roʻzimuhammadga kadrlar joy-joyida deb koʻzimni qisib qoʻyaman. Birinchi, boringki, ikkinchi davraga chiqishni yakunlab chorpoyaga qaytganimda haligi muxlis yurak yutib menga yaqinlashadi, aka, deydi, sizning muxlisingizman, tanishsak boʻladimi, deydi. Unga yoʻq deb boʻlmasligini, yoʻq deyish mumkin emasligini tajribamdan yaxshi bilganim uchun keling deb yonimga chaqiraman. (Unga yoʻq deb boʻlmaydi. Mobodo, yoʻq deyilsa, u toʻyib ichib oladi-da, keyin toʻyni buzadi.) Ogʻzi qulogʻida boʻlib yonimga oʻtiradi, davraga magʻrur nigoh tashlaydi, koʻrib qoʻyinglar, men hofizning shunday yonginasida oʻtiribman, deganday. Keyin oʻzini tanishtiradi. Bir ogʻiz suhbatlashgan boʻlamiz. Keyingi bor davraga chiqishga tayyorlanayotganimizda u sipolik bir orqaga chekinadi.

-Roʻzimuhammad, – deyman, – endi oʻzimizning tomosha boshlanadi, qarab turing-chi, qayerga borib kelarkan?

-Negadir koʻrinmay qoldi, – deydi Roʻzimuhammad atrofga alanglab. – Nahotki bu safar oʻzbeklarimizning milliy xususiyatini oxirigacha koʻrmay toʻydan qaytadigan boʻlsak?

-Milliy xususiyat bor narsa, – deyman hali qoʻshiq boshlanmay turgan mahal. – Tabiatda bor narsa yoʻq boʻlmaydi, yoʻqdan bor boʻlmaydi. Buni Arastu aytgan.

Bu davrani ham yakunlab qaytamiz, yana ne koʻz bilan koʻraylikki, haligi muxlis yigit endi ancha dadillanib chorpoyaga bizdan oldin qaytgan va atrofni oʻrab turgan bolalarni haydab bizga sharoit yaratayotgan boʻladi.

-Spektaklning ikkinchi akti boshlandi, – deyman bu safar Neʼmatga egilib. – Ishqilib, syujetda oʻzgarish boʻlmagan boʻlsin.

Yoʻq, syujetda oʻzgarish kamdan-kam boʻladi. Voqealar xuddi biz kutganimizdek rivojlanaveradi. Muxlis yigit bolalarni nariroq haydagach, bemalol kelib bizning yonimizga joylashadi. Dasturxondagi ovqatlardan tanovul qiladi, shishani ochib bizga ham quyadi, biz olmagach, oʻzi piyolani toʻldirib yutib oladi.

Birinchi marta yonimga kelganda u tortinchoq muxlis edi. Endi oʻzini bizga teng oshnaday tutadi, bemalol hazillashadi, hozircha mening emas, ichmizda yoshroq koʻringan Neʼmatning tizzalariga shapatilab nimalarnidir gurung beradi. Neʼmatning koʻngli boʻsh, birovni qaytarib tashlashni bilmaydi, shundan u foydalanib qoladi.

Biz yana bir marta davraga chiqib ketganimizda u yana allaqaylarga yoʻqoladi, chunki chorpoyada qolishga toʻyning egasi ruxsat bermasligini biladi, buning ustiga oʻzining hofiz bilan chaqchaqlashib oʻtirganini koʻrgan doʻstlari yoniga borib maqtanib kelishi kerak. Oʻsha yerda ham bir-ikki piyola yutib olib, uchinchi aktda yonimizga qaytganda tayyor yelim boʻladi-qoladi. Endi u Roʻzimuhammadning yelkalariga qarsillatib urib gurung beradi, menga ham mensimayroq nazar tashlab:

-Mahmud aka, olib oʻtiring, oʻzi hech ovqat yemas ekansiz, asli, toʻyga sizlar bilan yurib, dasturxonning shoʻrini berib yuradigan shtatga oʻtsam boʻlar ekan, – deb hazillashadi, hazili toʻsatdan oʻziga nashʼa qiladi, xoxolab kuladi…

Alqissa toʻy yakuniga yetgan paytda u hammamizni sen-senlashga tushgan, toʻyga aytmoqchi boʻlib meni poylab turgan kishilarga oʻzim gaplashib beraman, men aytsam, Mahmud sizning toʻyingizga shunday borib, tekinga xizmat qilib beradi va hokazo va hokazo deydigan darajada boʻladi. Men esa boshda qiziq tuyulgan bu tomosha jonimga tegib, toʻy egasidan shuni bir amallab yoʻqotishni soʻrayotgan boʻlaman.

Xudoning bergan kuni shu holat takrorlanadi. Mabodo, tasodif boʻlib, ikki-uch toʻyda shundayini uchratmasak, oʻzimiz ham zerika boshlaymiz. Negadir shu yigitni izlab qolamiz. Yana topsak, xursand boʻlamiz. Uni toʻydan boshqa payt boshqa yerda koʻrib qolsam, oʻzining qiligʻidan uyalib yonimga yaqin kelolmaydi.

Toshkentga koʻchib kelganimdan keyin bunday tomosha deyarli barham topdi. Lekin oʻrislarning bir maqoli bor-ku, “svyatoye mesto pusto ne biʼvayet” – muqaddas joy boʻsh turmaydi degan. Bunday bemaza muxlisning mutlaqo yangi turiga duch keldim…

 

***

…Samimiy boʻlishga intildim, aqlim, yuragim bilan anglagan haqiqatlarga oshno qilishga tirishdim. Suhbatim mavzui baʼzida sal ogʻirlik qilgan boʻlsa, meni kechirasiz. Sal yengilroq mavzular, deylik, Sizga yoqqan ayrim qoʻshiqlarimning tarixi va taqdiri haqida ham bilishni istasangiz, keyinroq yana bir suhbat qurarmiz. Men hali ijoddan toʻxtamadim, binobarin, bu mavzuda suhbat qurishga hali ulguramiz.

Gurungimiz hozircha tamom boʻldi, yaxshi kunlarda uchrashaylik…

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kongil-tilagan-suhbat-yulduzlar-shamoli-kitobidan-parchalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x