Kitobxon mehrini yalinib ham, buyurib ham, sotib olib ham boʻlmaydi

…“Ilhom” degani mavhum tushuncha emas. Ijodkor qavmi uchun ilhom hal qiluvchi omillardan biri. Alloma shoir va adiblar bu masalaga koʻp toʻxtalishgan. Masalan, Turgenev “Ilhom – Xudoning insonga yaqin kelishi,” deydi.

Boshqa adiblar qatori mening ham oʻz ijodiy mezonlarim bor: “Xudo koʻngliga solmaguncha haqiqiy ijodkor qoʻliga qalam olmaydi.” Bu bilan ijodiy holatni ilohiylashtirmoqchi emasman. Biroq amalda baribir shunday. Aeronavtika va kosmonavtikada gʻalati qoida bor. Uning nomi “kontakt” deb ataladi. Kosmik kema yoki havo kemasini parvoz qildirish uchun “kontakt”, yaʼni aloqa tugmasi bosiladi. Agar oʻsha ondayoq kema yoki samolyot motori gurillab ishlab ketmasa, parvoz bekor qilinadi. Qizigʻi shundaki, “kontakt” aynan oʻsha lahzada roʻy berishi kerak. Bir soniya oldin ham, bir soniya keyin ham boʻlmasligi shart! Asar yozish uchun ham shunday vaziyat tugʻilishi lozim. Buni ilhom kelishi yoki asarning tugʻilish oni deb atash toʻgʻri boʻlur edi. Oylab, goho yillab oʻylab yurganingiz bir lahzada qalbingiz va ongingizni chaqmoq kabi yoritib yuboradi. Asar oʻzidan-oʻzi, shiddat bilan, ichki zavq va hayajon bilan qogʻozga toʻkiladi. Bir yilda uddalay olmagan yumushingiz bir oyga qolmay roʻyobga chiqadi. Menda bu jarayon tez kechadi. Masalan, “Bahor qaytmaydi” qissasi yigirma kunda, “Tushda kechgan umrlar” romani bir oyda yozilgan. Biroq bu butun boshli roman bir oyda tayyor boʻldi, degan gap emas. Aslida bu – bir necha yil va yana bir oy demakdir! Yaʼni asar bir necha yillar davomida oʻylab yuriladi va bir oyda qogʻozga tushadi. Men bu jarayonni “yozish” deb atashga qarshiman, buni “tugʻilish jarayoni” demoq kerak. Chunki haqiqiy badiiy asar yozilmaydi, tirik farzand kabi tugʻiladi.

Yuqorida aytilgan roman tarixidan bir misol aytishim mumkin.

Shoʻro zamoni oxirlab qolgan kezlar edi. Bir tomonda bemaqsad Afgʻon urushi boryapti. Ikkinchi yoqda “oʻzbek ishi” bahonasida xalqimiz boshida qatagʻon qilichi oʻynayapti. Bir kuni Afgʻondan, bir kuni mamlakat ichkarisidan askar yigitlarimizning temir tobuti kelib turibdi. Xuddi dahshatli tush kabi… Bu fojialarni tasvirlash uchun afgʻon urushidan majruh boʻlib qaytgan oʻnlab yigitlar bilan gaplashganman. “Oʻzbek ishi” degan tuhmat kimga, nima uchun kerak boʻlib qolganini ham oʻrganganman. Asar voqealarining oqimi ham, umuman, maʼlum. Biroq ular qogʻozga tushmayapti, asar tugʻilmayapti…

Shunday kunlarning birida betob boʻlib kasalxonaga tushdim. Doʻxtirlar kesamiz deydi, men koʻnmayman… Kech kuz oqshomi edi. Maʼyus va fayzsiz oqshom… Uchinchi qavat balkoniga chiqib sigaret chekib tursam, shamol turdiyu, roʻparadagi chinormi, yongʻoqmi daraxtidan bitta xazon uchib kilib oyogʻim ostiga tushdi. Bosgan edim, “qisir-qisir” qilib maydalanib ketdi. Boʻlgʻusi asarning birinchi jumlasi tugʻildi. “Kuz – oʻlim toʻshagida yotgan bemorga oʻxshaydi. Oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi…” Bu – “Tushda kechgan umrlar” romanining butun ruhiyatini, undagi odamlar qismatini ifodalovchi jumla, ichki musiqa edi! Ikki yil davomida “tutqich bermay yurgan” sahifalar allaqanday bir oy ichida qogʻozga tushdi…

Yana bir gap. “Ijokor uchun aynan shu holatni – chaqmoqli lahza”ni ushlab qolish, yaʼni “kontakt” tugmachasini vaqtida bosish katta ahamiyatga ega. Agar siz “chaqmoq chaqishi va momoqaldiroq boʻlishini” kutmasdan yozsangiz, asar chala tugʻilgan bolaga oʻxshab qoladi. Agar “chaqmoqli lahzalar”ni oʻkazib yuborsangiz, yozishdan oʻzingiz sovub qolasiz, bu holda ham asar toʻlaqonli boʻlmaydi…

…Birinchi badiiy asarim – “Toʻrt maktub” degan hikoyam 1963 yil 17 aprel kuni “Toshkent haqiqati” gazetasida bosilgan. Soʻng shu hikoya asosidagi “Choʻl havosi” qissasi oʻsha yili oktyabr oyida “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan. Paxta terimida hashar qilib yurganimizda shu asar haqida atoqli adib Abdulla Qahhordan xat kelgani haqida voqealar ayrim esdaliklarimda bayon etilgan. Xullas, Abdulla Qahhordek allomaning universitet talabasining birinchi asariga yuksak baho berib, “lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq boʻladi” deb ruhlantirishi yosh qalamkash uchun qanchalik quvonchli va ayni paytda yelkasiga naqadar masʼuliyatli yuk boʻlib tushganini anglash qiyin emas… Shu kungacha nimaiki yozmay, yelkam ortidan Qahhor domla tikilib turgandek, “xoʻsh, mulla, buyogʻi qanday boʻlyapti?” deb dashnom berayotgandek boʻlaveradi…

 

…Yana bir shiorim bor. Bugun yoziladigan asar kechagidan, ertaga yoziladigani bugungidan yaxshiroq boʻlishi shart. Ijodkor oʻzini oʻzi takrorlashga haqqi yoʻq… Qolaversa, hali yakuniga yetmagan asar haqida gapirish tugʻilmagan buzoqqa arqon eshishga oʻxshaydi. Xudo xohlasa, yaxshi niyatlar bor. Yosh ijodkor doʻstlarimga aytadigan bitta gapim bor. Kitobxon mehrini yalinib ham, buyurib ham, sotib olib ham boʻlmaydi. Xudo oʻquvchi mehridan begona qilmasin. Asar yozayotganda shunga alohida eʼtibor bering!

 

 

KITOBXON BILAN YUZMA-YUZ

(Uchrashuvlardagi savol-javoblar)

 

* * *

Yozuvchilik hunarining eng qiyin joyi nima?

Asar qahramonlariga “jon ato etish”, yaʼni ularni tirik insonlarga aylantirish. Shundagina kitobdagi odamlar (“personajlar” emas, aynan odamlar) oʻquvchining yaqin kishisiga aylanadi. Kitobxon unga qoʻshilib oʻylaydi, iztirob chekadi, sevadi yoki nafratlanadi.

 

* * *

Koʻp asarlaringizda ayollarning ichki olami, ruhiyati juda aniq tasvirlangan. Bunga qanday erishgansiz?

Chindan ham shunday boʻlsa-ku, quvongan boʻlardim-a! Ayol psixologiyasini aniq tasvirlash u yoqda tursin, chuqurroq anglab yetishning oʻzi oliy matematikaning oʻn nomaʼlumli tenglamasini yechishdek gap. Ayol ruhiyati koʻpincha goʻzal va shaffof bahor bulutiga oʻxshaydi. Yarim soatdan keyin qayoqqa suzishini oʻzi ham bilmaydi…

 

* * *

Yozuvchi boʻlajak asaridagi har bir detalni oldindan toʻplab yuradimi yoki ijod jarayonida ularning oʻzi xayolga keladimi?

Unisi ham, bunisi ham boʻlishi mumkin. Biroq “boʻlajak” detallarni yozib yuradigan odatim yoʻq. Yozish jarayonida ularning oʻzi qandaydir tabiiy ravishda esga tushadi. Ustoz Abdulla Qahhor aytganidek, detal husn boʻlishi, albatta, qandaydir maʼno tashishi, asarga aniqlik kiritib, uni boyitishi shart. Lekin kerakli detalni topish har doim ham oson kechavermaydi.

Detalning ishonarli boʻlishi ijodkordan sinchkovlik va izlanish talab qiladi. Bu masalada atoqli adib Said Ahmad taniqli tanqidchi Umarali Normatov bilan suhbatda gʻalati misol keltirilgan.

“Ufq” trilogiyasida toʻqayga oʻt ketishi manzarasi bor. Adib asarning birinchi variantida bu holatni oʻz tasavvuricha yozganini, ammo koʻngli toʻlmay Sirdaryo boʻyidagi bir xoʻjalikka borib, boʻlim boshligʻining ruxsati bilan oʻzi toʻqayga oʻt qoʻyib tajriba qilganini eslatadi. “Shundagina avval yozgan bobimdagi yongʻin tasviri naqadar gʻarib ekanini bildim, – deydi yozuvchi. – Qamish barglari avval yonib, uchidagi popugiga oʻtni uzatar ekan. Bargi yonib boʻlgan, tanasi hali oʻt olmagan qamish uchidagi popugi xuddi shamga oʻxshab yonib turarkan. Yerdagi xashaklar bilan qoʻshilib qamish tanasi yonar ekan. Sal shamol essa, oʻt yonboshlab yerni olov tili bilan yalab, ilondek oʻrmalab ketar ekan. Qamishlar orasidan uchib chiqqan qushlar faryod urib, qora tutun orasida charx uradi. Baʼzan quyonmi, kalamushmi, oʻtdan qochib chiqadi… Romandagi yongʻin bobi shundan keyin boshqatdan yozildi…”

Detalni aniqlash zarurati menda ham boʻlgan.

Bolaligimda Acha xola degan loʻli xotin kelib turar, goh siniq koʻzgu, goh allaqanday chiziqlar tortilgan sakkiz qirrali tosh bilan fol ochar edi. Bu manzarani koʻp koʻrganman. Biroq “Dunyoning ishlari” kitobida shu manzarani tasvirlayotib, narda oʻyinidagi “tosh”ga oʻxshash oʻsha narsaning oti nimaligini hech topolmadim (Tabiiyki, bolaligimda buni soʻramaganman, buning keragi ham boʻlmagan). Ammo asarda oʻsha “tosh”ning nima deb atalishini yozmaslik mumkin emas. Asar, ayniqsa, nasriy asar nihoyatda aniqlikni talab qiladi…

Oʻylab-oʻylab Chorsu bozorida folbin loʻli xotinlar oʻtirishi esimga tushdi. Oilam Oʻlmasxon ikkovimiz folbin izlab bordik. (Bir oʻzim “fol ochirayotganimni” koʻrganlar nima deb oʻylaydi). Xullas, bordik. Loʻli xotinni topdik. “Fol ochiradigan” boʻldim. Loʻli endi “nechta doʻstimu, qancha dushmanim” borligini aytib diydiyosini boshlaganda “fol ochadigan toshi” bor-yoʻqligini soʻradim. Tosh bor ekan. “Tosh bilan” fol ochdirmoqchiligimni aytdim. Ola xurjunidan xuddi oʻsha – bolaligimda koʻrganimga oʻxshash tosh olib, tagʻin sanay boshlagan edi, toshning oti nimaligini surishtirdim. “Falon soʻm bermasang aytmayman” dedi. Xullas, moʻljaldagi pulni olgach, “bu toshne muhra deydilar, akov!” dedi.

Shunday qilib, folbinning muhrasini aniqlaguncha anchagina sarson boʻldim. Biroq “Dunyoning ishlari”ni qachondir, qaysidir folbin oʻqib qolsa uyalmayman!

Darvoqe, gap loʻlilar toʻgʻrisida borarkan, asarda detalning oʻrni haqida bir misol keltirish mumkin. “Qatagʻon” oʻtgan asrning saksoninchi yillarida markaz tomonidan yurtimiz boshiga solingan kulfatlar, “oʻzbek ishi”, “paxta ishi” deb nomlangan zoʻravonlik haqidagi fojia – tragediya. Spektakl boshida tergovchi Myasnikov nohaq qamoqqa tiqilgan sovxoz derektori Jumanovning uyiga kelib, uning xotini Hanifani siquvga oladi. Shu payt eshikdan loʻli xotin kirib keladi. Myasnikovga ergashib yurgan “mahalliy huquqshunos” Berdiyev uni haydamoqchi boʻlganida Myasnikov shunchaki ermak uchun goʻyo “fol ochirmoqchi” boʻlib, loʻliga kaftini tutadi. Loʻli uning qoʻlini ushlab, “qoʻlingdan qon hidi kelopti, sening niyating yomon”, deydi. Soʻng Hanifaga qarab, “sen, kelin mullo, nega bularni uyingga kiritding, bularning koʻzi xunuk, uyingda amal bor!” deb xitob qiladi. Berdiyev uni urgudek boʻlib haydab chiqaradi…

Savol tugʻiladi. Fojiaviy asarda loʻli nima qilib yuribdi? Ustiga ustak loʻli xotin keyinchalik spektaklda biron marta koʻrinmaydi. Bu obrazning nima keragi bor? Aslida loʻli tragediyada oʻz vazifasini bajargan. Birinchidan, u Myasnikovga “qoʻlingdan qon hidi kelopti!” deganda uni fosh qilayapti. Ikkinchidan, tomoshabinni boʻlajak fojialar haqida ogohlantirgandek boʻlyapti. Va, nihoyat, Hanifaga “uyingda amal bor” degani ham bejiz emas. Myasnikov bu xonadonning hojatxonasiga narkotik modda yashirib ketadi va shu bahonada Hanifani ham hibsga olmoqchi. Bu “sir” fojianing eng soʻnggi pardasida ochiladi…

Shu tariqa kichik bir detal katta va hal qiluvchi xizmatni oʻtashi ham mumkin.

 

* * *

Hamma asarlaringizdan oʻzingizning koʻnglingiz toʻlganmi?

Bu savolga hech kim “ha” deb javob berolmasa kerak. Albatta, oʻzini hurmat qilgan qalamkash koʻngli toʻlmagan asarni eʼlon qilishdan tiyiladi. Biroq oilada oʻnta farzand boʻlsa, oʻnovi oʻn xil boʻlganidek, asarlar ham har xil boʻlishi mumkin. Farzandlarning hammasi ota-onaga birdek suyukli boʻlgani kabi asardagi kamchiliklar muallifga darrov koʻrina qolmasligi ham mumkin.

Qizigʻi shundaki, bunday savolga besh asr avval hazrat Navoiy bobomiz koʻp ibratli javob qilgan ekanlar.

 

“Sheʼr ham chun kishigadur farzand,

Koʻngliga qutu bagʻriga payvand,

 

Chun oʻgʻul aybini ato koʻrmas,

Koʻrsa ham qilgʻanin xato koʻrmas…”

 

Navoiydek daho shunday deb turganlaridan keyin boshqalarni qoʻyavering!

* * *

Asarlaringizda har xil tentak-devonalar uchrab turadi. “Dunyoning ishlari”da “Shayx”, “Ikki eshik orasi” romanida Parcha… Jiddiy asarlarga devonalarni kiritish shartmi?

Adabiyotda bu yangilik emas. Navoiy va Shekspirda, Pushkin va Dostoyevskiyda, Gʻafur Gʻulom va Abdulla Qahhorda, Vasiliy Shukshin va Nodar Dumbadzeda bunday obrazlar bor va ular shunchaki “ermak” uchun asarga kiritilmagan. Aksincha, jiddiy vazifani bajaradi. Yorqin misolni Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanidan olish mumkin. Bilasiz, romanda “Qovoq devonaning belbogʻi” degan bob bor. Atigi uch sahifa. Qizigʻi shundaki, Qovoq devona degan telba asarda bir marta koʻrinadi, xolos. Qodiriydek atoqli adibning “Oʻtkan kunlar”dek jiddiy romanida devona nima qilib yuribdi? Buning ustiga faqat bir marta koʻrinadigan odamning nima keragi bor? Hamma gap shundaki, Qovoq devona romanda jiddiy tagmaʼno tashuvchi vazifasini bajargan. Yodingizda boʻlsa, bir notanish odam devonani koʻchada toʻxtatib, gapga soladi. Yaqinda kim oʻgʻlini uylantirganini surishtiradi. Devona bilan “Qorategindan kelgan” “koʻz ogʻrigʻi” orasida boʻlib oʻtgan telba-teskari suhbatdan maʼlum boʻladiki, Yusufbek hoji Otabekni uylantirgan. “Koʻz ogʻrigʻi” – Homid.

Yozuvchi uning ismini aytmaydi. Biroq kitobxon Qovoq devonaning “yuzingga qachon chechak chiqdi” degan savolidan bu kimsa Homid ekanini anglaydi. Homidning niyati Otabek uylanganini aniq bilib olgach, fitna qilib, uning nomidan Kumushga “taloq xati” yozish. Kitobxon buni keyinchalik bilib oladi.

Shu oʻrinda adib chinakam yozuvchilik ixtirosi deb atash mumkin boʻlgan boshqa bir “yuk”ni ham mana shu “shapaloqdek” bobga joylagan. Gap shundaki, “Oʻtkan kunlar”da Margʻilondagi toʻy, “qizlar bazmi”, nikoh oʻqish goʻzal va batafsil tasvirlangan. Otabekning Toshkentda Zaynabga uylanish toʻyi manzarasi esa umuman yoʻq! Albatta, Toshkentdagi toʻy Margʻilondagidan farq qilishi aniq va isteʼdodi oʻrtaroq yozuvchi bu toʻyni ham tasvirlashi mumkin edi. Qodiriy unday qilmaydi. Faqat Homid bilan devonaning telbavash suhbati poyonida bitta jumla bor. Qovoq devona Homidga bunday deydi:

– “Toʻy oʻtganda kelibsan, tentak! Menga-chi bir togʻora osh tegdi!”

Mana shu jumla tagida faqat ulugʻ adib aytishi mumkin boʻlgan teran maʼno yotibdi. Toshkentda boʻlgan toʻyning Otabek uchun qilcha ham nurli nuqtasi yoʻq. Bu toʻyning butun quvonchi bir devonaning bir togʻora osh yeyishi bilan oʻlchanadi! Mana, nima demoqchi adib!

Shu tariqa jiddiy asarlardagi dovdir-tentaklar boshqa “es-hushi joyida” odamlar koʻtara olmaydigan yukni tashishi mumkin.

Siz aytgan misolga kelsak. “Dunyoning ishlari”dagi Shayx ham telba. Umrida biron marta yigʻlamagan. Faqat kuladi. Ammo Ona vafot etganida koʻksini yoqavayron qilib dod soladi va uning faryodi hammanikidan tabiiyroq, samimiyroq ekanini hamma biladi. Chunki kattayu kichik barcha masxara qilib kelgan, har tomondan kamsitilgan bu bandani faqat Ona odam hisoblagan va unga mehr bergan. “Ikki eshik orasi”dagi Parcha esa oʻzi bilmagan holda doim rost gapni aytib qoʻyadi. Xotinlar piyoz oʻtoq qilayotganda Parcha Raʼnoga qarab turib “Voy, anavu Raʼnoxonni ochilib ketganini qarayla, eri urishda yurgan xotingayam oʻxshamaydi!” deb xitob qiladi. Bir yoqda Raʼnoxonning, ikkinchi yoqda Umar zakunchining ichidan qirindi oʻtib ketadi. Negaki, ikkovining “don olishib yurishini” Parcha oʻzi bilmagan holda fosh qilib qoʻyayapti. Qolaversa, Umar zakunchi boshqa hech kim emas, aynan shu “jinni” tufayli birinchi marta jazolanib, “tillaxonaga” qulab ketadi va najasga “choʻmiladi!” Asarda Parcha ado etgan tagʻin ancha “yumushlar” ham bor…

Xullas, bir qarashda “ikkinchi darajali”dek koʻrinadigan dovdir-telbalar, oʻgʻri-kisavurlar, loʻli va tilanchilar asarga bejiz kiritilmaydi.

* * *

Asarlarda afsonalar, rivoyat va miflardan foydalanish keng qoʻllanilmoqda. Bu holat sizning kitobxonlaringizda ham uchraydi. “Bahor qaytmaydi”da Qonqus haqidagi afsona, “Dunyoning ishlari”da Haqqush va Oftob haqidagi rivoyatlar, “Tushda kechgan umrlar”da Qurbonoy xolaning ertaklari… Jiddiy realistik asarda har xil afsonalarni ishlatish shartmi?

Avvalo shuni aytish kerakki, afsona va rivoyatlar, ertak va miflar jahon adabiyotining beshigi sanaladi. Inson yozuvni kashf qilmasidan ming yillar avval paydo boʻlgan ertak va afsonalar avloddan avlodga oʻtib kelgan. Arablarda “Ming bir kecha” turkumi, hind eposlari, oʻzbek xalq dostonlari bebaho xazinadir. Bunday boylik hamma xalqda ham bor. Qolaversa, yozma adabiyotning eng goʻzal namunalari ham koʻpincha shu janr asosiga qurilgan. Sharqda Alisher Navoiy, Gʻarbda Shekspir kabi allomalarning asarlari…

Qadimiy yunon shoiri Gomerni bilasiz. U eramizdan oldingi sakkizinchi asrda, yaʼni bundan 2800 yil avval yashagan. Mashhur “Iliada” va “Odisseya” dostonlariga esa oʻzidan toʻrt asr burun roʻy bergan Troya urushini asos qilib olgan. Demak, doston tarixi bundan 3200 yil nariga borib taqaladi.

Eramizning oʻn toʻqqizinchi asrida qiziq voqea roʻy beradi.

Nemis olimi Genrix Shliman Amerika Alyaskasida “oltin vasvasasi” avjiga chiqqan paytda oʻsha yerga borib bank ochadi va bir necha tilni bilgan tadbirkor odam boʻlgani uchun ishlari yurishib ketadi. Shliman “Iliada”da tasvirlagan Troya xazinasini topishga ahd qiladi. U Gretsiyadagi doʻstiga xat yozib, yunon qizga uylanish niyati borligini bayon qiladi va oʻz shartlarini qoʻyadi. Boʻlajak kelin bir qancha tilni egallagan boʻlishi, “Iliada” va “Odisseya” dostonlarini yoddan bilishi shart. Qizning qanday oiladan boʻlishining ahmiyati yoʻq! Agar shu shartlarga javob beradigan kelin topilsa, er-xotinni katta boylik va shon-shuhrat kutadi…

Shlimandek tadbirkor odam koʻzi ojiz Gomer necha zamon avval “toʻqigan” afsonaga nega ishongani qorongʻi. Biroq uning barcha shartlariga javob beradigan qiz topiladi. Shliman yosh xotini bilan Troya urushi tasvirlangan joylarni izlashga tushadi. Hayratlanarlisi shuki, u 1870 yili, toʻrt yil davom etgan arxeologik qazilmalardan soʻng aynan oʻsha dostonda yozilgan Mikena shahri xarobalaridan Troyaning bitmas-tuganmas oltin-javohirlar xazinasini topadi. 1900 yilda esa ingliz olimi Artur Evans Krit orolidan tagʻin oʻsha dostonda tasvirlangan boshqa xazinani ham topishga muvaffaq boʻladi.

Bundan chiqadigan xulosa shuki, har qanday afsona tagida haqiqat boʻlishi mumkin. Inson tafakkuriga sigʻdira olgan fantaziya ertami-kechmi haqiqatga aylanishi bor gap. Bunga qadimiy miflarda tasvirlangan “oynai jahon”lar, “uchar gilamlar”, tilsimni aytmaguncha ochilmaydigan “sirli sandiq” – kompyuterlar misol boʻla oladi. Qolaversa, ertak va afsonalar, hikoyat va rivoyatlar ezgulikka davʼat etadi. Shu maʼnoda ulardan foydalanish kerak. Hamma gap qay darajada oʻrinli foydalanish va qanday maʼno yuklashda. Zamonaviy adabiyotda buning yorqin misolini Chingiz Aytmatov ijodida koʻrish mumkin. Manqurt haqidagi afsonada naqadar teran maʼno bor! Yoki “Oq kema” qissasidagi Ona bugʻuni oling! Ona bugʻu shunchaki bugʻu emas, butun bir xalqni, millatni qirilib ketish xavfidan asrab qolgan xaloskor timsoli.

Atoqli adib bu timsol orqali oʻzini oʻragan tabiatga qoʻl koʻtarish oʻz onasini boʻgʻizlashdek gunoh, demoqchi. Insonga xos boʻlgan beshafqatlik, ochkoʻzlik, qalbi soʻqirlik qanday dahshatli oqibatga olib kelishi mumkinligini aytib, kitobxonni ogohlantirmoqchi.

Bizning adabiyot vakillari – talay shoir va adiblar ham afsona va miflardan oʻrinli va unumli foydalanmoqdalar. Siz aytgan misolga kelsak, Qurbonoy xolaning afsonalari shunchaki yaxshilikka undovchi nasihat emas. Ularda asardagi bir-biriga qarama-qarshi turuvchi ikki qutb – Komissar va Qurbonoy dunyosini ochishga harakat qilingan. Komissar nazarida Qurbonoyning chivinchalik ham, chuvalchangchalik ham qimmati yoʻq. U oʻzini bunaqa “yarim odamlar” ustidan hukmronlik qiluvchi qudratli shaxs sanaydi. Yillar davomida shunday boʻlgan ham. Qurbonoy bir qarashda chindan ham “hech kim emas”. Chalasavod oddiy farrosh. Ammo maʼnaviy boyligi bilan, iymon-eʼtiqodi bilan Komissardan oʻn pogʻona baland turadi. Komissar har kimdan illat qidirsa, Qurbonoy hammadan fazilat izlaydi. Komissar oddiy manqurt emas, “aqlli”, oʻqimishli johil. Shunisi bilan ayniqsa xatarli. Bir safar u Qurbonoyga “har kuni namoz ustida meni qargʻasang kerak?” deganida Qurbonoy “sizning nimangizni qargʻayman, Xudo hammasini koʻrib-bilib turibdi-ku” deb javob beradi. Bir qarashda bu muteʼlik boʻlib koʻrinishi mumkin. Ammo bu oʻrinda boshqa maʼno ham bor. Qurbonoy Komissarning Xudo urgan banda ekanini yaxshi biladi. Chindan ham shunday. Komissar mustabid tuzumning farmonbardori va ayni shu tuzumning qurboni. Farishtadek beozor xotini bir zumda vafot etadi. Yangi “zamonaviy” xotini koʻz oʻngida unga xiyonat qiladi, bir oʻgʻli chet elga qochib ketadi, bir oʻgʻli undan yuz oʻgiradi… Bir vaqtlar hammani titratgan kimsa endi oʻzi yakkamoxov boʻlib qolgan, kulbasida kechalari qoʻrquvdan dodlab uygʻonishga mahkum…

Xullas, barcha tasvir vositalari qatori afsona, rivoyat, ertak va miflar asarning bosh maqsadiga, undagi odamlar qismatini ochishga xizmat qilsa, ulardan foydalanish kerak…

 

Oʻtkir Hoshimov

 

“Yoshlik”, 2010 yil 3-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/kitobxon-mehrini-yalinib-ham-buyurib-ham-sotib-olib-ham-bolmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x