KELIN KOʻRDI

KELIN KOʻRDI, kelin koʻrish — turkiy xalqlarda, jumladan, oʻzbeklarda yangi kelinchakni koʻrish odati. Nikoh toʻyining ertasiga oʻtkaziladigan «bet ochar» marosimidan boshlab bir yilgacha davom etadi. Kuyovning qarindoshlari, tanishlari, qoʻni-qoʻshnilari va b. K. k. ga keladilar. Kelin ularni salom (taʼzim) qilib kutib oladi, dasturxon yozib, roʻmol, dastroʻmol sovgʻa qiladi (yana q. Koʻrmana). Mahalla (qishloq) qiz-juvonlari, yangi tushgan kelinnikiga hayit kunlari tashrif buyurishlari ham Kelin koʻrdi deb ataladi. Kelinning xonasi sep va sarpolar bilan bezatiladi, dasturxon tuzab qoʻyiladi. Odat boʻyicha kelinning ota-onasi hayit arafasida qizi va kuyoviga sarpo va dasturxon (turli taomlar) yuboradi. Mahalla (qishloq) qiz-juvonlari kelinchakni koʻrish uchun toʻda-toʻda boʻlib keladilar. Kelin yasangan holda, yuziga toʻr tutib, kelganlarga salom qiladi, soʻng choy uzatadi. Kelin koʻrdiga kelganlar kelinning sarpo va seplarini tomosha qiladilar, bir oz oʻtirgach, kelinga baxtli turmush tilab qaytadilar. Kelin koʻrdi odati Fargʻona vodiysi va Xorazmda tarqalmagan. Ularda kelinni kelin tushdidan 3 kun oʻtgach, kelinning ona yoki opa-singillari borib, hol-ahvol soʻrab qaytadilar. Kelin koʻrdi oʻzbek xalqi orasida qadim zamonlardan beri davom etib kelgan.

Ad.: Boʻriyev O., Shoymardonov I., Nasriddinov Q., Uzbek oilasi tarixidan, T., 1995.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x