KAZAKLAR

KAZAKLAR (turkiycha — dovyurak, botir, erkin odamlar) — rus va b. xalqlar tarkibidagi etnik guruh. RFda umumiy soni 5 mln. kishiga yaqin (20-a. oxiri). Dindorlari — pravoslavlar. Hoz. vaqtda Don va Ural havzalari, Volgaboʻyi va Kubandan tortib Zabaykalye, Ussuri, Irkutsk, Yenisey va Yettisuv atroflarigacha boʻlgan ulkan hududda yashaydilar. 15-a. da temuriy shahzodalarning qozoqlik qilib yurishi va qozoq xalqining nomlanishida Kazaklar soʻzining lugʻaviy maʼnosiga nisbatan muayyan darajada yaqinlik bor.

Kazaklar dastlab oʻrta asrlarda Dashti Qipchoqda yashagan qipchoqlar tarkibida erkin tabaqani tashkil qilganlar. Moʻgʻullar yurishidan keyin ularning turmushida muayyan oʻzgarishlar yuz berdi. 15 — 17-a. larda Rus podshosi mamlakat chegaralarini himoya qilishda ulardan keng foydalandi. Shu paytdan boshlab Kazaklar oʻz turkiy xususiyatlarini yoʻqota boshlab, slavyan xalqlari bilan aralashib ketdi. Keyinchalik Rus podsholari ularni ustalik bilan oʻz turkiy birodarlariga qarshi kurashga yoʻlladi. Dastlabki kazak qoʻshinlari Zaporojye Sechi, Terek, Yoyiq va b. joylarda harbiy jamoalar shaklida 16-a. ning 1-yarmida vujudga keldi.

Kazaklar harbiy xizmatga oʻz kiyim-kechagi, oziq-ovqati, qurol-yarogʻi va ot-ulovi b-n borgan. Ularga hukumat tomonidan maosh toʻlangan, umrbod foydalanish uchun chekka hududlardan yer ajratilgan. Kondratiy Bulavin va Yemelyan Pugachyov boshchiligidagi qoʻzgʻolonlarda Kazaklar faol qatnashgan. 18-a. dan boshlab to 1917-y. gacha Kazaklar Rossiya imperiyasining umumiy qurolli kuchlari tarkibidagi harbiy tabaqa hisoblanib kelgan. 1750-y. Astraxon va 1755-y. Orenburg kazak qoʻshinlari tuzilib, ulardan noʻgʻaylar, qalmoqlar, qozoqlar va boshqirdlarga qarshi kurashda foydalanildi. 1787-y. Novorossiyskda Qora dengiz kazak qoʻshinlari tashkil qilindi. Dunay ortini Rossiya bosib olgach, 1828-y. Azov kazak qoʻshinlari ham tuzildi. 19-a. da Sibir va b. mintaqalarda ham koʻplab kazak qoʻshinlari tashkil qilindi. 20-a. boshlarida Rossiyada 11 ta kazak qoʻshinlari (Don, Kuban, Terek, Astraxon, Ural, Orenburg, Yettisuv, Sibir, Zabaykalye, Amur, Ussuri) mavjud edi. 1916-y. K. soni 4.434 ming kishi boʻlib, ulardan 480 ming kishi harbiy xizmatni oʻtagan. Kazaklar ixtiyorida 63 mln. desyatina yer boʻlgan. Birinchi jahon urushiga Kazaklar 300 ming askar joʻnatgan. Barcha kazak qoʻshinlari hamda viloyatlari harbiy va maʼmuriy jihatdan kazak qoʻshinlari bosh boshqarmasiga boʻysungan. Har bir qoʻshin boshida ataman turgan.

K. Rossiya olib borgan urushlarda, xususan, Yetti yillik urush (1756— 63), Fransiya-Rossiya urushi (1812), Qrim urushi (1853—56), Rossiya-Turkiya urushi (1877—78) da muhim rol oʻynagan. 19-a. oxiri va 20-a. boshlarida harbiy texnikaning taraqqiy etishi bilan otliq kazak qoʻshinining urushdagi mavqei birmuncha pasayib qoldi.

1917-y. fev. inqilobini Kazaklar xayrixohlik b-n kutib olishdi. Okt. toʻntarishidan keyin Kazaklar dastlab bolsheviklar va sovet rejimiga qarshi kurashdilar. Don, Kavkaz, Orenburg, Uralda kazak armiyalari tashkil qilindi. Xususan, K. Saritsin (hoz. Volgograd), Ural, Orenburg, Shim. Kavkazda faol harakat qilganlar. Sovet Rossiyasi rahbarlari VM. Lenin va Ya. M. Sverdlov buyrugʻi bilan Kazaklar ayovsiz qirgʻin qilindi. Leninning imzosi qoʻyilgan bitta telegramma olingandan keyin Donda qoʻzgʻolon koʻtargan oʻn minglab Kazaklar otib tashlandi. Shuningdek, Kazaklarning katta qismi qizil armiya safida turib ok, gvardiyachilarga qarshi kurashgan. S. M. Budyonniy va O. I. Gorodovikov boshchiligidagi 1 va 2-otliq armiyaning ancha qismini Kazaklar tashkil qilgan. 1920-y. sovet rejimi tomonidan Kazaklar alohida harbiy tabaqa sifatida tugatildi.

1936-y. 20 apr. da Kazaklardan harbiy xizmatga olishning cheklanganligi bekor qilindi va bir necha kazak diviziyalari tuzildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida generallardan L. M. Dovator, P. A. Belov va b. rahbarligidagi kazak qoʻshilmalari fashizmga qarshi kurashdilar. SSSRning parchalanishi natijasida 20-a. oxirlaridan Kazaklarning madaniy anʼanalari va urf-odatlari qayta tiklandi, turli kazak tashkilotlari tuzildi.

Ad.: Murad Adji, Polыn poloveskogo polya, M., 1994.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x