KAVKAZ

KAVKAZ — Qora, Azov va Kaspiy dengizlari orasidagi hudud (nomining kelib chiqishi hozircha aniqlanmagan; ehtimol u Qora dengiz jan. sohilida qad. yashagan «kavkaz» xalqining nomidan boʻlsa kerak, deb taxmin qilinadi; K. atamasi dastlab mil. av. 479-y. da yunon dramaturgi Esxilning «Zanjirband Prometey» tragediyasida qayd etilgan). Shim. da Kuma-Manich botigʻidan jan. da tabiiy geografik va geologik jihatdan shartli ravishda Zakavkazye respublikalarining Turkiya va Eron bilan boʻlgan davlat chegaralarigacha choʻzilgan. Mayd. 500 ming km2. Shimoliy Kavkaz va Zakavkazyega boʻlinadi. Ular oʻrtasidagi chegara Katta Kavkazning Bosh (yoki Suvayirgʻich) tizmasidan oʻtadi.

Relyefi, asosan, togʻlardan iborat. Taman ya. o. dan Apsheron ya. o. gacha Katta Kavkaz togʻlari choʻzilgan. Bu togʻlarning shim. etaklaridan KumaManich botigʻigacha boʻlgan hudud Kavkazoldi deyiladi. Katta Kavkazdan jan. da Kolxida va Kura-Arake pasttekisliklari bor. K. ning jan.-sharqida burmali Tolish togʻlari (bal. 2477 m gacha) va Lenkoran pasttekisligi joylashgan. Kavkaz janubining oʻrta va gʻarbiy qismlarini Zakavkazye togʻligi egallagan.

Kavkaz Oʻrta dengiz geosinklinal mintaqasiga kiradi. Orografiyasida Kavkazoldi yosh platformasi (plitasi), Katta Kavkaz megantiklinoriysi, Rioni-Kura togʻ oraligʻi bukilmalari zonasi va Kichik Kavkaz megantiklinoriysi ajralib turadi. Kavkazoldi plitasi shim.-gʻarbiy qismining zamini tokembriy Ukraina kristalli massivining yer tagidagi jan.sharqiy davomi. Kavkazoldining qolgan qismi oʻrta paleozoy burmali zaminiga mansub. Kavkazoldi choʻkindi jinslar qoplami miotsengacha toʻplana borgan. Miotsen oxirida Stavropol qirlari koʻtarilib, Azov-Kuban botigʻini Terek-Kuma botigʻidan ajratib qoʻygan. Pliotsen oxirida Terek va Sunja tizmalarining antiklinal zonalari paydo boʻlgan. Katta Kavkaz markaziy qismining shim. yon bagʻri Kavkazoldi plitasining chekkasi boʻlib, bu yerda yangi tektonik harakatlar boʻlib turadi. Janubroqda Yon tizmaning intensiv gersin burmalanish zonasi Pshekish-Tirniauz yoriklari zonasidan ajralgan. Yanada janubrokda, bosh tizma zonasida gersin metamorfik majmuasi koʻtarilgan. Rioni-Kura togʻ oraligʻi bukilmalari zonasi va Kichik Kavkaz megantiklinoriysining zaminini yuqori tokembriy — quyi kembriy metamorfik majmuasi tashkil qilgan.

Kavkaz har xil foydali kazilmalarga boy. Bosh tizma va Katta Kavkazning jan. yon bagʻrida, Kichik Kavkazda rangli metall konlari, Shim. Osetiya-Alaniya, Gruziyada qoʻrgʻoshin va rux, Kabarda-Balkariya va Zangezur (Armaniston)da mis va molibden, Ozarbayjonda temir rudasi, alunit, Tkibuli, Tkvarchelida toshkoʻmir, Chiaturada marganes konlari bor. Ozarbayjon, Checheniston-Ichkeriya, Ingushiya, Dogʻiston respublikalari, Krasnodar va Stavropol oʻlkalarida neft qazib olinadi. Kavkaz turli xil mineral suv, binokorlik materiallari va b. minerallarga boy.

Kavkaz moʻtadil va subtropik iqlim mintaqasi chegarasida. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi Kavkazoldida —2, —5°, Gʻarbiy Zakavkazye (Kolxida pasttekisligi)da 4,5—6°, Sharqiy Zakavkazye (Kura-Araks va Lenkoran pasttekisligi)da 1—3,3°. Iyulning oʻrtacha t-rasi gʻarbida 23—24°, sharqida 25—29°. Yillik yogʻin sharqida 200—400 mm, gʻarbida 1200—1800 mm. Gʻarbiy va Markaziy Kavkaz yon bagʻirlariga 2500 mm dan 4000 mm gacha yogʻin tushadi.

Katta Kavkazda muzlik koʻp. Umumiy soni 2200 dan ziyod, mayd. 1428 km2. K. daryolari Kaspiy (Kura va irmogʻi Araks, Sulak, Terek, Kuma), Kora dengiz (Rioni, Inguri va b.) va Azov dengizlari (Kuban) havzalariga mansub. Kavkaz daryolarida koʻplab GES qurilgan (Kurada Mingechaur va Zemo-Avchala GESlar, Katta Kavkaz daryolarida Xrami, Rioni va b. GESlar). Eng yirik koʻli — Sevan.

Kavkazoldining tekislik landshaftlari moʻtadil mintaqaga, Zakavkazye esa subtropik mintaqaga kiradi. Gʻarbiy va Oʻrta Kavkazoldining landshaftlari dashtdan iborat. Stavropol kirlarining balandroq qismlari, Mineralniye Vodi atroflari, Sunja tizmasining gʻarbiy qismlari va Katta Kavkazning kiya tekisliklarini oʻrmonli dasht egallagan. Sharqiy Kavkazoldida och tusli kashtan tuproqlardagi shuvoqli chala choʻl lanshafti zonal landshaftdir. Kura-Araks pasttekisligining chala choʻllarida ondasonda shoʻrxok choʻldar ham uchraydi. Kolxida va Lenkoran pasttekisliklarida nam subtropik landshaftlari tarqalgan. Katta Kavkaz jan. yon bagʻrining quyi qismi, Kichik Kavkazning shim. yon bagʻri va Tolish togʻlarida subtropik oʻrmon landshaftlari bor. Kavkaz togʻlarida togʻ-oʻrmon landshaftlari hukmron. Sharkay Kavkaz (Dogʻiston) va, qisman, Markaziy Kavkaz, Armaniston togʻligining lava platolari va tekisliklarida togʻ-dasht landshaftlari uchraydi. Katta Kavkazning eng baland choʻqqilarida glyatsialnival landshaftlari tarqalgan.

Kavkazda Kavkaz, Teberda, Ritsa, Dili-jon va b. qoʻriqxonalar bor. Kavkazda Rossiya Federatsiyasi xududining bir qismi, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Turkiyaning sharqiy va Eronning shim.-gʻarbiy qismi joylashgan. Kavkazda yirik kurort r-nlari, Kavkaz Mineral Suvlari, Qora dengiz boʻyi kurortlari, turizm va alpinizm markazlari bor.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x