Kamtarlikdagi buyuklik

Bir kuni ustozning nevarasi mutolaaga xalal berishdan tinchimadi. Bu payt uylarida uni ovutadigan odam yoʻq edi. Bola biz taklif qilgan shirinlik va oʻyinchoqlarga qaramadi. Men unga pul uzatgan edim, ustoz menga oʻqrayib qaradi. “Pul berma, shunga oʻrganib qoladi”, dedilar. Ustoz nevaralarini tizzalariga olishini, erkalashini sira tasavvur qilib boʻlmasdi. Bolalarga hech qachon bola boʻlib gap aytmas, xuddi kattalarga gapirganday gapirar edilar. Maryamjon opaning aytishicha, Taganrogdan yo boshqa olis yerlardan uzoq muddatda kelganida ham farzandlarini bagʻriga bosmaganlar. Otasiga peshvoz chiqqan bolalarining peshonasidan silab, “Jollimisan!” (“Yaxshimisan?” maʼnosida – tahririyat) deb uyiga kirib ketaverarkanlar. “Siz bolalaringizni yaxshi koʻrmaysiz, ular bilan quchoqlashib koʻrishmadingiz”, deb urishsam, “Ichdan yaxshi koʻraman”, – derdilar, shunda men: “Ichdan yaxshi koʻrishingizni ular bilmaydilar”, desam, “Ular ham ichida biladilar”, deb meni tinchlantirar edilar”, deya eslaydi ustozning umr yoʻldoshi.

Muzaffar otasi haqda shunday xotirlaydi: “Koʻchada tayoq yesang, mening yonima kelib yurma”, derdi otam. Boshqa paytlarda ham: “Oʻz muammongni oʻzing hal qil”, derdilar. Endi bilsam, bizlarni irodali boʻlish uchun shunday qilar ekanlar. Biroq oʻzlari bizlarga sezdirmay biz uchun shunday ishlarni qilar edilarki, unga rahmimiz kelardi. “Ota, oʻzingizni qiynab shu ishni qilmang”, desak, aslo quloq solmasdilar. Bir ishni qasd qilsa hech kim uni yoʻldan qaytara olmasdi. Otamning bizlar uchun nimalar qilib ketganini endi tushunib yetayapman. Yangi imoratga niyatlab ogʻir temir jihozlarni doʻkondan olib havoning issigʻida qanchalik qiynalib piyoda koʻtarib kelganlari yodimga tushsa, hozir ham ezilib ketaman. Biz uchun jonini ayamasdilar…”

Ustozning uylariga yurak hovuchlab, dorda yurganday borardik. Ustoz qanchalar bagʻri keng boʻlmasin, yonlarida xato gapirib qoʻyib unga ozor yetkazishdan qoʻrqar edik. Ustozning nafaqat har soʻzi, har bir xatti-harakati ham maʼnoli edi. Biz ham shunga monand harakatlanishga tirishardik. Kasal yotganlarida olib borgan narsamizni oʻzlariga koʻrsatmaslikka harakat qilardik. Koʻzi tushsa xijolat boʻlib, albatta, bir gap aytardi. Beozor soʻzlarni topib aytardi. Ustoz matbuotda biz haqimizda biron gap aytgan boʻlsa, uni koʻrgani quruq qoʻl bilan borishga qaror qilardik. Matbuotda aytgan gapiga javoban “sovgʻa-salomga” oʻxshab qolmasin deb hech narsa olmasdik. Kasallanmaslaridan oldin uylariga borganimizda qoʻllarimizda kitob, gazeta yo qogʻoz boʻlardi. Qoʻllarimizda boshqa narsaning boʻlishi, garchi ustozga aloqasi boʻlmasa ham, u kishiga xalaqit berishi mumkin edi. Ustozga atab biron narsa olib borishni xayolimizga ham keltira olmasdik. Ustoz koʻpgina shoirlarning qoʻlyozmalarini mashinkada koʻchirib viloyat va respublika matbuotiga berishdan charchamas edilar. Bundan mualliflarning oʻzlari mutlaqo bexabar qolardi. Ijodkor boshlovchimi, keksami unga farqi yoʻq edi. Kimning ijodida yilt etgan bir jumla topilsa, darhol unga telefon yoki xat orqali bildirishga oshiqardi. Kimni koʻrsa salomdan keyin “Yozyapsanmi?” derdi. Kimki noxushlansa yo anchadan beri koʻrinmay qolsa, yonlariga bir-ikki ijodkorni olib xabar olgani uyiga borardi. Yoʻqlayotgan odami shahar markazidami, viloyatning chekka qishlogʻidami, yoʻl qiyinchiliklari va boshqa muammolar toʻgʻrisida oʻylab ham oʻtirmasdi. Borgan joyida kamtarona oʻtirardi. Uy egalari biron muhim yumush bilan band boʻlsa, koʻmak berardi. Ustozning qadami tekkan xonadon egalari xursand boʻlib, uzoq vaqtgacha “Bizning uyga Matnazar aka kelib ketdi”, deb faxrlanib yurardilar. Faxrlanuvchilar ustozning salohiyatini bilmasdilar, uni sirtdan koʻrib, oddiy soʻzlarini eshitganlar, xolos.

Matnazar aka mehmonga borsa, oʻtiradigan joyni koʻpincha, ziyraklik bilan oʻzi tanlardi. Mezbonni xijolatga qoʻymaslikka ustomon edi. Toʻsatdan borib qolingan baʼzi uylarda gʻarib dasturxon atrofida ham ustoz tashabbusni oʻz qoʻliga olib, hammaning eʼtiborini dasturxonga emas, suhbatga – soʻzga tortardi. Xayrlashayotganda uy egasining uzrxohligini yuvib ketuvchi soʻzlar aytib, oʻtirishning ijobiy tomonlarini taʼkidlab, hammani barobar qanoatlantirib ketardi.

 

Mahmud RAJAB

 

“Ijod olami”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kamtarlikdagi-buyuklik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x