Kamoliddin Behzod

Mirak naqqosh eskigina juzdonini ochib, shogirdining ayrim maxsus qogʻozlarga solingan rasmlarini bir-bir taqdim eta boshladi. Navoiy birinchi varaqni qoʻliga olib, suratdan koʻzlarini uzoq vaqt uzmadi. Mirak naqqoshning taʼrificha qoʻli oltin bolaning chizgani jivir-jivir gullar, barglar, chiziqlar nozikligi, joliligi bemisl nafosat bilan, uning koʻzlarini, ruhini sehrlagan edi. Navoiy orom va hayajon bilan chuqur nafas oldi. Ikkinchi rasmni koʻrdi. Ayni shu ruh lekin yana boyroq, yana nafisroq. Mana ov tasviri. Ohular goʻyo qogʻozdan sakrab oʻynoqlab ketayotganday tuyuladi. Unda har bir nuqta koʻz kabi jonli. Navoiy oʻnga yaqin rasmni benihoya zavq bilan tomosha qildi.

Nihoyat, shoir koʻzlarida yongan quvonch bilan yosh rassomni tabrikladi.

– Bu koʻhna jahon, – dedi u shavq bilan, – sizningdek sanʼatkorni hanuz koʻrmagan edi. Qalamingizning husni har qanday taʼrifdan benihoya balanddir. Bu kamolotni yanada oliylashtirmoq yoʻlida samimiy harakat qilingiz.

“Asr nodiri, musavvirlar peshvosi” – Kamoliddin Behzod haqidagi bu lavha Oybekning “Navoiy” romanidan olingan. Bu badiiy lavha ham ikki buyuk siymoning oʻzaro yaqinligiga ishora albatta. Sharq miniatyurachiligida oʻz maktabini yaratgan buyuk musavvir 1445 yilda Hirotda kambagʻal hunarmand oilada tavallud topadi. Behzod ota-onasidan erta judo boʻladi. Uni bolaligidayoq Hirotning mashhur musavviri Amir Ruhilla, yaʼni Mirak Naqqosh oʻz tarbiyasiga oladi. Unga oʻzining Hirotdagi “Mashhur qirq sanʼatkor” – Nigoristoni, yaʼni sanʼat akademiyasida naqqoshlik va miniatyurachilik hunarining sir-asrorini oʻrgatadi. Taʼkidlash joizki, Behzodning buyuk musavvir va naqqosh boʻlib yetishishida Mir Alisher Navoiy hazratlarining hissasi katta boʻldi. Behzodda yetuk isteʼdod, oʻta nozik takrorlanmas aql-idrok, nafis tasviriy sanʼatga nisbatan koʻnglidagi zoʻr ishtiyoq, eng muhimi, ijodkor sifatida Navoiyga maʼlum boʻlgach, Behzodni huzuriga chaqirib Sulton Husayn Mirzoga tanishtiradi. Husayn Mirzo uni Hirotdagi saltanat kutubxonasiga boshliq etib tayinlaydi. Shved sanʼatshunos olimi Martin Behzodning Sulton Husayn Mirzo saroyidagi ijodxonasi va u yerdagi naqqoshning ishlash jarayonini badiiy tarzda quyidagicha tasvirlaydi: “Sharq quyoshi Behzod uchun qurilgan shinam hujrani tark etadi. Bu yerda naqqosh popiter, yaʼni pastakkina qiya kursi ustida engashib ishlardi. Kursining tortma xonalarida shoh asarlar yaratish uchun zarur boʻlgan hamma narsa muhayyo… Shu muhitda Behzod oʻtirib nozik moʻyqalami bilan suvrat chizardi. Nozik moʻyqalamni undan ilgari ham, keyin ham hech bir musavvir Behzodchalik ishlatishga muvaffaq boʻlmagan”. Darhaqiqat, shunday voqealarni umumlashtirib katta ehtiros bilan boyitib tasviriy olam ogʻushiga olib kirgan, zamonasini teran tadqiq etgan musavvir oʻz davrdoshlarining maʼnaviy olami, ichki dunyosi, eng muhimi, qaytarilmas siymosini yaratdi. Behzod xuddi mana shu davrda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi”ga ishlangan miniatyuralar, Husayn Boyqaroning majlislari tasvirlangan muraqqa-albom, Temur tarixi muraqqa-albomi, Nizomiy Ganjaviy”Xamsa”siga ishlangan va boshqa tarixiy voqelik bilan bogʻliq yuzlab goʻzal miniatyuralarini yaratdi. Shu suratlarga boqib oʻz davrining solnomasini yaratgan shaxs koʻz oldimizda gavdalanadi. Behzod ijodida zamonasining buyuk shoiralari qoʻlyozmalariga chizgan miniatyuralar asosiy oʻrin tutadi.

Oʻrta Sharqda tasviriy sanʼat sohasida asosiy taraqqiyot yoʻnalishini belgilab bergan Behzod oʻzidan oldingi rassomlarning anʼanalarini davom ettirib, ayni vaqtda badiiy uslubdagi shartlilikni saqlagan holda uni yangi ijodiy uslublari bilan boyitdi. Uning qalamiga mansub “Otasi Majnun huzurida”, “Bahrom xazina ustidagi ajdarni oʻldirmoqda”, “Samarqandda masjid qurilishi” lavhalari tasvirlaridagi betakrorlik, ayniqsa, voqelikning hayotiy va nozik tasvirini koʻrgan kishi hayratda qoladi. Uning yaratgan portretlari, shakl-tasvirdan farqlanib inson maʼnaviy qiyofasi, ruhi, his-tuygʻulari, xulq-atvori va botiniy olamini aks ettirishga ahamiyat bergan.oʻarbda uygʻonish davrining ulugʻ rassomlari Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rafayel Gisian oʻz asarlari bilan besh asrdan buyon butun jahon ahlini hayratga solib, toʻlqinlantirib kelayotgan boʻlsalar, Sharqda xuddi shu davrda yashab ijod qilgan Kamoliddin Behzod kabi siymolarning isteʼdod kuchi, asarlari koʻlami ham shu darajada buyukdir. Chunki bunday zotlar oʻz davri, yashagan muhitnigina emas, barcha davrlarga, xalqlarga xos umuminsoniy xislat va xususiyatlarni ifoda etadilar. Uning yaratgan asarlari, shved sanʼatshunos olimi Martin taʼkidlaganidek, XV asr Italiya va Nederlandiya rassomlari dunyo ahlini qanchalik hayratlantirgan boʻlsa, Behzod asarlari ham shunchalik toʻlqinlantirgan.

XIV asr ikkinchi yarmida Samarqandning siyosiy va madaniy hayoti Behzod tomonidan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asariga ishlangan miniatyuralarida oʻzining badIIIy ifodasini topadi. Uning ijodiy merosini oʻrganuvchi mutaxassislar fikricha, hozirgacha maʼlum boʻlgan asarlari taxminan 30 ta surat va bir nechta turkumdan iborat. Musavvir qalamiga mansub goʻzal miniatyuralar oʻarb va Sharq mutaxassislarining fikricha, bezaklarning tabiiy va quymaligi, nozik va nafisligi kishini oʻziga jalb etadi.

Behzod tasviriy sanʼat olamida saxiy va mehribon ustoz sifatida ham juda koʻp atoqli musavvir va naqqoshlarni tarbiyalagan. 1903 yilda Germaniyada sanʼat koʻrgazmasi ochildi. Unda Behzod va shogirdlarining asarlari namoyish etiladi. Dunyoga mashhur impressionist frantsuz rassomlari Anri Matiss va Sezanilar koʻrgazmada Sharq rassomlari asarlaridagi bir-biriga zid, keskin ranglar bilan ishlash sanʼatini koʻrib hayratga tushadilar. Bugungi kunda ham Sharq va Yevropa mamlakatlarida sanʼat va rassomchilik tarixi, xususan, miniatyura chizish sanʼatini egallashda Behzod miniatyura maktabi alohida oʻrganiladi va tadqiq etiladi. Behzod oʻsha davrda chizgan suratlari ostiga “Shikasta qalamli faqir Behzod”, “Qalami shikasta, nomurod faqir Behzod umri yetmishdan oshganda ushbu ishga qoʻl urdi” deya imzo chekadi. Koʻrinib turibdiki, moʻyqalam sohibi bir zum ham oʻz Vatanini unutmaydi.

Sharq xalqlarining mushtarak iftixori, buyuk farzandi boʻlmish Kamoliddin Behzod oʻzidan keyngi avlodga boy, rang-barang va ajoyib tasviriy sanʼat asarlarini meros qilib qoldirdi. Taʼkidlash joizki, Behzod faqat Sharq xalqlari tasviriy sanʼati tarixidagina emas, jahon sanʼati tarixida ham oʻchmas iz qoldirgan buyuk isteʼdod sohibidir.

 

Ochil TOHIROV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kamoliddin-behzod/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x