Kamharakatlik bepushtlikka olib kelishi mumkin (Urolog maslahatlari)

Sog‘lom va ahil oilada sog‘lom bola tug‘iladi. Bu, o‘z navbatida, hayot abadiyligi va avlodlar bardavomligini ta’minlaydi. Dunyoda hech qanday boylik bilan inson salomatligini o‘lchab bo‘lmaydi.

Xastaliklarning oldi olinishi, o‘z vaqtida aniqlanib, to‘g‘ri tashxis qo‘yilishi, samarali davo choralari qo‘llanilishi ham oilaviy baxt to‘kis bo‘lishiga olib keladi.

Har bir inson oila qurib, baxtli hayot kechirishni istaydi. Er-xotin o‘rtasidagi ahillik, mehr, bir-birini to‘g‘ri tushunish, o‘zaro ishonch oila atalmish qo‘rg‘onni mustahkamlaydi. Agar ota-onani ikki qirg‘oqqa qiyoslasak, farzand ularni bog‘lab turuvchi ko‘prik desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois farzandsiz oilalar o‘ta murakkab, tibbiy, ijtimoiy-demografik muammo hisoblanadi. Bepushtlikka 40-50 foiz holatda er-xotindan birining reproduktiv tizimidagi o‘zgarishlar, 25-30 foiz holatda er-xotin har ikkalasining reproduktiv tizimlaridagi nuqsonlar sabab bo‘ladi. 8-10 foiz holatda esa bepushtlik sababini aniqlab bo‘lmaydi, bu reproduktiv tizimga ta’sir ko‘rsatadigan omillarning rang-barangligi bilan izohlanadi.

Erkak bepushtligi xastaligi birlamchi yoki ikkilamchi bo‘lishi mumkin. Birlamchi bepushtlikda turmush o‘rtog‘ida biron marta ham homiladorlik kuzatilmaydi. Ikkilamchi bepushtlik esa farzandlari bor, ammo qayta farzand ko‘rish imkoni bo‘lmayotgan holatdir. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bepushtlikka qandli diabet, asab, sil, prostata bezi yallig‘lanishi, yuqori nafas yo‘llari kasalliklari ham sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ba’zi bemorlarda jarrohlik muolajalaridan keyin bola ko‘rish xususiyati vaqtincha kamayadi.

Varikotsele vena qon tomirlarining patologik kengayishi bo‘lib, uning oqibatida bepushtlik paydo bo‘ladi. Ushbu xastalik sabab 50 foiz erkaklarda patologik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu holatga oydinlik kiritish maqsadida qondagi testosteron miqdori aniqlanadi.

Erkaklar bepushtligini davolashda ichki a’zolar ko‘rigi, laborator, MAR-test, gormonlar tekshiruvi (FSG, prolaktin, testosteron, LG), qon tahlili muhim hisoblanadi. Zarurat bo‘lganda, yana qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda, hozirgi zamon erkaklarining eng katta kamchiligi kam harakatlanish ekanini alohida aytib o‘tmoqchiman. Birinchi navbatda, sog‘lom bo‘lish uchun har bir erkak kuniga 30-40 daqiqa jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi shart. Serharakat, jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanadigan va kam harakat kishilar organizmida katta tafovut bor. Masalan, birgina misolni olaylik: doimiy harakatda yuradigan erkaklarda erkaklik gormon miqdori ko‘pligi aniqlangan, kam harakatlarda esa buning aksi.

Asabiy-ruhiy zo‘riqish, hayotiy faoliyat omillarining inson tanasiga ta’siri, suv, havo va zaminning ifloslanishi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi turli qo‘shimchalar, sintetik dori vositalaridan foydalanish, odatiy turmush maromi juda tez o‘zgarishi kabi jihatlar ham erkaklarning reproduktiv tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yuqori haroratda simob, kadmiy va boshqa og‘ir metallar, gerbitsid singari kimyoviy vositalar bilan uzoq ishlash, chekish va spirtli ichimliklar iste’mol qilish bir qator xastaliklarni keltirib chiqaradi.

Kashandalikning zarari ham bunga misol bo‘ladi. Bu zararli odat jinsiy a’zolarda qon aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kashandalik oqibatida tuxumlarning oziqlanishi yomonlashadi, urug‘don yo‘llari mushaklari zaiflashadi, spermaning urug‘lash qobiliyati susayadi, urug‘ ishlab beruvchi to‘qimalar faoliyati buziladi, chunki nikotin zaharli ta’sir ko‘rsatadi. Shu o‘rinda aytish joizki, nikotin qon tomirlarini toraytirib, qon bosimini oshirish xususiyatiga ega. Buning natijasida yurak muskullari ishdan chiqadi. Bu hol tez-tez takrorlanaversa, yurak infarkti, stenokardiya (yurak xuruji) kabi kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Tamaki miya hujayralariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, chekuvchida uyqusizlik va bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Oqibatda asab tizimi faoliyati buziladi.

Spirtli ichimliklar esa jigar faoliyatiga salbiy ta’sir etib, erkakning jinsiy hayotini izdan chiqaradi. Asab tizimi va ichki a’zolar faoliyatining buzilishi hamda o‘zgarishi har qanday miqdordagi alkogolli ichimlikni iste’mol qilish bilan namoyon bo‘ladi. Aroqni kam-kamdan ichib ko‘rish oqibatida kasallik alomatlari kuzatiladi, ya’ni u kishida mazkur ichimlikka ruju qo‘yishni keltirib chiqaradi. Bu hol esa aynan alkogolizmning giyohvand moddalarga o‘rganib qolishga o‘xshash ko‘rinishi hamda turidir. Buning har qanday holatida markaziy asab tizimidagi moddalar almashinuvi jarayoni buziladi. Alkogolning erkak sog‘lig‘iga bilvosita ham ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan. Jumladan, qonda testosteron miqdori kamayadi. Spermatogenez buzilish darajasi esa iste’mol qilinayotgan alkogol miqdoriga mutanosib. Kuniga 80-160 gramm yoki undan ko‘proq spirtli ichimlik iste’mol qilgan erkaklarning faqat 21-37 foizida me’yordagi spermatogonez saqlanadi. Bunday kishilarning 54-74 foizida esa spermatogonez qisman yoki to‘liq buziladi.

Nasl qoldirish xususiyati sog‘lom organizm ko‘zgusi hisoblanadi. Agar siz sog‘lom turmush tarzini olib borsangiz, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilsangiz, organizmingizda tug‘ma anatomik anomaliyalar aniqlanmasa, urug‘don yallig‘lanish kasalliklari, ularning travmalari kuzatilmagan bo‘lsa, sizning baxtli ota bo‘lishga imkoniyatingiz yuqori bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, erkaklik bepushtligi qanchalik darajada muammoligiga qaramasdan, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilingan holatlarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishish mumkin.

Ekspert: Bahodir RAHMATULLAYEV. Urolog, tibbiyot fanlari nomzodi.
Manba: «Hordiq plyus» gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x