JINSIY AʼZOLAR

JINSIY AʼZOLARkoʻpayish aʼzolari. Hayvonlarning jinsiy aʼzolari jinsiy bezlargonadalar (urugʻdon va tuxumdon), jinsiy yoʻllar (urugʻ va tuxum oʻtadigan yoʻllar) va kopulyativ aʼzolardan iborat (bir qancha hayvonlarda tuxum yoʻllaridan bachadon va qin ajralib chiqqan). Tirik tugʻadigan hayvonlarda yuqoridagilardan tashqari, bola yetiladigan aʼzolar ham Jinsiy aʼzolarga kiradi. Koʻp hayvonlar ayrim jinsli, yaʼni erkak hayvonlarda faqat erkak Jinsiy aʼzolar, urgʻochi hayvonlarda faqat urgʻochi Jinsiy aʼzolar boʻladi. Baʼzi hayvonlar (maye, bulutlar, baʼzi kovakichlilar, chuvalchanglar, boʻshliqichlilar) qoʻsh jinsli (q. Germafroditizm). J. a. birlamchi jinsiy belgilardir (yana q. Ikkilamchi jinsiy belgilar).

Odamda Jinsiy aʼzolar ichki va tashqi Jinsiy aʼzolarga boʻlinadi: ichki Jinsiy aʼzolar (erkaklarda bir juft moyak, ortiqlari b-n, urugʻ chiqarish yoʻllari, urugʻ pufakchalari va prostata bezi; ayollarda tuxumdon, bachadon, uning naylari va qin) asosan kichik chanoqda joylashgan; tashqi Jinsiy aʼzolar [erkaklarda erlik olati bilan yorgʻoq, ayollarda katta va kichik jinsiy (uyatli) lablar, qin dahlizi, klitor, qizlik pardasi va Bartolin bezlari] qov birlashmasi (simfiz) tagida joylashgan. Yorgʻoqda turadigan bir juft aʼzo — moyak erkak jinsiy hujayralari (spermatozoidlar)ni yetishtirib chiqaradi. Moyakning orqa chekkasiga moyak ortigʻi taqalib turadi. Moyak ortigʻining dumidan urugʻ chiqarish yoʻli boshlanadi. Bu yoʻl urugʻ tizimchasi tarkibida chov kanali orqali kichik chanoqqa kiradi va qovuq tubiga yetib borib, kengayadi (urugʻ chiqarish yoʻlining ampulasi). Ampulaning oxirgi qismi urugʻ pufakchasining yoʻliga qoʻshilib, urugʻ otish yoʻliga aylanadi. Bu yoʻl prostata bezini teshib oʻtib, siydik chiqarish kanali (uretra) ning prostatik qismiga ochiladi. Urugʻ pufakchasida urugʻ yigʻilib turadi. Erlik olati (zakar) ikkita gʻorsimon tana b-n bitta gʻovak tanadan tuzilgan. Gʻovak tananing oxirgi qismi kengayib, olat boshchasini hosil qiladi. Gʻovak tana ichidan uretra (siydik chiqarish kanali) oʻtadi, u olat boshchasiga ochiladi. Erlik olati sohasida teri yigʻilib, burmalanadi (chekka kertmak). Gʻorsimon tana toʻqimasida venoz qon boʻladi: jinsiy qoʻzgʻalishda shu tanaga qon shiddat bilan kelib, ereksiya roʻy beradi.

Ayollar jinsiy bezi — tuxumdonniyag poʻstloq va magʻiz (miya) qavati bor. Poʻstloq qavatda juda kichik va sekinasta kattalashib yetiladigan Graaf pufakchalari turadi. Har qaysi pufakchada 28 kunda bittadan jinsiy hujayra — tuxum yetiladi. U bachadon naylari orqali bachadonga keladi. Bachadon boʻyni b-n tashqi Jinsiy aʼzolar oʻrtasidagi kanal — qinning ustki qismiga bachadon boʻyni kirib turadi, qin teshigi esa jinsiy lablar orasidan tashqariga ochiladi. Kichik jinsiy lab tubining ikki tomonida gʻorsimon tana bor, uning orqa uchi tagidagi juft bezlar (Bartolin bezlari )dan ishlanib chiqadigan sekret kichik jinsiy lab bilan qin daxlizi shilliq pardasini namlab turadi. Klitor erkak olati kabi gʻorsimon tanadan tuzilgan, qon tomirlar va nervlarga boy, terisida nerv oxirlari koʻp boʻlib, u jinsiy his aʼzosidir. Qin daxlizi — oldingi tomondan klitor, orqa tomondan katta jinsiy lablarning orqadagi bitishmasi, ikki yon tomondan kichik jinsiy lablarning ichki yuzasi bilan chegaralangan. Qin dahliziga siydik chiqarish kanali (uretra) ochiladi. Uretraning boʻyi ayollarda 3—4 sm, eni oʻzgaruvchan, kanali oson choʻziladi. Qiz bolalarda qin teshigi yupqa parda (qizlik pardasi) bilan bekilib turadi. Parda oʻrtasida kichkina teshik bor (yana q. Balogʻatga yetish, Jinsiy gigiyena).

Ad.: Ahmedov N. K., Normal va patologik anatomiya bilan fiziologiya, T., 1997. Nosir Ahmedov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x