Janubiy Koreyada Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi

Janubiy Koreyada Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi
Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani asrlar davomida qaror topgan qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sheriklardir.

Oliy darajadagi muloqotlar va ikki davlat rahbarlarining samimiy do‘stona munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan, madaniy-gumanitar sohada ham izchil rivojlanmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tashabbusi bilan nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki jahon madaniy merosiga munosib hissa qo‘shgan Mir Alisher Navoiy haykalini Seulning so‘lim go‘shalaridan birida o‘rnatish borasida amaliy ishlar davom ettirilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Ushbu haykalni o‘rnatilishida Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi (KUBA) raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kim Chan Gon faol ishtirok etib, loyihani moliyalashtirish ishlarini o‘z zimmasiga olgan.
Bugun Kim Chan Gon ishtirokida yodgorlik va haykallarni ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatda yetakchi sanalgan «Malong Company» kompaniyasi direktori Li Dok Xyong va loyiha menejeri Kim Se Hi bilan Alisher Navoiy haykalini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Muloqot natijasida «Malong Company» rahbariyati bilan Janubiy Koreya zamonaviy haykaltaroshlik uslublaridan foydalangan holda, Alisher Navoiy shaxsiyatining muhim tarixiy ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib, buyuk bobokalonimizning barcha xususiyatlarini o‘zida aks ettiruvchi muazzam haykalni yaratish borasida ishlarni boshlashga kelishib olindi.
«Malong Company» kompaniyasi direktori Li Dok Xyongning maʼlum qilishicha, buyuk mutafakkirning haykalini yaratish uchun Janubiy Koreyaning yetakchi haykaltaroshlari jalb etiladi.
Navoiy haykali yaratilishining barcha bosqichlari, xususan, haykalning umumiy chizmasi, Alisher Navoiy qiyofasining shakllantirilishi, meʼmoriy bezaklari va dizayni, tagkursidagi yozuvlar matni va boshqa turli masalalarda elchixona va «Malong Company» vakillari o‘rtasida doimiy ravishda uchrashuvlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi.
Kim Chan Gon, Janubiy Koreya-O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– O‘zbekiston va Janubiy Koreya, garchi bir-biridan jug‘rofiy jihatdan uzoqda joylashgan bo‘lsa-da, ularni ko‘p asrlik yaqin do‘stlik va manfaatli hamkorlik rishtalari bog‘lab turadi. Ikki xalqning sanʼati, madaniyati, milliy mentaliteti va mehnatkashligida o‘xshashlik mavjud.
O‘zining bebaho ijodiy va ilmiy merosi bilan jahon adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutuvchi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishiga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman.
Navoiyning dunyoga o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini ko‘rsatib, uning boshqa tillardan kam bo‘lmagan go‘zal til ekanini isbotlab bergan buyuk shaxs ekanini yaxshi bilaman. Shu bois koreys xalqi katta hurmat bilan tilga oladigan, XV asrda mamlakatni boshqargan hukmdor Sejongni Navoiyga o‘xshataman. Chunki qirol Sejong boshqa hukmdorlardan farqli ravishda, o‘z xalqiga yangi, sodda alifboni yaratib berdi. Ularni yozishga va o‘qishga o‘rgatib, savodli bo‘lishi yo‘lida astoydil kurashdi.
Ayni paytda Toshkentning Seul ko‘chasida qurilayotgan 11 qavatli Janubiy Koreya-O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi binosi oldiga qirol Sejong haykalini o‘rnatish ham rejalashtirilgan. O‘ylaymanki, bu ikki buyuk shaxs haykallarining do‘st va birodar mamlakatlar poytaxtlarida qad rostlashi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling:

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x