Imlo lug‘atining to‘g‘ri va noto‘g‘risi bo‘lishi mumkinmi?

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Tilga e’tibor – elga e’tibor. Ushbu haqiqatni buyuk ajdodlarimiz teran anglashgan.

 
Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida keltirilishicha, buyuk jahongir Amir Temur davlat hujjatlarining turkiy tilda yuritilishiga alohida e’tibor bergan.
 
Alisher Navoiy esa o‘zi yashagan davr O‘rta Osiyo xalqlarining mushtarak adabiy tili sifatida ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotda va badiiy adabiyotda keng o‘rin egallab kelgan forsiy tilni, musulmon olamining asosiy rasmiy tili bo‘lgan arab tili ulug‘ligini e’tirof etib, ya’ni fors tilida o‘lmas asarlar yozib, arab tilini “ruhni yayratuvchi bog‘” deb ko‘kka ko‘tarib, ularning mavqeiga daxl qilmagan holda, ilk marotaba o‘zbek tilining boshqa tillardan qolishmaydigan jozibasini o‘zi yaratgan nodir asarlar misolida isbotlab berdi. Eng yirik asari “Hamsa”ni turkiy tilda yaratdi, Bobur ta’kidlaganidek, bu tilda “ko‘p va xo‘b” ijod qildi. O‘zbek tilining adabiy til darajasiga ko‘tarilishida muhim rol o‘ynadi. Natijada ijodkorlar orasida turkigo‘ylar ko‘paydi.
 
Bobur fiqhga doir yirik asari “Mubayyin”ni, aruzga doir “Mufassal” asarini o‘z davri an’analariga xilof ravishda arab tilida emas turkiy tilda bitishga, hatto turkiy yozuv – “Xatti Boburiy”ni yaratishga qo‘l urdi.
 
Birinchi o‘zbek professori, shoir, yozuvchi va jurnalist, siyosat arbobi Abdurauf Fitrat o‘tgan asr boshlariga kelib ona tilimizga ilk marotaba rasmiy maqom berish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
 
O‘zbek tili ravnaqi yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xizmatlarini alohida e’tirof etish joiz. Uning bevosita rahnamoligi va tashabbusi bilan o‘zbek tili o‘z tarixida ilk marotaba rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi, jahon hamjamiyatida tan olindi, iste’mol doirasi keskin kengaydi. 1989 yil. Hali mustabid tuzum to‘la yemirilmagan, Konstitutsiyasida barcha elat, xalq, millatlar va ularning tillari teng huquqli ekanligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, barcha sohalarda ish yuritish yagona rus tilida olib boriladigan, aholi rus tilini bilish-bilmasligiga ko‘ra ziyoli va qoloq guruhlarga ajratiladigan, har bir puxta o‘ylanmagan harakat milliy nizolarni kuchaytirib yuborishi ravshan bo‘lib turgan qaltis bir vaziyatda o‘ta nozik masala – o‘zbek tiliga rasmiy til maqomini berish masalasini kun tartibiga qo‘yish, haqiqatan ham kishidan katta jur’at talab qilardi. O‘zbek ziyolilarining sa’y-harakatlari va I. Karimov tashabbusi bilan 1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tili O‘zbekistonning davlat tili sifatida rasman e’lon qilindi.
 
Bosh qomusimizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deya qayd etildi. va u qonun bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. Biroq…
 
Davlat tili haqidagi qonun 7-moddasida “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, afsuski, hali-hanuz peshlavhalar, yo‘l chetidagi reklama, e’lon matnlari, tovar yorliqlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, hatto matbuotda imloviy xatoliklar ko‘payib borayotir.
 
Joriy imlo qoidalarimiz va u asosida yaratilgan lug‘atlar nochor ahvolda. Tez-tez “Qaysi imlo lug‘ati to‘g‘ri?” degan savolga duch kelayapmiz. Imlo lug‘ati bo‘lsayu, to‘g‘ri noto‘g‘risi bo‘lsa…
 
Adabiy tilga shahar shevalarining ta’siri kuchayib bormoqda.
 
Davlat tili haqida qonun 22-moddasida “Respublikaning ma’muriy-hududiy birliklari, maydonlari, ko‘chalar va geografik ob’ektlarining nomlari davlat tilida aks ettiriladi”, deb yozib qo‘yilganiga qaramay, hamon turli katta-kichik, davlat, nodavlat, xususiy ob’ektlar, hatto o‘z farzandini nomlashda o‘zlashma so‘zlardan foydalanishga urinish kuchayib bormoqda. Shahar ko‘chalari bo‘ylab yursangiz, o‘zbekcha nomni kam uchratasiz, o‘zingizni boshqa davlatda yurgandek his etasiz.
 
Bugun chetdan axborot kirib kelishi uchun makon va zamonda chegara qolmagani kabi so‘z o‘zlashtirishda ham chegara qolmadi. Katta oqim bilan kirib kelayotgan so‘zlarni hatto imlosini belgilamay, joriy alifboga o‘zlashtirmay qabul qilayapmiz. Bilayn, yusel, yutub, skrinshot kabi so‘zlar “o‘zimizniki” bo‘lib qoldi.
 
Bugun o‘zbek farzandlari jahon chempioni, xalqaro olimpiada, tanlovlar, davlat mukofoti sohiblari bo‘layapti. Biroq dunyo ham, davlat ham tan olgan shunday lahzada so‘z berilganda ularning aksariyati hayajonini yengib, o‘z ichki kechinmalarini nutqida chiroyli ifodalab bera olmaydi.
 
Holbuki, millatning jahonda mavjud bo‘lishi uchun milliy til kerak, tilning rivojlanishi, taraqqiy etishi, yashab qolishi uchun uni qadrlaydigan millat kerak. Demak, oldimizdagi eng asosiy vazifa – ona tilimizning boy imkoniyatlaridan to‘la foydalanish, dunyo bo‘ylab tez-tez jaranglab turishi uchun unda o‘lmas asarlar yaratishdir.
 
“Davlat tili haqida”gi Qonun – siyosiy hujjat. Unda qonun buzilishlari bilan bog‘liq jazo choralari ko‘rsatilmagan. Unga itoat qilish tashviqot-targ‘ibot, ta’lim-tarbiya yo‘li bilan ta’minlanadi. Qolaversa, tilni hurmat qilish – har bir insonning vijdoniy burchi.
 
Bashorat BAHRIDDINOVA,
Qarshi davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi

Manba: Fikr.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x