Ilm. Ihtikor (monopoliya) va uning fiqhiy tahlili


Post Views:
727

Dinimiz Islom insoniyatning karamli hayot kechirishini ta’minlashga haris bo‘lgan dindir. Inson naslining dunyo va oxiratda saodatga erishmog‘i uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlari dinimizda shar’iy hukmlar uchun asos qilib olingan. Fiqh ilmining qariyb yarmidan ko‘pini tashkil qilgan oldi-berdi va muomalot sohasiga nazar soldigan bo‘lsak, savdo-sotiqlarda murojaat qilish harom qilingan barcha muomalot turlarining ta’qiqlanish negizida inson manfaatiga ochiq zid keluvchi holatlarni bartaraf etish, iste’molchi huquqlarini himoya qilish, jamiyat vakillari o‘rtasida nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday salbiy holatlarning oldini olish kabi oliy maqsadlar o‘rin olganligining guvohi bo‘lamiz.

Garchi, “iste’molchi huquqi” degan istiloh ayni shaklda yigirmanchi asrdan beri paydo bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, aslida fiqhning muomalot bobida iste’molchi huquqlarining himoyasi amaliy tarzda o‘z ifodasini topgan. Uning huquqlarini buzadigan qator savdo turlari ta’qiqlangan. Mazkur savdo turlaridan biri fiqhiy manbalarda “al-Ihtikor” deb yuritiladi. Ihtikor bu zamonamizdagi monopoliya so‘ziga muqobil so‘zdir. Biroq, iqtisodiy nazariyadagi “monopoliya” bilan fiqhiy istilohdagi “monopoliya”ning ta’riflari orasida o‘ziga xos tafovut va farqlar mavjud. Bu tabiiy hamdir. Zero, faqihlar “ihtikor”ga o‘z zamonalarida hukmron bo‘lgan yashash tarzidan kelib chiqib, o‘sha paytlarda odamlar eng ko‘p ehtiyoji tushadigan mahsulotlar doirasida ta’rif berganlar. Shuningdek, uning shar’iy hukmi borasidagi so‘zlarini ham asosan diniy manbalarga tayanib gapirganlar. Shu bois, zamonaviy iqtisoddagi “monopoliya” bilan fiqhiy istilohdagi “ihtikor” bir-biriga har jihatdan muvofiq kelmasligi mumkin. Balki, ularning o‘zaro kesishadigan nuqtalari bo‘lganidek, ajraladigan nuqtalari ham mavjud. Ammo, shunisi aniqki, monopoliya qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin iqtisod uchun zararli bo‘lgan amaliyotdir. Monopoliya tufayli iste’molchi huquqlari buziladi, jamiyat hayotiga zarar yetkaziladi.

Quyidagi satrlarda fiqhda nazarda tutilgan monopoliya (ihtikor) mavzusini yoritishga harakat qilamiz.

Ihtikor so‘zining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari:

Ihtikor (الاحتكار) so‘zining asli uch o‘zak harfdan iborat “حكر” “hakr(un)”so‘zidan olingan. “Hakr(un)” zulm qilmoq, kamsitmoq, yomon muomala qilmoq, atrofidagilarni mashaqqatga solmoq kabi salbiy ma’nolarga dalolat qiladi. “Hakar(un)” deb o‘qisak, unda “narx oshishi uchun bozorga chiqarilmay saqlab qo‘yilgan oziq-ovqat va shunga o‘xshash narsalar” tushuniladi.

Ihtikor so‘zining o‘zi esa arabcha “احتكر” (ihtakara) fe’lining masdari (ish-harakat nomi) bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “oziq-ovqat va hokazoni narx qimmatlashini kutib, bozorga chiqarmay, saqlab qo‘yish” ma’nosini anglatadi.

Shuningdek, zamonaviy lug‘at kitoblarida biroz boshqacharoq ta’riflarni ham uchratish mumkin. Jumladan, “qomus al-maoniy” kitobida ihtikor so‘zi quyidagicha ta’riflanadi: “ihtikor bu – tovar bozorga kirib kelishidan oldin uni ko‘tarasiga sotib olish va narxini oshirib donalab sotish”; “ihtikor bu – biror narsada yakkahokimlik qilish bo‘lib, iqtisodiy sohada ishlatiladigan bo‘lsa, tovar va xizmat turlarida bozor miqyosida yakkahokimlik qilish ma’nosiga dalolat qiladi va bu ish odatda iste’molchilarning zarariga narxlar oshib ketishiga olib keladi”.

Ihtikor so‘ziga o‘zak bo‘lgan “hakratun” degan yana bir so‘z ham mavjud bo‘lib, u biror narsani yoppasiga sotib olish ma’nosiga dalolat qiladi. Ibn Manzurning lisonu-l-arab nomli qomusiy lug‘at kitobida keltirilishicha, “hakratun” so‘zining asli “jamlash va ushlab turish” ma’nosini bildiradi.

Ihtikor so‘zining zamonaviy iqtisodiyot nazariyasidagi muqobil varianti bo‘lgan monopoliya so‘zining lug‘aviy ma’nolariga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu so‘z grekcha “mono”: “yagona”, “bitta” va “poleo”: “sotaman” so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib, nomlanishidan ham “bir o‘zi sotish”, “bozorda yakka hokimlik qilish” ma’nolarini anglash mumkin.

Ihtikorning istilohiy ma’nosi

Azhar universiteti tadqiqotchisi doktor Ahmad Arafa o‘zining “ahkam al-ihtikar fil fiqh al-islomiy” (Islom fiqhida monopoliyaga taalluqli masalalar) nomli kitobida qayd etishicha, “ihtikor” so‘zining shar’iy va istilohiy ma’nosi uning lug‘aviy mazmunidan katta farq qilmaydi.

Fuqaholar bu so‘zni o‘xshash lafzlar va bir-biriga yaqin ma’nolar bilan ta’riflaganlar. Jumladan, hanafiy mazhabi ulamolaridan Haskafiy “ad-durr al-muntaqo”ning sharhida shunday deydi: “ihtikor so‘zi shar’an ozuqa va shunga o‘xshash narsalarni (ko‘plab miqdorda) sotib olib, uni to narxlar qimmatlashgunga qadar (kamida) qirq kun davomida (bozorga chiqarmay) ushlab turishdir. Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kimki, musulmonlarga qirq kun davomida ihtikor qilsa, Alloh uni mohov kasali va kasod bo‘lish balosiga duchor etadi”.

So‘g‘diy o‘zining “fatovo”sida ihtikorni: “u – o‘z shahridan oziq-ovqatni (ko‘p miqdoda) sotib olib, uni ularga (shahar aholisiga sotishda) monopoliya qilib olishdir”, deydi (“fatovo as-so‘g‘diy”: 2/486).

Alloma Shurunbuloliy “durar al-hukkam sharhu g‘urar al-ahkam” nomli kitobga yozgan hoshiyasida aytadi: “ihtikor bu – qimmatlab ketgunga qadar oziq-ovqatni (bozorga chiqarmay) saqlab turish bo‘lib, zulm qilish va kamsitish ma’nosiga dalolat qiluvchi hakara fe’lidan “ifti’ol” vaznida yasalgan. (Arab tilida) “hakara bish-shay’” degani biror narsada yakkahokimlik qilib, u narsani o‘zgalardan to‘sib qo‘yish, ma’nosini anglatadi”.

Yana bir hanafiy faqih Akmaliddin Bobartiy esa vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning mashhur “al-hidoya” nomli fiqhiy asariga sharh sifatida yozgan “al-‘inoya” nomli kitobida ihtikorni bunday ta’riflaydi: “ihtikor so‘zidan murod oziq mahsulotlarini narxlar oshishini poylab (bozorga chiqarmay) ushlab turishdir”.

Ibn Obidin ihtikor so‘zining ta’rifida: “u yegulik va shunga o‘xshash narsalarni (ulgurji) sotib olib, so‘ng narxlar qimmatlashini poylab qirq kun g‘amlab qo‘yishdir” (hoshiyatu ibni Obidin: 6/398), deydi.

YUqoridagi ta’riflardan shu narsa oydinlashadiki, hanafiy mazhabining aksar ulamolariga ko‘ra, ihtikorning qaytarilgan va mazammat qilingan turi oziq-ovqat mahsulotlariga taalluqli hisoblanadi. Aksar ulamolariga ko‘ra, deya qaydlashimizning boisi shuki, mazhabboshi mujtahidlarimizdan imom Abu Yusuf rahimahulloh alayh ihtikorni faqat oziq-ovqatlarda cheklamagan, balki, u ham imom Molik rahmatullohi alayhi singari musulmonlar ehtiyoji tushadigan barcha narsada ihtikor yuzaga kelishini ta’kidlagan.

Oziq-ovqat mahsulotlari deganda u yoki bu shaharda asosiy ozuqa vazifasini bajaradigan narsalar tushuniladi. Masalan, don-dun, un, guruch, non, yog‘, kartoshka, piyoz kabi mahsulotlar bugungi kunda eng zaruriy ozuqa hisoblanadi. Ammo, qadimgi paytlarda ozuqa moddalarining turi nihoyatda kamligi tufayli ulamolarimiz o‘sha zamonlarda mavjud bo‘lgan asosiy ozuqa turlariga to‘xtalganlar xolos. Zero, qadimdan guruch, kartoshka kabi ozuqalar musulmon o‘lkalarida bo‘lmagan. Ular keyinchalik kirib kelgan. Holbuki, bu moddalar bugungi kunda eng zaruriy ozuqa turlaridan hisoblanadi.

Ihtikor so‘ziga berilgan ta’riflarning “narxlar qimmatlashgunga qadar ushlab turish” degan bandi shuni anglatadiki, ihtikorda mahsulotni bozorga chiqarmay ushlab turishdan ko‘zlangan maqsad katta foydani ko‘zlab, mahsulotni sun’iy ravishda qimmatlashtirish orqali odamlarga zarar berishdan iborat bo‘ladi. Agar boshqa maqsadda bo‘lsa, masalan, odamlarga yengillik tug‘dirish uchun biror mol turini ko‘tara sotib olib, keyin uni bozorda narxini oshirmasdan sotish maqsadida saqlab qo‘ysa, ihtikor qilgan hisoblanmaydi.

So‘g‘diyning ta’rifiga ko‘ra, qaytarilgan ihtikor yuzaga kelishi uchun kishi oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z shahridan ulgurji sotib olishi kerak, bordiyu, chetdan keltirsa, ihtikor qilgan bo‘lmaydi.

Molikiy mazhabiga ko‘ra, ihtikor nafaqat yegulik va ozuqalarda balki, odamlar ehtiyoji tushadigan barcha tovarlarda bo‘lishi mumkin. Bojiy uni shunday ta’riflaydi: “ihtikor bu – sotib olingan mahsulotlarni saqlab qo‘yish va (shu tufayli) bozordagi narxlar o‘ynab ketishi orqali foyda ko‘zlashdir” (al-muntaqo: 5/15).

Shuningdek, Imom Suhuniy o‘zining “at-tijarotu bi arzil aduv” kitobida aytadi: “Men Imom Molik rohmatullohi alayhdan “Hakrotun (monopoliya) bozordagi hamma narsada bo‘ladi, bozordagi taomda, yog‘da, zig‘irda, yungda, umuman bozorga nima zarar yetkazsa hamma narsada boladi”, degan so‘zlarini rivoyat qilib keltiradi.

Rasso’ “sharhu hududi ibn Arafa” kitobida ihtikorni: “u tilla yoki kumush evaziga sotib olinib, narxi oshguncha (sotuvga chiqarmay) ushlab turiladigan har qanday narsadir”, deya ta’riflaydi (“sharhu hududi ibn Arafa”: 75-bet).

Mazkur ta’riflardan tushuniladiki, molikiylarga ko‘ra ihtikor faqat oziq-ovqatga xos emas. Shuningdek, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni tijorat va narxlarni o‘ynatish istagidan yiroq bo‘lgan holda o‘z oilasining ta’minoti uchun saqlab qo‘ysa, bu ish ihtikor hisoblanmaydi.

Shofeiy mazhabining ihtikorga bergan ta’rifiga ko‘ra, oziq-ovqat qimmatlashgan paytda yalpisiga sotib olinib, bozorga chiqarmay ushlab turilish natijasida bozorda tanqislik yuzaga kelishi tufayli narxlar yanada qimmatlashganda sotish ihtikor deyiladi. Ramliy aytadi: “ihtikor bu taomni (taom so‘zi bilan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari nazarda tutilgan-muallif.) ushlab turib, o‘z narxidan ko‘proqqa pullash va bozorni tang holatga keltirish maqsadida qimmatlashgan paytda (ulgurji) sotib olishdir”.

Xatib Shirbiyniy esa ihtikorni: “u (ya’ni ihtikor) – narxi qimmatlashgan paytda sotib olgan narsasini o‘sha narsaga odamlarning ehtiyoji kuchaygan paytda olgan narxidan ko‘proq miqdordagi mablag‘ga pullash uchun ushlab turishdir”, deya tavsiflaydi. So‘ngra so‘zida davom etib: “arzonchilik paytida sotib olgan narsasini saqlab qo‘yish unday emas (ihtikor hisoblanmaydi)”, – deydi – “bu ish harom emas. Shuningdek, o‘z yeridan (mas: tomorqasidan.-muallif) chiqqan hosilni saqlab qo‘yish ham ihtikor emas yoxud narxlar qimmatlashgan paytda o‘zi va oilasi uchun olib qo‘yishi ham harom emas, shuningdek, narxlar qimmatlashganda olib, narxini oshirmasdan, olgan bahosida sotish uchun saqlab qo‘yilgan narsa ham ihtikorga kirmaydi”.

“Mug‘ni-l-muhtoj”da keltiriladi: “ihtikor degani bir narsani arzon paytda olib qo‘yib, sotib olgan narxidan qimmatroqga hojat tushgan paytda sotishga nisbatan aytiladi”. Garchi matnda ozuqa zikr qilinmagan bo‘lsada, gap oziq-ovqat mahsulotlari haqida kelmoqda.

YUqoridagilardan kichik xulosa yasaydigan bo‘lsak, shofeiylarda ham ihtikor oziq-ovqat mahsulotlarida bo‘ladi va tom ma’noda ihtikor deb hisoblanishi uchun biror taom turiga ehtiyoj ortib, narxlar qimmatlashayotgan paytda ulgurji sotib olinishi va narxu navolar yanada qimmatlashganda sotish uchun saqlab qo‘yilishi kerak. Mana shu ta’qiqlangan ihtikor hisoblanadi; Narxlar bemalolligida sotib olingan bo‘lsa, ihtikor hisoblanmaydi; O‘z dalasi, tomorqasi va hokazoda yetishtirgan g‘allasini saqlab qo‘yish ham ihtikor turiga kirmaydi.

Endi, ihtikorning hanbaliylardagi ta’rifiga kelsak, Ibn Qudoma uni quyidagicha ta’riflaydi: “Harom qilingan ihtikor o‘zida uchta shartni jamlashi kerak, deydilar. Biri, (mahsulotning bozordan) sotib olinishi. Bordiyu, biror narsani chetdan keltirsa, yoki o‘z g‘allasidan (ya’ni, o‘zi yetishtirgan mahsulotdan) biror miqdorni bozorga kiritsa, ihtikor qilgan bo‘lmaydi. Ikkinchisi, sotib olgan narsasi ozuqa bo‘lishi kerak. Agar sotib olgan narsasi idom (nonxo‘rak, masalan, sirka, saryog‘, durda kabi narsalar.-muallif), holva, asal, yog‘ yoki hayvonlarning yemi bo‘lsa, bu narsalarda harom qilingan ihtikor yo‘q. Va nihoyat, uchinchi shart shuki, uni sotib olish bilan insonlarni tang ahvolga solib qo‘yish kerak”. Ibn Qudomaning aytishicha, odamlarga tanglik quyidagi ikki holatda yuzaga keladi: 1. Shahar ahli ihtikor tufayli qiynaladigan bo‘lsa, masalan, Haramayn kabi. Ikkinchi holatda shaharga kirib kelgan tijorat karvonini davlatmand kishi qarshi olib, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘tarasiga sotib oladi, keyin ularni o‘zi istagan narxda sotish orqali odamlarga mashaqqat va tanglik tug‘diradi.

Mansur Buhutiy “kashshofu-l-qino’”da: “ozuqadagi ihtikor: uni tijorat maqsadida sotib olish, so‘ngra bozorda o‘sha narsa kamayib, narxi oshib ketishi uchun saqlab qo‘yishdir”, deydi (Buhutiy. “kashshofu-l-qino’”: 3/187).

Demak, hanbaliylarga ko‘ra, harom qilingan ihtikor yuzaga kelishi uchun ozuqa bozordan katta miqdorda tijorat maqsadida sotib olinishi kerak va narxlar oshguncha ushlab turilib, odamlar tang holatga kelganda sotilishi kerak bo‘ladi. Ihtikor hayvonlarning ozuqasiga taalluqli emas.

Ihtikorning hukmi

Molikiy, shofeiy va hanbaliylardan iborat jumhuri ulamo nazdida ihtikor shar’an harom sanaladi. Hanafiy mazhabining aksar mashoyixlari va shofeiylarning ba’zilari nazdida hamda hanbaliy mazhabidagi bir qavlda ihtikor makruhdir. Bu o‘rinda ihtikorning shar’iy hukmiga nisbatan mazhabimiz va boshqa mazhablar aytgan qavllar orasidagi ixtilof haqiqiy emas, balki, shakliy va lafziy ixtilof ekanligini unutmaslik lozim. Mohiyat e’tibori bilan qarasak, ihtikorning hukmi haqidagi fikrlar bir-biridan tubdan farq qilmaydi. Zero, hanafiy mazhabimizda amalda bo‘lgan qoidaga ko‘ra, biror narsaning hukmi borasida fuqaholarimiz tomonidan “makruh” so‘zi mutlaq holda aytilgan bo‘lsa, karohat haromga yo‘naltiriladi va makruh tahrimiy ekanligi tushuniladi. Ya’ni, mazhabimizda ihtikorning hukmi “makruh” deyilsada, bu o‘rinda tanzihiy makruh emas, balki, tahrimiy makruh ya’ni haromlikka yaqin ma’nodagi makruh tushuniladi. “I’lamu-l-muvaqqi’iyn”da zikr etilishicha, mazhabimiz asoschilaridan biri bo‘lmish Imom Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)ning Abu Yusuf (r.h)dan keyingi ikkinchi yaqin shogirdi Imom Muhammad Shayboniy (r.h.) makruh deganda haromni tushungan, lekin, mazkur “harom”ga qat’iy dalil topilmagach (qat’iy dalil deganda tavotur yo‘liga ko‘ra vorid bo‘lmagan dalil nazarda tutilmoqda-muallif.), unga nisbatan “harom” lafzini ishlatmagan. Imom Muhammad Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuflardan “makruh haromga yaqinroqdir!”, degan so‘zlarini ham rivoyat qilgan. Zohiru-r-rivoya kitoblaridan sanaluvchi “al-jome’ al-kabir”da Imom Muhammad “erkaklar ham, ayollar ham tilla va kumush idishlarda ichimlik ichishlari makruhdir!”, deganlar. Bundan murodlari esa “haromdir!” degan so‘z bo‘lgan. Yana, Abu Yusuf va Muhammad “ipak to‘shaklarda uxlash va ipak yostiqlarni o‘ziga yostiq qilish makruh” deganlar, maqsadlari esa “tahrim” bo‘lgan. Shuningdek, Abu Hanifa va Sohibayn “o‘g‘il bolalar tillo taqinchoqlarni taqishlari va ipak kiyim kiyishlari makruh bo‘ladi” deganlar. Vaholanki, ashoblar (ya’ni, bu o‘rinda hanafiy mazhab mashoyixlari) bu narsaning haromligini ochiq aytishgan. Ashoblar “odamlar va hayvonlarning ozuqasida ihtikor qilish agar ularga zarar bersa va ularga mashaqqat va tanglki tug‘dirsa kareh ko‘riladi”, deganlar, maqsadlari “harom bo‘ladi” deyish bo‘lgan. Yana, “fitnalar zamonida qurol-aslaha sotish makruhdir” deganlar va bu bilan haromlikni iroda qilganlar” (“i’lamu-l-muvaqqi’iyn”: 1/33).

Shundan ham bilamizki, ihtikor mazhabimizda makruh deyilar ekan, hech qanday gunoh va uxroviy uqubatga olib bormaydigan “tanzihiy makruh” emas, balki, tahrimiy makruh iroda qilingan. Bu so‘z bilan “harom” so‘zining orasida katta farq yo‘q. Faqat, ihtikor haqida ochiq Qur’oniy oyat yoxud mutavotir sanadli hadis rivoyat qilmaganligi uchun hamda ihtikor haqidagi rivoyatlarning aksari zaif hisoblanganligi bois ashoblarimiz unga nisbatan “makruh” so‘zini ishlatganlar. Maqsadlari esa tahrimiy makruh bo‘lgan. Zero, odamlarga zarar yetkazish, ularni tanglik va harajga qo‘yish halol hisoblanmaydi.

Shuningdek, aksar fiqhiy kitoblarimizda ihtikorning hukmi “makruh” deyilar ekan, bu so‘zdan tahrimiy makruh iroda qilinishiga quyida keltirajagimiz olimlarning so‘zlari ham dalolat qiladi.

Jumladan, Imom Kosoniy “badoi’u-s-sanoi’”da “ihtikor makruhdir” degan so‘zni keltirgach, uni quyidagicha izohlaydi: “endi ihtikorning hukmiga kelsak, aytish joizki, ihtikor masalasiga bir qancha hukmlar daxldor bo‘lib qoladi. Ulardan ba’zilari “haromlik”dir (ya’ni ihtikorning ba’zi ko‘rinishlari harom, deyilmoqchi.-muallif). Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoya qilinishicha, U zot (sollallohu alayhi va sallam) “ihtikor qiluvchi mal’undir, mol olib keluvchi esa marzuqdir (ya’ni, uning rizqi keng qilinadi.-muallif), deganlar. La’nat esa kishiga faqat harom ishni qilish tufayligina yetishi mumkin. Yana, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlari rivoyat qilingan: “kimki, biror ozuqa turini qirq kecha ihtikor qilsa, bas, u kimsa Allohdan begona bo‘libdi, Alloh ham undan begona bo‘libdi”. Ma’lumki, bunday va’iydga faqat harom ishni sodir qilish bilangina sazovor bo‘lish mumkin. Boz ustiga ihtikor zulm bobidandir. Zero, shaharda sotiladigan barcha narsaga shahar ahlining haqqi taalluqli bo‘lib qoladi. Agar o‘sha narsalarni (yalpisiga sotib olgan) mushtariy odamlarning mazkur narsaga ehtiyojlari kuchaygan paytda sotishdan bosh tortsa, demakki, ularning haqqini man qilgan bo‘ladi. Haqdorga haqqini bermaslik esa zulmdir. Zulm esa haromdir” (Qarang: Badoi’u-s-sanoi’: 5/129).

Bobartiy aytadi: “o‘zidan shaharga biror tovar keltiriladigan har qanday joy ham ko‘pincha shahar hukmida bo‘ladi. Shunday ekan, ommaning haqqi bog‘lanib qolganligi sababli u narsalarda ihtikor qilish harom bo‘ladi” (“al-‘inoya sharh al-hidoya”: 10/58).

Buyuk hanafiy faqih Hofizuddin Nasafiy o‘zining “al-bahr ar-roiq sharhu kanz ad-daqoiq” nomli kitobida shunday deydi: “al-muhit” (kitobi)da kelishicha ihtikor bir necha turlardan iborat bo‘lib, ba’zi bir xillari haromdir, u ham bo‘lsa, shunday bo‘ladiki, kishi shaharda biror oziq-ovqat turini (ulgurji) sotib oladi va odamlarning o‘sha narsaga ehtiyojlari tushganda sotishdan bosh tortadi” (“al-bahr ar-roiq sharhu kanz ad-daqoiq”: 8/229).

YUqoridagilardan xulosa qilib, aytish joizki, aksar fiqhiy kitoblarimizda ihtikor so‘zining hukmi borasida “makruh” so‘zi ishlatilar ekan, undan tahrimiy makruh iroda qilingan. Tahrimiy makruh esa sodir qiluvchisi jazoga loyiqligi jihatidan harom bilan teng narsadir. Avvalroq ishora kilinganidek, mazhabimizda harom bilan tahrimiy makruh orasidagi farq shuki, harom bu – haromligi qat’iy dalil bilan sobit bo‘lgan narsadir, makruhi tahrimiy esa haromligi zanniy dalil orqali sobit bo‘lgan narsadir. Shuningdek, zanniy dalil bilan sobit bo‘lgan narsani inkor qilish bilan inson kofir bo‘lib qolmaydi. Ammo, qattiq gunohkor va fosiq bo‘ladi.

Ihtikor qanday narsalarda vujudga keladi?

Hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarida ihtikor faqat ozuqa moddalarida vujudga keladi. Oziq-ovqat deyilar ekan, aholining ehtiyoji tushadigan asosiy yemish turlari nazarda tutiladi. Qadimda oziq-ovqatning turi kamroq bo‘lgan. G‘alla, don-dun, xurmo, mayiz, aqt yoki aqit deb ataluvchi pishloqqa o‘xshash narsalar asosiy ozuqa mahsulotlarini tashkil qilgan. Go‘sht asosiy yemish bo‘lgani holda ihtikorga nisbatan fuqaholarimiz ta’riflarida uchramasligining sababi, u vaqtlarda deyarli hammaning chorva hayvonlari bo‘lgan hamda go‘sht tashqaridan yoki boshqa qo‘shni shahardan olib kelib sotiladigan narsa bo‘lmagan, balki, hamma o‘z xonadonida so‘yib yeyavergan. Shuningdek, go‘sht tez aynib qolishi tufayli uni uzoq vaqt saqlab qo‘yish imkonsiz bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, asosiy oziq-ovqat moddalarining turlari ham ko‘payib ketdi. Ko‘p narsa bozor yoki do‘konlardan sotib olinadigan bo‘lib qoldi. Qadimda hamma bug‘doy yoki arpani o‘z uyida yanchib, un qilib ishlatgan bo‘lsa, hozir shahar joylarda odamlar (hatto qishloqlarda ham aksariyat) ro‘zg‘or uchun tayyor unni sotib oladi. Un bilan bir qatorda guruch, makaron, shakar, yog‘, go‘sht, kartoshka, piyoz va hokazolar ham bugunning asosiy ozuqa moddasi hisoblanadi. Chunki, aynan shu narsalar ro‘zg‘orda kundalik ishlatiladi.

Shunday qilib, hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarida ihtikor faqat oziq-ovqat moddalaridagina vujudga kelsa, molikiy mazhabi hamda hanafiylardan Abu Yusuf (r.h)ning ixtiyoriga ko‘ra, nafaqat oziq-ovqat balki, odamlar ehtiyoji tushadigan har qanday mahsulot ihtikor obyekti bo‘la oladi.

Ihtikorning hadisi shariflarda qoralanishi

Ma’mar ibn Abdulloh raziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Faqat xatokor (osiy) kimsagina ihtikor qilur” (Imom Muslim (1605) va Ibn Moja (2154) rivoyatlari). Hadisning aslida vorid bo‘lgan “xoti’un” so‘zi shunchaki, xato qiluvchi emas, balki, osiy, gunohkor ma’nosiga dalolat qiladi. Shunga ko‘ra, hadis mazmuni, “ihtikor kabi qabih ishlarga faqat gunohlardan tap tortmaydigan osiy kimsagina jur’at qilur” qabilida tushunilishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Umar ibn Xattob raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deyotganlarini eshitdim: “Kimki, musulmonlarga nisbatan biror taom turini ihtikor qilsa, Alloh uni mohov kasali va (tijoratda) kasodga yo‘liqtirish bilan urib qo‘yadi” (Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyatlari).

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “kimki, biror ozuqa turini qirq kecha ihtikor qilsa, bas, u kimsa Allohdan begona bo‘libdi, Alloh ham undan begona bo‘libdi. Va qaysi bir mahalla ahlida bir kishi qorni och holda tong ottirgan bo‘lsa, demak, ulardan Allohning zimmasi (himoyasi) ko‘tarilib ketibdi” (Imom Ahmad rivoyati).

Xulosa qilib, aytadigan bo‘lsak, ihtikor ya’ni monopoliya bir qator iqtisodiy va ijtimoiy zararlarga ega bo‘lgan savdo turib bo‘lib, dinimizda undan qaytarilgan. U iste’molchi huquqini poymol etilishiga olib keladi, bozorda narxlar oshib ketishiga, odamlar mashaqqatga yuz tutishlariga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ihtikor uni amalga oshiruvchi kimsaning xudbinligi, o‘z manfatini omma manfaatidan yuqori qo‘yishi va manfaatparastligiga dalolat qiladi. Monopoliya tufayli erkin raqobat rivojlanmay qoladi, oqibatda davlat iqtisodiy zarar ko‘radi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

https://shosh.uz/uz/ilm-ihtikor-monopoliya-va-uning-fiqhiy-tahlili-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x