Ijodkorning ayoli boʻlish oson emas…

Oʻlmasxon Hoshimova bilan “Bekajon” gazetasi muxbiri Umid Ali suhbati

 

Oʻlmas opa, oʻzingizni muxlislarga yaqindan tanishtirsangiz…

– Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirganman. Kasbim – til-adabiyot oʻqituvchisi. Universitetni bitirgach, aspiranturada oʻqib, nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishlay boshladim. Biroq sharoit taqozosi bilan ilmiy ishimni oxirigacha yetkazishning iloji boʻlmadi. Men bunga achinmayman. Koʻp yillardan beri 1-Toshkent pedagogika kollejining ahil, oqibatli jamoasida ishlab kelmoqdaman. Kasbimni, fidoyi jamoamizni juda qadrlayman.

– Oʻtkir aka bilan ilk uchrashuvingiz haqida soʻzlab bersangiz…

– Biz bitta fakultetda oʻqiganmiz. Oʻtkir akangizning birinchi kitobi uchinchi bosqichda oʻqiyotganida nashr etilgan. Toʻrtinchi bosqichda esa “Choʻl havosi” asari eʼlon qilindi. Abdulla Qahhordek qattiqqoʻl ustozning bu asarga yuqori baho berishi yosh adibni bir lahzada mashhur qilib yuborgan. Oddiy talabaning kattagina asari eʼlon qilinishi, koʻpchilik nazariga tushishi har doim ham boʻlavermaydi. Adib boshqa kursdoshlaridan farq qilar, har xil davralarga qoʻshilmas, talabalarning yigʻinlarida ishtirok etmas, darslar tugashi bilan shoshilib ketib qolar edi. Shuning uchun uni bir qadar jiddiy, hatto anchayin magʻrur deb oʻylashardi. Toʻrtinchi bosqichda oʻqiyotganimizda Boʻka tumaniga paxta terimiga bordik. Shunda Oʻtkir Hoshimov boshqalar oʻylagandek magʻrur, odamovi emas, kamtar, hatto oʻta kamtar, dilkash odam ekanini his etdim. Boshqalarga koʻp qoʻshilmasligi, darsdan chiqa solib ketib qolishining sababi esa boshqa ekan. Oilaviy ahvoli ancha tang boʻlgani uchun avval sirtqi boʻlimda oʻqib, turli gazetalarda xat tashuvchi, musahhih boʻlib ishlagan, keyinchalik kunduzgi boʻlimda oʻqiyotganda ham “Toshkent haqiqati” gazetasida adabiy xodim boʻlib ishlar, ham oʻqishni, ham ishni eplash uchun tinim bilmas ekan… Xullas, paxta terimiga borganimizdagi suhbatlar bizni ruhan yaqin qilib qoʻydi.

– Ijodkorning ayoliga qiyin deyishadi.

– Bu gapda jon bor. Ijodkorning ayoli boʻlish oson emas. Adibning oʻzi baʼzi uchrashuvlarda “menga oʻxshagan, bir gap kamlik, ikkitasi koʻplik qiladigan odam bilan shuncha yil chidab yashayotgan ayasiga rahmat”, – deb qoʻyadilar. Shukr.

Adib asar yozayotganda, ayniqsa, yirik asar yozayotganda ancha injiq boʻlib qoladilar. Bunday paytlarda hatto mitti nabiralarimizgacha “dodajonisi” ishlayotgani, ularga halaqit berish mumkin emasligini bilib, shoʻxlik qilishdan tiyilib qolishadi. Oilamizda qatʼiy qoida shunday.. Shuncha “cheklanishlar” evaziga bizlar yangi tugʻilgan asarning birinchi oʻquvchilari boʻlamiz.

– Hayotingizdagi eng quvonchli voqea qaysi?

– “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”da bir gap bor. “Inson bolasining hayoti shaxmat taxtasidagi piyodaning yurishiga oʻxshaydi. Goh oq katakdan oʻtadi, goh qora katakdan…” Hamma qatori mening hayotimda ham nurli va nursiz kunlar boʻlgan. Koʻp yillar birga yashagan inson hayotidagi quvonchli onlar, farzandlarimiz kamoli, nabiralarni bagʻrimga bosib huzur qilish, turli safarlarda koʻrgan farahli xotiralarni eng baxtli kunlarim desam boʻladi.

– Oʻtkir aka “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ning debochasida mazkur asarni Sizga bagʻishlaganini eʼtirof etgan, bu kitobning yuzaga kelishida sizning ham hissangiz boʻlganmi?

– Bu masalada yozuvchilardan koʻra shoirlarning ayollarini omadliroq deyish mumkin. Bironta shoir yoʻqki, umr yoʻldoshiga sheʼr yozmagan boʻlsin. Oʻtkir akangiz “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ni menga bagʻishlagan ekanlar, demak, shunday boʻlishi kerak, deb hisoblaganlar. Aslida shoirning ayoli biron satr sheʼrni, adibning ayoli bir sahifa hikoyani yozishib yubormaydi. Ijod oʻta shaxsiy jarayon. Ammo menimcha, ijodkorning deyarli hamma asarida oilaviy muhit, ayniqsa, umr yoʻldoshining bilvosita ishtiroki boʻladi. Bu – ijodkor uchun iloji boricha qulay sharoit yaratib berishga tabiiy intilish samarasi, shekilli. Boshqa asarlarni bilmadim-ku, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”da mening ham ozmi-koʻpmi ishtirokim boʻlsa kerak. Ikki inson hayotning achchiq-chuchuklarini birga totgach, xohlasa-xohlamasa oʻzi guvoh boʻlgan voqealarni birgalikda muhokama qiladi, xulosalar chiqaradi. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” esa adibning hayot, jamiyat va inson haqidagi teran kuzatuvlari va falsafiy xulosalaridan iborat. Ularning koʻpini aforizm – hikmatlar desa boʻladi. Undagi har bir satr yillar davomida qanday tugʻilganini yaxshi bilaman. Bu kitob uzoq yillar yashashiga ishonaman.

– Oʻtkir akaning qaysi kitoblarini takror-takror sevib oʻqigansiz?

– Adibning hamma asarlarini yaxshi koʻraman. Negaki ularda qancha tuygʻu, qancha dard borligini bilaman. Necha bor takror oʻqimang, doimo yangi fikr, dard, armon topasiz. “Bahor qaytmaydi”, “Nur borki, soya bor”, “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Inson sadoqati” asarlari yana uzoq yillar odamlarni hayajonga soladi, deb oʻylayman.

– Oʻtkir akaning insoniy jihatlari haqida gapirib bersangiz.

– Bir narsaga eʼtibor berganmisiz? Oʻtkir Hoshimov asarlarida samimiyat koʻrinib turadi. Sababi bu inson oʻzi benihoya samimiy, sofdil. Yolgʻondan hazar qiladigan, adolatsizlikni koʻrsa yonib ketadigan, Ozod Sharafiddinov domla yozganlaridek, “boshiga qilich kelsa ham, rostini aytadigan” inson. Afsuski, bunday odamlarga hayotda oson boʻlmaydi. Odatda haqiqiy yozuvchi oʻz xalqining sodiq farzandi boʻlishi kerak. Adibning oʻzi bir oʻrinda “yozuvchi haqiqat, yagona haqiqat deb bilgan narsani yozmogʻi kerak”, degani bejiz emas. Badiiy asarlar-ku, oʻz yoʻliga. Adibning “Muqaddas qasamni buzganlar”, “Qalbning oppoq daftari” maqolalari, “Doʻstlik hurmatdan boshlanadi”, “Mantiq qani?”, “Davlat siri”, “Menga nima?” badialarining oʻzida qancha dard, qancha shijoat bor.

Oilamiz tabiatan ortiqcha hashamlarsiz, “birovdan oldin, birovdan keyin” degandek, oddiy yashashga oʻrgangan. Akangiz farzandlarga, ayniqsa, nabiralarga juda mehribonlar. Bolalarga hatto baland ovozda ham gapirmaganlar. Ularning bir gaplari doimiy shiorimizga aylangan: “Oilani muqaddas deb bilmagan odam uchun muqaddas narsaning oʻzi yoʻq”.

– Orzu-armonlaringiz haqida fikrlashsak.

– Nabiralarimizning kamolini, toʻylarini koʻrsak, nabira kuyovning peshonasidan oʻpib qutlasam, nabira kelinning qoʻlidan bir piyola choy ichsam… Alloh shu kunlarga yetkazsin.

– Gazetamizga tilaklaringiz.

– “Bekajon”ning doimiy muxlisiman. Oʻtkir akangizning bir gapi bor: “Ayol shunday jumboqlar kitobiki, hali hech kim uni oxirigacha oʻqiy olgan emas”. Niyatim, gazetangiz “Jumboqlar kitobi”ning yangidan-yangi sahifalarini yoritib borsa…

 

2006 yil, mart

https://saviya.uz/hayot/suhbat/ijodkorning-ayoli-bolish-oson-emas/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x