Ijod va tarjimai hol talqini

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi

Har bir ulkan ijodkor oʻzicha bir olam. Ular biri ikkinchisini takrorlamaydi, biri boshqasidan farqlanadi. Bunday adiblarning tarjimai holini asarlaridan, asarlarini esa tarjimai holidan ayricha tasavvur etib boʻlmaydi. Zotan, dunyo adabiyotshunosligida masalaning shu jihatini muayyan tizimga keltirgan biografik metod ham bor.

Fransuz olimi Sharl Sent-Byov oʻzining biografik yoʻnalishda yozgan adabiy-tanqidiy maqolalarida har bir yozuvchi hayoti va aniq bir asariga talqiniga alohida eʼtibor berib, “Adabiy portretlar” kitobida: “Meni har doim xatlar, suhbatlar, fikrlar, xarakterlarning oʻziga xos turli fazilatlari, maʼnaviy-ruhiy qiyofasi, bir soʻz bilan aytganda, mashhur yozuvchilar biografiyasini oʻrganish doimo oʻziga jalb etib keldi”, deb yozadi. Rus olimi Yuriy Borev: “Sanʼatkorning individual taqdiri uning ijodini talqin etishda kalit vazifasini oʻtaydi”, deydi.

Albatta, adabiyotshunoslikdagi bu metodga koʻra adibning hayoti, shaxsiyati, biografiyasiga ijodining eng muhim xususiyati sifatida qaraladi. Yozuvchi biografiyasi esa biror bir yoʻsinda uning asarlarida oʻz ifodasini topadi. Yozuvchi hayotidagi oʻzgarishlar, ruhiy kechinmalar, dunyoqarashidagi oʻsish-oʻzgarishlar asosida badiiy asarni talqin qilish oʻzining ijobiy samarasini beradi. Deylik, adabiyotshunoslar Abdulla Qodiriy zamondoshi Fitratning “Hind sayyohi”, “Munozara”, “Rahbari najot” kabi asarlari haqida muallifning ruhiy-maʼnaviy dunyosi, eʼtiqodiy qarashlari, unga taʼsir etgan mikromuhitni teran oʻrganmaguncha toʻgʻri xulosalarga kela olmaydi. Ayni chogʻda, 30-yillarda yozilgan “Meʼroj”, “Zahroning iymoni”, “Zayd va Zaynab” tipidagi hikoyalari talqinida ham Fitrat ijodiga ruhiy-biografik yondashuv lozim. Bunday hollarni choʻlponshunoslik tarixida ham kuzatish mumkin.

Alloma adib Abdulla Qodiriyning Yusufbek hoji, Otabek, Anvar, Kumush, Raʼno singari qahramonlarida namoyon boʻlgan bebaho maʼnaviy qadriyatlar adib maʼnaviy-ruhiy dunyosida mavjud edi, albatta. “Artist boʻlganimda edi, Otabek rolida oʻzim oʻynardim… Negaki, Otabek xarakterini mendan yaxshi bilguvchi yoʻq”, degan istagi asosida ham oʻsha ruhiy butunlik sezimi bor.

Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobi Abdulla Qodiriy biografiyasini oydinlashtirishda muhim asar hisoblanadi. Kitobda Qodiriy asarlaridagi maʼlumotlar, baʼzi “qoldiq hujjatlar”, adib haqidagi zamondoshlarining xotiralari, oʻgʻilning oʻz otasi haqidagi xotiralari oʻrin olgan. Muallifning oʻzi kitob avvalida yozganidek, bunda “chuqur tahlil va ilmiy mulohazalar” berilmaydi. Ayni chogʻda, bu manba Abdulla Qodiriy tarjimai holining “tugal bayoni” ham boʻla olmaydi. Garchi qoʻlida arxiv hujjatlari, adibning “kundalik xotira daftari”, birovlar bilan shaxsiy yozishmalari mavjud boʻlmasa-da, Habibulla Qodiriy otasi oldidagi farzandlik burchini chin dildan ado etdi.

Abdulla Qodiriy qahramonlarining maʼnaviy-axloqiy dunyosini adibning estetik olamidan ayri holda tasavvur etish qiyin. Ammo ijodkor “oʻz gapi”ni aytishda qandaydir “turtki”ga, hayotdagi qaysidir kishilar qiyofasiga tayangan boʻladi. Shu maʼnoda adibning oʻgʻli “Otam haqida” kitobida prototiplarga oid asosli, ishonchli taxminlarni ilgari suradi.

Masʼud Abdullayev “Oʻtganlar yodi” kitobida: “Men 1926 yili 12 aprelda oilada toʻrtinchi farzand boʻlib dunyoga kelganman. Nadomatlar boʻlsinki, oʻshanda dadamni tuhmatning qora kursisiga oʻtqazgan ekanlar. Dadam “Mushtum” jurnalida hajviy maqolalari bilan qatnashib turar ekanlar. Jumladan, oʻz zamonasining ilgʻor ziyolilarini ham tanqid qilib yozgan “Yigʻindi gaplar” maqolasidan soʻng dadamni hibs etgan ekanlar. Dadam qamoqdan chiqqunlariga qadar men ismsiz yotavergan ekanman. Aytishlaricha, dadam 1926 yil 12 iyunda qamoqdan chiqadilar va meni ikki oyligimda birinchi bor koʻradilar. Ehtimol, ozodlikka chiqqanlariga xursand boʻlib, menga Masʼud (baxtli) deb ism qoʻygandirlar”, deb yozadi. Ushbu eʼtirof adib hibsdan qutulgandan keyin yozgan “Mehrobdan chayon” romanidagi Anvarning dunyoga kelishiga oid bir epizodni esga soladi: “Anvarning “chillasi charogʻ koʻrmagan” boʻlsa hech bokisi yoʻqdir, biroq yigirma kunlab beshikda ismsiz yotish qiziqdir, chunki yangi “qadrlik mehmon”ga ot qoʻyish na otasining esiga va na onasining xotirigʻa kelgan edi. Oradan yigirma kun oʻtsa-ku, bolagʻa ism qoʻymasalar, deb ota-onani ayblash ogʻir… Ism qoʻyish vazifasini yigirma ikkinchi kunlarda oʻn ikki yoshliq Nodira odo qildi”.

“Oʻtganlar yodi” kitobining boshqa bir sahifasida Qodir boboning tojirligi esga olinadi. Tabiiyki, bunday biografik maʼlumot ham beixtiyor Otabekning tijorat bilan turli shaharlarga borganini yodga soladi. Yoki Masʼud Abdullayev onasining qiz hovlilariga borganida “Oʻtkan kunlar”dagi Mirzakarim qutidor hovlisiga oʻxshash manzaralarni koʻradi: “Shirinquduqdan bir oz yurilib, boshi berk tor koʻchaga burilgach, yana 50-60 qadam yurilsa, oyimning tugʻilib oʻsgan hovlilariga yetilardi. Hovliga ikki tabaqali eski, boʻyoqlari oʻchib ketgan eshik orqali tashqi-ichkari hovliga kirilardi. “Oʻtkan kunlar” romanini oʻqiganimda “Kiroyi kuyoving shunday boʻlsa” faslidagi manzarada dadam qaynota hovlilarining ichki-tashqi koʻrinishlarini taʼriflaganday tuyuladi”. Tabiiyki, bunday muhim xotiraviy faktlar “Oʻtkan kunlar” romani biografik talqini uchun zarur manbalar sanaladi. Eng asosiysi, Abdulla Qodiriy tasvirlash tamoyiliga sadoqatan, oʻz koʻzi bilan koʻrgan joy, narsa-predmet, voqea-hodisa, insonlar feʼli hamda qiyofasini chizishda real hayotiy faktlarga tayanganini anglatadi.

Arxiv hujjatlarining ilmiy-adabiy muomalaga olib kirilishi, bir tomondan, oʻzbek adabiyotidagi siymolarning tarjimai hollaridagi qorongʻi nuqtalarni oydinlashtirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, qatagʻonga uchragan adabiy avlod bilan undan keyingi avlod orasida qandaydir ziddiyatlar, majburlash oqibatida boʻhtonlar bitilgan qogʻozlarga imzo qoʻyib berishlar ham boʻlganini koʻrsatadi.

90-yillarda arxiv manbalari asosida yozilgan qodiriyshunoslikka tegishli kitoblarda ham shu ikki holat kuzatiladi. Nabijon Boqiy qalamiga mansub “Qatlnoma” risolasi shu jihatdan eʼtiborga molik. Asar “hujjatli qissa” deb atalgan va unga “Abdulla Qodiriyni kimlar, qanday yoʻsinda, qayerda, qachon va nima uchun qatl qilgan edilar?” degan tagsarlavha yozilgan. Darhaqiqat, “dilbar adibimiz Abdulla Qodiriyning achchiq qismati aks ettirilgan 976225-sonli” jinoyatnoma hujjatlarini qamrab olgan “Qatlnoma”dan yuqoridagi savollarga muayyan darajada javob topish mumkin. N. Boqiyning “Qatlnoma” kitobi sof ilmiy asar emas. Unda mohir publitsist nigohi bor, kinoya, piching, kesatiq va jiddiyat tergov jarayoni manbalari yoki “anglatma”lardagi faktlar bilan uygʻunlashib ketadi. Koʻproq ilmiy-publitsistik uslubga xos xususiyat koʻzga tashlanadi.

Muallif Abdulla Qodiriy jinoyatnomasini varaqlar ekan, baʼzan adib qahramonlarini “ishga aralashtiradi” – ularning nutqidan iqtiboslar keltiradi: “ – Haqsiz jazo! – deb Otabek kulimsirab qoʻydi…” Ehtimol, bu Abdulla Qodiriy nidosidir.

“ – Kimki qasddan bitta moʻmin bandani oʻldirsa, uning jazosi jahannam boʻladi va oʻsha joyda abadiy qoladi! – derdi bir chetda tasbeh oʻgirib oʻtirgan Yusufbek hoji.

– Inshaalloh!”

”Qatlnoma”da hujjatlar talqini jarayonida bunday chekinishlar, sheʼriy yoki bevosita adib ijodiga doir ilmiy manbalardan koʻchirmalar koʻp. Umuman olganda, “Qatlnoma” XX asr insoniyat boshidan kechirgan mudhish qatagʻon siyosatini tasavvur etishga, xususan, Abdulla Qodiriy hayotining soʻnggi sahifalari bilan tanishishga imkon beradi.

Darvoqe, adib hayotining soʻnggi kunlari xususida Habibulla Qodiriy ham arxiv hujjatlari asosida “Qodiriyning soʻnggi kunlari” nomli xotira qissa yozgan edi. Muallif mazkur asarida oʻzining taʼkidlashicha, “Otam haqida” kitobiga kirmay qolgan, oʻsha 70-80-yillar siyosati bois kiritilishi mumkin boʻlmagan “koʻpdan-koʻp qiziqarli koʻrgan-kechirgan, bilgan” voqea-hodisalarni qalamga oladi. Xotira qissadagi adibning mahbuslik davri, lager hayotining tasviri-tavsifi berilgan sahifalar oʻquvchi diqqat-eʼtiborini oʻziga ohanrabodek tortadi. Stalinizm siyosati naqadar dahshatli ekani, qanchadan-qancha begunoh insonlar arzimagan bahonayu sabab tufayli ozodlikdan mahrum etilgani qissada oʻzining yorqin ifodasini topgan, albatta. Zotan, inson qalbining ogʻriqlarini koʻrsatgan bu asar yurak qoni bilan yozilgan, chin bir haqiqat bitilgan. Asar ustida ishlayotgan muallif quyidagi fikrlarni bejiz aytmagan: “Men shu paytga qadar qalam tebratib, uncha-muncha narsalar bitdim. Ammo hech qachon hozir bitayotgan asarim kabi oʻzimda yozishga, koʻnglimdagilarni boʻshatishga bu qadar kuchli ehtiyoj sezgan emasman. U mislsiz ogʻir dard boʻlib, vujud-vujudimni oʻrtamoqda. Shu dard, shu armonni qogʻozga tushirmaguncha, yozib bitirmaguncha bu dunyodan ketolmayman, jon berolmayman”.

“Qodiriyning soʻnggi kunlari”da Abdulla Qodiriyning insoniy qiyofasini, mardligi va jasurligini koʻrsatadigan oʻrinlar koʻp. H. Qodiriy 1937 yili kuz faslida Mannon tabib bilan boʻlgan muloqotni xotiraga oladi. Tabib yosh Habibulladan hol-ahvol, kimning oʻgʻli ekanini soʻrab-surishtirgandan soʻng aytadi: “Oʻzing tushunadigan bola koʻrinasan, gapimni hech kimga aytma, dadangga borib sekin ayt, u, albatta, oʻzini Toshkentdan chetroqqa olsin… Tojikiston tomonlarga borib, togʻ-tosh qishloqlarda soqol-murtini oʻstirib, eshakarava minib bir tirikchilik oʻtkazib yursin. Bir kuni manovi algʻov-dalgʻovlar bosilib, “omon-omon” boʻlganda yana qaytib kelar. Bu soʻzimni dadangga albatta ayt, jon bolam! Bularning arqonni uzun tashlab qoʻyganidan xotirjam oʻtiravermasin. Dadangni ham albatta qamashadi. Hozir turmalar toʻlib ketgan, otangni qamashga joy ham yoʻq! Oʻzim ana shu tabibchiligim uchun yaqinda oʻn bir oy qamalib chiqdim, oʻz koʻzim bilan koʻrdim, bildim…”.

Albatta, bu gapni Habibulla dadasiga yetkazadi. Shunda Abdulla Qodiriy ancha vaqt oʻylanib oʻtiradi, soʻng soʻzlaydi: “Mening hech gunohim yoʻq! Gunohsizni qamamasalar kerak. Yoʻq gunohni boʻyinga olib vatanni tark etish, xalq koʻngliga shubha solish, allaqaysi joylarda boʻyin egib, sargʻayib yurish… Yoʻq, boʻlmaydi!..”.

Bu mulohaza, qatʼiyat, jasorat ulugʻ adib tabiatiga xos va ayni chogʻda, uning adabiy qahramonlari xarakteriga muvofiqdir. Zotan, Otabekning tuhmatga qolib, tergovga tortilish epizodlaridagi jasurligi, Anvarning begunoh doʻstini oʻlimdan qutqarish uchun oʻz oyogʻi bilan dor ostiga borishi qaysidir maʼnoda “xoʻrlikdan oʻlim tansiqroqdir”, “Men toʻgʻrilik orqasida bosh ketsa “ix” deydirgan yigit emasman”, shuningdek, qatʼiyan “Yoʻq, boʻlmaydi!” deyayotgan Abdulla Qodiriy siymosini beixtiyor xayolga keltiradi.

Xullas, ijodkor psixobiografiyasida, xususan, Abdulla Qodiriy tarjimai holi tavsifida uning oʻzi yozgan turli janrdagi asarlari, zamondoshlarining xotiralari, farzandlari tomonidan bitilgan hujjatli, xotira asarlari va, ayniqsa, arxiv hujjatlarida muhrlanib qolgan maʼlumotlar muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ijod-va-tarjimai-hol-talqini/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x