Homiladorlik testi qanday o‘tkaziladi?

Homiladorlik testi homiladorlikni rejalashtirayotgan juftliklar, shuningdek o‘zida homiladorlik belgilarini sezgan ayollar uchun juda ham qulay vosita hisoblanib, u orqali osonlikcha homiladorlikni aniqlash mumkin.

Homiladorlik testidan foydalanishdan oldin unga ilova qilingan yoʻriqnoma bilan tanishib chiqish zarur.

Qachon homiladorlik testini o‘tkazish mumkin?

Agar hayz sikli sizda doimiy ravishda bir xil bo‘lsa, u holda testni hayz kechikgan kunida o‘tkazsa bo‘ladi. Yaʼni, hayz 28 mart kuni boshlanishi kerak bo‘lib, lekin kelmasa, 29-30 mart kunlari testni o‘tkazish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu holatda test natijasi salbiy (homiladorlik mavjud emas) bo‘lib chiqsa, lekin o’zingizda homiladorlik belgilarini sezsangiz, biroz kutish kerak. Va hayz kelavermasa, bir necha kundan so‘ng testni qayta o‘tkazsa bo‘ladi.

homiladorlik testi

Hayz sikli muntazam bo‘lmagan hollarda homiladorlik testini oxirgi hayz kelgan kunidan boshlab, eng uzun hayz oraligidan keyingi kun testni o’tkazishingiz tavsiya etiladi. Misol uchun, agar sizning siklingiz 30 dan 35 kungacha bo‘lsa, test o‘tkazish uchun eng yaxshi vaqt 36 kun yoki undan keyingi kundir.

Homiladorlik testi necha kunlik homila aniqlaydi?

Doimiy siklik hayz davriga ega bo‘lgan ayollarda homiladorlik testi kutilayotgan hayz ko‘rish kunidan so‘ng o‘tkazilganda ijobiy natija bersa, oddiy hisoblash orqali homila necha kunlik ekanligini taxminan aytish mumkin.

Odatda, doimiy hayz sikl 28 kunda takrorlanib turadi. Agar navbatdagi hayz kechiksa va 29-kunda test o‘tkazganingizda ijobiy natija olsangiz, demak homilangiz 14 kunlik hisoblanadi.

Biroq, baʼzida testlar hayz kechikishining ilk kunlarida ijobiy natija bermay, testni keyinroq o‘tkazish kerak bo‘ladi. Va shunga monand hisob-kitob qilinadi. Masalan, testni hayz kechikishining 6-7 kunlarida o‘tkazsangiz va ijobiy natija olsangiz, demak homilangiz taxminan 20-21 kunlik yoki 3 haftalik deyish mumkin.

Doimiy bo‘lmagan hayz davriga ega bo‘lgan ayollarda esa, bu kabi hisoblash orqali homiladorlik muddatini aniqlash mushkul.

Biroq bu hisoblash taxminiy bo‘lib, aniq muddatni homiladorlikda UZI orqali bilib olish mumkin.

Shuning uchun oilaviy poliklinikaga tashrif buyurib, ro‘yxatga turish hamda homiladorlik muddatini aniqlash, shu bilan birgalikda boshqa zaruriy tekshiruv va ko‘riklardan har bir homilador ayol o‘tishi lozim.

Homiladorlik testi uy sharoitida qanday o‘tkaziladi?

Homiladorlikni aniqlash uchun testni, yuqorida ta’kidlab o‘tgan kunlarda ertalab o‘tkazish tavsiya etiladi.

Uy sharoitida ishlatiladigan homiladorlik testlari peshobdagi xorionik gonodotropin (XG) miqdoriga qarab, test rangining o‘zgarishiga asoslanib ishlaydi.

Avvalo, qanday test ishlatishingizdan qatʼiy nazar, uning yo‘riqnomasini bilan tanishib chiqing.

Eng ko‘p qo‘llaniladigan oddiy homiladorlik testini o‘tkazish uchun peshobni toza idishga yig‘ish va unga testni 20-30 soniya davomida maxsus ko‘rsatgichigacha (MAX belgisigacha) botirib turish kerak.

So‘ngra testni idishdan olib, natijani bilish uchun 3-4 daqiqa kuting. (Aniq kutish vaqti test turiga qarab o‘zgarishi mumkin.)

Natijani maksimal kutish vaqtidan oldin yoki keyin baholash noto‘g‘ri ijobiy yoki salbiy natijani berishi mumkin. Shuning uchun vaqtlarga yo‘riqnomaga muvofiq amal qiling.

homiladorlik testi chiziqlar
Infografika: Lalu.uz

Homiladorlik testi chiziqlari nimani ifodalaydi?

Demak, natijani baholash vaqti ham keldi. Tavsiya etilgan muddatda, yo‘riqnomaga amal qilgan holda homiladorlik testi o‘tkazilganda, oddiy homiladorlik testi chiziqlari quyidagi holatlarni ifodalaydi:

  • Bir pushti chiziq salbiy degan maʼnoni anglatadi;
  • Ikki pushti chiziq ijobiy degan maʼnoni anglatadi;
  • Hech qanday satr bo‘lmasligi, testning yaroqsiz ekanligini anglatadi.

Testni buzib qo‘yish osonmi?

Homiladorlik testi tayoqchalarini ehtiyotkorlik bilan ushlash lozim. Peshobga botiriladigan qismini qo‘l bilan ushlash mumkin emas. Ushbu qism esa, quruq bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, testning yaroqlilik muddatiga ham eʼtibor berish lozim.

Peshobning farqi yo‘qmi?

Peshobning o‘rta qismini testga qo‘llash yaxshiroq. Yaʼni peshobning oz miqdori chiqariladi, keyin o‘rta qismi test uchun yig‘iladi va qo‘llaniladi.

Agar homiladorlik testi natijasi salbiy chiqsa?

Test natijasi salbiy chiqishi ikki holatdan dalolat beradi.

  • Test juda erta o‘tkazilgan, yaʼni organizmda homiladorlikni ko‘rsatuvchi gormon hali kerakli darajagacha ko‘tarilishga ulgurmagan. Bu holatda bir necha kundan so‘ng testni qayta o‘tkazish mumkin.
  • Homiladorlik yuz bermagan. Bu holatda tez kunda hayz keladi.

Afsuski, homiladorlikni rejalashtirayotgan ko‘pgina ayollar ovulyatsiya vaqtini, hayz siklini kuzatib borish kabi vositalardan foydalanmaydi. Bu esa, juftliklar to‘liq sog‘lom bo‘lgan taqdirda ham ayolning kutilgan muddatda homilador bo‘lmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun nafaqat homiladorlikni rejalashtirayotganlar, balki barcha ayollar hayz sikli kabi muhim bir davrni “Lalu — Hayz kalendari” kabi foydali ilovada kuzatib borishlari lozim. Chunki bu ilova orqali ovulyatsiya kunini osonlikcha aniqlab, homiladorlikni shunga ko‘ra rejalashtirish mumkin.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x