Homilador ayol uchun kislorodli kokteyl qanchalik foydali?

Homiladorlik davri tug‘ilajak farzand hayoti va sog‘ligi uchun katta ahamiyatga ega. Bu muddatda onalarimiz o‘zlarini har tomonlama avaylab-asrashlari, tarkibida turli xil kimyoviy moddalar mavjud mahsulotlardan uzoq yurishlari hamda ortiqcha dori vositalarini iste’mol qilmasliklari lozim.

Homiladorlik va kislorodli kokteyl

kislorodli kokteyl

Bo‘lajak onalarimiz farzandining sog‘lom bo‘lib dunyoga kelishini istasalar, iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va sarxilligiga e’tibor qaratishlari kerak. Ayniqsa, tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan sharbat, qaynatma, damlamalar homilador ayollar uchun juda foydali. Mana shunday shifobaxsh i­chimliklardan biri – kislorodli kokteyl hisoblanib, u homilador ayollarda kislorod yetishmovchiligining oldini oladi.

Kislorodli kokteyl homiladorlik davrining barcha bosqichlarida muhim ahamiyatga ega. Ayolning homiladorlik davrida vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilishi tug‘ilajak farzandining yaxshi rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Chunki barcha oziqlantiruvchi moddalar, ya’ni oqsil, yog‘, uglevod, mineral moddalar, vitaminlarni homila faqatgina ona organizmidan oladi.

Homilaning to‘liq oziqlanishida uning kislorod bilan ta’minlanishi alohida ahamiyatga ega. Ma’lumki, homiladorlik vaqtida ona tanasida aylanuvchi qon hajmi ko‘payadi. Bu esa kislorodga bo‘lgan zaruratning oshishiga sabab bo‘ladi. Ayol organizmida kislorodning pasayishi homila gipoksiyasini keltirib chiqaradi.

Homila gipoksiyasi

Homila gipoksiyasi bu – homilaning me’yoriy rivojlanishiga to‘s­qinlik qiluvchi asosiy omillardan biri. Kislorod yetishmovchiligi modda almashinuv jarayonlari va hayot uchun muhim a’zolarning faoliyati buzilishiga olib keladi. Homilada o‘tkir gipoksiyaning yuzaga kelishi natijasida gipotrofiya, rivojlanish anomaliyalari, mu­shak tonusining hamda reflekslarning pasayi­shi, nafas funksiyalarining buzilishi, pnevmoniya, O‘RVI, allergiya, perinatal o‘lim sonining oshishi kuzatilishi mumkin.

Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, kislorodli kokteyl homila ichi gipoksiyasi, temir tanqisligi anemiyasini davolashda samaralidir. 2006 yildan to bugungacha, 23 haftadan 32 haftagacha bo‘lgan, temir tanqisligi anemiyasi va surunkali fetoplatsentar yetishmovchiligi bo‘lgan har 8 ta homilador ayolda gemoglabin 96 g/l dan 128 g/lgacha ko‘tarildi. To‘g‘ri taqsimlangan temirga boy mahsulotlar (olma, jigar, mol go‘shti) va kislorodli ko‘pik yo‘ldoshda moddalar almashinuv jarayonini yaxshilaydi.

Tarixi

Ilk bora ichak orqali kislorod yuborish XX asrning boshlarida ichak zonti orqali amalga oshirilgan. Bu usul ichak gelmintozlarini (gijjalarni) davolashda qo‘llanilgan. Gelmintozlarni davolash usuli judayam murakkab hisoblangani uchun bir muddat bu usuldan foydalanish to‘xtatildi. Ammo davo maqsadi saqlanib qolindi. Chunki tibbiy kislorod i­chaklardan so‘rilib, qon plazmasida suyuq erigan holatga o‘tishi aniqlandi. 1963 yil ukrainalik akademik N.Sirotinin 99 foiz tibbiy kislorodni ko‘pik holida ichakka yuborish yo‘lini kashf etdi. Shundan buyon asosiy yuborish yo‘li o‘zgarganicha yo‘q. Faqatgina tayyorlash jarayoniga bir muncha qo‘shim­chalar kiritildi xolos.

Kislorodli kokteyl tarkibi

Kislorodli kokteyl 3ta asosiy tarkibiy qismga ega. Bular: tibbiy kislorod, ta’m beruvchi suyuqlik va ko‘pik.

Kokteylga ta’m beruvchi suyuqlik sifatida: olma, nok, uzum, malina sharbatlari, suv va sut ishlatiladi. Yog‘li va gazli mahsulotlarni qo‘llash mumkin emas. Davolash maqsadida turli shifobaxsh giyohlar damlamasidan foydalaniladi. Masalan, do‘lana, bo‘znoch (o‘tsimon o‘simlik), na’matak kabilardir.

kislorodli kokteyl

Ko‘pirtiruvchi modda sifatida tuxum oqi, qizilmiya ildizi sharbati, ozuqa jelatini muhim hisoblanadi. Ammo tuxum oqidan foydalanishda eng asosiy xavf salmonella bakteriyasi bilan zararlanib qolish ehtimolidir. Bu holat tuxumni chaqib, bir muncha vaqt saqlab qo‘ygan holda yoki sarig‘i bilan birga ishlatilganda yuqishi mumkin, lekin tuxum oqida salmonella bakteriyasi o‘sa olmaydi. Chunki unda lizotsim fermenti mavjud bo‘lib, bakteriyaning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun qizilmiya ildizi sharbatidan ko‘pirtiruvchi sifatida foydalanish maqsadga muvofiq. Yuqoridagi mahsulotlardan qisqa vaqt ichida kokteyl tayyorlash lozim. Mahsulot turib qolmasligi kerak.

Kislorodli kokteylni homiladorlikning qaysi davridan boshlab ichish tavsiya etiladi?

Homilador ayollar kislorodli kokteylni doimiy haftasiga 2 4 marta ovqatdan oldin qabul qilganlari ma’qul. Bu ham ona, ham uning tug‘ilajak farzandi sog‘ligi uchun foydali. Kislorodli kokteylni uzoq vaqt hamda boshqa dorilar bilan birga qabul qilishning hech qanday nojo‘ya ta’siri yo‘q. Bo‘lajak onalar uchun kokteylni qo‘shimcha ta’m beruvchilarsiz suvda tayyorlagan ma’qul. Yoki kokteylga na’matak damlamasidan qo‘shish ham mumkin.

Homilador ayolning ovqat ratsioniga kislorodli kokteylni qo‘shish qanday natija beradi?

Homilador ayol uchun

Kislorod ko‘pik ko‘rinishida hazm qilish yo‘li bo‘ylab harakat qilib, qon va limfaga so‘riladi. Natijada qondagi kislorod erib, uning ulushi ortadi. Mayda qon tomirlarda kislorodning miqdori oshishi hisobiga kislorodi kam bo‘lgan to‘qimalarga kiri­shishi tezlashadi. Bunda qonning shaklli elementlariga birikkan kislorod emas, qonda erkin erigan kislorod to‘qimalarga kiradi. U yo‘ldosh to‘siqdan bemalol o‘tadi, modda almashinuv jarayonlarini faollashtiradi. Natijada esa homilaga oziq moddalarning kelishi tezlashadi va homila yaxshi rivojlanadi. Bundan tashqari, kislorodli ko‘pik immunitetni oshirish xususiyatiga ham ega. Bu homilador ayollarga O‘RVI va boshqa kasalliklarni yengishida yordam beradi. Shu bilan birgalikda, kislorodli kokteyl yengil o‘zlashtiriladi va zararli natijalari yo‘q.

Homilador ayollarni davolash maqsadida kislorodli ko‘pikni qo‘llashning quyidagi ko‘r­satmalari mavjud:

  • homila bachadon ichi gipoksiyasi;
  • anemiya, vegeto-tomir distoniyasi;
  • homiladorlar toksikozi;
  • jismoniy va aqliy toliquvchanlik.

Kislorodli ko‘pik tibbiy kislorod bilan boyitilgan ko‘pikli sharbat, mevali qiyom, giyohlar damlamasi ko‘rinishida bo‘ladi. Shuni ta’kidlash kerakki, u hech qanday tabiiy bo‘lmagan modda va konservantlarni o‘zida saqlamaydi. Kislorod bilan to‘yinganligi 95 foizni tashkil etadi.

Homiladorlikda kislorodli kokteylning foydasi

  • Birinchi va eng ahamiyatli foydasi homila gipoksiyasining oldini olish;
  • yo‘ldosh yetishmovchilik profilaktikasi va uni davolash; (Bu kasallikda yo‘ldosh qon aylanishi buziladi, natijada homila rivojlani­shi sekinlashadi va uning o‘limiga olib keladi);
  • homilada gemoglabin miqdorini oshirib, temir tanqisligining oldi olinadi;
  • homilador ayollar immunitetini oshiradi. Bunday vaqtda bo‘lajak onalar infeksion va virusli infeksiyalardan himoyalanishlari kerak;
  • homiladorlarda uyqu yaxshilanishiga yordam beradi;
  • kislorodli kokteyl asab tizimini, yurak qon-tomir, hazm qilish yo‘llarini yaxshilaydi;
  • bu ichimlik homiladorlar uchun hayotiy tonusni va atrof-muhitning noqulay sharoitlariga chidamlilikni oshiradi.

Mutaxassis: Dilorom BERDIYEVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi, “Xalq tibbiyoti, reabilitalogiya va jismoniy tarbiya”

kafedrasi assistenti.

Manba: “Sog‘lom avlod uchun” jurnali.

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Homiladorlik » Homilador ayol uchun kislorodli kokteyl qanchalik foydali?

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x