* * *
Oy sovrilgan kabi quyosh izida,
Oʻrlar alvon-alvon oʻtinchim – talosh.
Nur yogʻilar mohi tobon yuzidan,
Mening koʻzlarimdan esa yosh…
Gar diydor qiyomat boʻlsa, beray jon,
Oshiqni to mahshar oʻrtar firogʻing.
Axir, yetib boʻlmas Senga hech qachon,
Bu olamda yoʻqdir vasl bulogʻi.
Faqat someʼ boʻldim Sendan ayrilib,
Bir Seni tinglamoq istar jon qushi.
Men uchun tuganmas qismat – ayriliq,
Hayot – mangulikdan uzilgan qoʻshiq.
* * *
Quyosh nuri gulni garchi qilichdek
Kesmas, lekin uni kuydirgay oxir.
Butun yaralmishda mavhum tiriklik
Va oʻlimdan boshqa hodis yoʻq, axir.
Koʻklam tuni edi, tonggacha qolib,
Kapalak umricha koʻrdim yoshimni.
Oʻlim chaqmogʻini boʻynimga olib,
Hayot iforiga tikdim boshimni.
* * *
Nayson abri koʻkka uyilar qat-qat,
Tomchilab-tomchilab boshlanar yomgʻir.
Shu koʻyi oʻt tushar menga beshafqat,
Jonu jahonimda boshlanar yongʻin!..
Yo Rab!.. Oʻtu suving ichra koʻp qiyin,
Sovrildim… oʻzimni tutarman qanday?!
Neki bori boʻlsa, kuygan-u, keyin
Toshqin olib ketgan eski qoʻrgʻonday
Oqdim, zohirida shomu saharning,
Botinida sinib oqadi sozim.
Meni asrayolmas binafshalarning
Qirdan kelayotgan goʻzal ovozi.
Yo Rab! Bu toshqinda men bir jonsarak.
Maysaday boʻylolmam kamalaklarga,
Jim oʻltirmasman gul yuziga qarab,
Toʻyib boqolmasman kapalaklarga.
Beomon shiddatda omon qolmasman,
Maʼnisiz hayotim yitadi mutloq,
Bildim, yomgʻirchalik yashay olmasman,
Bildim, bir mendan koʻp yashar qizgʻaldoq.
Ammo bilolmayman, nechun shom enib,
Xokim uzra xaslar uchgay bebayot?..
Ne uchun bahordan ayirgay meni,
Nechun halok etgay meni bu hayot?!
* * *
Hayot – dengiz.
Toʻlqin – vaqt. Unda badar,
Suzib borayotgan nomsiz kema – jon.
Shamol – taqdir.
Yoʻlchi-yulduzlar – xabar,
Chayqalib-chayqalib suzar kemajon.
Poʻrtana jahdidan emishman ogoh,
Armonlar girdobi tutmoqda meni.
Na oʻtkinchi kema, va na bandargoh,
Bir nomsiz orolcha kutmoqda meni.
* * *
Kim u, shafqatsiz sayyod, koʻnglimga qilich soldi,
Qatl etdi sevgimni – soldi qora oʻlimga.
Boshimda charaqlagan osmon qorayib qoldi,
Qoʻlimda qoldi hilol – qoq ikkiga boʻlingan.
Koʻrmay qoldim, bilmadim – kun edimi yo tunmi,
Faqat ilgʻadim elas, hurlar tushdi falakdan.
Koʻkning baxtsiz yomgʻiri bilan yuvdi sevgimni,
Kafan qildilar unga oqargan kamalakdan.
Yigʻlamadim u lahza, chekmadim ohu faryod,
Faqat gʻavgʻo koʻtardi jinlar sadrga tushib.
Yotar edim chalajon, yotar edim bemurod,
Bilmas edim bu qatl qaysi dunyoning ishi.
Tan bundoq qolarmish jon baqoga qilsa hijrat,
Bilmasdim – shahid koʻnglim butmi endi yo nobud?
Hayhot, vido singari ogʻir ul shafaq uzra,
Kemaday suzib ketdi guldan yasalgan tobut.
Sezmas edi ona yer, osmonning yarasidan
Zardob tomardi chak-chak – izsiz qatl izlari.
Yotar edim bemurod, sayyodlar orasida,
Boshim kesilgan edi, hayron edi koʻzlarim.
***
Asli boru yoʻgʻing bir achchiq boda,
Hech kimning chekiga tushmagansan, bas.
Hech kim qolmaydigan yorugʻ dunyoda
Hech qachon, ketaman, dema qasdma-qasd.
Ketma, ey, umidvor ketguchi, ketma,
Ketsang, ketmoq boʻlsa agar matlabing –
Ketolsang, ortingga qarama, kutma,
Faqat kuz kabi ket, faqat kuz kabi.
Kuz ketar, hech kimga aytmaydi ammo,
U chorlov dogʻida qarab turmaydi.
Kuzning kelganini koʻradi hamma,
Kuzning ketganini hech kim koʻrmaydi.
***
Eshigim oldidan ketmadi nari,
Shovullab oʻrtandi azaliy gʻussa.
Nedandir asramoq istab sarsari,
Qaygadir eltmoqchi, agar qoʻl choʻzsam.
Yotardim – gʻarq etmish edi ashk seli,
Yotardim, koʻnglimda yoʻq edi sharor.
Shu kecha tonggacha chorladi meni
Dunyodan hech narsa topmagan shamol.
***
Ufqqa singib ketdi matlabim,
Shomni tutdi chirildoq uni.
Koʻnglim ochilmadi sen kabi,
Nomozshomgul, oʻtdimi kunim.
Yitdimi gullamoq xayoli,
Boʻm-boʻsh qoldi aftoda hujra,
Qari-qartang shayton misoli,
Jim yigʻladim changalzor ichra.
O, sarin yel, adashsang gohi,
Daryoga qay yoʻldan qaytasan?
Moviy poklik, xaloskor sohil,
Sheʼrim, koʻnglim qushi, qaydasan?!
Daryo edi qachondir sodiq,
Meni nilufardek asradi.
Endi kelar toʻfon ovozi,
Va guldirak – osmon nafrati…
Tun boʻyidan oʻtarman qanday?!
Qalb koʻrindi, uniqib zohir.
Jannatdagi goʻzal ilonday,
Yer bagʻirlab qolmishman oxir.
Koʻnglim kabi toʻkildi necha
Maqtul chechak koʻshkimda hayron.
Ming yildirki, bir oydin kecha,
Bir goʻzal tong armondir… Armon.
Nurilla NARZULLAYEV
“Yoshlik” jurnali, 2017–11
https://saviya.uz/ijod/nazm/hayot-iforiga-tikdim-boshimni/