Savol
Oʻngda rahmon – chapda shayton.
(Xalq naqli)
Yoʻlda oʻngdan yurish bu – yoʻl qoidasi!
Yoʻldamisiz?
Demak, amal qilasiz.
Gar uni buzguday boʻlsangiz shu on
Jazo muqarrardir, buni bilasiz.
Umr – yoʻl…
Shu qoida unda ham joriy,
Lek mudom vijdonning ipin uzasiz.
Jazo tayinligin bilib turib ham,
Yoʻl qoidasini nega buzasiz?!
Rashk
Seni oʻzimdan ham qizgʻonib, ammo
Gullarga beribman quchoqlaringni.
Oʻzim tishlamayin bir bora hatto,
Zirakka beribman quloqlaringni.
Qizgʻonib, qizgʻonib nurli yuzingni
Quyosh nurlariga silatib qoʻydim.
Sochingni oʻynagan shamolni bugun
Qalbimga qamab, soʻng uxlatib qoʻydim.
Qoʻlingdan tutmadim hech qachon, biroq
Qaro munchoqlarga ushlatib qoʻydim.
Izhorga atagan jurʼatimni men
Senga bir qarashga ishlatib qoʻydim.
Koʻzlaringga boqib baxtni his qildim,
Ammo rashkim keldi ikki koʻzimga.
Alloh nasib etsa bir kun visoling…
Qanday ravo koʻray seni oʻzimga?!
* * *
Men tirilsam,
Tovush boʻlaman.
(Usmon Azim)
Men qachon tovush boʻlaman?!
Qachon tirilaman?!
Tirilgach undosh tovush boʻlaymikin
Va yoki unli?..
Undosh tovush boʻlish anchayin mushkul.
Nafas yoʻllarida qancha toʻsiqlarga
duchorlanishi ayon barchaga.
Toʻsiqlardan seskanib,
Qaror qilaymikin yoki unli boʻlishga?!
Bilmadim…
Bu endi, men bilan birga
Nafas yoʻliga ham uzviy bogʻliqdir.
… Farqladim. Undosh tovushning ham,
xili koʻp ekan.
Nihoyat, nafas yoʻlidaman…
Va shu ondan ahd qildim:
Boʻlmoqlikni, faqatgina undosh tovush!
Undosh boʻlganda ham –
Sonor-ovozdor, jarangli, albat!
(Xudo xohlasa!)
Ayni dam didimga maʼqul tovush – R!
Shundan soʻng murodlandim,
Undosh tovush – R boʻlmoqqa!
Toki menga murojaat qilganlarning
un paychalarida
Mudom titroq tugʻilaversin!
Darveshnoma
Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Mana, umrim shunda oʻtkazayapman.
Ne-ki farz buyurgan boʻlsa Qodir Haq,
Tirishib bajoga yetkazayapman.
Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Qishdan mehri bilan isinib oʻtdim.
Chanqogʻimni bosib soʻzbulogʻidan,
Soʻzning sehri bilan isinib oʻtdim.
Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Bu yerda dunyodan yiroqda oʻsdim.
Samimiy tuygʻular bagʻrida sarmast,
Hasadu riyodan boʻlmadi doʻstim.
Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Uysizman, demoqqa bormaydi tilim.
Hayot abadiydir bu yerda, ishon,
Bunda senga hukm oʻqimas oʻlim.
Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Yurakda yashamoq baxt ekan, bilsam.
Endi ham uyliman, baxtliman… Demak,
Endi boʻlar senga qoʻngʻiroq qilsam?!
* * *
“Men seni sevaman!..”
Lablarimdan otilgan bu oʻq soʻzlar,
uchib borar sening nishon – quloqlaringga.
Oʻq nishonga tekkach,
yuraging qadamlari tezlashib ketar,
kiprigingdan shaffof quvonch oqar ovozsiz.
“Men ham…”
Birdan sen-da oʻq uzasan nishonlarimga
Va toʻsatdan oʻq otarlar toʻqnashib ketar…
Dilmurod DOʻST
“Yoshlik”, 2017–12
https://saviya.uz/ijod/nazm/gullarga-beribman-quchoqlaringni/