Farzand ko‘rish niyatida bo‘lgan juftliklar uchun shifokor maslahatlari

Juftliklar tug‘ilajak zurriyodlarining hayoti, salomatligi oldida mas’uliyatlari juda katta. Homiladorlik o‘z vaqtida yuz berishi, eng asosiysi, me’yorda kechishi uchun unga tayyorgarlik ko‘rish shart. Buning uchun er-xotinlar sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi maqsadga muvofiq.

Farzand ko‘rish

Photo: www.istockphoto.com

Ayollar uchun maslahatlar

Tibbiy ko‘rikdan o‘ting

Bu borada, allaqachon, qadam tashlagansiz. Chunki nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tib, tahlillar topshirgan, mavjud kasalliklarga qarshi davo choralarini ko‘rgansiz. Ammo siz ikkinchi yoki uchinchi bor farzand ko‘rishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, albatta, shifokorga murojaat qilishingiz kerak.

Darmondorilar yordamiga tayaning

Hozir vitaminlar qabul qilishning ayni vaqti. Ularning ba’zilari bolani nasliy xastaliklardan himoya qilish hamda tashqi ta’sirlardan saqlash xususiyatiga ega. Ayniqsa, foliy kislotasini qabul qilishga e’tibor bering. U homiladorlikning tezroq yuzaga kelishiga yordam berib, homila rivojlanayotganda uni nuqsonlardan himoyalaydi. Ushbu vositani homilador bo‘lishdan 3-6 oy avval qabul qilishni boshlab, homiladorlikning 2-3-oyida to‘xtatishingiz mumkin.

Taomnomaga e’tibor bering

Bo‘lajak onaning taomnomasi vitamin, mineral, oqsil va yog‘larga to‘yingan bo‘lishi kerak. Ayni damda qizil va sariq tusdagi meva-sabzavotlarni imkon qadar ko‘proq iste’mol qilishi tavsiya qilinadi. Ular tarkibidagi A, E va B guruh vitaminlari tezroq homilador bo‘lishingizga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, bo‘lajak ona haftada bir marta bo‘lsa ham, baliq, kurka go‘shtidan tayyorlangan taomlarni tanovul qilishi lozim. Ular yog‘li kislotalar va oqsilga boy bo‘lgani uchun organizmga quvvat bag‘ishlaydi. Shuningdek, Ye vitamini (loviya, zaytun moyi)va K vitaminiga (ismaloq, oshqovoq, pomidor, baqlajon, yashil no‘xat, tuxum sarig‘i) boy mahsulotlar bu davrda organizm uchun bebaho hisoblanadi. Sog‘lom homiladorlikning garovi hisoblangan foliy kislotasini oziq-ovqat mahsulotlaridan ham topish mumkin. Ko‘katlar (ayniqsa salat bargi, sarsabil, kashnich), qora non, gulkaram, banan, olma, lavlagi, qizil sabzi, grechixa yormasi, xandon pista va bodom, jigar va tuxumda bu vitamin bisyor bo‘ladi.

O‘zingizni asrang

Asabiylashish, tushkunlik ovulyatsiyaga ta’sir qilishi mumkin. O‘zingizni qo‘lga ololmay, arzimas narsalarga ham asabiylashaversangiz, ruhshunos qabuliga yozilishga uyalmang.

Dam olishni unutmang

Uzukkun bir joyda o‘tirib ishlash jinsiy a’zolarda qon aylanishini sekinlashtiradi. Bu esa yallig‘lanishlar uchun imkon yaratib, homilador bo‘lish orzungizni ortga suradi. Ish payti har 40 daqiqada turib, xonada yurish, yengil gimnastik mashqlarni bajarish kerak. Bundan tashqari, ish va uyda o‘zini zo‘riqtirish, vaqtida uxlamaslik natijasida ayol organizmi holdan toyadi. Bu holatda miyadagi homilador bo‘lish istagi organizm tomonidan rad etiladi. Shuning uchun ayol o‘zini ehtiyotlashi, barcha muammolarni nari surib, vaqtida dam olishi muhim.

Vaznga e’tibor bering

Vazn kam bo‘lsa, ayol organizmida estrogen gormoni kam ishlab chiqiladi. Bu esa follikulalarning yaxshi rivojlanmasligiga olib keladi. Organizmdagi ortiqcha yog‘lar esa tuxum hujayrani yetiltirmaydi.

Ko‘p dori ichmang

Antibiotik, uyqudori, gijjaga qarshi vositalar tuxum hujayraning yetilishiga to‘sqinlik qiladi. Jinsiy aloqa paytida har xil intim kremlardan foydalanmang. Ular spermatozoidlarni nobud qiladi.

Agar ma’lum muddat homiladorlikdan saqlovchi dorilar qabul qilgan bo‘lsangiz, ularni to‘xtatish va homilador bo‘lish orasida kamida 3 oy o‘tishi kerak. Bu oraliq yaqin bo‘lsa, homilador bo‘lishingiz mumkin, ammo keyin ovulyatsiya vaqtini aniqlash qiyin kechadi. Spiralni oldirganingizdan keyin ham organizm tiklanishi uchun kamida 3-6 oy talab etiladi. Aks holda homila tushishi mumkin.

Immunitetni oshiring

Piyoda yurish, ertalablari issiq suvda dush qabul qilish, badantarbiya mashqlarini muntazam bajarish immun tizimni kuchaytirib, homiladorlik paytida ayolni yuqumli kasalliklar va shamollashlardan asraydi. Himoya tizimingizni quvvatlash uchun ko‘proq tabassum qiling. Hatto bunga xohishingiz bo‘lmasa-da, 2-3 daqiqa davomida jilmayishga urining. Yuz mushaklari bu harakat orqali bosh miyaga xursand bo‘lish haqida buyruq boradi va qonda baxt gormoni (serotonin) ko‘payadi. Qarabsiz-ki, kayfiyatingiz ko‘tarilib, o‘zingizni baxtli seza boshlaysiz. Homilador bo‘lish istagida bo‘lgan ayol uchun bundan yaxshi chora bormi?

Erkaklar uchun maslahatlar

Zararli odatlardan voz keching

Farzand ko‘rish istagida bo‘lgan erkak kamida 3 oy oldin spirtli ichimliklardan voz kechishi shart. Negaki, sperma miqdorining to‘laqonli almashinishi uchun 72 kun kerak bo‘ladi. Alkogolni xatto, kichik miqdorda qabul qilish sperma sifatiga ta’sir qiladi, jinsiy maylni pasaytiradi. Jinsiy yaqinlik kunlarida esa spirtli ichimliklar ichish umuman xavfli. Bu bolaning nuqson bilan tug‘ilishiga olib kelishi hech gapmas. Tamaki chekishni ham kamida 2 oy oldin tashlash kerak. Negaki, ayolingiz tamaki hididan nafas olishga majbur bo‘lgani uchun undagi follikulalar vaqtida yorilmasligi mumkin.

Ovqatning sarasini emas, foydalisini iste’mol qiling

To‘g‘ri, yog‘li, qovurma go‘shtli shohona taomlarga o‘rgangansiz. Ammo ayni shu odatingiz bu davrda sizga pand bermasligi kerak. Sababi, bu taomlar qorningizni to‘ydirsa-da, organizmga foydasi yo‘q hisob. Oldingizda turgan maqsadni amalga oshirish uchun biroz parhez qilishga to‘g‘ri keladi. Yengil hazm bo‘ladigan, bug‘da pishirilgan taomlar, baliq, yog‘siz go‘sht mahsulotlari (faqat kolbasa, sosiska, qazi-qarta emas) tarkibidan topasiz. Shuningdek, gazli va har xil energetik ichimliklardan voz kechish muhim.

Sauna va sportni cheklang

Saunadagi issiq muolajalar ta’sirida erlik urug‘i kamharakat bo‘lib qoladi. Tos sohasida issiqlikning oshishiga zavod-fabrika sexlarida ishlash, avtomobil o‘rindig‘iga isituvchi moslama o‘rnatish, tor ichki kiyim kiyish ham ta’sir qiladi. Sport bilan shug‘ullangan paytda erkak o‘zini ortiqcha zo‘riqtirib qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, mushak massasini ko‘paytiradigan har xil vositalar qabul qilish urug‘ miqdorining kamayishiga olib keladi.

Kasalliklarni vaqtida davolang

Gaymorit, zararlangan tishlardan tortib jinsiy shamollashlargacha bo‘lgan barcha holatlarni izchillik bilan davolash muhim. Aks holda, barcha urinishlaringiz zoye ketishi mumkin.

Telefonni cho‘ntakda olib yurmang

Bu odatingiz sizga qimmatga tushishi mumkin. Kompyuter yonida iloji boricha kamroq o‘tiring yoki vaqti-vaqti bilan tanaffus qiling. Uyali aloqa vositasi hamda kompyuter monitoridan taralayotgan radioaktiv nur jinsiy faoliyatingizni susaytirib, spermaga ta’sir qiladi.

Stresslarga chap bering

Jig‘ibiyron bo‘laversangiz, organizmingiz bu vaziyat otalik uchun to‘g‘ri kelmaydi, deb baholaydi va erlik urug‘i ishlab chiqilishi o‘z-o‘zidan susayadi. Shuningdek, qanchalik band bo‘lmang, tunda 8 soat uxlashga, haftada bir kunni faqat dam olishga sarflash zarur. Negaki, doimiy stresslar aslida zo‘riqish va charchoqning alomati hisoblanadi.

Darmondorilar qabul qiling

Ko‘pchilik erkaklar buni mutlaqo keraksiz hisoblashishadi. Ammo darmondori tarkibidagi Ye vitamini va ruh moddasi spermani ko‘paytiradi, karnitin esa spermatozoidlarning harakatchanligini oshirib, ayolning tezroq homilador bo‘lishiga xizmat qiladi. Taomnomangizda doim sut mahsulotlari, tuxum, yong‘oq, sitrus mevalar, o‘simlik yog‘lari, jigar, baliq bo‘lishi vitamin yetishmasligidan asrab, organizmga kerakli darajada quvvat bag‘ishlaydi. Shunday ekan, barcha imkoniyatlardan foydalanib qoling.

Ginekolog: Xulkar RAVSHANOVA
Androlog: Zarifjon MURODOV
Jurnalist: Barno HOJIMIRZAYEVA
Manba: “Sug‘diyona” gazaetasi.

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Foydali maslahatlar » Farzand ko‘rish niyatida bo‘lgan juftliklar uchun shifokor maslahatlari

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x