Farg‘ona oblastidagi qadimgi Axsi shahrining tarixi


Post Views:
60

Farg‘ona o‘blastida qadimgi zamonlarda poytaxt bo‘lib turgan Axsi yoki Axsikat degan katta shahar bo‘lgan ekan. Bul kunlarda mazkur shaharning o‘rni va atrofi yaxshi maʼlumdir. Chunonchi, Namangon uyezdiga tobye xud Namangon shahridin o‘n besh chaqirim masofada Axsi bo‘lostida daryo labida bir necha qishloqdin iboratdur. Bul xususda tavorix kitoblardin mazkur Axsikat xususida xabar olib, tavorix uchun biror risola tasnif qilmoq lozimdur. Yaʼni, ul shahar qaysi vaqtda avval martaba bino bo‘lingan va qaysi xon va beklar ul shaharda hukumat qilgan va fuqarolarni maishati qayu tariqada bo‘lgan va ham qayu vaqtda nima sabablar ila ul shahar vayron va harob bo‘lgan. Va nima uchun ul joyda hech kim turolmagan. Yiqilgan devor va imorat asorati yer ostiga ko‘milib qolgandurmu?, deb – bul muddao birla gazet o‘qig‘uvchi zotlardin iltimos qilamizki, har kimning qo‘lida har-xil torix kitobi bo‘lib, ul kitoblarda Axsi shahri xususida xoh qisqa va xoh mufassal xabarlar bo‘lsa, biz gazet muallifiga yozib yuborib bizni xursand qilsalar. Va lekin mazkur xabarlar bu tariqa yozilsa, chunonchi: “Axsi barvazni maxfiy nomi qasaba ast. Az Movarounnahr dar nohiyai Farg‘ona az bextarin on bilod ast (Burhon Qote. 55- sahifa).

Axsikat Movarounnahrda Sayhunning sohil sharqisida bir kasaba erdi”. Axsikat Movarounnahrda Farg‘ona xattisi doxilida bir kasaba o‘lib sur ila muhot qilgonlikni Yoqut Hamaviy zikr qilur. Hozir na holda ekanligig‘a doir maʼlumotga dast rost bo‘linmadi. (Qomus alAʼlam, 804 –sahifa).

“Sayhun daryosining shimol tarafidagi qasabalarning biri Axsidur, kitoblarda Axsikat bitadurlar. Chunkim, Asiriddin shoirni Asiriddin Axsikatiy derlar. Farg‘onada Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qdur. Andijondin G‘arb tarafinda to‘qqiz tosh yo‘ldur. Umar Shayx Mirzo muni poytaxt qilib erdi. Sayhun daryosi qo‘rg‘onini ostidan oqadur. Qo‘rg‘oni baland jar ustida voqeʼ bo‘libdur. Handaqining o‘rnig‘a chuqur jarlar bordur.

Umar Shayx Mirzo muni poytaxt qildi, bir-ikki martaba tashqorroqdin yana jarlar soldi. Farg‘onada muncha berk qo‘rg‘on yo‘qtur. Mahalloti qo‘rg‘ondin bir sharʼiy yirog‘roq tushubdur. (Dah kujovu daraxton kujo) mislini g‘oliban Axsi uchun aytibdurlar. Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir navʼ qovun bordurkim, Mir Temuriy derlar. Andoq qovun maʼlum emaskim, dunyoda bo‘lg‘ay. Buxoro qovuni mashhurdir. Samarqandni olgan mahalda Axsidin, Buxorodin qovun kelturdim bir majlisda kesturdim. Axsi qovunining hech yaxshilikda hech nisbati yo‘q edi. Ovi qushi, bisyor bo‘lur. Sayhun daryosining Axsi tarafi dasht. Kiyiklari bisyor bo‘lur. Andijon tarafi, changaldur. Bug‘u, maral, qirg‘ovul, quyon ko‘b tobilur va semuz bo‘lur. Axsining shimolida Koson qasabasi bo‘lib, kichikroq qasabadur, Axsining suvi Kosondin kelur.

Axsi qo‘rg‘oni baland jar ustida voqye bo‘libdur. Imoratlari ham jar yoqosida edi. Ushbu tarixda yaʼni 899-hijriyda dushanba kuni ramozon oyini to‘rtida Umar Shayx Mirzo jardin kabutar misllik uchub vafot qildi. O‘ttiz to‘qqiz yashar erdi. Valodati 860 da Samarqandda edi. Sulton Abu Saʼid Mirzoning to‘rtinchi o‘g‘li edi. Sulton Abu Saʼid Sulton Muhammad Mirzo o‘g‘li ul Mirzo Mironshoh o‘g‘li, Mirzo Mironshoh Amir Temur o‘g‘li. Umar Shayx Mirzoning qabri alhol Axsidadur. Umar Shayx Mirzodin uch o‘g‘ul, besh qiz qolib edi. O‘g‘lonlarning ulug‘i men Zahiriddin Muhammad Bobur edim. Mening onam Qutlug‘nigorxonim Yunusxon qizi edi”, deb.

Bu iboralar Boburnomada xud Boburxon so‘zlaridir. Yana Boburnomaning 29 – va 40 – sahifalarida yozadurkim, “…Bir ikki kundin keyin Kandirlik dovoni ila Axsi va Andijonga azimat qildim. Axsiga yetib otamning mozorini tavof qildim. Axsidan namoz jumani vaqtida chiqib, Bandsolur yo‘li ila Andijonga kirdim…”, deb.

Tarixi Rashidiyda yozilgoniga qaraganda Axsi shahrining avval binosi mo‘g‘ul xonlari tarafindin bo‘lib, 890-900 – hijriy tarixida Amir Temur avlodlaridan Umar Shayx Mirzo va Shayboniyxon avlodlaridan Jonibekxonga Axsi shahri bir necha vaqt poytaxt bo‘lib, bu shaharda hukmronlik qilgan ekan. O‘shal asrlarda g‘oyatda obodonlikda ekan. Ko‘p zamonlar Koshg‘ar viloyatida hukmronlik qilgan mo‘g‘ul xonlaridan Sulton Abu Saidxon ham tarix hijriyning 918-sanalarida Axsi va Andijonda bir necha vaqt hukmronlik qilib, Abdulloxon o‘zbek Samarqand va Buxoro va Farg‘onaga istilo qilg‘ondin keyin Sulton Abu Saidxon ko‘p askari ila Koshg‘arga borib, tamom tovobiʼot Koshg‘arni olib, 939-yilgacha hukmronlik qilibdur.

Axsi Movaunnahrda Jayhunning (Sayhunning) sohil sharqida voqye bir shahar edi. Axsikat Movaunnahrda Farg‘ona xattisi doxilida bir shahar bo‘lub, sur ila muhot va bog‘ va boqchalari ko‘b o‘ldig‘i ul yerdan bir ko‘b mashhur ulamo zuhur etdigini Yoqut Hamaviy aydiyur. Emdigi vaqt ne holda bo‘ldig‘ina doir maʼlumot yo‘qdur. Axsi torixini Yoqut Hamaviy nom kitobda batafsil yozgondur. Alhol Axsi shahri o‘rnida: Axsi-Janjal, Naymancha, Shahidon, Xo‘jandQozoqovul, Qo‘shqayrog‘och-Bordinko‘l, Chorbog‘, Kalqishloq – Buramatut, Mozorko‘hna, Shahant, degan qishloqlari bordur. Katta qo‘rg‘on va Arkni asorati mavjuddir.

Tarix Eski Axsi “Manoqibi risolai Hazrat Langarbobo Aziziy”din shul tariqa yozilibdur: “Axsikantni uvlo binosini Eron podshohi No‘shiravoni Odil bino qilgon ekan. 521-tarix melodiyda No‘shervon o‘g‘li Xurmuz podshoh Axsini necha vaqt poytaxt qilib anda hukumat surub, so‘ngra 1233-milodiyda Sirdaryo katta toshgan vaqtida bir zilzila bo‘lib, daryoning suvi Axsini biyoboniga chiqib ketg‘on ekan. Anda buzulub xarob bo‘lgan ekan. Ammoki avvalgi obodligida imoratlar ikki – uch qabat xishtdin binolar bo‘lib, shahar intixosi Kosongacha borub, Koson ila Axsi o‘rtasi qirq chaqirimlik yo‘l hammasi imorat, bozor bo‘lgan ekan. Hattoki bir echki Axsi tomida yurmak bo‘lsa, to Kosongacha borur ekan, tom ustidin yurub. Hammomlar, madrasalar, saroylar, yer tagidin yuradurg‘on suv qubirlari ko‘p taajjublik nimarsalar hozir ham ko‘rinib turadur. Hozirda Axsi ikki yerda bo‘lib, birini Eski Axsi birini Yangi Axsi derlar. Yaʼni, Yangi Axsi Eski Axsi buzilgandin so‘ng qolgan odamlar daryodin qochib Koson tarafida balandlik biyobonga imoratlar qilib ko‘p qishloq bo‘lganlar. Hozir Yangi Axsida o‘n ikki qishloq Shahand degan bozorlik bir qishloq ila bir bolust bo‘lgan. Ammo Eski Axsi ko‘hna sol odamlar og‘zidagi so‘zlari ko‘p ajib va g‘arib so‘z so‘zlaydurlar. Alarni olmay manoqibdin yozildi. Eski Axsini buzulgan tarixi 1030 – milodiyda bo‘lg‘on ekan. Andin buyon mazkur Axsini hech podshohlardin yoki fuqarolardin obod qilgon yo‘q. Dehqonlar va o‘tinchilar har xil nimarsa topib olurlar. Chunonchi, mis asboblar va shishalar, har xil toshlar chiqodir. Ko‘p yerlari daryoga ketgondir alholda ham imoratlarga aksari xishtlarni andin olurlar.

Isʼhoqxon to‘ra Junaydullayev

Turkiston viloyatining gazeti №48, 23 iyun 1913 yil. Istoriya drevnego goroda Axsi v Ferganskoy oblasti.

«Ibrat nigohidagi Axsikent» (Tohirjon Qozoqov, Alijon Vohidov, Baxtiyor Ro‘zinov) kitobidan

https://shosh.uz/uz/fargona-oblastidagi-qadimgi-axsi-shahrining-tarixi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x