Poytaxtdagi Huvaydo mahallasi huvillab qoldi. Sheʼriyat olamida nimalardir yetishmayotganday. Badiiy tarjimasini kutayotgan durdona kitoblar oqimi sustlashgandek… Insoniy fazilatlarini, badiiy-intellektual imkoniyatlarini yozilgan, zarurat taqozosi bilan aytilgan soʻz ila ifodalab, oʻzida goʻzallikning barcha koʻrinishlarini namoyon etib kelgan ijodkor endi oramizda yoʻq.
Erkin Vohidovni, shoira aytmoqchi, “bahor keldi uni soʻroqlab, ardoqlab”, u javob aylamoqda nafis misralarini takrorlab. Sakson yillik vaqt masofasini bosib oʻtgan oʻsha misralar bugun muborak yoshdagi shoir qalami ila sayqal toparmidi?!
Oʻtgan asrning 60-yillaridagi izlanishlari shoirga emas, “sheʼr shaydosi”ga taʼrif va tavsif berilishini istagan bu qalam sohibi dastlabki devonlaridan birini “Debocha” deb atamoqchi boʻlganida kamina “Shabnam” yoxud “Tonggi shabnam” (shudring) navqiron yoshingizga ham mos, degan edi. Misralaringiz ham shabnamdek nafis, koʻrkam, musaffo. Keyinchalik Erkinning ijodiy safdoshi Abdulla Oripov “yoshlik degani asli poklik ekan” deb yozgan, xulosa qilgan edi…
Bir tush koʻribman. Oqteva (Nazarbek Oqtepasi) guzari yonginasida katta bogʻimiz boʻlardi. Qovun, tarvuzlar suzib yuradigan, atrofidagi maysazor, bogʻni aylanib oʻtadigan ariq boʻyida erta koʻklam oʻt-oʻlan, ayniqsa, xushboʻy yalpizning tarovatini hozir ham his etib turibman. Bu fayzli, koʻngilga yaqin manzaraning bir tafsilotini endi maʼyus bir holatda tilga olaman. Oʻzi sargʻishroq-malla, qanotlarida taram-taram qora belgilari boʻlgan qushlar bogʻimizni hech tark etmasdi. Musichadan yirikroq bu beor qushni (“subtoʻrgʻay” derdik), “biyov-biyov” deb sayrab turishi bagʻri keng boqqa fayz kiritib turardi. Dadamdan bu qush nima deyapti, deb soʻrayverardim. Bir gal javobini oldim.
– “Biyov-biyov…” degani “Soʻfining tobi yoʻq. Sizlarni men uygʻotaman” degani. Soʻfi azonda azon aytadi-da.
Lirik kayfiyatdagi ikki kursdosh muloqotining ayrim tafsilotlarini keltirmoqning indallosi shuki, oʻsha bolakay kamolot yoshiga yetganida tush koʻripti.
– Oʻsha bolalik bogʻi etagida ketmon, belkurak, zambillar betartib qalashib yotganmish. Bir tarafda “polvon” nomini olgan ekskavator, greyder, buldozerlar ishga shay boʻlib turganmish. Shunday koʻrinishni izohlab turgan shaxs “ardoqlab kelgan bogʻing buziladi, koʻrib qol. Vaqt gʻanimat” deb xitob qilibdi.
Ertasiga, tongda oʻsha tanish manzarani qoʻmsab bordim. “Salom, bogʻim!”. “Salom, yer bagʻirlab oʻsgan oʻrik daraxtim!” – soʻzlarini aytib bogʻ ichra yursam, tushimda koʻrgan qurilish texnikasi – karkalar, ketmonlar yotipti. Soʻlim boqqa bostirib kirishga shay buldozerlar motorlari qizdirilib, quyuq qora tutun bilan xushhavoni buzayapti… Bunga nima deysiz?
– Menga – oʻsha koʻrkam bogʻning umrbod shaydosi boʻlib qolgan odamga kim xabar yetkazgan, tushimga kiritib ogohlantirgan?
– Bunday sirli damlar uchrab turadi. Eshitganman. Oʻzimning boshimdan oʻtganini eslolmayman. Insoniyat zakovati oʻsib borib, olamshumul ixtirolar millionlarning mulkiga aylanishi hali koʻp jumboqlarni yechishi muqarrar, – deydi suhbatdoshim.
Uning mulohazalarini koʻp oʻyladim. Oʻsha kungi muloqot davomida badiiy tarjimaning piri boʻlmish Erkin Vohidovga moskvalik mashhur olim, dramaturgning xonadonida boʻlgan uchrashuv tafsilotlaridan bir shingil gapirib berdim:
– Viktor Shklovskiyni bilasiz-a, Erkin?
– “Navoiy” stsenariysining mualliflaridan biri-da! Yozuvchi, olim.
– Uning xonadonida boʻldim. U gapni Navoiydan boshladi: “Bilasizmi, Navoiy mahbubangning koʻchasidan chiqqan itni ham ardoqlashing, yaxshi koʻrishing kerak deydi”, jumlasini tugatganimcha yoʻq edi, suhbatdoshim kula-kula:
– Zoʻr aytibdi! Qoyil! Mavlononing aynan shunday misralarini oʻqimaganman, lekin sevgi-muhabbatning shu darajadagi badiiy ifodasini sezib turaman. Aslida tarjima shunday boʻlishi kerakdir. Soʻzma-soʻz tarjima ham laboratoriya xizmatini oʻtashini inkor qilmagan holda originalning ruhinigina bera oladigan misrani izlash lozimmikin… Asliyatga teng keladigan qimmatli misrani topish jarayoni biroz mashaqqatli boʻlar, lekin qiziqarli ham. Viktor Borisovich Alisher Navoiyning oʻziga xos poyetikasidan, sevgining ehtirosli taʼsirchan ifodasidan kelib chiqib unga ekvivalent, yaʼni ruhan unga mos keladigan soʻz, ibora, oʻxshatishlarni izlagan, topgan ham.
Bu asnoda asliyat muallifining holatiga kirish ham zarurligini sezaman har gal. Lekin Gomer, Shekspir holatiga kirib, “Iliada”, “Odisseya”ni, “Qirol Lir” yoki “Otello”ni tarjima qilish oson boʻlmas, deb badiiy tarjima sanʼatini yangi pogʻonaga koʻtargan Erkin Vohidovning fikrini bilmoqchi boʻlganimda u:
– Faqat tarjima jarayonida emas, original asar yozilishida ham holatga kiriladi. Faqat muallif holatigagina emas, taʼriflanayotgan qahramonlar holatiga ham.
– Pesa, stsenariy yozilishida-chi? Teatrda, kinostudiyada rejissyor, aktyor bor-ku. Ular ham matn ustida ishlaydi-ku!
– Stsenariy yozmaganman. “Oltin devor” pesasini yozib teatrga topshirganimda, spektakl qoʻyilishini koʻrdim. Rejissyor kompozitsiyani oʻzgartirishi, u tanlagan aktyor talqin yoʻliga yangilik kiritishi, rassom voqea sodir boʻladigan joyni oʻzicha tanlashi tabiiy bir hol ekan. Shu sababdan “muallif” soʻzi spektaklga nisbatan ishlatilishi munozarali koʻrindi. Katta ijodiy-texnik guruhning bevosita ishtirokida yaratiladigan sahna asarining ijodkori dramaturgdan tashqari teatr xodimlari hamdir.
Muloqot damlarida bildirilgan fikrlarning muxtasar ifodalari:
– Talabalik yillari qaysi kitob tengdoshlaringiz orasida mashhur va manzur edi?
– Egel Voynichning “Soʻna” romani. Ayniqsa, Artur obrazi. (Milliy universitet bogʻidagi suhbatdan)
prp
– Aqlli qalami boʻlgan shaxs martabaga erishish haqida oʻylaydimi?
– Bu haqda oʻylamaganman. Bir gal poligrafiya sohasi bilimdoni Adham Akbarov qolib meni nashriyotga direktor etib tayinlashganida, Adham akaga, endi siz sheʼr yozing, men nashr qilaman deb hazillashganman.
– Oʻtgan asr 30-yillari voqealariga munosabatingiz?
– Baxt, ozodlik haqidagi qoʻshiqlar baralla yangrab turgan, ziyolilar hibs qilinavergan. Ruslarda maqol bor: “Pir vo vremya chumiʼ” – “Bir damda ham vabo, ham bazm”. (Kinochilar uyidagi suhbatdan)
…Olim, shoir Shoislom Shomuhamedovning Saodat ismli qizlarining nikoh toʻyi. Davrada toʻrt mehmon – Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, kamina – Hamidulla Akbarov, Mohira Akarova. Ozod Sharafiddinov:
– Erkin, shuhrat – zangning oʻzginasi-da. Temirga yopishib oladi-da, uni bamisoli kemirib, asta yoʻq qiladi.
Erkin Vohidov:
– Ozod aka, inson ochlikka, koʻp qiyinchiliklarga chiday oladi. Shon-shuhrat sinovga bardosh bera olmaydi…
Izoh: Erkin bardosh berdi. Oʻz maslagiga ibratli hayotining oxirigacha sodiq qoldi.
Yana bir suhbatimizdan:
– Farzandlaringiz taʼlim oladigan maktabga borib turasizmi?
– Ha, uyda ham, maktabda ham bolalarning oʻqishi, davomatini kuzatib boraman. Ikki marta maktabdan hayratomuz holatda qaytganman. Bir gal oʻqituvchidan: “Farzandimning kundalik daftari besh bahoga toʻla. Haqiqatan shunday bilimdonmi? – deb soʻradim… Bir necha oy oʻtib yana maktabga borishga toʻgʻri keldi. Sababi kundalik daftarida besh, toʻrt baholar umuman koʻrinmay qoldi.
– Koʻp ashulalarning kuyi ham, soʻzi ham talab darajasida emas. Ularni eshitish sizga erish tuyulmaydimi?
– Sheʼr shaydosi edim. Shoir deb tan olishdi. Shoir shoir haqida munozarali gapni aytishi odobdan boʻlmas…
Olti-etti yil muqaddam boʻlsa kerak, birodarlar: “Xalq soʻzi”ni oʻqidingizmi, Erkin Vohidov katta maqolasida siz haqingizda ham yozipti, deb qolishdi. Topdim oʻsha gazetani. Ikki qayta oʻqidim. Shoir til haqida har galgidek aqlli, iliq soʻzlarni yozipti, kaminani ham qalamga olipti. U bilan uchrashganimizda mendan oldin gap ochdi:
– Oʻqidingizmi gazetani? Bor gapni yozdim, toʻqimadim.
– Koʻpchilik gapiryapti koʻtargan masalangiz boʻyicha. Bizning uyda ham bayram boʻldi. Ovoz chiqarib oʻqidik, – minnatdorligimni shunday izhor qildim.
Kenja oʻgʻlim Umidjondan nikohga tayyorgarlik koʻrayotganimizda soʻragan edim: “Toʻyni kim ochishini istar eding?”. U darhol javob berdi: “Qani edi, vaqtlari boʻlsa, Erkin aka Vohidov toʻyimizga kelsalar, birinchi soʻzni aytsalar”. Temir otni minib, jilovni mahkam ushlab Huvaydo mahallasiga bordim. Toʻyga birinchilar qatori aytdim… Rafiqangiz bilan kelib shirin soʻzlarni aytdingiz. Oq fotihadan minnatdor yosh oila hozir ikki farzandlik boʻldi.
Erkin oʻzi, ijodi haqida deyarli soʻzlamas, oʻzgalar maqtov soʻzlarini aytganlarida xijolat boʻlardi. Shu bois oʻzimni oʻrinli madhdan ushlab, cheklab turardim.
Erkin Vohidovning bu kabi mulohazalari kontseptual ahamiyatga ega boʻlib, ular tadqiqotlarning metodologik yoʻnalishini koʻrsatib beradi. Bizga qolsa, “Erkin Vohidov mutolaasi” mavzusida ikki kun davom etadigan anjuman tashkil etib, bu noyob isteʼdod sohibi, chin inson hayoti, ijodining barcha sohalarini qamrab olgan holda ilmiy maʼruzalar tashkil etib turilishi kerak. Erkin Vohidov ijodi ochilmagan qoʻriq, tubsiz ummon. Ular oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.
Hamidulla AKBAROV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/erkin-bilan-hamnafas-damlar/