EPISTOLYAR ADABIYOT

EPISTOLYAR ADABIYOT (yun. — xat, maktub, noma) — xat, noma shaklida yaratilgan turli xil asarlar (mas, epistolyar roman). E. a. ga atoqli arboblarning madaniytarixiy ahamiyatga ega boʻlgan yozishmalari ham kiradi (mas, Alisher Navoiyning «Munshaot» asari). Noma adabiy janr sifatida yunon va rim adabiyotida (Sitseron, Goratsiyning sheʼriy maktublari), shuningdek, Sharq adabiyotida keng tarqalgan (q. Noma).

18-asrda maktub shaklida romanlar yozish Yevropada odat tusiga kirgan (S. Richardsonning «Pamela», 1740; J. JRussoning «Yuliya yoki Yangi Elioza», 1761 va boshqalar). 19-asrda Epistolyar adabiyot tarixiy hikoya, oilaviy xronika tarzida rivoj topdi (I. S. Turgenev, «Faust»; F. Dostoyevskiy, «Faqir kishilar»). 20-asrda, ayniqsa, 2-jahon urushi yillarida maktub shaklidagi Epistolyar adabiyot muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Hoz. oʻzbek adabiyotida epistolyar shakldan O. Yoqubov, Oʻ. Hoshimov, A. Ibrohimov kabi yozuvchilar unumli foydalanmoqdalar. Xususan, Abduqahhor Ibrohimovning «Uyqu kelmas kechalar» romani boshidan oxirigacha asosiy qahramon Faxri Kamolning sevgilisi Yoqutxonga yoʻllagan xatlaridan iborat. Shuningdek, hoz. paytda Epistolyar adabiyotning sheʼriy maktublar, murojaatnoma, ochiq xat (asosan, adabiy tanqidchilikda) kabi shakllari ham mavjud.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x