Eng zavqli mashgʻulot – qalbingni tozalash…

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Eshqobil Shukur bilan suhbat

 

Chinakam sheʼrning yozilishi – oʻziga xos sirli, favqulodda hodisa. Toʻrtta qofiyani juftlagan bilan sheʼr paydo boʻlmasligini salgina adabiy didi bor kishi, albatta, tushunadi. Shu bois mutaxassislar sheʼr yozilmaydi, balki roʻy beradi, deyishadi. Xoʻsh, shunday boʻlsa, u qanday roʻy beradi? Aytaylik, sizda…

XX asr donishmandlaridan biri Asqad Muxtor: “Bir donishmand, men vaqtning nima ekanini tushunaman, lekin “Vaqt nima deb soʻrasalar?” javob berolmayman, deganidek, men ham sheʼr nima ekanini bilaman, lekin uning qanday hodisa ekanini aniq tushuntirib berolmayman”, degan.

Sheʼr, albatta, qalbga, ruhga xos hodisa. Demak, ruhingizda nimadir roʻy bermasa, sheʼr paydo boʻlmaydi. Avvalo ruhda nimadir roʻyobga chiqishi kerak.

Inson doimo oʻz qalbiga yoʻl izlaydi. Azaldan shunday boʻlgan. Bu goʻyo xudoni izlash kabi ulugʻ hodisa. Oʻz qalbiga yoʻl topolgan odam xudoni ham topadi. Bu yoʻl turlicha boʻlishi aniq. Aslida sheʼriyat ham insonning oʻz qalbiga yoʻl izlashi, oʻzini kashf etishi bilan bogʻliq hodisa. Jahon mumtoz sheʼriyatini kuzatsangiz, bu jarayon turlicha sodir boʻlganiga guvoh boʻlasiz.

Sharqda inson ishq orqali oʻz qalbiga yoʻl izlagan. Ishqi majoziy, ishqi ilohiy degan tushunchalar shundan paydo boʻlgan. Odam oʻz qalbi sari qanchalik kirib boraversa, u shunchalik ulgʻayib boradi yoki, aksincha, qalbidan qancha chekinib borsa, shunchalik maydalashib qoladi. Sharq sheʼriyatining hamma sara gullari ishq tuprogʻida oʻsgan.

Gʻarbda koʻproq tafakkur orqali bu yoʻlni izlashgan. Lekin bu degani mazkur jarayonda tuygʻuning ishtirokini inkor etish degani emas. Unda lider shox – tafakkurga tuygʻu payvand qilingan va bu payvand jahon xazinasiga oʻzining oltin mevalarini bergan.

Yapon sheʼriyatida bu yoʻlni tabiat orqali izlaganlar. Ular inson qalbining tabiat bilan tutashgan nuqtalariga urgʻu berganlar, ayni shu nuqtada mohiyatni koʻrganlar. Inson oʻz qalbiga tabiat orqali boradi. Buni yapon mumtoz shoirlari oʻzlarining gʻaroyib haykularida isbotlashgan.

Ishq… Tafakkur… Tabiat… Bularning uchtasi ham muhim. Shu uch jihat birlashganda jahon sheʼriyatining mumtoz timsoli koʻrinish beradi.

 

– Ijodda ilhom degan tushuncha bor. Shoirlarning aksariyati ilhom kelmasa, yozolmayman, deyishadi. Lekin “Ilhomni kutib oʻtirish shart emas, kerak boʻlsa, uni avrab keltirish lozim”, deydigan soʻz ustalari ham yoʻq emas. Siz qanday fikrdasiz?

Kutib oʻtirsangiz, kelmaydi. Ilhom qalb mehnatini, iztirobni talab qiladi. Iztirobning ishtirokisiz qilingan har qanday ijod soxtadir. Bunday ilhomning bolasi oʻlik tugʻiladi. Ijodiy iztirob deganda zinhor koʻkrakni yerga berib, olti oylab dustaman tushib yotishni tushunmaslik kerak. Bu hol dunyoni idrok etish, mohiyatni anglashga boʻlgan intilishdir. Bu haqda avval ham yozgan edim. Buning zavqini fikrlayotgan odam yaxshi biladi. Lev Tolstoy gurunglaridan birida Chexovga aytadi-ku: “Shu damda qattiq iztirob chekkim kelayapti”, deb. Biz yuqorida qalbga yoʻl haqida gaplashdik. Qaygʻu ham qalb eshiklarini ochadi. Lorkaning “Eng qaygʻuli shodlik” iborasi shunga ishora boʻlsa kerak.

Ilhom ajoyib hodisa. Odamni balandlarga koʻtaradi. Mayda-chuydalardan ajratib oladi. Buni bobolarimiz hol deb atashgan. Lekin bu holni almoyi-jalmoyi estrada shovqin-suroniga likonglayotgan kimsaning koʻpchigan “ilhom”i bilan solishtirib boʻlmaydi.

 

Ijodingizga qaraydigan boʻlsak, chanqovuz, koʻpkari, oʻtov kabi xalqona obrazlardan unumli foydalanasiz. Bu siz tugʻilib oʻsgan joy, muhit bilan bogʻliq boʻlsa kerak…

Bundan uch yil muqaddam Janubiy Koreyada boʻlib oʻtgan xalqaro adabiyot simpoziumida qatnashdim. Simpoziumda dunyoning 26 ta davlatidan borgan adiblarning hammasi “Men tugʻilib oʻsgan qishloq” mavzusida maʼruza qilishlari kerak edi. Dastlab bu mavzu menga juda mayda, tor koʻringan edi. Keyin bilsam, ijodkorning bori shu ekan. Men Bobotogʻ oʻngirlarida, Surxondaryo sohillarida katta boʻlganman. Bobotogʻ, Oymomo desam, anjuman qatnashchilari “Togʻni bobo deyish, oyni momo deyish sizlarda qachon paydo boʻlgan? deyishdi va bu obrazli talqinlar adabiyotning ibtidosi ekanini aytishdi. Deylik, togʻni bobo timsolida koʻrish yo daryoni ona timsolida, oyni momo timsolida koʻrish murgʻak yurakda sheʼriyatning ildiz otishi, Vatanni anglashning boshlanishi emasmi? Goho meni, kun boʻyi kompyuterga osilib yotgan bolakay togʻni bobo, oyni momo, daryoni ona sifatida qabul qila olarmikin, degan oʻy qiynaydi.

Men tugʻilib oʻsgan qishloqning atrofida 60 kilometrlik koʻlamda qadimgi zurdushtiylik, buddizm, islom bilan bogʻliq yodgorliklar koʻp. Keyinroq men bir narsani angladimki, bu tarixlar qaysidir maʼnoda mening ruhimda yashab kelayapti ekan. Ajdod va avlod degani shunchaki gap emas, bu tushunchada qondan qonga oʻtib kelayotgan tafakkur va tuygʻu mujassam. Biz aziz insonlarning davomimiz.

Shuning uchun men ming yillar oldin Bolaliktepada yo Kuyovqoʻrgʻonda kezganman desam, qaysidir maʼnoda bu ham rost.

Xalq qoʻshiqlari, afsonalar, rivoyatlar, matallar, iboralar qanchalar qadrli. Chunki ularda bobolarimiz va momolarimizning ruhi va soʻzi bor. Shuning uchun oddiy ibora ham avliyo hassasining chetidan ungan kurtakday taassurot beradi.

 

Ayrim sheʼrlaringiz ostidan baxshi bobolarning mastona ovozi kelayotganday tuyuladi. Ayniqsa, “Hoyyo-huyt, hoyyo huyt”, “Ahay-aha-hay, ahay-aha-hay…”, “Hoʻoʻoʻsh-hoʻoʻoʻsh… Hoʻoʻsh…”, “Sochala sochingiz, sochala”, “Choʻjalari choʻlda qolgan boy bola…” singari xalqona aytimlar, ohanglar asosidagi sheʼrlaringizda folklor taʼsiri yaqqol seziladi…

– Xalq ogʻzaki ijodining kuchi nimada? Har qanday gʻoya dastlab informatsiya shaklida aytilgan, lekin badiiy yoʻl bilan odamlarga singdirilgan. Biz ertaklar ichida yashaganmiz. Ertaklar, afsonalar, dostonlarda xalq oʻzining ezgu gʻoyalarini badiiy yoʻl bilan ifoda qilgan. Shunday qilinsa, singdirish qulay boʻladi, degan. Aslida dinlarda ham shu. Osmon kitoblari – Qurʼon, Injil naqadar ulugʻ badiiyat bilan yoʻgʻrilgan. Xalq ogʻzaki ijodida biror bir obraz yo detalning majburlab tiqishtirilganini koʻrmaysiz. Hammasi samimiy va tabiiy. Men oʻzimni folklorimizning bilimdoni deb aytolmayman, men uning muxlisiman.

 

– Sheʼriyatda, ayniqsa, Sharq sheʼriyatida Oy obraziga murojaat qilmagan shoir yoʻq boʻlsa kerak. Sizning sheʼrlaringizda ham oy obraziga koʻp duch kelamiz. Eng qizigʻi, siz Oyning oʻzi bilan cheklanmasdan, yangi iboralar ham yasaysiz. Masalan: Oyoʻchogʻ, Oybulut, Oybotar, Oybodom va hakozo. Bu haqda oʻzingiz ham oʻylab koʻrganmisiz?

– Bundan ikki ming yil oldin ham odamlar Oyga qarab oʻyga tolganlar, Oyda oʻz qadrdoni timsolini koʻrganlar. Bundan ikki ming yil keyin ham shunday boʻladi. Oy nafaqat Ona Yerimizning yoʻldoshi, u insonning ham mangu yoʻldoshidir. Oyga qarab oʻy surib oʻtirgan odamning koʻnglida tuygʻulari uygʻonadi, u boshqacha boʻlib qoladi, muhimi, oʻziga yaqinlashadi. Hatto boʻri ham oyga qarab uvlaydi. Nega shunday? Bunda bir sir bor. Quyoshga qaraganda bunday boʻlmaydi-ku. Xurshid Davron bir gurungimizda aytgandi: “Odamzot ajdodlari oldin Oyda yashaganmikan, keyin bir sabab bilan Yerga koʻchib kelganmikan, deb oʻylab qolaman. Yoʻqsa, inson Oyni bunchalar yaxshi koʻrmasdi”. Men ham bundan toʻrt yil burun gazetaga bu haqda shunday yozgandim Qaysidir zamonlarda Oyni kimdir birinchi boʻlib “Oymomo” deb aytgan. Ana shu odam haqiqiy shoir!. Hamma gap shunda! Qanday yaxshi obraz bu! Shu obraz sabab odamlar Oyni tirik bir timsolda koʻradigan boʻlganlar va asrlar mobaynida unga sirlarini aytib kelganlar. Hatto tili chiqayotgan goʻdaklar koʻp soʻzlardan oldin “oymomo”ni aytadilar. Bu obrazning necha ming yillik yoʻlni yurib kelayotganini tasavvvur qilib koʻring. Qarangki, shunda ham u qarib qolmagan.

 

Har bitta sheʼr, avvalo, shoirning oʻziga, ichki “men”iga qaratilgan xitobi, deyish mumkin. Shu boismi, ismingiz qayd etilgan sheʼrlaringiz ham talaygina. “Oʻ, yana oʻshami… Oʻsha… Eshqobil”; “Qushdan ildiz oldim, qanotni guldan – Eshqobil emasman endi men…”; “Qaytingiz, qargʻalgan gumroh ayollar – Eshqobil yerda yoʻq…”; “Bu kecha bagʻrida yolgʻiz qolishgan – Muhabbati bilan Eshqobil Shukur”; “Che Gevara qaytdi, Robin Gud qaytdi – Eshqobil qaytmadi hamon urushdan…” – bular sheʼrlaringizdan keltirilgan ayrim misollar. Shoir oʻzini, oʻz ismini yaxshi koʻrgani uchungina sheʼrga kiritmaydi, albatta. Toʻgʻrimi?

Maktabni bitirib, universitetda oʻqib yurgan kezlarimizda Doʻrmonda boʻlgan yosh ijodkorlar seminarida qatnashganman. Oʻshanda 19 yoshda edim. Shunda baʼzi adabiyotshunoslar siz ismingizni oʻzgartirib, taxallus bilan yozsangiz boʻlar ekan, ismingiz adabiy doiralarga mos emas, deyishgan. Lekin men ismimni oʻzgartirmadim. Ota-onam shu ismni maʼqul koʻrishgan ekan, otadan oʻzib, enadan toʻzib nima qilaman, dedim. Siz keltirgan misralarga ismimni yaxshi koʻrganimdan kiritgan emasman. Oʻz-oʻzini taftish qilish, tahlil qilish jarayonlarida shunday boʻlgan boʻlsa kerak. Ijodkor oʻzi bilan oʻzi koʻproq yolgʻiz qolishi kerak. U avvalo oʻzini oʻrganishi, oʻzini taftish qilib turishi shart. Rauf aka yozgan-ku: “Oʻychan kecha tun ichra tanho, Rauf Parfi qoldik ikkovlon…”

 

Adabiyotshunoslarning maqolalarida, tahlillarida koʻpincha sizning ismingiz Abduvali Qutbiddin, Aziz Said kabi shoirlarning ismi-sharifi bilan birga sanaladi. Bunga, chamamda, oʻzlaringiz ham koʻnikib ketgan boʻlsangiz kerak. Xoʻsh, bu uch shoir ijodidagi umumiylik nimalarda koʻrinadi-yu, har birining oʻziga xos qiyofasini qaysi jihatlar belgilaydi?

Biz birga katta boʻlganmiz. Yoshligimiz birga oʻtgan. Talabalar shaharchasida hayqirib sheʼr oʻqib yurgan kezlarimizni hozir ham sogʻinib eslayman. Sheʼrdan boshqa gurungimiz ham, tashvishimiz ham yoʻq edi. Bu uch shoir ijodidagi umumiylik haqida gapirsam, biz bitta avlod vakillarimiz. Bizni ozodlik gʻoyalari birlashtirgan. Oʻtgan asrning 80-yillarida Mirzo Kenjabek bizga bagʻishlab “Avlod” degan sheʼr yozgan edi. “Shukr, siz keldingiz, gʻam yoʻq kamimdan”, deb boshlanadigan bu sheʼrda shunday satrlar bor:

 

Boqsam,

Soʻzingizda ruh oʻyinlari,

Iymon rang koʻrguzar yangilik bilan.

Oʻlim-la dovlashar qalb quyunlari,

Ajal oʻynashadi mangulik bilan.

 

Kurash bizdan boʻlsa,

Umid – xudoydan!

Kunchiqar yurtini koʻringiz ozod,

Ey, salaf ovozi yetmagan joydan

Vatan turkusini boshlagan avlod!

 

Oʻziga xos jihatlar haqida gapiradigan boʻlsam, Abduvali haqiqiy maʼnodagi original shoir, u tasavvuf sheʼriyati bilan zamonaviy sheʼriyatni sintez qilib, sheʼriyatimizga yangi yoʻnalish olib kirdi. Tasavvuf uning qonida bor. Aziz sheʼrlarida oʻziga xos obrazlar, gʻaroyib metaforalar toʻlqini bilan kirib keldi. Uning sheʼrlari oʻquvchidan jiddiy intellektual tayyorgarlikni talab etadi. Men xalq ogʻzaki ijodini tayanch tutdim.

 

Sheʼriyat tarixida simvolizim, futurizm, imajinizm, akmaizim va hakozo… izmlar oʻzaro “taxt” talashgani bizga maʼlum. Bugun, mana, modernizm, postmodernizm haqida gap boʻlyapti. Umuman, bunaqa “…izm”larga moyil va befarq boʻlgan ijodkorlar hamma davrda boʻlgan. Siz oʻz ijodingizga chetdan qararkansiz, yozganlaringiz koʻproq qaysi”… izm”ga xos deb oʻylaysiz?

 

– Men bu “izm”lar haqida oʻylab ham koʻrmaganman. Men uchun muhimi – “Insonizm” degan oqim. Adabiyot inson tuygʻularini oʻrganadi va ularni tasvirlaydi. Bir narsa aniq, insonning tuygʻulari bilan hazillashib boʻlmaydi, chunki ular odamni xudo bilan bogʻlaydi. “Chin yurakdan” degan iborani “rost tuygʻular bilan” desa ham boʻladi. Toʻgʻri, yuqorida siz sanab oʻtgan “izm”larga taalluqli boʻlgan zoʻr shoirlar bor. Lekin men “izm”larni emas, shoir va sheʼrni koʻrishni istayman. Tagor aytgan: “Men shunday moʻjizamanki, har kuni bu moʻjizaga qarab hayratlanaman”. Mana bu boshqa gap! Adabiyot bu moʻjizaning mohiyatini anglashga xizmat qilib keladi.

 

Sheʼr, undagi obraz koʻp qirrali olmosga oʻxshaydi. Har bir tovlanishida u yangi jilosini namoyon qiladi. Bitta sheʼrni oʻnta odam oʻn xil tushunishining sababi ham shunda. Shunday boʻlsa ham, baʼzi misralarni oʻqirkanmiz, muallifning izohini eshitgimiz keladi. Masalan, sizning “Qadimgi bitiktoshlarga yozuvlar” turkumingizdagi toʻrtinchi sheʼr “Bitiktoshlar homilasi” deb ataladi va unda “Ogʻiroyoq toshlarning homilasi – shoirlar…” degan misra bor. Balki, bu misrani tushuntirib bering, deyishimiz nooʻrindir, lekin shunday boʻlsa ham, izoh bersangiz mamnun boʻlardik…

– Sheʼrni tushuntirish qiyin. Shuning uchun ham, sheʼrni tushuntirish uni oʻldirish bilan barobar, degan gap bor. Sheʼr his etiladi. Sheʼr fikrdan ham avval tuygʻu bilan anglanadi. Uning eng muhim siri ham shunda. Deylik, hozir bir atirgulga qarab turibsiz, uni qanday tushuntirish mumkin. Atirgulning goʻzalligi his etiladi. “Ogʻiroyoq toshlarning homilasi – shoirlar” misrasiga kelsak, shoirlar qaysidir maʼnoda mingyilliklar farzandi, ular oʻz ruhlarida mingyilliklar ruhini va ovozini jamlaydilar.

Sheʼrda obraz juda muhim. Toʻgʻri aytdingiz, obraz koʻp qirrali olmosga oʻxshaydi. Har kim har xil qirrasini koʻradi. Gyotening mashhur gapi bor: Ayolni birinchi marta gulga oʻxshatgan shoir haqiqiy shoirdir, ikkinchi marta gulga oʻxshatgani esa oddiy mahmadanadir.

 

“Sheʼriyatda ijtimoiylik” degan masalada turli qarashlar bor. Ayrimlar: “Sheʼr – koʻngil ishi, unga ijtimoy masalalarni yuklash notoʻgʻri”, desa, boshqa birovlar: “Shoir oʻz davrining farzandi, shunday ekan, uning ijodida ijtimoiy masalalar albatta badiiy talqin etilishi shart”, deyishadi. Bu haqda siz nima deysiz?

Azalda Xudo bilan Shayton oʻrtasida inson qalbi uchun qanday kurash ketgan boʻlsa, hozirda inson qalbi uchun mafkuralar oʻrtasida undan ham qattiqroq urushlar ketayapti. Bir paytlar yangragan “Sharqni egalla” (“Vladivostok”), “Dunyoni egalla” (“Vladimir”) kabi chaqiriqlar endi “Insonni egalla” shaklida paydo boʻldi. Buning uchun dunyodagi ahli fitnalar nimalar qilishmayapti. Toʻgʻri, sheʼr “koʻngil ishi”, lekin shoir har qanday ijtimoiy hodisaga koʻngil bilan yondashadi, koʻnglining ishi deb qaraydi. Menimcha, koʻngil ham ruhoniy, ham ijtimoiy hodisa. Insonga qarshi, vijdonga qarshi har qanday fitnaga shoir koʻnglining javobi muqarrar boʻlishi kerak.

Har bir odamning ichida xudoning vakili bor. Ana shu vakil odamni xavf-xatarlardan, fitnalardan ogoh etadi, saqlaydi ham. Haqiqiy adabiyot bizni ana shu vakil sari yaqinlashtiradi, u bilan suhbat va muloqotga oʻrgatadi. Gap shundaki, har birimiz xudodan nimani xohlayotganimizni aytib, har kuni unga yuz martalab tavallo qilamiz, lekin Uning bizdan nimani xohlayotgani haqida oʻylab koʻrmaymiz. Odam uchun eng zavqli mashgʻulot oʻz qalbini tozalab borishdir. Shuning uchun ham, “Soʻnggi pushaymon – oʻzingga dushman” degan iborani nisbiy maʼnoda tushunish kerak. Masalaning ikkinchi jihati ham bor: pushaymonlik hissi qalbni davolaydi. Pushaymonlik – vijdondan belgidir.

 

Soʻnggi yillarda sizning ona tilimiz sandigʻidan olingan betakror iboralar, soʻzlarning ildizini aniqlash, asl va koʻchma maʼnolarini qiyoslash borasida qilayotgan ishlaringizdan voqifmiz. Bu katta izlanishni talab etadigan, zahmatli ish. Izlanishlaringiz samarasi adabiy jamoatchilikka maʼlum. Lekin bizni boshqa narsa qiziqtiradi: til sohasidagi bu izlanishlar shoir Eshqobil Shukurga nima berdi?

Yillarni yashab oʻtganing sayin bir narsaga amin boʻlar ekansan. Ona Tilingning qanchalar aziz va muqaddas ekanini anglab borar ekansan. Umr boʻyi u sen bilan birga, fikrlaringda, tuygʻularingda, mehru muhabbatingda, xullas, seni odam sifatida tutib turgan hamma ustunlarga tayanch ekanini ilgʻar ekansan. Qoʻlingdan kelsa, shu aziz ona uchun nimadir qilishing kerak.

 

Olamni hijjalab oʻrgatgan sensan,

Dillarga tuygʻular olib kirgan Sen.

Butun bir millatning manglayin silab,

Mangu Ona kabi kulib turgan Sen.

 

Osmonlar, olamlar, toshlar, giyohlar…

Neki bor azal va abad yoʻlida.

Neki bor soʻylagan menga, muqarrar,

Sirlarini faqat oʻzbek tilida…

 

Nodir Jonuzoq

suhbatlashdi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 10-sonidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/eng-zavqli-mashgulot-qalbingni-tozalash/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x