Dovdirlar nimaga kerak?

Oʻtkir Hoshimov asarlarini sinchiklab oʻqigan kitobxon telbanamo, esi kirdi-chiqdiroq yoki shunchaki “tuproqdan tashqari” shaxslar tez-tez uchrab turishini kuzatadi. Tanqidchilik bunga unchalik eʼtibor bermagan. Chindan ham bunaqangi “dumbul-tentak”larni asarga kiritishdan maqsad nima?

“Dunyoning ishlari”da “Mahallaning shayxi” degan bob bor. Mahallada hech kim uning otini bilmaydi. Hamma “Shayx” deb chaqiradi. Shayx bolaligida varrak uchiraman deb tomdan yiqilib tushgan. Hoji buvi uning yorilgan boshiga kigiz kuydirib bosganda bola yigʻlamagan. Qaytaga kuli-i-i-b yotavergan. Oʻshandan beri uning yigʻlaganini hech kim koʻrmagan. Nuqul iljayadi. Asosiy yumushi mahalladagi toʻy va maʼrakalarda samovar qoʻyish. Tilining uchi ogʻziga sigʻmay, doim chiqib turadi, “z” deyolmaydi, “dz” deydi. Hamma uni xohlagancha ermak qiladi. U esa xafa boʻlish nimaligini bilmaydi… Xullas, telba bir kimsa. Faqat asar bosh qahramoni Ona u bilan soatlab gaplashib oʻtiradi. Muallif “Onam bu devona bilan nimani gaplashishiga aqlim yetmaydi”, deb shunchaki qistirib oʻtadi…

Aslida Shayxning ham koʻnglida oʻziga yarasha dardu alamlar bor. U ham boshqalar qatori mehrga muhtoj.

“Onamning yigirmasi boʻlayotgan edi. Gʻira-shira tong otayotganida eshikdan lapanglab Shayx kirib keldi.

– Iya, ana, Shayx kelib qoldi! – dedi allakim tantana bilan. – Qani, samovarga oʻzing qaray qol!

Ammo Shayx hovli burchagida turgan samovarlar tomon yurmadi. Hech kimga qaramay bir hatlab ayvon zinasidan chiqdi-da, oyimning xonasiga yoʻnaldi. Ayollardan biri uning yoʻlini toʻsdi:

– Hoy, Shayx oʻlgur, qayoqqa? U yerda qariyalar oʻtiradi.

– Qoch, – dedi Shayx koʻzini olaytirib. Keyin onamning xonasiga kirdi-yu, toʻsatdan oʻzini yerga otdi.

– Oyi? – dedi xirillab. – Oyi!

Yoqasiga chang solib bir tortgan edi, koʻylagi shir etib yirtildi-da, qop-qora, baquvvat yelkalari titragancha ogʻzidan koʻpik sachratib hayqirdi:

– Oyi! Oyi!

U har “Oyi” deganida boshini yerga urar, yerni mushtlar edi.

Birpasda peshonasi momataloq boʻlib ketdi.

– Oyi! Qayoqqa ketdiyz, oyi!” (Oʻtkir Hoshimov “Saylanma”. Ikki jildlik. Birinchi jild. “Nurli dunyo”, 31-32–betlar)

Bu manzarani oʻqigan kitobxon larzaga tushmasligi mumkin emas. Negaki, u telbanamo Shayxning iztiroblari naqadar samimiy ekanini his etadi.

Qolaversa, hamma kamsitib kelgan bu odamga Ona inson deb qaraganini, unga mehr berganini anglaydi. Shu asnoda asarning bosh qahramoni Ona maʼnaviy jihatdan naqadar boy inson boʻlganini his qiladi. Albatta, muallif bu gaplarni aytib oʻtirmaydi. Tagmaʼnoni kitobxonning oʻzi topib oladi…

“Ikki karra ikki – besh” hajviy qissasida esa dala-dumbul Qoʻshoqboy – asarning bosh qahramoni. Qissada sovet zamonida avj olgan yolgʻon-yashiqlar, havoyi “qahramonlik”lar fosh etilgan. Qoʻshoqboy kim nima desa, laqqa tushadi. Hammaga ishonadi… Obkom bova, Raykom bova, Jovli Mengliyevich singari haromxoʻrlar Qoʻshoqboydan “qahramon” yasaydilar. Negaki, u turfa xil “oʻyin”larni tushunmaydi. “Katta”lar nima buyursa, quloq qoqmay bajaradi. Shunga qaramay, Qoʻshoqboy butun asar davomida oʻzidan gʻalati bir nur taratib turganga oʻxshaydi. Negaki, uning sofdil inson ekanini oʻquvchi his etadi. Asardagi “Arpatexnika” qoidalari” bobini eslang. Markazdan kelgan radio muxbiri “oq oltin” ijodkorlari fidokorona mehnatdan soʻng miriqib tushlik qilib, gazeta-jurnal oʻqiyotganini, baʼzilari soya-salqin dala shiyponida rangli televizor tomosha qilayotganini aytadi. Holbuki, dala shiyponi degani derazasi singan hujra, yirtiq sholcha. Soya-salqin maskan degani esa saraton oftobida hansirab yotgan paxtazor… Shu tariqa “paxtazor lochini, qahramon brigadir” Qoʻshoqboy bilan suhbat boshlanadi. Qoʻshoqboy mikrofonni yorib yuborgudek boʻlib, avvaldan oʻziga oʻrgatib qoʻyilgan gaplarni takrorlaydi.

“Muxbir aka, – dedim tantanali ohangda, – plan – qonun, majburiyat – vijdon, degan gap bor. Biz qancha majburiyat boʻlsa, bajaraveramiz!

Muxbir mikrofonga egildi.

– Qoʻshoqjon, – dedi menga emas, mikrofonga qarab. – Xalqimizda ajoyib hikmatli gap bor. Daromadga yarasha buromad deganlar. Ayting-chi, brigada aʼzolarining daromadi qanday? Shu jumladan oʻzingizning ham?

– Daromadning mazasi yoʻq, – dedim xoʻrsinib. – Yaqinda singlimni uzataman deb dadamning beli chiqib ketdi. Shahar joyda qanaqa bilmadim-u, bizning udumimizda qiz uzatgan ota-ona aqalli toʻqqizta koʻrpa qilishi kerak. Dadam shoʻrlik toʻqqizta koʻrpaga chit izlab Toshkentgacha borib kelsa deng! Hayronman, muxbir aka, paxta planini qancha oshirib bajarsak, chit, satin, sochiq degan matahlar shuncha kamayib ketyapti.

…– Stop! Jon uka! – Muxbir astoydil yalinishga tushdi.

– Baraka topgur, ukajon, yutuqlardan gapir! Kolxozdan gapir!..

– Xullas, – dedim oʻylanib. – Xoʻjaligimizning dono rahbari Toshmamat Alimov boshchiligida yil sayin hosildorlikni oshirib bajaryapmiz…

– Oʻrtoq Salimov, – dedi muxbir mikrofonga engashib. – Gazetalarda Sizni usta paxtakor, hatto egat orasida tugʻilgan bola deb yozishgan. Aytingchi…

– Yolgʻon, – dedim baqirib. – Soʻradim. Enam meni kahraton qishda, sandal chetida tuqqan ekan!” (Oʻtkir Hoshimov. “Ikki karra ikki – besh”. Qissa va hikoyalar. 1987 yil. 108-109-betlar).

Shu tariqa Qoʻshoqboy oʻsha kezlari odat tusiga kirgan koʻzboʻyamachilikni fosh qilib qoʻyadi. Ataylab emas, azbaroyi soddaligi, vijdoni tozaligi uchun. U shu qadar goʻlki, bir hovuch olchoqlar harchand harom ishlar qilmasin, “katta”larning ishiga aralashishni gunoh sanab, buyurilgan yumushlarni bajarib yuraveradi. Biroq Rais bova oʻzi yoʻldan urgan nevarasi tengi qiz – Nargizani “otalik qilib” unga uzatganida, “suyunchisiga pat-pat” (mototsikl) sovgʻa qilganida birdan hushi joyiga kelgandek boʻladi. Uning isyoni ham oʻziga xos. Birovga shikoyat qilmaydi, katta idoralarga yugurmaydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri Rais bovani pichoqlab oʻldirishga chogʻlanadi. Biroq u hatto “eng razil kimsaning ham qonini toʻkadigan” qotil emas. Soʻnggi lahzada Rais bova hadya etgan “pat-pat”ni bir tepib, egasining yoniga gʻildiratib yuboradi. Rais bovaning basharasiga tupurish bilan cheklanadi. Shu harakatning oʻzi ham uning boshiga yangi balolar yogʻdiradi.

Kitobxon bu dumbul yigitning sodda iztiroblariga beixtiyor sherik boʻladi. Bu asarda ham yozuvchi aytmagan, biroq kitobxonning oʻzi ilgʻab oladigan yashirin maʼnolar bor. Adib oʻsha paytdagi hayot mantiqi havoyi qahramonlikka moyil edi, deb ishora qilayotgandek boʻladi. Bundan tashqari, odamlarimizdagi loqaydlik balosi qanday fojialarga olib kelishi mumkinligini taʼkidlayotganga oʻxshaydi. Qoʻshoqboy to oʻzining boshi “taq” etib devorga urilmaguncha koʻzi ochilmay yuraveradi. Oxir-oqibat buni oʻzi ham tushunib, eʼtirof etadi.

Nihoyat, asarda bizningcha, tagʻin bir tagmaʼno bor. Ehtimol, Qoʻshoqboy boshqalarning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlishga ham, mehnatni oʻzi qilib, rohatini oʻzgalar koʻrishiga ham, boringki, ochin-toʻqin turmush kechirishga ham chidab yuraverishi mumkin edi. Ammo yigitning gʻururi, erkaklik nomusi toptalganiga chidayolmaydi. Shu boisdan ham Rais bova hadya etgan “pat-pat”dan hazar qiladi. Xotinini urmaydi, soʻkmaydi, uning holiga ham achinadi, biroq Nargiza bilan yashay olmaydi… Telbami, dovdirmi, unda oriyat bor. Oʻzbek yigitining oriyati! Xullas, kitobxon sodda, doʻlvar bu yigitni beixtiyor yaxshi koʻrib qoladi.

“Qatagʻon” tragediyasi oʻz nomi bilan fojia. Saksoninchi yillarda markaz zugʻumi bilan Oʻzbekiston boshiga tushgan cheksiz kulfatlarni fosh etuvchi jiddiy asar. Shunday fojianing ilk sahnasida Loʻli timsolining paydo boʻlishi, bir qadar almoyi-aljoyi gaplar aytishi daʼfatan tomoshabinni hayron qoldirishi mumkin. Narisi besh-olti daqiqa davom etadigan bu sahna nima uchun kerak boʻlib qoldi? Hanifaning eri Panji Jumanov quruq tuhmat bilan qamoqqa tiqilgan. Hanifa… bir etak bola bilan mushkul ahvolda qolgan. Loʻlini fol ochirishga chaqirgan (hayotda bunaqasi boʻlib turadi). Lekin hurjun koʻtargan folbin qayoqdayu Oʻzbekistonga “tartib oʻrnatish” uchun kelgan “adolatpesha” Myasnikov (tagmaʼnosi Qassabov), uning yugurdagi – mahaliy huquqshunos Berdiyev (tagmaʼnosi “u yoqdan” beriladigan “unvonlar” uchun oʻz xeshlarining qoʻliga kishan solib beradigan) qayoqda?

Tabiiy – Loʻlining javrashlari Myasnikovga ham, Berdiyevga ham malol keladi.

Myasnikov Berdiyevga, Loʻlini haydab yubor, deb imo qiladi.

“Berdiyev (Loʻliga): – Boʻldi-da endi, qisqa qiling!

Loʻli (davom etib): – Shu xonadonda qoʻsha-qoʻsha toʻylar boʻlsun! Yomonlarning niyati oʻziga yoʻldosh boʻlsun! Kun koʻrsun, roʻshnolik koʻrmasun!

Berdiyev: – E, boʻldi, deyapman! Seni kim chaqirdi oʻzi?

Loʻli: – Omin, Ollohu akbar! (Berdiyevga) Hay, menga qara, bacha! Sen kim oʻze? Nega duoni beliga tepasan? San duodanam ulugʻme? Mani kelin bacha chaqirgan. Man fol ochgoni kelgo-o-on!

Myasnikov: – Nima deb aljirayapti?

Berdiyev: – Meni chaqirishgan, deydi. Fol ochaman deydimi-yey. (Loʻliga) Boʻpti, yoʻlingdan qolma!

Loʻli: – Man keta-a-ay? Qayoqqa ketaman? San ket!

Berdiyev: – Yoʻqol deyman! (Loʻlining toʻrvasiga chang soladi).

Myasnikov: – Fol ocharkanmi? (Barmogʻini ilgak qilib, Loʻliga “beri kel” deb imo qiladi. Kaftini ochadi).

Berdiyev (hayratlanib): – Mixail Vasilyevich…

Loʻli (Hassasini doʻqillatib Myasnikovning oldiga boradi): – Ochayme? Fol ochayme? (Uning koʻziga uzoq tikilib) Sani koʻzing xunuk. (Qoʻliga qarab). Qoʻlingdan qon hidi kelopte!

Myasnikov (Berdiyevga): – Nima deydi?

Berdiyev (Myasnikovga): – Yomon gap aytyapti, Mixail Vasilyevich! (Loʻliga yopishadi). Qani, tuyogʻingni shiqillat!

Loʻli: – Tegma mango! Tegma deyman! Saniyam qoʻlingdan qon hidi kelopte.

Oshxonadan choynak-piyola koʻtarib, Hanifa chiqadi.

Hanifa. – Voy! Voy, oʻlmasam! (Berdiyevga) Nega haydaysiz bechorani?

Berdiyev. – Yoʻqol! (Loʻlining toʻrvasini uloqtiradi.)

Loʻli: – Tegma toʻrvamga, tegma! (Hanifaga.) Uyingda amal bo-o-or, kelin bacha, uyingda amal bo-o-or! San bularni nega kirgizding uyingga! Bular yamon odam! Niyate yamo-o-on!” (“Sharq yulduzi” jurnali, 1999 yil, 2-son. 46-bet).

Dramaturgiyaning yozilmagan qoidasiga koʻra sahnada miltiq koʻrindimi, u albatta, otilishi shart. “Qatagʻon”da esa Loʻli asar voqealarining keyingi rivojida biron marta ishtirok etmaydi, biroq bu “oʻtkinchi” timsol asarga bejiz kiritilmagan. Loʻli asar boshida Myasnikov bilan Berdiyevga “Sanlarning qoʻlingdan qon hidi kelopte!” degandayoq tomoshabinni yaqin orada roʻy beradigan fojialardan ogoh qilgandek boʻladi. Buni qarangki, Loʻlining chirqillagani bejiz emas ekan. Bu haqiqat fojianing soʻnggi daqiqalarida ayon boʻladi. Dunyodagi “eng adolatli”, “eng insonparvar” jamiyat hisoblanmish sovetlarning “adolat posbonlari” Panji Jumanovning aybini isbotlay olmagach, xotini Hanifani hibsga oladilar. Goʻyo Hanifa narkobiznes bilan shugʻullangan emish. Uning hojatxonasidan Berdiyev nasha topibdi… Shundagina tomoshabin Loʻlining asar boshida aytgan nolasini eslaydi. Hanifaning uyidagi oʻsha mudhish “amal”ni – nashani Myasnikov qoʻyib ketgan. Sahnada bir lahza koʻrinadigan “oʻtkinchi” timsol – Loʻli xotin asar soʻngida favqulodda jiddiy mazmun kasb etadi.

Oʻtkir Hoshimov ijodida “Ikki eshik orasi” romani, shubhasiz, katta oʻrin egallaydi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov kabi yetuk olimlar bu asarga yuksak baho bergani bejiz emas. Nisbatan qisqa muddatda roman yetti marta uch yuz mingdan ortiq nusxada chop etildi, maktab va oliy oʻquv yurtlarining darsliklariga kiritildi. Romanda bir-biriga oʻxshamaydigan oʻnlab inson qismati tasvirlangan. Ularning koʻpi fojiaga toʻliq shaxslar. Qizigʻi shundaki, bu yirik polotnoda ham dumbul-tentak ayol – Parcha bor. Muallif Parchaning portretini chizib oʻtirmaydi. Bir oʻrinda kichkintoy Muzaffar tilidan bunday deydi: “Parcha xolani yomon koʻraman. Parcha xola devdek xotin. Moʻyloviyam bor. Nuqul shoʻrvangning suyagini manga ber, man tozalab beray, deydi. Suyagimni bermay desam, qoʻrqaman, oʻzimni yeb qoʻyadi”. Bu yosh bolaning sodda tasavvuri. Tagʻin bir joyda Parcha “mangayam sallasi katta er ato etarmikan”, deb “hoʻ-hoʻlab” kuladi. Roman qahramonlaridan biri Robiya tilidan “qachonlardir Parchani erga berishgani, kuyov chimildiqqa kirib, Parchaning yuzini ochishi bilan dod solib qochib qolgani, oʻsha-oʻsha bu yurtlarga qadam bosmay ketgani” xabar qilinadi… Yana bir oʻrinda esa Parcha: “Rost etasiz, opa, mani qorongʻida koʻrsa, katta odamam qoʻrqadi-ku”, deb eʼtirof etadi…

Xullas, Parcha “anaqaroq” xotin. U roman davomida muntazam koʻrinavermaydi. Biroq har koʻringanida kitobxonning esida qoladigan biron gap aytadi yoki biron ish qiladi.

Urush tinkasini quritgan odamlar och-yalangʻoch… “Qora xat”ning keti uzilmaydi… Asablar tarang…

Shunday ogʻir kunlarning birida zax va sovuq omborda piyoz saralab oʻtirishganida Bashor opa maʼyus xotinlarning kayfiyatini oz boʻlsa-da, koʻtarish uchun Parchani erga berish masalasida gap qoʻzgʻaydi.

“ – Unaqa boʻlsa, Zakunchiga aytaman, ertaga sovchi yuboradi.

– Kim? – dedi Parcha baqrayib.

– Kolxozda nechta Zakunchi bor?! – Bashor opa, shuniyam bilmaysanmi, degandek chimirilib qaradi. – Raisni aytaman! Umar zakunchini!

– E, uyam boʻmaydi! – Parcha piyoz dumini shaxt bilan yulib chetga otdi. – Qoʻrqaman, koʻzi yomon!

Bashor opa astoydil jahli chiqqandek xitob qildi:

– Voy, koʻnglingizning koʻchasidan oʻrgildim! Shundoq raisga oberaman desam, siz noz qilasizmi?

Ajab, hech arazlamaydigan Parcha opa birdan toʻrsayib oldi.

– Kerakmas! – dedi yigʻlamsirab. – Koʻzi yomon!” (Oʻtkir Hoshimov. “Saylanma”. Ikki jildlik. Ikkinchi jild. “Umr savdosi”, 159-bet).

Bu gapidan dovdir ayolning qalbi naqadar sezgirligi, qolaversa, boshqalar Umar zakunchining nomini eshitganida qaltirib tursa, Parcha koʻnglidagini dangal aytishdan toymasligi koʻrinadi. Umuman, Parcha hamma yerda oʻzi bilmagan holda haqiqatni aytib, razolatni fosh qilib qoʻyadi. Dalada ish qizigan, allaqancha xotin-xalaj tushlik qilib oʻgirganda Parcha Raʼnoga qarab turadi-da, beixtiyor xitob qiladi: “Vuy, Raʼnoxonni ochilib ketganini qarayla! Eri urushda yurgan xotingayam oʻxshamilla-ya!” Sodda-doʻlvorlik bilan aytilgan bu gapdan Raʼnoning ichidan qirindi oʻtib ketgandek boʻladi. Rais esa uni “provokatsiya qilish”da ayblaydi.

“Provakatsiya qilish” u yoqda tursin, bu soʻzni aytishga ham til kelishmaydigan dovdir Parcha hayron. Raʼno bilan Raisning jirillashida esa gap bor. Oʻzlarining siri fosh boʻlishidan qoʻrqadi. Parcha, aslida, yomon niyatda emas, koʻngliga kelganini aytdi-qoʻydi! Nima qipti shu bilan? Qizigʻi shunaki, keyinroq Umar zakunchi Parchadan oʻchini oladi. Zolim rais shu telbanamo mushtipar ayolni qamchi bilan ayovsiz savalayotib, oʻzi “tillaxona”ga yiqiladi, boshdan-oyoq najasga belanadi. Bu manzarani oʻqigan kitobxon ruhida qandaydir ichki mamnuniyat paydo boʻladi, dovdir Parcha “dono” Raisdan koʻra tozaroq ekanini his etadi. Yana bir oʻrinda Raʼno allaqachon oʻlib ketgan, deb yurgan oʻgʻli Muzaffar tirik ekanini boshqalardan emas, aynan Parchadan eshitadi… Kitobxon uni mana shu sodda-doʻlvorligi uchun yoqtirib qoladi…

Shunday qilib, birinchi savolimizga qaytaylik. Oʻtkir Hoshimov asarlariga bunday “telba-teskari” kimsa nega kiritilgan? Bizningcha, muallif ularni shunchaki asarni “boyitish” uchun emas, hayot voqeligini chuqurroq aks ettirishi uchun roman va qissalariga olib kirgan. Bunaqa devonai haqgoʻylar hayotda bor va asarlarda ham boʻlishi lozim. Darvoqe, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida adibning oʻzi bu savolga aniq javob bergan: “Hech oʻylab koʻrganmisiz? Nima uchun eng teran falsafiy asarda koʻpincha telba qatnashadi? Nima uchun eng jiddiy asarda masxaraboz oʻralashib yuradi? Faylasufning yetti uxlab tushiga kirmagan dono fikrini telba bilmaydi, deb oʻylaysizmi? Dunyoning ustuniman, deb yurgan azamatlar oʻylashga ham qoʻrqadigan haqiqatni masxaraboz aytmaydi, deb oʻylaysizmi?”

Demak, Oʻtkir Hoshimov “Dovdirlar kimga kerak?” degan savolga avvaldan javob topib qoʻygan va oʻz asarlarida “telbalar”ning “donolar”dan koʻra anchayin donoroq ekanini tasvirlashga muvaffaq boʻlgan.

 

Oʻlmasxon HOSHIMOVA,

2003 yil

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dovdirlar-nimaga-kerak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x