“… Dardinggʻa Navoiy holin istishhod bil”

Navoiyning oshiqona, orifona, rindona deya, nisbiy jihatdan tasnif etilgan lirikasida sof maʼnodagi ilmiy-maʼrifiy yoki taʼlimiy-irfoniy asarlar ham mavjud. Bunga uning gʻazallaridan va kichik lirik janrlardagi asarlaridan koʻplab misollar keltirish mumkin. Hazratning ushbu tarzdagi asarlarida maʼrifat tushunchasi izchil mazmun-mohiyatga ega boʻlgan holda, baʼzan tadrijli tarzda bayon etiladi.

Bizni chuqur mushohadaga chorlagan bir gʻazalda shoir haqiqat asroridan soʻz yuritar ekan, majoziy maʼnoda qoʻllaniladigan may, maʼshuqa, soqiy kabi badiiy timsollarga murojaat etmaydi. “Gʻaroyib us-sigʻar” devoniga kiritilgan mazkur gʻazalda hayot haqiqatini izlovchi, istovchi bilan (koʻngul, solik, doʻst, piri dayr) maʼrifiy suhbat quriladi. Gʻazal chuqur mushohadaviy, irfon asrori saboqlaridan iborat.

 

Ey koʻngul, yer-koʻk asosin asru bebunyod bil,

Ul kesakni suda koʻr, bu sahfani barbod bil.

 

“Ul kesak” – yer kurrasi, “bu sahfa” – koʻk, osmon. Demak, baʼzan abadiyga oʻxshab koʻringan hayot nihoyatda omonat, suvda erib, yoʻq boʻlib ketadigan kesakdan ham, yigʻib olinib, gʻijimlab tashlanadigan qogʻozdan ham xor, subutsiz ekan.

Gʻazalda oʻz davri ijtimoiy masalalariga, muammolariga munosabat toʻgʻridan-toʻgʻri bayon etilmaganligi bois, uni sof irfoniy mazmunga ega, dedik. Ammo, islom shariati va tasavvuf taʼlimoti shoir yashagan davrning yetakchi mafkurasi boʻlganligi ayon-ku. Shunday ekan, jamiyatning eng chuqur fikrlovchi aʼzolari – soʻfiylar tarbiyasiga kirishgan shoir, avvalo, oʻz ilmi, ijodi va pirlik faoliyati bilan jamiyat pokligi va barqarorligi uchun xizmat qiladi. Ushbu gʻazalida Navoiy pir sifatida namoyon boʻladi.

Navoiyning oʻz davri ijtimoiy hayoti masalalariga soʻfiyona nigoh bilan qay tariqa munosabat bildirganligi diqqatga sazovor. Maʼlumki, shoir ilmiy va badiiy ijodida, davlat arbobi sifatidagi ijtimoiy faoliyatida islom sarchashmalari boʻlmish Qurʼoni karim va Hadisi shariflardagi umumbashariy ilgʻor gʻoyalarga tayanadi, tasavvuf nazariyasi, uning ilmiy-gʻoyaviy asosi boʻlmish vujuduyun taʼlimotini chuqur oʻrganadi va targʻib etadi. Uning falsafiy-badiiy tafakkuri taraqqiyoti islom maʼnaviyatini keng idrok qilish va uni oʻz ijodiy hamda ijtimoiy faoliyatida targʻib etish gʻoyalari bilan bevosita bogʻliqdir.

Gʻazalning dastlabki uch baytida shoir kalom olimi sifatida namoyon boʻladi. U Qurʼoni karim oyatlariga asoslanib yer qiyomat kunida titroqqa tushib, tekis yoyilib qolishi, togʻlar maydalanib ketishi, osmon yer ustidan sidirib olinib, gʻijimlanishi hodisalariga ishora qiladi. Albatta, inson jismi ham xuddi shunday bebaqo:

 

Jism uyi chunkim, erur foniy, tafovut yoʻq ani

Gar fano saylobidin vayronu gar obod bil.

 

Jism uyini yoʻqlik seli vayron qilsa ham, obod qilsa ham farq yoʻq. Toʻrt unsur – havo, suv, tuproq, olovdan yaratilgan vujud oʻzidagi nafs yukidan qutulmas ekan, hatto, toʻrt ilohiy kitob – Tavrot, Zabur, Injil, Qurʼoni karimni yod bilsa ham hech qanday foyda koʻrmaydi:

 

Toʻrt unsur qaydidin to chiqmagaysen, nafʼ emas,

Osmoniy toʻrt daftarni tutaykim yod bil.

 

Gʻazalning bundan keyingi baytlarida, Navoiyni, endi, tasavvuf olimi sifatida koʻramiz.

Lirik qahramon navbatdagi baytda soʻfiyona mushohadaga berilib, tangri taoloni taʼrifu vasf bilan idrok etmoqchi boʻladi. Ammo, buning ham imkoni yoʻq. Oddiy koʻz bilan quyosh sinoatini koʻrib boʻlmaganidek, oddiy til yaratguchi sifatlarini munosib tarzda vasf etishdan ojiz:

 

Eyki debsan, haqni ne taʼrifu vasf ila bilay,

Vasfdin mustagʻniyu, taʼrifdin ozod bil.

 

Dunyo neʼmatlariga mayl etmaydigan pokiza xilqatlar – farishtalarning ruhiy ozigʻi tangri taolo zikridir. Haq yoʻliga qadam qoʻygan el poklar safiga qoʻshilmoq uchun xuddi shunday oziqqa ragʻbat etmogʻi darkor:

 

Tengri zikrikim, maloyikka gʻizoi ruh erur,

Bu gʻizoni haq yoʻligʻa kirgan elga zod bil.

 

Har qanday tariqat tarbiyasining asoslaridan biri zikrdir. Tariqatlarni bir-biridan farqlovchi unsur ham zikr. Pir eʼtiqodiga koʻra dil pokizaligi zikr bilandir. Zikr – botin sabogʻi boʻlib, zohiriy saboqlardan koʻra muhimroqdir. Zikr mevasi esa maʼrifatdir. “Maʼrifat lazzati dilda boʻladi, – deyiladi Shayx Muhyiddin Urgutiyning “Maktubot”idan joy olgan bir maktubda. – Maʼrifat lazzati hamma lazzatlardan yaxshiroq va xushroqdir. Maʼrifat samarasi esa muhabbatdir”. (Shayx Muhyiddin Urgutiy. Maktubot. Toshkent. Movarounnahr nashriyoti. 2006 yil, 73-bet).

 

Gar habibim qilsa izhori kalom, ey piri dayr,

Isoyi Maryamni ul dam gungi modarzod bil.

 

Fard boʻlmoq – nafs yukidan, oʻzligidan ajralmoq demak. Nafs ketgach, ruh qoladi. “Bilsinlarkim, – deydi yana Shayx Muhyiddin Urgutiy oʻsha “Maktubot”ida, – ilm ruhning taʼsiridan hosil boʻladi. Ammo, haq subhonahu va taolo oinaday pok qalbga nazar qiladi”. (79-bet). Haq taolo yuzi zuhur etgan qalb esa chin oshiq qalbidir:

 

Mantiqi ishq ichra oshiqni tasavvur ayla navʼ,

Fard boʻlganlarni bu yoʻlda anga afrod bil.

May koʻhanpiri – tavhid asroridan solikni ogoh etguvchi piri tariqat, murshid. U solikni bu dunyoda el oyogʻi ostida tuproq kabi yastanib yotishidan avliyoulloh darajasiga yetib olguniga qadar tarbiyalab, soʻngra ruxsatnoma beradi:

 

El oyogʻigʻa tushardin boshqa chiqmoq ramini

May koʻhanpiridin ushbu dayr aro irshod bil.

 

Ey suluk ahli, qachon maqsud topqumdir desang,

Mosivallohni fano koʻrgan kuni miyʼod bil.

 

Xudodan boshqa barcha borliq yoʻq boʻlib ketgan muddatda solik maqsadiga yetadi, yaʼni, vahdat hosil boʻladi. U vujudan haq vujudida singib ketadi. Ammo, solik ilm istovchi emasmi, tavhid asrorini idrok etishga intiladi:

 

Eyki debsenkim, bilay tavhid sirin xabar,

Sharʼdin nekim tajovuz ayladi ilhod bil.

 

Tavhid masalasida shoirning dunyoqarashi qanday? Tasavvuf taʼlimotining nazariy masalalaridan boʻlmish “tavhid” tushunchasi Navoiy sheʼriyatida ancha chuqur ifodasini topgan…

Gʻazal maqtaʼsida shoir oʻzining kamolot yoʻlida hamon yoʻlchi ekanligini taʼkidlaydi. Unga koʻra, “ey dunyo va jannatdan kechib yagona behamto doʻst vaslini topa olmagan tolib, bu dardingga bir dalil, isbot keltirmoqchi boʻlsang, Navoiy holiga boq, u tasdiqlab beradi”.

 

Doʻst vaslin topmagʻan dunyovu uqbodin kechib,

Ushbu dardinggʻa Navoiy holin istishhod bil.

 

Bu gʻazal “yoshlik davri sheʼriyati” deb nomlangan devondan oʻrin olgan boʻlsa-da, aslida, shoirning oʻrta yoshlik davri ijodi mahsulidir. Chunki, Navoiy gʻazallarida maʼrifiy mavzu shoir hayotining turli davrlarida oʻsha davr mazmuni bilan hamohang ravishda namoyon boʻladi. Chunonchi, yoshlik davrida anʼanaga ergashish (“Ilk devon” misolida), yigitlik davrida hayotsevar falsafiy mohiyat kasb etadi (“Badoyeʼ ul-bidoya” misolida). Oʻrta yoshlikda shoir soʻfiyaning nazariy masalalariga murojaat etib, taʼlimiy-didaktik asarlarga mayl koʻrsatadi. Bu hodisani uning tarjeband, tarkibband, soqiynoma va qitʼa janrlarida yaratgan asarlari misolida ham koʻrish mumkin. Qarilik lirikasida esa, gʻazallarda mavzu-gʻoya ifodasi, tasvirlanmish va tasviriy imkoniyatlar turlicha boʻlsa-da, pirovard natijada, yakuniy fikr, xulosa bir maʼnoda, yaʼni, oʻzlikdan kechib, fanoga yuz tutish maqsadi ifodasi bilan intiho topadi.

Yuqorida qayd etgan mulohazalarimizdan kelib chiqadigan xulosa shuki, Navoiyning har bir gʻazali chuqur maʼnolar xazinasidir. Biz bu xazinaning bir kichik nuktasiga eʼtibor qaratdik. Ammo, shuni ham toʻliq tushundik, deya olmaymiz. Bu haqda uning oʻzi ham taʼkidlab, “mening nuktalarim juda nozikdir, ulardagi ramziy maʼnolardan bir zarrasini izhor etish uchun meni tushunadigan bir kishi boʻlsa edi, koshki”, deya umid qiladi:

 

Nukta nozuk boʻldi asru boʻlgʻay erdi, koshki,

Shammaye bu ramzdin zohir etargʻa mahrame…

 

Dilorom SALOHIY,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dardingga-navoiy-holin-istishhod-bil/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x