Dahshatli kutish

Ernest HEMINGUEY

 

Oʻrinda yotarkanmiz, u derazani yopish uchun xonaga kirdi, koʻzimga kasaldek koʻrindi. Yuzlari boʻzday oppoq, ogʻriqning zoʻrligidan bazoʻr harakat qilar, qaltirardi.

– Nima boʻldi, toychoq?

– Boshim ogʻriyapti.

– Borib yot.

– Yoʻq. Tuzukman.

– Joyingga borib yot. Hozir kiyinib, oldingga tushaman.

Men pastga tushganimda u kiyinib oʻchoq yonida oʻtirardi. Toʻqqiz yashar bolaning rangida rang yoʻq edi. Peshonasiga qoʻlimni qoʻyib, harorati borligini bil-dim.

– Kirib yot, – dedim unga.

– Kasalsan.

– Tuzukman, – dedi u.

Koʻp oʻtmay doktor keldi, bolaning isitmasini oʻlchadi.

– Qancha? – deb soʻradim undan.

– Haddan ortiq baland… Bir yuzu ikki.

Doktor koʻrsatma berib, uch xil dori qoldirdi, bolani tumov deb aytdi, oʻtib ketadi, harorati u qadar xavotirli emas dedi. Xonamga qaytib, bolaning haroratini yozib qoʻydim-da, dori berilgan vaqtni belgiladim.

– Biron narsa oʻqib beraymi?

– Mayli. Agar xohlasangiz, – dedi bola.

Uning yuzi oppoq koʻzlari kirtayib ketgandi. Toʻshakka mixlanib xayol suradi, xolos. Men Xovard Paylning “Dengiz qaroqchilari haqida doston”idan eng qiziq hikoyani oʻqib berdim, biroq uning bunga mutlaqo eʼtiborsizligi sezilib turardi.

– Qalaysan, toychoq? – deb soʻradim undan.

– Hamishagidek, – deya javob berdi u.

Men bolaning oyoq tomoniga choʻkib, keyingi dori berish vaqtiga qadar kitob oʻqidim. Uxlab qolar, deb oʻylovdim, qayda – karavot oyogʻiga tikilib, jimgina yotibdi.

– Nega uxlamayapsan? Dori ichiladigan payt oʻzim uygʻotaman.

– Uxlamaganim yaxshi… Siz ketavering, dada… agar malol kelayotgan boʻlsa…

– Yoʻgʻ-e, nima deyapsan, oʻgʻlim.

– Ha, anglashimcha… agar malol kelsa… yonimda turmaysiz…

Ehtimol, u alahsirayotgandir, deb oʻyladim va soat oʻn birda beriladigan dorisini ichirib, tashqariga chiqdim.

Bola xonasiga hech kimni kiritmayapti, deb aytishdi.

– Kirmang, kasali yuqishi mumkin, – deyishdi. Men ichkariga kirib, asta karavotga yaqinlashdim.

Uning qovogʻi isitmadan pir-pir uchar, hanuz koʻzi karavot oyogʻida edi. Haroratini oʻlchadim.

– Qancha? – deb soʻradi u.

– Ancha tushibdi.

– Demak, najot yoʻq… – deya xoʻrsindi u.

– Kim shunday dedi? Harorating meʼyorida… Qoʻrqinchli joyi yoʻq.

– Qoʻrqayotganim yoʻq, – dedi u, – lekin… oʻylaganim sari…

– Oʻylama.

– Boʻlmayapti-da, – dedi u va menga qadaldi. U nimadandir qattiq siqilardi.

– Manovini suv bilan ich.

– Foydasi bormikan?

– Albatta-da, foydasi bor.

Oʻtirib, yana “Qaroqchilar”ni oʻqiy boshladim, lekin uning quloq solmayotganini koʻrib toʻxtadim.

– Men qachon oʻlaman, dada? – deb soʻradi u.

– Nima?!

– Men qachon oʻlaman?

– Sen… oʻlmaysan… Nima boʻldi oʻzi senga?

– Mengami? Uning: “Haddan ortiq baland”, deganini eshitdim…

– Odamlar qirq daraja isitmaga chidaydi-ku. Ahmoqona xayollarni qoʻy.

– Men bilaman oʻlishimni, Farangistondaligimizda maktabdosh bolalar menga qirq toʻrt daraja harorat bilan yasholmaysan, deb aytishgan. Meniki – bir yuzu ikki.

U tun boʻyi, hatto ertalabki soat toʻqqizgacha oʻzining oʻlimini kutib yotgan ekan.

– Ay, toychogʻim-a, – dedim men. – Sen oʻlmaysan. Axir, oʻlchagichlar har xil boʻladi-ku. Xuddi milya bilan kilometrdek. U oʻlchagichda oʻttiz yetti daraja binoyi harorat hisoblanadi, bunda esa toʻqson sakkiz daraja.

– Rostdan-a? – dedi u hayratlanib.

– Haqqast rost. Oʻylab koʻr, mashinada oʻn yetti milya yursak, qancha kilometr boʻladi?

– Ha…

U boʻlak karavot oyogʻiga tikilib xoʻrsinmay qoʻydi. Yuziga ham rang kirgandek boʻldi. Keyingi kuni esa arzimas narsani koʻngliga olib, xarxasha qildi…

 

Oʻroq Ravshanov tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/dahshatli-kutish/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x