Chaqaloqlarda ich qotishi (qabziyat) – sabablari, belgilari va bartaraf qilish yo‘llari

Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarda yuzaga keladigan muammolardan biri ich qotishidir. Chaqaloqlarda ich qotishi yoki ich ketishi bilan yuzaga keladigan muammolar bola tug‘ilganidan bir necha kun o‘tiboq namoyon bo‘lishi mumkin. Ushbu patologik holatni o‘z vaqtida davolamaslik, chaqaloq umumiy ahvolining og‘irlashuviga sabab bo‘lishi mumkin.

Ich qotish haqida qisqacha

Oshqozon ichak tizimining normal ishlagan holatida, chaqaloqlar ichi bir kunda bir marotaba keladi. Bu jarayon odatda ertalab yuzaga kelib, chaqaloq uchun hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi va og‘riqlarsiz kechadi. Najas massasi yumshoq bo‘lganligi sababli bolalarda hech qanday muammo tug‘dirmay ajralib chiqadi. Agar ich kelishi har kuni kuzatilmay, inson bu jarayon vaqtida og‘riq yoki kuchanish hissini sezsa, najas tarkibi qattiq va quruq bo‘lsa, bu holatga ich qotish deb aytiladi.

Ich kelishi bilan muammolar har qanday yoshdagi insonlarda uchrashi mumkin. Ko‘pincha chaqaloqlar va yosh bolalar bu muammodan aziyat chekishadi. Ularda bir necha kunlab ichi kelmay turadi va hojatga chiqish hissi kelganda hech qanday natija bo‘lmaydi va bu vaqtda ular og‘riq sezishadi hamda bezovtalanishadi.

Surunkali ich qotishda bemorlar ko‘pincha o‘zini yomon his etayotganini va orqa chiqaruv yo‘llaridagi yoriqlarga shikoyat qiladilar. Chiqaruv yo‘llaridagi yoriqlar esa inson hojatga borganda azob berib, bo‘shalishga xalaqit qiladi va bu holat muammoni yana jiddiylashtiradi.

Agar ich qotishini bartaraf etmasa va bu uzoq muddat davom etsa, organizm intoksikatsiyasiga sabab bo‘ladi. Bu ichaklardagi qoldiq moddalarning organizmga singib ketishi bilan tushuntiriladi.

Ich qotishini davolash – bu holatga sabab bo‘layotgan omilni yo‘qotishdir. Shuning uchun ich qotish holatlari kuzatilsa, umumiy tekshiruvdan o‘tish kerak va to‘g‘ri davoni faqatgina shifokor belgilaydi.

chaqaloqlarda ich qotishi

Chaqaloqlarda ich qotishi sabablari

Chaqaloqlarda ich qotishiga olib keluvchi omillar turli tuman. Ko‘p hollarda bola organizmida suv yetishmasligi sababli ich qotadi. Sababi, suv ichaklarni yumshatadi va silliqlaydi, najas yumshab chiqib ketishi oson bo‘ladi.

  • Bundan tashqari, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ich qotishiga sabablar quyidagilar ham bo‘lishi mumkin;
  • Ichaklar yoki yo‘g‘on ichakda tug‘ma anomaliya bo‘lishi;
  • Anal teshigining torayib qolishi;
  • Gipotireoz (qalqonsimon bez gormonlari sintezining buzilishi);
  • Ichak devorlarida nerv oxirlarining to‘liq rivojlanmaganligi.

Bundan tashqari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ayrim dori preparatlarni qabul qilganda ham ich qotishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, antibiotiklar qabul qilganda bolalarda ich qotish holati ko‘p kuzatiladi. Antibiotiklar ichak florasini buzadi va disbakteriozga sabab bo‘ladi. Bunday hollarda pediatr ko‘rigidan o‘tish zarur va ichak mikroflorasini tiklash yo‘li bilan, ich qotish muammosi bartaraf etiladi.

Ich qotishining asosiy sabablari

  • Onaning noto‘g‘ri ovqatlanishi;
  • Sun’iy ovqatlanishga erta o‘tish;
  • Oziqa turning aralashishi.

Ba’zida chaqaloqlarda ich qotishi sun’iy ovqat tarkibidagi moddalarni bola organizmi ko‘tara olmasligi sababli ham yuzaga keladi. Bolalarning psixo-emotsional holati ham ichaklar funksiyasiga ta’sir etadi.

Chaqaloqning aralash ovqatlantirilganligi sababli kelib chiqadigan ich qotish

Chaqaloqlar 1 yoshgacha ona suti bilan oziqlantirilishlari kerak. Shu sababli oziqaviy mahsulotlar aralashtirilgani uchun chaqaloqlarda ich qotish ko‘p kuzatiladi.

Bolani sun’iy oziqlantirishga o‘tishiga ko‘p hollarda ona suti yetishmasligi yoki sutning sifatsizligi sabab bo‘ladi. Ba’zida chaqaloqlar ona sutiga to‘ymay qolishadi, chunki ona suti tarkibida yetarlicha yog‘ bo‘lmaydi. Bunday hollarda bolalar injiq, yig‘loqi, uyqusi buziladigan bo‘lib qolishadi.

Ozuqaning aralashishi natijasida bolada ich qotishiga sabab – sun’iy ovqatning o‘zidir. Bu kabi mahsulotlar bola uchun noodatiy bo‘lib, hazm qilish a’zolari uni qiyinchilik bilan qabul qiladi. Ayrim hollarda, yangi mahsulotlar berish hisobiga bolalarda reflektor ravishda ichaklar spazmga uchrab qoladi va bu bolada ich qotishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, chaqaloqlar ichi qotib qolishida ovqat harorati ham muhim o‘rin egallaydi. Bola iste’mol qiladigan ozuqa issiq ham sovuq ham bo‘lmasligi zarur. Eng yaxshisi ko‘krak suti kabi haroratda beriladigan ozuqalardir. Bu esa ich kelishi bilan yuzaga chiqadigan muammolardan xalos etadi.

Ko‘krak suti bilan oziqlantirilganda nima sababdan bolaning ichi qotadi?

Chaqaloqlar ko‘krak suti bilan oziqlantirilganda ham ich qotishi kuzatilsa, bunda ona organizmi tomonidan sut kam ishlab chiqarilayotgan bo‘ladi. Bunday ich qotishni “och qolish sababli kelib chiqqan qabziyat” deyish mumkin. Bunday hollarda chaqaloqlardagi qabziyat holati qo‘shimcha ovqatlantirish yo‘li bilan bartaraf etiladi.

Bundan tashqari, chaqaloqlarda qabziyat yuzaga kelishida, ayniqsa, onaning ovqatlanish tartibi va tarkibi muhim rol o‘ynaydi. Axir, ona iste’mol qilgan barcha mahsulotlar bolaga uning sutidan o‘tadik-u. Shu sababli shifokorlar ko‘krak yoshidagi farzandlari bor ayollarga quyidagi mahsulotlarni cheklashni tavsiya etadilar:

  • Dukkakli mahsulotlar;
  • Yog‘li va qovurilgan mahsulotlar
  • Dudlangan mahsulotlar;
  • Oq non va yangi tayyorlangan pishiriqlar;
  • Banan;
  • Kofe;
  • Sut;
  • Shakar;
  • Achchiq choy;
  • Go‘sht va boshqalar.

Yuqorida sanab o‘tilgan barcha mahsulotlar organizmda gaz hosil bo‘lishini ko‘paytiradi va bolalarda ich qotishiga sabab bo‘ladi. Shu tufayli onalar ko‘krak yoshidagi bolalarini emizadigan davrda diyetaga rioya qilib turishlari zarur.

bolalarda ich qotishi, chaqaloq ich qotishi

Chaqaloqlarda ich qotishi belgilari

Chaqaloqlarda kuzatiladigan qabziyat belgilari, unga sabab bo‘ladigan omilga bog‘liq bo‘ladi. Umuman olganda ich qotishida – najasning kelish muddati cho‘ziladi va axlat massasi qatiq, quruq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga bolalarda quyidagi belgilar ham kuzatilishi mumkin:

  • Bezovtalik va yig‘lash;
  • Injiqlik;
  • Qorin dam bo‘lishi;
  • Ovqatlanishdan bosh tortish;
  • Qorinda xurujlar (kolika);
  • Ich kelish vaqtida bola yuzi qizarib ketishi va kuchanish hissi;
  • Qorin devorining qattiqlashishi.

Ichaklar bilan bog‘liq muammolarda bolalar uyqusi buziladi, ular passiv bo‘lib qolishadi. Agar qabziyat jiddiy kasallik oqibatida kelib chiqsa, asosiy simptomlarga quyidagila ham qo‘shilishi mumkin:

  • Ko‘ngil aynishi va qusish;
  • Tana haroratining oshishi;
  • Allergik toshmalar;
  • Teri rangining o‘zgarishi;
  • Najasda qon va shilliq bo‘lishi;
  • Kuchli hiqichoq tutishi.

Bunday holatlarda bolani tezroq pediatrga olib borish kerak. Bolada kuchli qabziyat kuzatilgan vaqtda nima qilish kerak va hazm tizimi a’zolar funksiyasini qanday tiklash haqida faqatgina shifokor to‘g‘ri ko‘rsatmalar bera oladi.

Chaqaloqlarda qabziyat vaqtida nima qilish kerak?

Birinchi navbatda bolada ich kelishi muddati uzaysa – pediatr ko‘rigidan o‘tish zarur. Bolaning hayoti uchun xavf tug‘diruvchi jiddiy kasalliklarni inkor etish uchun labarator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazish kerak.

Agar bolalarda qabziyatga sabab bo‘ladigan jiddiy patologiya topilmasa nima qilish kerak? Bunday holatda qabziyatga olib keluvchi omil ona sutining sifatsizligi, sun’iy ozuqaga o‘tish yoki ichaklarda nerv bilan ta’minlanishining buzilishlaridir.

Bolalarda ichaklarning normal ishlash funksiyasini qayta tiklash uchun kompleks muolajalar olib boriladi, ular quyidagilar:

  • Massaj;
  • Ona ovqatlanish tartibini o‘zgartirishi;
  • Dori preparatlari;
  • Klizma;
  • Gaz chiqaruvchi naycha (trubka) qo‘yish.
chaqaloqlarda qabziyat

Chaqaloqlarda ich qotishini davolash (Medikamentoz)

Medikomentoz davo – bolalarda qabziyatni massaj qilish va diyeta yordamida bartaraf eta olmagan hollarda olib boriladi. Chaqaloqlar ichak funksiyasini tiklash va najasning oson kelishini ta’minlash uchun quyidagi preparatlardan foydalanish mumkin:

  • Espumizan;
  • Glitserinli shamchalar (svecha) lar qo‘yish;
  • Dyufalak;
  • Planteks;
  • Klizma qilish.

Dyufalak va Planteks ichaklar peristaltikasini oshiradi, Espumizan – qorin dam bo‘lishini bartaraf etadi. Rektal shamchalar (svecha) esa to‘planib qolgan najasni yumshatadi va uning chiqib ketishini osonlashtiradi.

Ichakni tozalovchi klizmaga kelsak, bu muolajani bir hafta davomida bir marta o‘tkazish kerak bo‘ladi. Aks holda bolalarda disbakterioz kelib chiqishi mumkin, hamda vitamin va minerallarni yuvib chiqib ketadi. Tozalovchi klizma uchun toza iliq suvdan foydalaniladi. Unga glitserinli moyidan qo‘shish ham qotib qolgan najasni yumshatadi.

Chaqaloqlarda ich qotishi kuzatilganda onalar diyetasi qanday bo‘lishi kerak?

Bolalarda ich qotganda qanday yordam bersa bo‘ladi? Buning uchun onalar nima qilishlari kerak? Avvalo emizikli ayollar zararli odatlardan voz kechishlari va ovqatlanish ratsionini to‘g‘ri tuzib olishlari lozim. Chaqaloqlarda ich kelishini yaxshilash uchun quyidagilar yordam berishi mumkin:

  • Ukrop va petrushka;
  • Barra sabzavotlar;
  • Ovqat tarkibiga zaytun moyi yoki o‘simlik moyidan qo‘shish;
  • Sabzavotlardan sho‘rvalar tayyorlab ichish;
  • Qora olxo‘ri;
  • Qaynatilgan qovoq yoki lavlagi;
  • Yog‘i kam bo‘lgan qatiq.

Bundan tashqari, ayollar suv balansini ham normada ushlab turishlari kerak va albatta chaqaloqlarga ham ovqatdan keyin yoki ovqatlantirishdan oldin suyuqliklar berish tavsiya etiladi.

Ich kelishini yaxshilovchi davolovchi massajlar

Ichaklarda yig‘ilgan gazlarni yo‘qotish va ichaklar peristaltikasini oshirishning eng oson va xavfsiz hamda samarali yo‘li davolovchi massajlar bajarishdir. Agar bolakaylarning qorin sohasiga qo‘l bilan tegilganda yig‘lasa yoki bezovtalanishsa, massaj muolajalarini to‘xtatish va pediatr ko‘rigidan o‘tish kerak.

Bolakaylarni qorin devorini juda ham ehtiyotkorlik bilan massaj qilish zarur, buni quyidagicha amalga oshirish talab etiladi:

  • Bolakaylarning kiyimi yechiladi va orqasi bilan yotqiziladi;
  • Kaftingizga biroz moy surib oling;
  • Bolakay terisining moyga bo‘lgan allergiyasi tekshirib ko‘riladi;
  • Kindik atrofini soat strelkasi bo‘ylab, yengil harakat bilan  5 daqiqa davomida massaj qilish lozim;
  • Muolaja so‘ngida qorinning yuqoridan pastki sohasiga tomon yengil qo‘l harakati bilan “ichakdagi massalarni surish kerak”, ya’ni qo‘l qorin devori ustida mayonlik bilan sirpantiriladi.

Massajdan so‘ng ichaklar peristaltikasini oshiruvchi muolajalar bajariladi:

  • Bolakayni orqa tomoni bilan yotqiziladi;
  • Oyoqlarni pastki qismidan ushlab, bir necha marotaba qorin sohasiga bukib yoyiladi (5 marotaba);
  • Bolakayni tizzalarga qorni bilan yotqizliib, orqa tarafdan kuraklardan boshlab, belgacha aylana harakatlar bilan yengil uqalanadi.
  • Bundan tashqari, shifokorlar chaqaloqlarni ovqatlantirgandan keyin qorin sohasi bilan yotqizib qo‘yish tavsiya qilinadi (3-8 daqiqaga).

O‘simlik moylari

Profilaktika va davolash maqsadida qabziyat holatlarida bolakaylarga, albatta, moyga nisbatan allergiyasi bo‘lmasa, bir necha tomchidan o‘simlik moylaridan berish mumkin. O‘simlik moylariga quyidagilar kiradi:

  • Qovoq moyi;
  • Oblepixa moyi

O‘simlik moylari bola organizmi tomonidan yaxshi qabul qilinadi, ular ichaklar peristikaltikasini kuchaytiradi, ichni yumshatadi, najas harakatini yaxshilaydi, hamda chaqaloqlar immunitetini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Chaqaloqlarda ich qotishi kuzatilsa, nima qilish mumkin emas?

Ko‘pincha chaqaloqlarda qabziyat yuzaga kelganda, ayollar xo‘jalik sovunidan foydalanishadi. To‘g‘ri ichakka kir yuvish sovunidan bir bo‘lagini joylab qo‘yilsa, tamom ich yumshab bolakay bemalol “xojatini chiqaraverdi” deb o‘ylashadi.

Bu mutlaqo xato fikr va chaqaloqlarda bunday usulni qo‘llash mumkin emas! Kir yuvish sovunlari kuchli ishqoriy muhitga ega, ular ichaklar normal mikroflorasini buzib yuboradi. Bundan tashqari, kir sovunlari to‘g‘ri ichakda yaralar paydo qilib, kuchli qo‘zg‘aluvchanlik chaqiradi.

Agar chaqaloqda ich qotishi kuzatilsa va siz nima qilishni bilmasangiz, o‘z boshimchalik qilmasdan, shifokor-pediatr huzuriga borishingiz shart. Chunki pediatrlar o‘zlarining qimmatli yillarini aynan bolakaylar salomatligini saqlashga sarflaydilar.


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x