Botanika bog‘i


Post Views:
384

BOTANIKA BOG‘I (Bog‘ishamol ko‘chasi, 232) – ToshDU (hozirgi O‘zMU) qoshidagi botanika bog‘i asosida tashkil topgan, 1950 yildan rasmiylashtirilib, qurilishi boshlangan. 1968 yil 1 yanvardan bog‘ ilmiy-tekshirish instituti maqomini oldi. 1998 yil Botanika institutiga qo‘shilgach, Botanika instituti va botanika bog‘i deb ataldi, 2001 yildan esa “Botanika” ilmiy-ishlab chiqarish markazi deb nomlanadi. Hozirgi Botanika bog‘i shu markaz tasarrufida. Botanika bog‘i respublika miqyosida o‘simliklarni introduksiya qilish (ilgari o‘stirilmagan yangi o‘simliklarni o‘stirish, iqlimlashtirish va ulardan xo‘jalikda foydalanish) masalasini o‘rganish va ishlab chiqish ilmiy markazi hisoblanadi. Bog‘ning 64 gektar maydoni bo‘lib, unda introduksiya qilingan o‘simliklarning turi va navlari 2008 yil boshida 6 mingdan oshdi. Shundan 2500 turi daraxt va buta, qolgani bir, ikki va ko‘p yillik o‘tlardir. Bu o‘simliklar Osiyo va Yevropa mamlakatlari, Kavkaz, Uzoq Sharq o‘lkalaridan, Shimoliy Amerika, Xitoy va O‘rta dengiz bo‘yidagi mamlakatlardan keltirilgan. Tropik mamlakatlardan olingan 800 dan ortiq o‘simlik turlari oranjereyalarda o‘stiriladi. Introduksiya qilingan o‘simliklar orasida manzarali va mevali daraxtlar, xilma-xil rezavor mevali butalar, shifobaxsh o‘simliklar bor. Ko‘kalamzorlashtirish uchun ekiladigan lola daraxti, lenkoran akatsiyasi, piramidal eman, pushti gulli akatsiya, yirik bargli jo‘ka, xitoy teragi; manzarali ko‘p yillik piyozli o‘simliklardan lola, krokus, giatsint; ildizpoyali o‘simliklardan gulsafsar, sallagullar, 90 dan ortiq duragay gibiskus – paxtagul o‘simliklari ko‘chatlari yetishtiriladi. Bog‘ har yili 15 mingga yaqin urug‘ namunalarini tarqatadi va o‘z navbatida boshqa botanika bog‘laridan ham urug‘ olib turadi. U chet mamlakatlardagi 477 bog‘ va 200 dan ziyod turli ilmiy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Botanika bog‘i mavzuli to‘plam va urug‘larning nomi yozilgan indeks risola (broshyura) chiqaradi. Talabalar, maktab o‘quvchilari, tabiatshunoslar va boshqalar uchun bilim laboratoriya bo‘lib xizmat qiladi.

Angliyada eʼlon qilingan «Dunyodagi eng yirik botanika bog‘lari» nomli asarda O‘zbekiston botanika bog‘i ham tilga olingan. Akademik F.N. Rusanov rahbarligida bog‘ xodimlari tomonidan 14 jildli «O‘zbekiston dendrologiyasi» (ruscha), «O‘simliklar introduksiyasi» nomli 27 to‘plam va ko‘plab monografiya hamda maqolalar nashr etildi.

“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x