Bolangizni “bobov”larga berib qoʻymang!

Siz tirikchilik tashvishi bilan koʻproq koʻcha-koʻyda yurasiz. Bolangiz esa maktabga ketadi. Kunning asosiy qismini uydan tashqarida – boshqa kishilar orasida oʻtkazadi. Maktabdan uyga qaytguncha nimalargadir chalgʻib, har xil joylardan oʻtadi. Ammo siz farzandingizning aynan qaysi yoʻldan uyga qaytishiga va bu paytda kimlar bilan yuzma-yuz boʻlishiga hech qiziqqanmisiz? Va yana, kuzatganmisiz, maktab yoshidagi bolalarning ayrimlari koʻp hollarda oʻrtoqlariga qoʻshilib, bir nimalarga chalgʻib doim boshqa yoʻldan uyiga qaytadi.

Har qadamda internet klublari hamda kompyuter oʻyini markazlari bor. Bu yerda nafaqat oʻsmirlar, hatto kichik yoshdagi maktab bolalari ham jangari, behayo hamda dahshatli tasvirlarga boy, vahshiylikni targʻib qiluvchi qoʻrqinchli oʻyinlarni kiprik qoqmasdan oʻynashadi.

Bir kuni zarurat yuzasidan internet klubga kirdim. Qarasam, oʻtirganlarning barchasi maktab oʻquvchilari. Ishonsangiz, yoshi eng kichik bola uchinchi yoki toʻrtinchi sinfda oʻqiydi. Baʼzilari oʻyinga qiziqib sumkasini ham yechmasdan oʻrindiqqa ilinib oʻtirib olgan. Ayrimlari esa tik turgancha oʻyin oʻynardi. Lekin, eng achinarlisi, birorta bola faqat odamkushlik va vayronkorlikdan iborat bu oʻyinlardan qoʻrqmas va jirkanmas edi. Aksincha, oʻzi boshqargan “qahramon”ining vahshiyligidan huzurlanar, “gʻalaba”ni nishonlashda oʻsha oʻyinlar taʼsirida orttirib olgan gʻalati harakatlarni namoyish etardi…

Bir paytlar “bobov”, “olaboʻji” degan afsonaviy mavjudotlarning nomini eshitib, rangi oʻchadigan bolalarimiz bugun ulardan beshbattar qoʻrqinchli va badbashara maxluqlar bilan bemalol virtual muloqotga kirishmoqda, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, xayolan minglab odamlarning qonini toʻkishmoqda.

Baʼzi oʻyinlar guruh boʻlib oʻynashga moʻljallangan. Uch-toʻrt sinfdosh oʻyinda oʻzaro raqib boʻladi-da, bir-birini soʻyishga, portlatishga, otishga, xullas, oʻldirishga kirishib ketadi… Bu oʻyinlarni muttasil oʻynab ulgʻayayotgan bolada mehr hissi qolarmikan?! Axir, endi sakkiz-oʻn yoshga kirgan bola har kuni vayronkorlik, buzgʻunchilik, qon toʻkish kabi vahshiyliklarni koʻraversa va buni oʻzi bajarayotganday rohat olaversa, unga yaxshilik, saxovat, mehr-oqibat haqidagi pand-nasihatlarimiz arzimas choʻpchak, oddiy vaysash va ezmalik boʻlib tuyulmasmikan?! Chunki kompyuter qoshida bola oʻzini oʻyin qahramonidek his etadi. Butun xayolini egallagan bu buzgʻunchi oʻyinlar oqibatida bola mahdud fikrlaydigan, oʻquv fanlarini oʻzlashtira olmaydigan, oʻzlashtirsa-da xotirasida uzoq vaqt saqlab turmaydigan boʻlib qoladi. Shu ruhda oʻsgan bola sal ulgʻaygach (masalan, 7–yoki 8-sinfga koʻchganda), oʻqishga deyarli ragʻbat sezmay qoʻyadi.

Ular bu oʻyinlarni deyarli har kuni, kamida bir soat oʻynashadi. Keraksiz, ayni paytda zararli narsalar bilan toʻlgan kichkina miyasi Navoiy va Boburning ohanrabo va nafis gʻazallariyu Anvar Obidjon hamda Tursunboy Adashboyevning goʻzal va oʻynoqi, oʻz navbatida ilmli va zakovatli boʻlishga undaydigan, vatanparvarlik ruhini shakllantiradigan sheʼrlarini oʻziga singdira olarmikan?

Tafakkuri va tarbiyasiga keskin zarar keltiradigan bunday oʻyinlarni muttasil oʻynab yuradigan bola birinchi galda atrofdagi olamdan uzilib qoladi. Aniqrogʻi, yonidagi odamlar va hodisalarga befarq qaraydigan boʻladi. Zoʻravonlik, vahshiylik va qotillikka asoslangan oʻyinlar koʻzi pishib ketgan bolaning ongu shuurini oʻgʻirlab, unda hayotda ham shunday, yaʼni birovni qiynab, unga zoʻravonlik qilib, “lider”ga aylanish lozim, degan tasavvur uygʻota boshlaydi.

Xabaringiz boʻlsa kerak, oxirgi paytlarda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida yoshlar oʻrtasida mojarolar roʻy berayapti. Bu toʻqnashuvlarda oʻquvchilar sovuq qurollar – pichoq, bigiz, hatto kichik boltalardan ham foydalanib, bir-birlariga jarohat yetkazishmoqda. Shunday voqealarning ayrimlari oʻlim bilan tugagan… Bularga nima sabab boʻlishi mumkin? Ota-onaning eʼtiborsizligimi, taʼlim dargohlarida intizomning yoʻqligimi yoki oʻsha zararli oʻyinlarning murgʻak onglarga oʻtkazgan beayov taʼsirimi?

Maʼlumotlarga qaraganda, kompyuter quliga aylangan bolalarda oʻsmirlikka oʻtish davrida kechadigan fiziologik va ruhiy oʻzgarishlar tengdoshlariga nisbatan jiddiy tus oladi. Ular haddan tashqari jizzaki va qaysar boʻlib qoladi. Oʻzlariga nisbatan qarshiliklardan juda tez jahli chiqadi va bunga nisbatan jismoniy javob qaytarishga intiladilar. Ular faqatgina oʻz fikrlarini inobatga olib, boshqalarning gaplarini nazar-pisand qilishmaydi.

Hatto shunday voqealar ham boʻlganki, kompyuter oʻyini quliga aylangan bola oʻz yaqinlarini kaltaklagan, tan jarohati yetkazgan va hatto… qotillik qilishdan qaytmagan. Endi diqqat qiling. Rossiya Federatsiyasining bir necha shaharlarida quyidagi holatlar yuz bergan: Petrozavodskda yosh yigit 80 yoshli buvisini kaltakladi. Tergov paytida u “Buvim kompyuter oʻynashimga xalaqit bergani uchun kaltakladim”, degan. Kemerovoda 14 yoshli Sasha K. kompyuterda oʻyin oʻynayotganida chalgʻitgani uchun 20 yoshli opasini gʻisht parchasi bilan urib oʻldirdi. Sashaning oʻqituvchilari u maktabda juda yaxshi oʻqigani, lekin keyingi olti oyda oʻzlashtirishi pasayganini bildirishdi. Krasnodarda 15 yoshli Yaroslav M. otasini unga kompyuter oʻynashni taqiqlagani sababli oʻldirgani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ijevskda 17 yoshli yigit otasining qotiliga aylandi. U butun kunini internetda oʻtkazar, turli onlayn oʻyinlar oʻynardi. U hattoki xonasidan kunlab chiqmay qoʻydi, ovqatini ham xonasida yeydigan boʻldi. Sabr kosasi toʻlgan ota uning kompyuterini olib qoʻymoqchi boʻlganida yigit otasini pichoqladi…

Xoʻsh, bolalarning bunday “rohatxona”larga kelishiga nima sabab boʻlmoqda?

Bir kuni oʻn yoshlar chamasidagi bolakay kompyuterxonaga oʻrtogʻini yetaklab kirdi-da:

– Dadam har olgan “besh”imga besh yuz soʻmdan beradilar. Kecha beshta “besh” olib borgandim, mana, ikki yarim ming soʻm berdilar, – deb unga pulni koʻrsatdi. Yonidagi bola oʻrtogʻining dadasi naqadar saxiyligidan quvondi, shekilli, koʻzlari chaqnab ketdi. – Kontir oʻyniymizmi?

Bola otasi bergan pulni ovqatlanishga ishlatmasdan, faqat otib oʻldirishdan iborat “Sounter strike” oʻyinini oʻynash uchun asragan. Ammo ota-onasi unga “kontir oʻynagin” deb pul bermagandir!? Nega unda bola bu yerga keldi? Kim yetaklab kelgan uni birinchi marta bu joyga? Buning javobi bor. Avval aytganimizdek, maktabga ketishida izidan kuzatilib, kelishi nazoratsiz qoldirilgan bolaning chalgʻigan holati bu. “Voy-boʻ, shunga shuncha vahimami? Oʻynasa, oʻynabdi-da, sening pulingga oʻynamaydi-ku”, deydiganlar topiladi. Toʻgʻri, otasining puliga oʻynaydi. Lekin bundan kim, qanday naf topadi? Bunday zararli oʻyinlarni koʻp oʻynash bir tomondan bolaning tarbiyasiga salbiy taʼsir qilsa, ikkinchi tomondan sogʻligʻiga ziyon yetkazadi. Kompyuter oldida soatlab oʻtirish koʻrish qobiliyatini yomonlashtiradi. Koʻzdagi qattiq ogʻriqlar, koʻz yoshlanishi, qorachiq va qovoqlar qizarishi, peshona sohasidagi zirqirashlar, tez charchash holatlari – ekran oldida koʻp oʻtirishning oqibati.

Qolaversa, kompyuter va boshqa elektr asboblari oʻzidan elektromagnit nurlari chiqaradi. Alaloqibat, chiqayotgan elektrostatik nurlar hamda mayda chang zarralari terining ochiq joylariga tushishi natijasida turli xildagi allergik kasalliklar kelib chiqadi. Hatto soch toʻkilishi, teri qurishi ham kuzatilar ekan. Bundan ham dahshatlirogʻi, koʻp oʻtirish davomida stul bilan tana oʻrtasida oʻziga xos “issiq kompress” hayoti yuzaga kelib, prostatit, gemorroy kasalliklariga sabab boʻladi. Kam harakatlilik moddalar almashinuvi buzilishi hamda semirish kasalligiga ham zamin yaratadi.

Koʻrinib turibdiki, bunday kompyuter oʻyinlari endi oʻsib kelayotgan bolaning ham jismoniy, ham maʼnaviy, ham ruhiy kushandasidir. Shunday ekan, ota-onalar farzandlariga doimo eʼtiborli boʻlishlari, har bir bosgan qadamidan boxabar boʻlmoqlari kerak. Bundan tashqari, mutasaddilar tomonidan kompyuter oʻyinxonalari nazorat ostiga olinishi zarur. Toʻgʻri, kompyuter oʻyinxonalari davlat roʻyxatidan oʻtib, mustaqil ravishda qonuniy faoliyat yurityapti. Ammo bu degani maktab bolalariga, hatto dars vaqtlarida ham oʻyin oʻynashga bemalol ruxsat berish mumkin, degani emas-ku. Millat bolalari ongini zararli gʻoyalar bilan zaharlashga sharoit yaratish – xalqqa, uning kelajagiga xiyonat qilish bilan baravar. Shu bois ongi endi shakllanayotgan, oʻn besh-oʻn olti yoshdan kichik maktab oʻquvchilarini bunday joylarga kiritmaslik zarur, deb oʻylayman.

Maktab oʻquvchilarini befoyda amallardan qaytarish uchun bir qator chora-tadbirlar koʻrilishi kerak. Jumladan, har bir oʻyinxonaga maktab oʻquvchilarining kirishini taqiqlovchi yoʻriqnoma ilib qoʻyish lozim. Shu talabni buzgan kompyuter oʻyinxonalari egalariga tegishli jazo qoʻllanilishi kerak. Shundagina bolalarimizda ommalashib ketayotgan dangasalik hamda bilimsizlikning oldini olamiz, ularni milliyligimiz va qadriyatlarimizga zid gʻoyalar taʼsiridan asragan boʻlamiz. Bunday qatʼiy choralar koʻrilmasa, befarqligimiz juda katta illatlarga yoʻl ochishi mumkin. Negaki, qiziqarli koʻrinayotgan oʻyinlar zamirida ayyorona gʻoyalar va chorlovlar bor. Vahshiy oʻyinlar ulgʻayayotgan boladagi nozik tuygʻularni xiralashtiradi, ijobiy xislatlarning yoʻqolishiga zamin yaratadi. Uning eʼtiqodi va dunyoqarashini teskari tomonga burib yuboradi. Ongi, fitrati buzilgan oʻsmir esa kelajakda jamiyatning katta muammosiga, boshogʻrigʻiga aylanadi. Chunki, yaxshi bilamiz, bola niholday gap. Kim qayoqqa tortsa, oʻsha tomonga egilaveradi…

Mutaxassislarning fikricha, bolasi bilan suhbatlashishga vaqt topmaydigan, ularning qiziqishlariga befarq boʻlgan ota-onalarning farzandlari koʻproq koʻchadan “mehr” topadi. U koʻproq koʻchada yurishni, doʻstlari bilan qayerlargadir borishni doimiy odatga aylantiradi. Buning oqibatida kompyuter oʻyinlariga qiziqib, ularga mukkasidan ketishi mumkin. Shu boisdan ham psixologlar ota-onalarga quyidagi tavsiyalarni berishadi. Birinchisi, bolangiz bilan har kuni gaplashing, dardlashing. Bolangiz oʻqiyotgan maktabga tez-tez borib, uning oʻqishini surishtiring. Kunda-kunora ishingizdan ortib, uni maktabidan olib, qiziqarli joylarga olib boring va oʻzingiz uyga kuzatib qoʻying. Shunda bolangiz unga befarq emasligingizni, doim uni tergab turishingizni ichdan his qiladi. Yoki boʻlmasa, ikki haftada bir marta qoʻgʻirchoq yoki yosh bolalar uchun moʻljallangan teatrlarga olib boring. Yana bir tavsiya: farzandingizga maktabdan qaytgach, to oʻzingiz ishdan kelguningizcha shugʻullanib turishi mumkin boʻlgan biror bir qiziqarli mashgʻulotni bajarishni tayinlang. Va albatta ushbu topshiriqni bajarganligiga qarab mukofotlashni ham unutmang. Shunda bolangizning boʻsh vaqtini zararli ishlarga sarflamasligining oldini olgan boʻlasiz.

Koʻpincha ota-onalar farzandlarini “Suyangan togʻim” deb erkalaydi. Bir umr oq yuvib, oq taragan dilbandiga keksaygan chogʻi suyanishni oʻylaydi. Albatta, bu har bir ota-ona uchun ulkan baxt. Lekin bu baxt oʻz-oʻzidan kelmaydi. Eʼtiborliroq boʻling, suyanmoqchi boʻlgan togʻingizning “olaboʻjilar in qurgan” kompyuter qoshida, koʻzingizdan pinhon ravishda nurashiga yoʻl qoʻymang…

 

Husan MAQSUD

 

“Yoshlik”, 2017–12

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bolangizni-bobov-larga-berib-qoymang/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x