Bola qachon kasal boʻlmaydi?

Sovuq kunlarda bolalarda shamollash, gripp va yoʻtal kuzatilib, uning organizmdan chiqib ketishi koʻp vaqtni oladi. ​​​​​​​

Bolalardagi turli kasalliklarning kelib chiqish sabablari, uni davolash va eng asosiysi kasal boʻlmasliklari uchun nimalar qilish kerakligi haqida bilasizmi?

 

Immunitet pasayishi

– Boladagi immunitetning pasayishi bir nechta omillarga bogʻliq, – deydi Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasi pediatri Salima JUMANOVA. – Birinchidan, ekologiya, yaʼni atrof-muhit muammosi nafaqat bolalar, balki katta yoshdagilar uchun ham xavf tugʻdiradi. Birgina misol: aholi zich yashaydigan joylarda chiqindilarning toʻplanib qolishi havoga zaharli gazlarning tarqalishiga, bakteriyalarning koʻpayishiga olib keladi. Tabiiyki, nafas yoʻli orqali ham bir qancha kasalliklar organizmga oʻrnashib, kasallik chaqirishi mumkin. Unutmang, tez-tez xastalangan inson organizmining himoya qobigʻi – immunitet ham shuncha moʻrtlashib qoladi. Goʻdak immuniteti esa kattalarnikidek kuchli va mustahkam emas. Ikkinchidan, soʻnggi paytlardagi notoʻgʻri ovqatlanish, yarimtayyor mahsulotlar isteʼmoli kuchayib ketishi salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmayapti. Ayniqsa, bogʻcha yoshidagi bolalarga ota-onalarning oʻzlari turli kimyoviy rang va konsentrant moddalar qoʻshilgan oziq-ovqat mahsulotlarini bilib-bilmay xarid qiladi, maktab yoshidagi bolalar esa oʻyinchoq va aksiyaga qiziqib sotib olib isteʼmol qiladi.

Immunitetning past boʻlishidagi keyingi omil: deyarli barcha bolalarda uchraydigan fon kasalliklari, yaʼni raxit, boʻqoq va anemiya (kamqonlik)ga olib keladi. Shu oʻrinda shifokor sifatida, eng avvalo, mavsumiy kasallikka koʻp chalinuvchi bolalarning ovqatlanishiga ahamiyat qaratib, immunitetni mustahkamlaydigan meva va sabzavotlar, oqsil va vitaminlarga boy mahsulotlarni taomnomaga kiritishni tavsiya etaman.

 

Bolani suzishga oʻrgating

– Sport bilan muntazam shugʻullangan organizm sogʻlom boʻladi, – deydi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi yopiq suv havzasi murabbiyi Dionis VASILYADIS. – Bola kichikligidanoq biror sport turi bilan shugʻullansa, organizmi rivojlanishi bilan birga, oʻzi chiniqib ham boradi. Suvda suzish, ayniqsa, oʻsuvchan organizm uchun juda foydali. Tanadagi barcha mushaklar faolligini oshirib, tanani chiniqtiradigan yagona sport turi – bu suzish hisoblanadi. Negaki, suvda inson tanasi gorizontal holatga oʻtib, qoʻl va oyoqlar baravar harakatlanishi natijasida qon aylanish tizimi yaxshilanadi, oʻpka, yurak faolligi oshadi. Suzish – yosh organizmga quvvat beradi, immunitetiga beqiyos ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Maʼlumki, boladagi salbiy ruhiy holat uning kasalliklarga moyilligini oshiradi. Suvda maʼlum vaqt suzish esa insonni tetiklashtiradi, asablarni tinchlantirib, kayfiyatni koʻtaradi.

Darhaqiqat, bolani kichikligidanoq shifobaxsh oʻsimliklar damlamasi bilan choʻmiltirish, maxsus tuzli vannalar qoʻllash, keyinchalik suv sporti mashgʻulotlariga biriktirish, tabiiyki, uning immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Buvimdan qolgan odatlar

Esimda, yoz chillasi kirishi bilan poyabzalsiz yurishimizni talab qilgan buvim, mezon oyidan boshlab oyogʻimizdan paypoq yechirmasdi. Bahorda yalpiz, otquloq, ismaloq va zubturum kabi oʻsimliklardan taom tayyorlab yedirardi. Bittamiz shamollab qolsak, sarimsoq piyoz donasiga ip oʻtkazib, hammamizning boʻynimizga ilib qoʻyardi. Ayniqsa, ayoz qisgan kunlari “Sarimsoq yeganning tani sogʻ boʻladi”, deb har kun ertalab yangi sogʻilgan sigir sutiga sarimsoq piyozdan toʻgʻrab ichirardi. Shundanmi, deyarli kasal boʻlmasdan ulgʻaydik. Bu kabi odatlarni yoshi ulugʻ onaxonlar hanuzgacha qoʻllaydi. Bu tibbiy davo hamisha oʻz foydasini koʻrsatadi, immunitetni oshiradi.

Tabiatda shunday meva va sabzavotlar borki, ularning deyarli barchasi bola organizmi uchun zarur vitamin, mineral va mikroelementlarga boy. Shu bilan ham bolaning immunitetini yaxshilasa boʻladi. Faqat ularni bolaga berishda shifokor maslahati tavsiya etiladi. Chunki baʼzi mevalar bolalarda allergik reaksiyalar keltirib chiqarishi ham mumkin. Masalan, qizil lavlagi qon koʻpaytirsa, anor organizmni toksinlardan tozalaydi. Sholgʻom esa shamollashning oldini oladi, sut mahsulotlarida lakto va bifido bakteriyalar ichakdagi foydali elementlar faolligini oshirib, immunitetni mustahkam qiladi. Brokkoli karami, smorodina mevasi, baliq va goʻsht mahsulotlari bola immuniteti oshishiga katta yordam beradi.

 

Nargiza YUNUSOVA

tayyorladi.

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bola-qachon-kasal-bolmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x