“Bir boqishda tiyra koʻnglumni bahor aylar koʻzing”

PISANDIY muxammaslaridan

 

* * *

 

Kajrav falakdin aylay emdi bu kun shikoyat,
Boylar ichida boʻldi turfa ajab hikoyat,
Bektur degan noraso badshakl benihoyat,
Boylarga boʻldi g.oʻyo qattiq baloyu ofat,
Mundogʻ kishiga kelsun haqdin hazor laʼnat.

 

Gʻaflat sharobin ichgan dunyoparast boʻldi,
Goʻyoki sajda qildi dunyoga mast boʻldi,
Bekturni oshno deb suhbatast boʻldi,
Boylarni eʼtiqodi chun zeri dast boʻldi,
Botinlari buzildi, joʻsh urdi koʻp kasofat.

 

Bir necha mugʻsifatlar yoʻl oldilar xatoga,
Koʻngul qoʻyub oʻshandogʻ bedinu bevafoga,
Koʻr boʻldilar adashib joyi chuqur jafoga,
Soldi alar oʻzini bir dardi bedavoga,
Bir-birlarigʻa aylab dunyo uchun adovat.

 

Farzi xudogo munkir dunyoni qildi pinhon,
Aksi shariat aylab band etdi xayru ehson
Bekturni yaxshi bildi olmoqligʻ andin ehson,
Bu eʼtiqod birlan soʻm berdi necha nodon,
Boshigʻa haq yuborsun har kun hazor laʼnat.

 

Yuz makru hiyla birlan sindi Niyoz koʻsa,
Muflis qilib oʻzini boylardin ul qutulsa,
Hajga iroda qildi maqsudi chirki ketsa,
Oxir kelib chiqordi tanzilga foyda boʻlsa,
Bu qilmagan jahonda hech qolmadi kasofat.

 

Qorun xazinasidek qilsam dedi Qosimboy,
Ochlikda oʻlganidin ichgan edi tezak choy,

Yogʻ koʻrmagan edi ul tumshugʻlari yilu oy,

Boy koʻrsatib oʻzini Bekturga surat oroy,
Maqsadga yetmadi ul boshga olib malomat.

 

Sudxoʻrligʻ qilay deb soʻm yigʻdi hoji Sobir,
Islom elida boʻlmas mundogʻ oʻziga jobir,
Bekturga berdi bul ham, ilkiga oldi bir-bir,
Koʻp eʼtiqod qildi dunyo toparga mohir,
Bosdi bu murdashoʻyni dunyoda koʻp kasofat.

 

Koʻp mehnat ila yigʻdi dunyoni Abdujabbor,
Goʻyoki tumshugʻidin qargʻa ilindi nochor,
Eshak bozori qolmay dallolu benavokor,
Koʻp justujoʻy birlan olamni qildi bezor,
Bekturga jamʼ aylab berdi bu besaodat,

 

Badshaklu, behamiyat Sobir buruni ayyor,
“Shaytonga xalfa tushgʻan” dunyo toparga tayyor,
Bir pulga yuz qasamni ichgan edi bu beor,
Avqot gadoylikda jamʼ etti soʻm bisyor,
Bekturni otasidek bildi bu behamiyat.

 

Johil Gʻulomjoni ul zarsalla, nomi – Afgʻon,
Bori bizoatini topshurdi shodu xandon,
Yori qiyomatim deb Bekturga ahdu paymon,
Yigʻlab kuyub yopushti, yuzidin oʻpdi chandon,
Xeshu taborin etmas boʻlsa kasal iyodat.

 

Piri irodatidek Karim oxun yopushti,
Kal kalni tumshugʻidin goʻyo tanib topushti,
Bir nechalarga boʻldi kafil aroga tushti,
Oʻzi tushub bu oʻtgʻa bir nechalar qovushti,
Bekturni zahrin ichti, yoʻq kecha-kun farogʻat.

 

Bojonboyi xarishoʻr, asli laqabi goʻrxoʻr,
Badbaxtlikda erdi olam eligʻa mashhur,
Boy eshikida koʻrdum maskan edi anga toʻr,
Tushdi bu choh ichiga goʻyoki beaso koʻr,
Oxir damida koʻrdi lavhi qalamda kulfat.

 

Oʻrateppa oʻgʻrisidin makkori shoh Qosimboy,
Koʻnglida makru hiyla har kimga soʻzi bejoy,
Nohaq qasam topilsa, aytur manga bu koʻk choy,
Dogʻulidur atosi, ustodi erdi kajpoy,
Bekturga sayd boʻldi oxir bu bediyonat.

 

Boy boʻldi Shoh Nosir, avval edi qaroqchi,
Gah mardikor ishlab, gohi juvoza yoqchi,
Hech qilmagan ishi yoʻq, gohi boʻlub yamoqchi,
Kirdi saroyga, boʻldi tertovchiga soʻroqchi,
Bekturni xanjaridin bagʻri boʻlur jarohat.

 

Mehnat-mashaqqat ila Mirboqi boy boʻldi,
Koʻp yoru doʻstlaridin dunyo uchun uzuldi,
Bir don uyida qolmay, sichqonlar ochdin oʻldi,
Boʻryo kigizlari ham sotildi, soʻm boʻldi,
Berdi boʻlub pushaymon Bekturga bu amonat.

 

Gʻaflat bosib tiqildi loyxonaga Nazar koʻr,
Shaytonsifat takabbur dunyoga boʻldi magʻrur,
Oxir yogʻib balolar boshida qaynadi shoʻr,
Boʻldi bu dard birlan goʻyo oyogʻi nosur,
Bekturni qissasidin el ichra koʻp xijolat.

 

Chiqdi falakka dudi jonigʻa oʻt tutoshti,
Urdi xudo xasisni yoʻl toʻgʻridin adoshti,
Ul tutfurush yigʻlab, afgʻoni haddin oshti,
Mirhojiboy kasal deb eshaklari hangroshti,
Mundin ziyoda boʻlmas odamdagi qabohat.

 

Hirsu havo sharori koʻnglida yondi chun nor,
Koʻp yigʻladi, mahobat soʻmlarni qildi tayyor,
Utmay tomogʻidin suv bu ranj qildi bemor,
Quvvat ketib bukuldi qomatlari Mirabror,
Xumdoni doʻzaxiga Bektur solib harorat.

 

Xoli qilib-ichidin chun otni doʻli,
Ayrildi soʻmlaridin boshida erdi quli,
Loy boʻldi koʻz yoshidin ikki saroyni yoʻli,
Badasl Abdurahmon aslida erdi loʻli,
Soʻm foydasin olurga Bektur qildi suubat.

 

Haq bermas oz qilsun ul bandasigʻa tavfiq,
Bermas kishiga soʻzni joʻgi misoli zandlits,
Kim rost soʻzni qilsa, qilmas kishiga tayediq,
Nomiga aks erdi yolgʻonchi Hoji Siddiq,
Bekturni sharbatidin totdi bu beqanoat.

 

Qallogani koʻziga oz pul koʻrungusi koʻp,
Shoshib oʻznni urdi domigʻa boʻldi maʼyub,

Ahvolini yoʻqotgan odamni oʻlgani xoʻb,

Pul yigʻdi toʻy qilay, deb bul sartarosh Ayyub,

Bektur qoʻlidin oldi qilgʻum debon shafoat.

 

Chakmanfurushlikdin Mardon xurush hildi,
Hech kimni koʻzga ilmay koʻp ayshu joʻsh qildi,
Chumchuq kabi Ziyoboy qargʻa yurish qildi,
Bekturni sharbatidin bir qatra noʻsh qildi,
Sharmanda boʻldi oxir eldin koʻrub ihonat.

 

Bepirlarni qilgʻay shayton hamisha badroy,
Yoʻldin adashgan elni holigʻa voyu yuz voy!
Shomu saharda tinmay bevaqt qoʻydi karnoy,
Boylar soʻrashdi: kim? – deb, aydilar: ul Avazboy,
Eshakka noʻxta soldi Bektur qilib dalolat.

 

Boylarga rostlikdin bul paxtagir boʻldi,
Mehnat-mashaqqat ila pishti yagʻir boʻldi,
Avvalda sher erdi, bir lattagir boʻldi,
Bekturga Abdurahmon nogah asir boʻldi,
Bechora boʻldi oxir badkayf purxiyonat.

 

Loʻli misoli erdi har koʻcha-koʻyda yurgon,
Pul foydasini qistab qarzdorlarga mehmon,
Gohi toʻyib eshakdek, gohida ochdin oʻlgon,
Borini jamʼ aylab berdi haris Atojon,
Ayrildi soʻmlaridin Bektur qilib xiyonat.

 

Sultoni bokaramdin badasllarga inʼom,
Qildi amirlarga xizmatni subh ila shom,
Utdi alar, bu qoldi dunyo uchun qoʻyib dom,
Maqsudi ot chiqarsa, boylikda Shoh Gʻulom nom,
Bekturni zahri qildi boshdin-oyoq siroyat…

 

Hindu sifat topib pul tinmay yurardi har yon,
Doʻkonu koʻchalarda koʻknorivor mehmon,
Haq aylasun bu shum.ni kelgan baloga qalqoi,
Boʻldi bu Abdurahmon boylar ichida shayton,
Bekturni hasratida oʻldi chekib nadomat.

 

Bir umrda musofir dunyo qidirdi nodon,
Qorun bilib oʻzini Xayriddin nom afgʻon,
Oxir quturgon itdek har odamini qopgon,

Oʻlsa kafan topilmas, tortar mahalla tov©n,
Ketti bu oxiratga bexayru besaxvvat.

 

Oxir zamon ishidur itlar kefakka toʻydi,
Kirdi zakunga boylar sharʼi sharifi kuydi,
Soʻmlarni koʻtarolmay eshakka yukni qoʻydi,
Mansurquli inoqni Bektur koʻzini oʻydi,
Mundin ziyoda boʻlmas islom aro qabohat.

 

Dunyo topib gadolar koʻp eʼtibor boʻldi,
Avvalda moʻr erdi, bir ajdahor boʻldi,
Ayrildi soʻmlaridin bir nonga zor boʻldi,
Xayriddinxoʻja oxir el ichra xor boʻldi,
Qildi tamaʼ bu nodon Bekturdin istionat.

 

Shamsiddinxoʻja degon dunyoda turfa nodon,
Suratda odam, ammo siyratda misli shayton,
Soʻmlar ketib qoʻlidin koʻzdin oqib qaro qon,
Gohi oʻlub tirilgan hindu sifat berib jon,
Boshigʻa soldi Bektur roʻzi jazo qiyomat.

 

Toʻfon suyiga oʻxshab oqti koʻzini yoshi,
Soʻmlarni oldi Bektur, hasratda qotti boshi,
Xalq ichra koʻp tamysho har kunda jon taloshi,
Qoʻrboshilik amalda zahr oʻldi yegan oshi,
Doʻzaxda ham tuganmas Bektur bilan adovat.

 

FURQAT GʻAZALIGA MUXAMMAS

 

Nim nigohini raqiblarga nisor aylar koʻzing,
Bizni bir koʻrmoq uchun koʻp intizor aylar koʻzing,
Bir boqishda tiyra koʻnglumni bahor aylar koʻzing,
May ichibkim gʻamza tigʻin obdor aylar koʻzing,
Bir qarashda yuz kishini dilfigor aylar koʻzing.

 

Zulm behad etgali hazm ayladi andeshasin,
Qoʻlgʻa oldi bexi umrum kesgali gʻam teshasin,
Qatl etarda tutdi ul Hajjoji zolnm peshasin,
Tutmagʻon boʻlsa gʻazabdin Shohimardon shevasin,
Nega qoshingdin hamoyil zulfiqor aylar koʻzing.

 

Ishq elin sehr etgali joduligin ifsho qilib,
Qon toʻkib jon olgʻali mujgonlarin burro qilib,
Xalq aro shoʻri qiyomatni solib, gʻavgʻo qilib,
Xoling oshubi habash iqlimini yagʻmo qilib,
Fitnadin toroji mulki Zangbor aylar koʻzing.

 

Jumlani devona qilgʻon oʻsma rangli qosh erur,
Kecha-kunduz shum raqiblar mahramu sirdosh erur,
Garchi, ey ohu nigorim, biz qari, sen yosh erur,
Aylamas toqat nigohingga agarchi tosh erur,
Koʻzguni siymob yangligʻ beqaror aylar koʻzing.

 

Kuydimu oʻldum, yoronlar, yor istigʻnosidin,
Qatraye tottirmadi hargiz karam daryosidin,
Qutqar emdi bu tiriklikda ajal daʼvosidin,
Otibon mujgon oʻqini qoshlarini yosidin,
Voykim, jonu koʻngullarni shikor aylar koʻzing.

 

To Pisandiy yor oʻlurgʻa joʻsh qilgʻil dam-badam,
Dod etarmen, ey nigorim, goʻsh qilgʻil dam-badam,
Bizni ham may loyidin behush qilgʻil dam-badam,
Bazm aro gulrang may sun, noʻsh qilgʻil dam-badam,
Furqatiygʻa bir boqib dafʼi xumor aylar koʻzing.

https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-boqishda-tiyra-konglumni-bahor-aylar-kozing/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x