Bepushtlik davosiz dard emas!

Bepushtlik – bugun ba’zi oilalarning buzilib ketishiga sababchi bo‘layotgan dolzarb muammolardan biri. Farzandni buyuk ne’mat deb biladigan o‘zbek oilalari uchun bu fojia. Aslida har bir inson farzand ko‘rishga haqli. Jajji farzandining shirin qiliqlaridan zavqlanib huzurlanishni, balog‘atga yetganda bo‘yi-bo‘yi bilan tenglashgan jigarbandining nurli kelajagi haqida orzu qilishni kim ham istamaydi deysiz. Ha, farzandli bo‘lish – baxt. Achinarlisi, ba’zi erkak va ayollarning sog‘lig‘iga bo‘lgan ozgina e’tiborsizligi ularni mana shunday ulug‘ baxtdan mosuvo qilyapti. Farzandlari bolali bo‘lolmayotgan ota-onalarning «Farzandim sog‘lom u shu vaqtgacha biror bir jiddiy kasallik bilan kasallanmagan ayb kelinda yoki kuyovda» degan gaplarini ko‘p eshitamiz. O‘zbek oilalarida bunday vaziyatda aybni ko‘proq kelinning zimmasiga yuklashadi. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Vaholanki, shifokorlarning tahlillariga ko‘ra, qirq foiz hollarda farzandsizlikka erkaklar ham sababchi bo‘lar ekan. Shu o‘rinda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali ginekologi tibbiy xizmat mayori Marat Jumaniyazovning fikrlariga quloq tutsak.

bepushtlik

Bepushtlik bu hukm emas!

– Bepushtlik holatining qirq foizi asosan erkaklarda uchraydi (impotensiya), qolgan 60 foizini ayollar bepushtligi tashkil qiladi. Shuning uchun tibbiyotda ayollar bepushtligi, erkaklar bepushtligi turlari farqlanadi, – deydi suhbatdoshimiz. – Ayollar bepushtligi ham birlamchi va ikkilamchi bepushtlikka bo‘linadi. Faol jinsiy hayotda yashayotgan ayol umuman homilador bo‘lmagan bo‘lsa, bu birlamchi bepushtlik deyiladi. Agar ayol oldin homilador bo‘lib, keyinchalik takror homilador bo‘lmasa bu ikkilamchi bepushtlik deyiladi. Shifokorlar orasida kasallikni davolashdan oldin uning sababi bilan kurashish kerak, degan ibora yuradi. Bu iborani keltirayotganimning sababi tibbiyot fani nazariyasi va amaliyotiga ma’lum bo‘lgan juda ko‘p kasalliklar u yoki bu jihatdan bepushtlikka olib kelishi mumkin. Ular haqida quyida ma’lumot berib o‘tmoqchiman.

Ayollar bepushtligiga ko‘p hollarda hayz siklining buzilishi, jinsiy a’zolarning yallig‘lanish kasalliklari, ichki sekretsiya bezlari(tuxumdon, qalqonsimon bez, buyrak usti bezi) faoliyatining buzilishi, balog‘atga yetish davrida infeksion kasalliklar bilan og‘rishi sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, qiz bola balog‘at yoshida sil (tuberkulyoz) bilan og‘rigan bo‘lsa, ko‘p hollarda u silga qarshi davolangan bo‘lsa-da, ammo turmushga chiqqanda tuxumdon naylari bekilib qolganligi natijasida farzand ko‘rolmasligi mumkin. Shuningdek, qalqonsimon bez kasalligi ham bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin. Chunki organizmimizda qalqonsimon bez juda katta vazifani bajaradi. U tanamizdagi barcha bezlar faoliyatini nazorat qiladi. Agar u izdan chiqsa, bezlar faoliyati, hatto, tuxumdonlar faoliyati ham buziladi. Afsuski, bugun o‘smir yoshidagi qizlarda, yigitlarda qalqonsimon bez kasalligi ko‘p uchrayapti. Ular turmush qurganda esa bepushtlik muammosiga ro‘baro‘ bo‘lish­yapti.

Shuningdek, tuxum hujayra rivojlanishi va uning tuxumdondan ajralish jarayoni buzilishi ham ayollar bepushtligining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan hisoblanadi.Tuxumdonning sog‘lom bo‘lib, me’yoriy faoliyat ko‘rsatishi o‘ta muhim. Uning to‘la ishlamasligi tug‘ma yoki umr davomida orttirilgan bo‘ladi. Umuman, bepushtlikka qu­yidagilar sabab bo‘lishi mumkin:

1. Oziq-ovqatlar tarkibida darmondorilar, mineral va mikroelementlarning tanqis bo‘lishi nafaqat jismoniy takomil ortda qolishiga ya’ni infantilizmga ham sabab bo‘la di.

2. Balog‘at yoshi bo‘sag‘asidagi qizlarning asab-ruhiy zo‘riqishi yoxud haddan ziyod og‘ir jismoniy mehnat qilishlari ularning salomatligiga salbiy ta’sir etadi va goho bepushtlikka olib keladi.

3. Bachadonning oldinga yoki orqaga bukilib qolishi, uning noto‘g‘ri joylashishi ham takomilning me’yoriy emasligidan dalolatdir.

4. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, qalqonsimon bezning yetarli ishlamasligi yoxud haddan ziyod ishlashi ham tuxumdon to‘qimalarining atrofiyaga uchrab, bepushtlik ro‘y berishiga sabab bo‘ladi.

5.Tuxumdonning yallig‘lanishi, to‘qimalarning o‘rin almashishi, uning bitishmalar qurshovida qolishi yoxud yiringli yara bo‘lishi ham me’yoriy faoliyatni izdan chiqarib, bepushtlikka olib kelishi mumkin.

6. Jinsiy noyetuklik, ya’ni infantilizm qinning o‘ta kalta va torligi,bachadon kichikligi, qov supachasi tuklari yakkam-dukkamligi kabi alomatlarda o‘z ifodasini topadi. Hayzning kechikishi (18 yoshdan keyin), uzoq vaqt mobaynida bir maromga tushmasligi, qisqa muddat bo‘lishi kabilar ham infantilizm belgilaridandir.

Erkaklar bepushtligi: muammoning yechimi qayerda?

– O‘g‘il bolalarni ham o‘smirlik davridan katta hayotga tayyorlab borish kerak. Buning uchun ularning to‘g‘ri ovqatlanishiga, to‘g‘ri kiyinishi, ya’ni noqulay va tor kiyimlarni kiymasliklariga va haddan tashqari jismoniy zo‘riqmasliklariga katta e’tibor berish lozim. O‘g‘il bolalarni ham bolaligidan urolog-shifokor ko‘rigidan o‘tkazib turish shart. Chunki aynan yosh bolalarda moyakning pastga tushmasligi ya’ni kriptorxizm kasalligi ko‘p uchraydi. Ota-onalarning farzandlari sog‘lig‘iga e’tiborsizligi tufayli bu kasallik vaqt o‘tib tuxumning rivojlanishdan ortda qolishiga va keyinchalik bepushtlikka olib keladi. Shuning uchun ham biz shifokorlar ota-onalarga o‘g‘il farzandlarining sog‘lig‘ini har doim nazorat qilib turishlarini maslahat beramiz, – deydi Markaziy harbiy klinik gospitali urologi tibbiy xizmat podpolkovnigi Abdurazzoq Rasulov. – Shu o‘rinda erkaklar bepushtligiga sabab bo‘luvchi yana boshqa omillarni sanab o‘tmoqchiman. Ular:

– jinsiy a’zolarda yallig‘lanish kasalligi bilan bog‘liq kasalliklar (uretrit, prostatit, orxoepididimit);

– ichkilikbozlik, anobolitik steroidlar (kuch-quvvat bag‘ishlovchi garmonlar) qabul qilish;

– sportning og‘ir turlari bilan, masalan, marafon, og‘ir atletika bilan shug‘ullanish;

– moyak ichki haroratining ko‘tarilishi (haddan tashqari issiq kiyim, sauna yoki yuqori haroratli ish sharoiti);

– turli tug‘ma kasalliklar;

– urug‘ o‘tkazish kanalining berkligi (jinsiy yo‘l orqali o‘tuvchi infeksiyalar, jarrohlik amaliyotidan keyingi chandiqli o‘zgarishlar, jinsiy a’zolarning rivojlanishidagi nuqsonlar. Bularni faqat maxsus lobarator tekshiruvi jarayonidagina aniqlash mumkin);

– varikotsele – moyak xaltasidagi qon tomirlarining varikoz kengayishi (bunda varikoz tomirlarining kenga­yishi va uzayishi yorg‘oqlarda harorat ko‘tarilishiga olib kelib, spermatazoidlarning sifatiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi);

– organizmdagi gormonal holatning o‘zgarishi;

– moyak va urug‘ yo‘llarining shikastlanishi;

– immunologik bepushtlik (bunda xuddi erkak immun tizimi organizmga kirgan yot moddalarga nisbatan qarshi hujum qilgandek ta’sir etib spermatozoidlarni nobud qiladi va natijada urug‘lanish yuz bermaydi);

– aspermatizm – olat taranglashsa-da shahvatning umuman chiqmaslik holati.

Shuningdek, ruhiy holatning me’yorda bo‘lmasligi, ko‘p asabiylashish, ekologik buzilishlar, kimyoviy ta’sirlar, radiatsiyalar ham erkaklarda bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Bepushtlikni aniqlash uchun eng avvalo erkaklar spermagramma qilinadi. Tekshiruv davomida sperma tarkibidagi spermatazoidlar soni, faollik darajasi, kamligi yoki shaklining o‘zgarishi aniqlansa, qayta tekshiruv tayinlanadi. Bu birlamchi tekshiruv deyiladi. Ikkilamchi tekshiruvda qon tarkibidagi garmonlar miqdori, spermatozoidlarning harakatchanligi, immunologik tekshiruv, urug‘ o‘tkazish yo‘lining ochiqligi va UTT amalga oshiriladi.

Tekshiruvlar davomida erkakda bepushtlik sabablari aniqlanmasa, unda uning jufti chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkaziladi va agar ayolda bepushtlik aniqlansa, unga davo choralari qo‘llaniladi.

Insonlar ongiga «bepushtlikning davosi yo‘q», degan tushuncha singib qolgan. Yo‘q, bu noto‘g‘ri tushuncha. Aslida davosiz dardning o‘zi yo‘q. Faqat, kasallik sababini to‘g‘ri aniqlash va unga to‘g‘ri davo choralarini qo‘llash kifoya. Shunga ko‘ra, bepushtlik ham davosiz dard emas. Shuning uchun, bepushtlik tashxisi qo‘yilgan erkaklarga maslahatimiz hech qachon tushkunlikka tushmang va yana eng asosiysi, qaysi shifokorga murojaat etishni biling.

Ekspert: Marat Jumaniyazov, tibbiy xizmat mayori.
Jurnalist: Gulnora Hojimurodova
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi axborot organi
Sayt: Dnk.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x