Azisa Radjabova Biografiya

Azisa Radjabova Biografiya
Hozirgi kunda seriallardagi rollari va qo‘shiqlari bilan xalqimiz e’tiboriga tusha boshlagan yosh iste’dodli aktrisa, xonanda, model va boshlovchi Azisa Radjabova 1996 yil 16 avgustda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan. 2003-2012 yillarda Urganchdagi 5 sonli maktabda tahsil olgan qizning ko‘nglida san’atga mehr bolaligidan uyg‘ongan bo‘lib, 1 sinfdaligidayoq maktabdagi tadbirlarda qo‘shiq kuylab raqsga tushgan va viloyatdagi tadbirlarda faol ishtirok etgan. O‘quvchilik yillaridayoq ilk she’rlari “Yulduz” nomli kitobchada nashr qilingan va keyinchalik ko‘plab she’rlari “G‘uncha”, “Gulxan” kabi bolalar, o‘smirlar jurnallari, hamda bir qator gazetalar hamda, kitoblarda ham chop etilgan. 2011-2012 yillarda esa, Azisa Radjabova «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan.
Boshlang‘ich maktabni tamomlagach, Aziza kutilmaganda san’at yo‘nalishidan farqli ravishda, Urganch Iqtisodiyot kollejiga o‘qishga kiradi. 2012-2015 yillarda mazkur kollejda o‘qish davrida ham, Azizani san’atga bo‘lgan qiziqish va intilish bir zum ham tark etmadi. 2014 yilda “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazilgan “Xorazm Malikasi” tanlovining hamma bosqichlarida g‘oliba bo‘lgach, unda san’atga bo‘lgan qiziqish yanada oshdi. Aynan shu g‘oliblikdan so‘ng, uni xonandalar o‘z kliplariga taklif qila boshlashdi. Azisa Radjabova xonandalardan Bunyodbek Saidovning “Saramisan”, “Ummon” guruhi xonandasi Shoxruxning “Ummon”, Dilmurod Sultonovning “Oysha”, Navro‘z Sobirovning “Bika”, Bekzod Jo‘rayevning “Instagram”, Navro‘z Sobirovning “Burmak”, Doston Ibodullayevning “Sara”, “Sara 2” va “Gulim”, Kamron Soburovning “Chemodan”, Zafar Qurbonboyevning “Chiroyligim” kliplarida suratga tushdi. Xorazmdagi Televideniyeda ham, ma’lum bir vaqt faoliyat olib bordi.
2016 yildan boshlab u Xorazmning QVZ Diplomat jamoasi bilan birgalikda konsertlar berib, tomoshabinlar mehrini qozondi, chiqishlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Azisa Radjabova xonanda sifatida “Sevaman” va “Ayblamagin” qo‘shiqlarini kuylab, ularga klip ham suratga oldirdi.
Azisa Radjabova hozirda Toshkent Axborot Texnologiyalari universitetning 3 kurs talabasi. U ijod bilan birga, tahsil olishni ham barobar olib bormoqda.
Bugungi kungacha Azisa Radjabova 30 dan ortiq kliplarda suratga tushdi, hamda ilk bor, “Ko‘cha” serialida suratga tushib, kino sohasida ham o‘z faoliyatini boshladi. Shundan so‘ng, “Daydi qizning daftari” serialiga taklif qilindi. “Qil ustidagi taqdir” serialida esa, ilk bor bosh qahramon rolini ijro qildi. U kuylagan “Ayblamagin” taronasi “Qil ustidagi taqdir” seriali saundtreki hamdir.
Azisa Radjabova hayotda maqsadlari sari intiluvchan qiz bo‘lib, she’r o‘qishni, qo‘shiq kuylashni sevadi. Kelajakda mashhur san’atkor bo‘lish niyatida bo‘lib, orzusiga erishish uchun tinimsiz harakat qilib kelmoqda.
0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x