Ayollar jinsiy a’zosida vena qon tomirlarning kengayishi

Ish yuzasidan tug‘ruqxonaga yo‘lim tushdi-yu, UTT xonasi oldida navbatda turgan ayollar bilan suhbatlashib qoldim. Gap orasida ayollardan biri jinsiy a’zodagi vena tomirining kengayishidan so‘z ochdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu kabi muammo homiladorlikning so‘nggi oyida ko‘pgina ayollarni bezovta qilar ekan. “Shu haqda yozing” deganicha tekshiruvga kirib ketgan ayolning so‘zlari haqiqatan ham o‘ylantirib qo‘ydi. Homiladorlik davrida jinsiy a’zo vena tomirlarining kengayishi qanday sodir bo‘ladi? Bu holatning tug‘ruqqa ta’siri bormi?

Shunaqasi ham bo‘larkanmi?

Ma’lumki, homilador ayol organizmida tug‘ruqqa qadar turli o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Xususan, og‘ir yuk ko‘tarish, vena devorlarining tug‘ma sustligi, homilali bachadon ta’sirida kichik chanoq venalarida qon dimlanib, katta jinsiy lablarda vena tomirlarining varikoz kengayishi shular jumlasidandir. Bunda kattalashayotgan homila kichik chanoqqa zo‘riqish berib, kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi va harakatlanish uchun noqulaylik yuzaga keladi. Aksariyat hollarda jinsiy a’zodagi vena tomirining kengayishi homiladorlikning oxirgi uch oyligida yuz berib, yengil, o‘rta va og‘ir darajalari bilan farqlanadi.

O‘zgarishlarni qanday bilamiz?

Homilador davringizda jinsiy a’zolarda vena qon tomirlarining varikoz kengayishi bor-yo‘qligi o‘ylantirayotgan bo‘lsa, quyidagi belgilarga diqqat qiling:

  • jinsiy lablarning odatdagidan kattaligi;
  • teri yuzasida qichishish, achishish paydo bo‘lishi;
  • jinsiy yaqinlik vaqti og‘riq va noqulayliklar kuzatilishi;
  • shishgan teri yuzasining qorayib qolishi (pigmentatsiya);
  • vena qon tomiri ilon izi kabi ko‘rinish olib, bo‘rtib qolishi.

Shifokorlar fikricha, bu turdagi vena tomirining kengayishi yuz berganda ushbu holat oyoqdagi vena tomirlarida ham bo‘lishi mumkin. Qolaversa, vena tomirlarining kengayishi qon aylanish tizimidagi o‘zgarishlar sabab ham yuzaga keladi.

Kimga murojaat qilay?

varikoz

Avvaliga davolovchi ginekolog-shifokoringiz bilan maslahatlashib, kerakli tekshiruvlardan o‘tasiz. Bunda kattalashgan vena qon tomirining holati va darajasi o‘rganilib, kerakli tavsiyalarga ega bo‘lishingiz mumkin. Farzand kutayotganingizni hisobga olgan holda biror dori preparati yoki surtmalar tavsiya etilishi mumkin bo‘lmasa-da, og‘riqni yengillashtirish choralari buyuriladi.

Jumladan, tug‘ruqqa qadar taqiladigan bandajlardan foydalanish ham jinsiy a’zoga tushayotgan og‘irlikni yengillashtirishga ko‘mak beradi. Qolaversa, jismoniy zo‘riqishdan saqlanish, kun tartibiga amal qilish, qulay poyabzaldan foydalanish, to‘g‘ri ovqatlanish kabi omillar ham muhim. Kengaygan vena tomirida kuchli og‘riq bezovta qilsa, shifokor ko‘rsatmasiga muvofiq vaqti-vaqti bilan og‘riqsizlantiruvchi preparatlarni qabul qilish ham mumkin.

Asoratlari xavflimi?

Ayrim ayollar homilaga ziyoni bo‘lsa-chi, degan o‘yda shifokor ko‘rigidan hayiqishadi. Aslida esa mutaxassisga o‘z vaqtida murojaat qilinsagina, asoratlarning oldini olish hamda to‘g‘ri davolanishga erishish mumkin. Aks hollarda kengaygan vena tomiri boshqa jinsiy a’zolar, qin, bachadon sohalariga ham tarqalishi mumkin.

Tug‘ruqqa ta’siri bormi?

Mutaxasissislar fikricha, kengaygan vena tomiri yengil yoki o‘rta darajada bo‘lsa, tug‘ruq jarayonlari tabiiy yo‘l bilan o‘tkaziladi. Bordi-yu, vena tomirining kengayishi og‘ir darajada bo‘lib, og‘riq kuzatilsa, tug‘ruq payti kesarcha kesish usuli qo‘llanilishi ham mumkin.

Qachon davolaniladi?

Umumiy ahvolingizdan kelib chiqib, tug‘ruqqa qadar og‘riqni yengillashtiruvchi muolajalar qo‘llanilsa-da, asosiy davo choralari tug‘ruqdan so‘ng bajariladi. Har bir organizm individual ko‘rinishda bo‘lgani bois tug‘ruqdan so‘ng vena tomirlarining elastiklik xususiyatining tiklanishi ham turlicha bo‘lishi mumkin. Kimdadir kengaygan vena tomiri 30-40 kun ichida o‘z holiga qaytsa, ayrimlarda bu jarayon tezroq yoki bundan ham sekinroq kechadi. Shunday bo‘lsa-da, bir marta kengaygan vena tomiri qayta shu holatga tushmasligiga kafolat yo‘q. Agar vena tomiri elastiklik xususiyatini tiklay olmasa, shifokor ko‘rsatmasi bilan skleroterapiya yoki jarrohlik aralashuvi o‘tkazilishi mumkin.

Bu muhim!

Ayrim ayollar vena tomirining kengayishi sabab og‘riq yuzaga kelsa, bilib-bilmay issiq vanna yoki turli surtmalardan foydalanish mumkin deb o‘ylashadi. Aslida esa homiladorlik davri bu kabi usullar tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, so‘nggi uch oylikda uy sharoitida mustaqil bajariladigan muolajalardan nihoyatda ehtiyot bo‘lish darkor. Bezovtaliklar ortib borayaptimi, yaxshisi, shifokoringiz bilan maslahatlashing-u, davolaning.

Ayollar salomatligiga oid muhim maqolalarni saytimizning «Ginekologiya» rukni orqali o‘qib borishingiz mumkin.

Ekspert: Nilufar ABDULLAYEVA, oliy toifali shifokor.

Jurnalist: Dildora YUSUFBЕKOVA.

Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.


Hayz siklingizni nazorat qilishni istaysizmi? Homiladorlik uchun unumdor kunlarni bilib, homiladorlikni rejalashtirishni istaysizmi? Unda “Lalu — ayollar kundaligi” mobil ilovasini bepul yuklab oling!

Ilova sizga hayz siklingiz xarakterini tushunib, uni kuzatib borishingizda, ovulyatsiya kunini aniqlashda, homiladorlikni rejalashtirishingizda yordam beradi.
Bundan tashqari, ilova orqali hayz oldi sindromi haqida bildirishnoma olish, sikl buzilishi, fertil kunlar kabi holatlarni prognozlash va kuzatib borish, ginekologiya sohasiga oid maʼlumotlar olish imkoniyati mavjud.

Hoziroq bepul yuklab oling


0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x