AMIR TEMUR ORDENI

«AMIR TEMUR» ORDENI — OʻzRning davlat mukofotlaridan biri. Bu orden b-n davlatchilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, meʼmorchilikni, ilm-fan, adabiyot va sanʼatni, shu jumladan, harbiy mahoratni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissalari uchun OʻzR fuqarolari mukofotlanadilar. Ushbu orden bilan davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni hamda xalqlar oʻrtasida doʻstlikni mustahkamlash ishiga alohida hissa qoʻshganlik uchun OʻzR fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. 1996-y. 26 apr. da taʼsis etilgan (shu ordenni taʼsis etish haqidagi Qonun bilan OʻzRning 1995-y. 22 dek. da qabul qilingan «Davlat mukofotlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 11-moddasiga tegishli tuzatishlar kiritilgan). Orden tilla qoplangan 925 darajali kumush qotishmadan tayyorlanib, sakkiz qirrali boʻrtma yulduz koʻrinishida boʻlib, Amir Temurning ulugʻvor qiyofasi kumush rangda tasvirlangan. Muallifi — Oʻzbekiston Respubikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov. Vatanimiz tarixida tutgan beqiyos oʻrni, samarqandliklarning asrlar davomida milliy fan va madaniyatimizni rivojlantirishga qoʻshgan buyuk hissasining eʼtirofi sifatida — Samarqand sh., temuriylar davri ulkan madaniy va maʼnaviy merosini, noyob tarixiy yodgorliklarini asrab-avaylash, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, ozod mamlakatimiz buyuk istiqbolini yaratishga qodir kishilar qilib tarbiyalash ishiga qoʻshgan alohida xizmatlarini eʼtiborga olib — Shahrisabz sh. ana shu orden bilan taqdirlandi (1996-y. 18 okt.) Oʻzbekiston davlatchiligini barpo etish va jahon hamjamiyatida millatimiz obroʻsini yuksaltirish, fuqarolar tinchligini va umummilliy totuvlikni mustahkamlash, madaniy qadriyatlarni asrab qolish va rivojlantirish borasida buyuk xizmatlari uchun hamda tugʻilgan kuniga 60 yil toʻlishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov shu orden b-n mukofotlandi (1997-y. 26 dekabr).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x