Amir Temur Moskvani olganmi?


Post Views:
338

Amir Temur davriga oid ishonchli manbalarda Sohibqiron Moskvani olgani va Turon davlatiga qilgani haqida qiziqarli maʼlumotlar bor.

Ko‘p rus mualliflari, jumladan A. Yu. Yakubovskiy, (qarang: Б. Д. Греков, А. 10. Якубовский. Золотая Орда и ее падение, с. 369-370) Temur Moskvani olmagan va Yelesdan shimolga o‘tmagan, deb, bu voqea haqida xabar bergan Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiylar ikkisi ham yanglishib, Moskva deb aslida Ryazanni nazarda tutganlar, deydilar. Yakubovskiy hatto Temur Kolomna yaqinida Oka bo‘yiga kelib, narigi sohiliga, yaʼni Moskva tarafiga o‘tmagan, chunki daryoning narigi sohilida turgan «buyuk knyaz» Vasiliy Dmitriyevich (Dmitriy Donskoyning o‘g‘li) boshchiligidagi rus lashkarlari bilan to‘qnashishdan qo‘rqqan, degan uydirmalarni aytgan. Yana uning aytishicha, go‘yo 1380 yilgi Kulikovo maydonida Mamaynnng yengilganligi haqidagi xabarlar Amir Temurni qo‘rqitganmish. Eng avvalo shuni aytish kerakki, 1395 yilga kelganda Temurning qudrati shu qadar ulkan ediki, u o‘zini dunyoda eng qudratli hokim va harbiy boshliq deb bilardi. Haqiqatda ham shunday edi. Qandaydir hech kimga nomaʼlum «buyuk knyaz», yaʼni Temurning yordami bilan taxtga kelgan va tobesi hamda kuni kecha yengilib, yakson bo‘lgan To‘xtamishni qaramidagi Vasiliy Dmitriyevichdan Sohibqiron zarracha seskanmas edi. Grekov va Yakubovskiylar Nizomiddin Shomiy bilan Sharafuddin Ali Yazdiyning qator voqealar xususida xabarlari rostligini tan oladilar. Ammo Moskva xususiga kelganda guyo ularning geografik tasavvurlari aniq emasmish. Bizningcha, bu gaplar Moskvani azaldan yengilmas qilib ko‘rsatishga qaratilgan buyuk rus shovinizmining bir ko‘rinishidir. Mazkur sharq tarixchilarining “Zafarnoma”larida ular nafaqat Moskva, balki undan ancha shimoldagi, qutb doirasidan ham shimoldagi yerlar haqida ancha aniq tasavvurga ega bo‘lganliklari haqida dalolat beruvchi sahifalar bor (A.Ahmedov. Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma., Toshkent: Sharq, 1997. -B. 342-343.).

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidan parcha:

Sohibqiron Maskavga sorikim, Rusnung shaharlaridin erdi, tavajjuh qildi. Anda yetkonda nusratshiʼor cheriki ul viloyatni (shahar va atrofini) chobtilar va andag‘i hokimlarni tobeʼ qildi. Va cherikiing eliklariga sonsiz mol tushti: oltunu kumish va qumoshu kabsh va hatanu qoqam va kattonu qaro samur va qilichlar, yaxshi otlar tushti (179 bet).

Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida ham quyidagicha keltirilgan:

Amir Sohibqiron Mushku (Moskva) nomli o‘rus shahri tomon yurishni irodat etdi, u viloyatning barcha yerlariga chopqin yasab g‘orat qildi, lashkar ahli o‘lchaksiz g‘animat oldilar (Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma, 1996. -B. 213.).

Nimagadir tarixchilarimiz Amir Temurning Moskva shahrini olgani va uni bo‘ysundirgani haqidagi haqiqatlarni aytishdan cho‘chiydilar.

Ushbu tarixiy voqelik rostdan ham bahsli masala bo‘lib kelajakda bu va boshqa jumboqlar adolatli yechimini topishidan umidvormiz.

Shohista O‘ljayeva

https://shosh.uz/uz/amir-temur-moskvani-olganmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x