***
Shoirlar qishloqda tugʻilib, shaharda oʻladilar.
Fransuz xalq maqoli
Har kimga tugʻilgan yeri Kaʼbaday –
Qishloqmi, shaharmi muqaddas unga.
Insofli, vijdonli inson abadiy
Jonin fido aylar ona Vatanga.
Har kimga berilgay ilmu amal, kasb,
Xalqqa xizmat qilib, shon bersam boʻldi.
Mayliga shoirlik etmasin nasib
Faqat qishlogʻimda jon bersam boʻldi.
2009
TUN SUVRATI
Allakimlarningdir qilib gʻiybatin,
Baqalar tinmasdi, tinglar edi soy.
Nomusi toptalgan qizday bir chetda,
Mum tishlab oʻtirar homilador oy…
2013
***
Muridmiz, shul sabab pirni izlaymiz,
Ortida togʻ bor deb qirni izlaymiz.
“Pul – qoʻlning kiri”, deb vaʼz oʻqib baʼzan,
Alhazar, oʻzimiz kirni izlaymiz.
2013
***
Koʻzida yosh bilan keldi bir bola,
Onasi oldida bosh egib turdi.
Yigʻidan toʻxtolmay, ingragan holda
Aytdi: “Ona, meni bir bola urdi”.
Kajraftor dunyoning ishlari qiziq,
Yechilmas jumboqlar oʻylab topadi.
Jazolangan odam yoshin oqizib,
Kimningdir oldiga darrov chopadi.
Odamning zarbini odam koʻtarar,
Har ogʻir damda ham topilgay imkon.
E, voh, gʻazablanib Xudo ursa gar,
Kimning panohiga qochgaydir inson?..
2013
TUGʻILGAN KUNIMDA
Umr – yoydan uchgan oʻqqa oʻxshaydi –
Yigirma ikki bor yoyni tortdim men.
Gohida topganim yoʻqqa oʻxshadi,
Gohida moʻljallab oyni otdim men.
Katta nishonlarni koʻzlab qoʻygandim,
Lek “Umring yetmas!” deb kimdir doʻq soldi.
Oʻzing ayt, qaygacha yetadi sabrim,
Rabbim, sadogʻimda qancha oʻq qoldi?
2013
***
Deydilarki, farzand
oqlashi kerak
ota-ona oldidagi burchini –
dunyoga keltirgani uchun,
bergan halol tuzi uchun,
ulgʻaytirgani uchun…
Men ham oqlayapman,
Oqlayapman
faqat onam sochini…
2012
ILTIJO
Tongda turib Senga aytdim munojot,
Hamdu sano aytib vujud tolmasin.
Dilda ne gʻam boʻlsa aylagin najot,
Oʻzingdan oʻzgaga kunim qolmasin.
Kerakmas oʻzganing minnatli oshi,
Kerakmas gul ungan maftunkor toshi,
Roziman ularning sogʻ boʻlsin boshi,
Oʻzingdan oʻzgaga kunim qolmasin.
Mayliga oʻzgalar yetsin murodga,
Samoni kezsinlar minib Gʻirotga,
Dilimda nolam bor, zorman imdodga,
Oʻzingdan oʻzgaga kunim qolmasin.
Koʻzimni ravshan qil – nurdan ayirma,
Qomatim tik tutay – qaddim qayirma,
Alloh , ne boʻlsa ham Oʻzingdan qoʻyma,
Oʻzingdan oʻzgaga kunim qolmasin.
2009
TUGAMAGAN SATRLAR
1
Umidlarim soyasida
Dam olaman
Jazima payt…
2
Xira boʻlgan dil oynamni
Yuvmoqdaman
Koʻzyoshim bilan…
3
Armonlarim shudgoriga
Kelar har tong
Qora qargʻalar…
4
Choʻlda qiblasini topolmayotgan
Nomozxon kabi
Adashib yuribman
Koʻnglim dashtida…
5
Uyi yongan odamday
Koʻchib oʻtdim
Vujuddan Ruhga
2012
* * *
Hayotingga kirdim behuda,
Dard va hijron – topib olganim.
Alam qilar sen uchun juda
Seni yaxshi koʻrib qolganim.
Dunyo eski… Oʻzgarmas olam,
Bekor undan koʻngil sovushi –
Lek menga ham qilgaydir alam
Oʻzgasini qattiq sevishing.
2012
MUVASHShAH
Sabr
Allohga
Borar
Rohdir…
2012
Husan Maqsud
https://saviya.uz/ijod/nazm/adashib-yuribman-konglim-dashtida/