Adabiyot – tarbiya vositasi

Yozuvchi va tarjimon Nazar ESHONQUL bilan suhbat

 

“Sharq yulduzi” jurnali tahririyati savollari:

 

  1. Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

 

  1. Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” boʻlganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yoʻl qidirmoqda? “Yoʻlini yoʻqotgan dunyo”da adabiyotning oʻrni va roli bormi? Nega u, yaʼni adabiyot dunyoning yoʻlini yoʻqotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga taʼsir etib, uning yangi, munosib yoʻl topishiga ilhomlantiruvchi kuch boʻla oladimi-yoʻqmi?..

 

  1. Bitta asar jamiyatga ikki xil taʼsir koʻrsatadimi? Nima uchun?..

 

  1. Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan boʻlardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Maʼnaviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yoʻq?

 

  1. Umidbaxsh va tushkun adabiyotning oʻquvchi va jamiyatga taʼsiri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

 

  1. Oʻtmish merosni har bir zamon oʻz mezonlari chigʻirigʻidan oʻtkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

 

  1. Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yoʻl boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qoʻyib aytganda, toʻgʻri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yoʻqmi, boʻlsa, qay darajada?

 


 

Adabiyot – tarbiya vositasimi?..

 

“Ha!”, adabiyot tarbiya vositasi. Buni tan olmaslikni men adabiy bodilik, deb tushunaman. Toʻgʻri, adabiyot muallim yoki ota-ona kabi bevosita tarbiya bilan shugʻullanmaydi, ammo u tuygʻuni, didni, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi tasavvur chegarasini, koʻngil va qalbni tarbiyalaydi. Shuning uchun u tarbiya vositasidir. Insoniyatning bugungi koʻplab fojiasi maʼlum maʼnoda adabiyotdan uzoqlashishi yoki u bilan qalblarini tarbiyalamay qoʻygani bilan bogʻliq ekani dunyo allomalari oʻrtasida tahlil qilingan va qilinayapti.  Sanʼat, jumladan, adabiyot tarbiyalamagan qalb vahshiylikka, yovuzlikka, tubanlikka moyil qalbdir. Chunki adabiyot bilan toʻlgan qalbga yovuzlik  kirib olishi qiyin kechadi, koʻngil mayli yovuzlik tomonga oʻtishdan oldin u yerda adabiyot bunyod etgan qoʻrgʻonlarni, qalʼalarni buzib tashlashiga toʻgʻri keladi. Adabiyot bilan toʻyingan qalb, ong – poydevori mustahkam binoga oʻxshaydi. U zalolatga boshlovchi koʻplab zilzilalarga dosh bera oladi. Adabiyot va sanʼat tarbiyalamagan qalb “eng past balli silkinishlarga”  dosh berolmay, toʻkilib ketadi. Bu –  asrlar osha isbotlangan haqiqat.  Adabiyotning kishilik ongu tafakkurida, maʼnaviy olami, madaniy taraqqiyotida tutgan oʻrnidan xabari bor,  kalom sanʼatining nima uchun paydo boʻlgani-yu uning bosh vazifasi nimaligini bilganlarga bu gaplarni gapirib oʻtirish ortiqchaday tuyulishi mumkin. Ammo xavotir-savol bekorga qoʻyilgani yoʻq, aftidan. XXI asrga kelib, adabiyotning hayotda, ijtimoiy munosabatlarda, ommaviy eʼtiroflarda,  tarbiyada, “olomonchilik didi hukmron didga aylangan” (Ortega Gasset) pallada ochiqchasiga shubha qilinayotgani tufayli bir ogʻiz “Ha!” deb qoʻyishning oʻzi ham yetarli emasga oʻxshaydi. Tan olish qanchalik ogʻir  va achinarli boʻlmasin, adabiyot bugungi kunda oʻzining ellik yil oldingi oʻrnini butunlay olomon didiga – Herman Hessening 1943 yilda yozilgan “Biser oʻyini” romanida tilga olingan ommaviy madaniyat unsurlariga boʻshatib berayotgani ayni haqiqat. (Romandagi asosiy voqea 2200 yilda yuz beradi. Olis kelajakning tarixchi roviysi oʻz davridan turib, bosh qahramon Knext nuqtai nazaridan kelib chiqib, oʻtmish – XX asr madaniy hayoti va jamiyatini ilmiy, falsafiy-psixologik tahlil qiladi.  XX asr “feltonchilik”, bugungi til bilan aytilganda, ommaviy madaniyat gullab-yashnagan davr. Bu davrda odamlarni olomonchilik kayfiyati oʻz changaliga olgan. Asar roviysi bu kayfiyatni “feltonchilik” madaniyati, deb ataydi. “Felton” nemis tilida “koʻngilochar”, “ermak” degan maʼnolarni beradi. Odamlar yuksak tuygʻular, yuksak maqsadlar qolib, hayotlarini ermak va koʻngilochar faoliyat bilan oʻtkazishadi. Gazetalar, ommaviy matbuot, kitoblar, asarlar, sanʼat namunalari ana shu maqsadda yaratiladi. Bu davr olimlari ham haqiqiy ilm bilan emas, “Fridrix Nitsshening ayollarga munosabati”, “Rossinining sevimli taomi”, “Boʻydoq boʻlishning oʻziga xos fazilatlari” kabi tadqiqotlar, toʻgʻrirogʻi, oldi-qochdilar bilan shugʻullanishadi. Omma maishiy va ermak madaniyatga mukkasidan ketgan. Jamiyat esa ularni eng keraksiz, hayot va goʻzallikka, insonning mohiyati va missiyasiga zid axborotlar bilan manipulyasiya, mute qilib turadi. Bu davr odamlari boʻsh qoldi deguncha yo oldi-qochdi oʻqishadi, yo turli shoular, masxarabozliklarni tomosha qilishadi, turli krossvordlar, skanvordlar va boshqa ermak oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlishadi, sanʼat asari deb tomosha qiladiganlari, musiqa deb eshitadiganlari – barchasi shunchaki ermak, koʻngilxushlik, jazava, kun oʻtkazish vositalari, xolos. Bu oʻyinlarda insonni maʼnan boyitadigan, uni tozalaydigan, uni bani olam uygʻunligiga, ruh va jism birligi – vahdat ul-vujudga undaydigan hech narsa yoʻq. Odamlar oʻzlarini iqtisodiy va siyosiy buhronlardan chalgʻitish uchun, ichlaridagi ertangi kun oldidagi xavotir va qoʻrquvlarini yashirish, oʻzlarini aldash uchun shunday faoliyat bilan mashgʻul boʻlishadi. Hesse roviy tilidan bunday madaniyat va jamiyat tanazzulga mahkum, deb xulosa chiqaradi.) Mabodo shunday ekan, bu xavotir va savol oʻz-oʻzidan tugʻilgani yoʻq. Yigirma yilcha oldin Shukur Xolmirzayev ham “Adabiyot oʻladimi?!” degan savol bilan chiqqandi. Garchi oʻsha payti hurmatli adibimizning oʻzi ham, shu bahsda ishtirok etganlar ham “Adabiyot oʻlmaydi!” degan oʻta koʻtarinki ruhdagi chiqishlar qilishgan boʻlsa-da, adabiyot oʻzining taʼsir hududlarini, qamrov doirasini butun dunyoda oʻtgan   yigirma yil ichida yana ham koʻproq boy berdi. Chinakam sanʼat asarlari, chinakam adabiyot tor doiradagi kishilarning koʻngil ishlari, tashvish va kuyinishlari boʻlib qolayotganini koʻrib turibmiz. Bugungi didning olomonlashuvi va muammolarning globallashuvi davrida  adabiyotga “tarbiya vositasi” sifatida qaralayotgani yoʻq. Chunki olomon bugun oʻzining koʻngil ermagini, koʻngil ehtiyojini boshqa vositalardan topib oldi – u bugun seriallar, oldi-qochdilar, shoular, mashshoq va masxarabozlarning tomoshalari bilan ovora. Chinakam adabiyotga ehtiyoj  sezayotgani ham yoʻq. Uning didi, saviyasi, ruhi, tasavvuriga shou-biznes, tomoshalar, shov-shuvlar va seriallar “zeb” berayapti, oʻziga moslashatirayapti. Hessening bashoratlari XXI asrga kelib oʻzining  isbotini topmoqda. Achinarli boʻlsa ham bugun dunyo adabiy didi, badiiy manzarasi shu holatda.  

Aslida, didga, saviyaga, haqiqiy adabiyotga hamisha ham xuruj boʻlib turgan. Aynan shu sababli ham biz yozilgan har bir asarni adabiyot, deb qabul qilolmaymiz. Adabiyotning oʻz qonunlari va  talablari bor. Ana shu qonunga va talabga boʻysunmaganlar adabiyot boʻlolmaydi. Shulardan eng birinchi talab – adabiyot hamisha ezgulik tarafida boʻlgan va ezgulikni himoya qilgan, ruhni ezgulik tomon boshlagan. Ana shu birlamchi qoidaga amal qilinmagan boʻlsa, bunday asarni adabiyot, deb boʻlmaydi. Tarixda yozganlarini adabiy asar sifatida eʼtirof etishlarini istaganlar xohlagancha topiladi. Adabiyotning bosh vazifasiga toʻgʻri kelmaganlarni vaqt, baribir, oʻchirib tashlayvergan. Ammo bu yerda adabiyotni qabul qilish oʻquvchining saviyasiga, yoshiga va idrokiga bogʻliqligini inkor qilib boʻlmaydi. Kafka bilan Kiplingni, Folkner bilan Mark Tvenni bir xil qabul qilib boʻlmaydi. Kafka bilan Folkner oʻquvchidan maʼlum bir tayyorgarlikni, siz aytmoqchi boʻlgan, “xoslik”ni talab qiladi. Shu sababli Kafka va Folknerni  maktab oʻquvchisiga tavsiya qilish, agar u alohida qobiliyat egasi boʻlmasa,  bola ruhiyatini sindirishdan boshqa narsa emas. Kafka, Folkner asarlaridagi  “ezgulik” oʻzini  idroki baland oʻquvchiga namoyon qila oladi. Oddiy asarga koʻnikkan oʻquvchida noxush taassurot, hatto teskari  taʼsir oʻtkazishi ham mumkin. Siz aytgan yoshlar hali dunyo adabiyoti oqimlari va uslublarining farqiga bormay turib, inkor taʼsiriga tushib qolgan oʻquvchilar. Lekin bu holat Kafkaning ham, Folknerning ham aybi emas, balki ularni hazm qilolmagan, ular haqida toʻlaqonli bilimga ega boʻlmagan oʻquvchilarning aybidir. 

Shu sababli keyingi uch yuz yil ichida, oʻsha siz aytgan de Saddan tortib, Kazanovu Mazoxlarning nahs va tubanlikdan, insonni tahqirlashdan lazzat olish hissi toʻlib toshgan yozmishlarini “ijod namunasi”, deb tavsiya qilishganini koʻz oldimizga keltirsak, unda adabiyotning bosh vazifasiga nisbatan ishonchsizlik uygʻonishi tabiiydek tuyuladi. Umuman, soʻnggi uch yuz yillikda inson tabiat sirlarini oʻzlashtirgani, ilm-fan taraqqiy etgani, dunyo sirlari va inson anatomiyasi, ruhiy-botiniy dunyosi kashf etilgani sari adabiyot va sanʼatning ham asl vazifasidan chetlashish, yotlashishni “ijod” deb davo qilish yoki sharhlashga intilishlar ham shunchalik qamrovli va kuchli boʻldi. Fahsh, shahvat, zoʻrlik madh etib yozilgan yozishmalarni sanʼat asarlari, deb daʼvo qilganlar koʻpaygani sari adabiyotning ham bosh va azaliy vazifasi atrofida shubha orta bordi. Bugungi kunda bu xavotir faqat sizning savollaringizda emas, butun dunyo adabiyoti va sanʼatida dolzarb masala sifatida  kun tartibga qoʻyilmoqda. Shuning uchun biz voqelikka, hayotga tik qarashimiz va bor haqiqatni tan olishimiz kerakka oʻxshaydi. Gap shundaki, agar “adabiyot kerak emas, adabiyotning vazifasi tugadi”, degan tushkun kayfiyatni ifodalasak ham yoki “adabiyot tugagani yoʻq, u hali ham insonni tarbiyalashda, oldinga boshlashda davom etayapti, mayoq boʻlayapti”, deya umid qilsak ham, javobimiz bugungi soʻz sanʼatining holatiga toʻliq tashhis qoʻyolmaydi. 

Aslida esa, ancha siyqa, joʻn boʻlsa-da, bor gap shu – adabiyot tarbiya vositasi. Buni inkor qilish tafakkurni, ongni, maʼnaviyatni, insoniylikni, soʻzning muqaddasligini, umuman, insonning muqaddasligi va uni ilohiyat bilan bogʻlab turuvchi rishtalarni tan olmaslik, rad etish bilan barobardir.

Menimcha, bu savolga asl javob bizni, baribir, ijod oʻzi nima degan savol bilan roʻbaroʻ qilaveradi. Chunki haqiqiy adabiyot bu ijod mahsulidir. Ijod mahsuli boʻlmagan narsa adabiyot boʻlolmaydi. Shunday ekan, “ijod” oʻzi nima? Biz qay holatda asarni ijod mahsuli, deya olamiz? Ijodning hunarmandchilikdan farqi nima?! Qunt qilinsa, hunarni oʻrgansa, oʻzlashtirsa boʻladi. Biroq ijodni oʻzlashtirib, oʻrganib boʻladimi? Shu paytgacha “oʻrganib” ijodkor boʻlganlarni eshitganimiz yoʻq. Oʻrganib olim boʻlishi mumkin, biroq ijodkor boʻlolmaydi. Ijodkorlik  insonda tugʻma boʻladi. Buni hech kim inkor qilolmaydi. Mabodo, ijodkorlik kishida tugʻma boʻlar ekan, unda ijod qay maʼnodadir ilohiy hodisadir. Faqat bunday qobiliyati bor kishi uni yuzaga chiqishiga imkoniyat berishi qoladi, xolos. Imkoniyat esa bilimlar, oʻqib-oʻrganishlar, “99 foiz mehnat-mashaqqat” evaziga yaratiladi. Ijodkorlik asl Maʼnoni oʻqiy olish va boshqalarga yetkaza olish qobiliyati deganidir. Maʼno – ezgulik shohsupasining soʻnggi pogʻonasidir.  Bu xil qobiliyat inson vujudiga ruh bilan birga kiradi va hamisha yaxlitlikka, butunlikka, oʻzagiga, aslga qarab intiladi, odamdan ham shuni talab qiladi. Aynan shuning uchun ham ijodkorlik  – ilohiyatga daxldorlikdir. 

    Olam butun edi, keyin parchalandi, zarralarga boʻlinib ketdi. Zarralarga boʻlinish hamma fojianing asosi boʻldi. Dunyo ana shu parchalanishning uqubat va buhronlarini boshdan kechirayapti. Ijod esa zarralarni butunlikka tomon undaydi, yaxlitlikka, birikishga boradigan yoʻllarni koʻrsatadi, tahlil qiladi. Ana shu yaxlitlikka undashi bilan u yaratgan mahsulotlarning hammasi tarbiyaviydir. Yaxlitlik va uygʻunlikka undamagan barcha narsa tarbiyaga ham, insoniylikka ham ziddir. 

Ijodkorlik ilohiy daxldorlik, ilohiy uygʻunlikka boradigan yoʻl, ilohiy bogʻlanish, ilohiy anglanish, ilohiy goʻzallashish, ilohiy goʻzallikni tushuntirish, izohlash, sharhlash, barcha olamlarni, tabiat va nabototni, hayvonot va mavjudotni ruhan birlashtirib turadigan uygʻunlik bilan bogʻlanish, birikishdir. Bu tushuncha bizni falak bilan, oy-yulduzlar, koʻzimizga koʻrinib turgan va koʻrinmayotgan bani olam – chumolidan tortib, maysa-shabnamlar bilan bogʻlab turadi va ularni bizga, bizni ularga yashash uchun, anglash uchun, meʼyor va muvozanatni saqlash, ilohiy rishtalarni his etib turish uchun masʼul qilib qoʻyadi. Mana shu masʼuliyatni anglash va tan olishdan soʻnggina ijodkorlik boshlanadi. Ijodkorlik ana shu olamiy masʼuliyatni tushuntirib berish, goʻzallik tomon intilish, goʻzallikka, birlashishga, yaxlitlikka yoʻl izlash degani. Har qanday ijod mahsulotining tagzaminida shu izlash va izlanish turadi. Majozlar ham, obrazlar ham, badiiyat va poetika ham ana shu joyda uygʻunlashadi, ulugʻlashadi, goʻzallashadi. Bu ilohiy vazifani tan olmaslik adabiyotni bosh vazifasidan chalgʻitaveradi.   Yaxshi va yomon, yovuzlik va ezgulikka xizmat qiluvchi kitob degan tushunchalar ana shu masʼuliyat hissidan kelib chiqib baholanadi, xulosalanadi.

Ijodning mohiyatini anglamasak va ijodning ilohiyligini tan olmasak, adabiyotning vazifasi haqidagi barcha javoblarimiz puch va shunchaki vaysaqilik boʻlib qolaveradi. Chunki xuddi falsafaning bosh masalasi kabi ijodkorlik, ijodni qanday tushunish va  tushuntirish adabiyotni tushunishning ham birlamchi masalasidir. Eng avvalo, ijodni barchaga xos boʻlgan taassurotdan, qiziqish va ehtirosdan, mayl va istaklardan, havas va koʻnikmadan, hunar va, A.Qahhor  aytganidek, “kosibchilikdan” farqlay olishimiz zarur. Shundagina adabiyotning, sanʼatning muqaddas vazifasini tasavvur qila olamiz va nimalar sanʼat boʻladi, nimalar boʻlolmaydi, degan savolga javob bera olamiz. Chunki hunar mahsuli moddiylik, ijod mahsuli esa ruhoniylikka  oʻxshaydi: biri – tirikchilik ehtiyojini qondiradi, ikkinchisi – qalb, ruh ehtiyojini. Shu jihati bilan u ilohiy hodisadir. Bugun bizga “ijod mahsuli” deb tavsiya qilinayotgan koʻplab maʼnaviy mahsulotlar, aslida, ustasi farang boʻlgan sanoatchilar va turli hunarlarning mahsulotlaridir. Bugun oʻzini ijod namunalari sifatida koʻrsatayotgan, bu  namunalarni shov-shuvlar bilan eʼtirof ettirayotgan butun boshli tijorat, reklama, manipulyasiya sanoati ishlayapti. Bu ulkan industriya de Sadlarni ham ortda qoldirmoqda. Bugun ular butun boshli shahar aholisini kiprik qoqmay, zavq bilan qirib tashlaydigan superqahramonlarni, fahshni goʻzallikdan bahra olish deb talqin qiladigan va faxrlanadiganlarni, odamlarning choʻntaklarini oʻmargani, odam oʻldirgani uchun qahramonlik sifatida talqin etiluvchilarni  yaratmoqda, bu mahsulotlar insoniyat minglab yillar sayqal bergan fazilatlarni vayron qilish, puturdan ketkazish, insonni mohiyatdan uzib qoʻyish,  sanʼatning asosiy mazmuni boʻlgan gumanizmdan chekinish bilan shugʻullanishyapti. Bu mahsulotlar ham, bu qahramonlarning maʼnaviy dunyosi ham, aslida,  ijodning tub mohiyatiga zid. Ammo ular bugungi zamonning qahramonlari sifatida talqin etilayapti va shu talqin bilanoq ijod ham, uning ilohiy zavqi ham ommaviy tarzda inkor qilinmoqda. Ezgulik, shafqat, mehru muhabbat, goʻzallik, insonparvarlik uchun kurashgan qahramonlar bugun eskilik qoldigʻiga aylanish arafasida turibdi. Bu qahramonlarni haqiqiy ijod yaratayotgani yoʻq, badiiylashgan sanoat yaratyapti. Boshqacha aytganda, turli manfaatlarga xizmat qilayotgan ijoddan xoli  “hunarmandlar sanʼati” paydo boʻlayapti.  Bugun bu kabi “kosibchilik” mahsuloti boʻlgan kitoblar ham toʻlib toshib yotibdi. Shu tufayli ham siz qoʻlingizga olgan nashr “yomon kitob” yoki  “yaxshi kitob” boʻlishi tabiiydir. Ijod yovuzlikka xizmat qilmaydi, uning ilohiy asosi bunga izn bermaydi. Oʻzining bosh missiyasidan tashqari holatda ijod sunʼiylashadi, oʻz qiyofasini, zavqini yoʻqotadi, oddiy “kosibchilikka” aylanadi. Kosib esa kim pul toʻlasa, oʻshaning kovushini tikib beradi. Kosibchilikni har qanday qunti va hafsalasi bor odam egallay oladi, lekin hamma ham ijodkor boʻlolmaydi. Bugungi maʼnaviy dunyoning fojiasi ijod bilan kosibchilikning farqiga bormayotganidadir, boshqacha aytganda, kosibchilikni ijod deb qabul qilishayotganidadir. Ijod yoʻq joyda voqelik ham, tuygʻular ham, insonning oʻzi ham sunʼiylashadi, unda ilohiy-tabiiy zavq qolmaydi.  Bugungi global-olomonchilik ijoddan koʻra hunar mahsulotlari bilan  toʻyinmoqda.  Boshqacha aytganda, XX asrga kelib, tabiiy mahsulotlardan koʻra sunʼiylashgan, gibridlashgan mahsulotlar oshqozon ehtiyojini qondirayotgani kabi sunʼiy sanʼat mahsulotlari maʼnaviy ehtiyojni qondirmoqda. Siz keltirgan, garchi u daholarga mansub boʻlsa-da, lekin mohiyati bilan ijodning bosh missiyasiga zid yaratilgan koʻplab asarlar ham shunday mahsulotlardan boshqa narsa emas. Sunʼiylik ijodga xos emas, shunday ekan sunʼiylik inson manfaati va intilishi mevasi, tabiiylik esa ilohiy neʼmatdir. Tiriklikning paradoksini qarang: taraqqiy etgan mamlakatlarning deyarli barchasida tabiiy, ekologik toza mahsulotlarni topish muammo boʻlib borayapti. Tabiiy mahsulotlarni bugun bir hovuch eng badavlat kishilar isteʼmol qila oladi. Boshqalarning qurbi, choʻntagi koʻtarmaydi. Xuddi shuningdek, bugungi kunda bir hovuch, Ortega Gasset taʼkidlaganidek, “jamiyatning xos kishilari”gina haqiqiy ijod mahsulotini “isteʼmol” qilmoqda. Haqiqiy ijod mahsulotini tushunishga keng olomon “ong” choʻntagining qurbi yetmayapti. Olomon hali tabiiylik bilan sunʼiylik, ilohiyat bilan zalolatning maʼnosiga tushungani yoʻq: buni faqat ijod mahsulotlari tushuntiradi, sanoat mahsulotlari emas. Aslida ham sanʼat asarini azaldan faqat xos kishilar tushungan va sharhlagan, boshqalarga ham tushuntirgan. Mana shunday kishilargina tafakkurning, did va saviyaning, sanʼatning, ijodkorlikning ertangi kunini belgilab bergan. Faqat shu xos kishilargina ijodni ilohiylik bilan bogʻlanish, ilohiylikka qaytish, ilohiylik bilan toʻyinish, insonni olam va falak bilan bogʻlovchi rishta, deb qabul qilgan. Hozir ham shunday. XX asrning dastlabki 70 yiliga xos boʻlgan ommaviy kitobxonlikdan kelib chiqib, “adabiy did shu pallada taraqqiy etgandi”, degan xulosa qilib boʻlmaydi. Ommaviylik sanʼatning qadrini belgilaydigan omil emas. Bugungi badiiy industriyasi sanʼatni ommaviyligiga qarab baho berishi uning chinakam ijod mahsuli ekanidan emas, olomonga, uning didi va kayfiyatiga moslashib, koʻproq foyda olishni koʻzlayotganini bildiradi, xolos. Omma didi qanchalik yuksalmasin, oʻzining tirikchilik doirasidagi tasavvuridan balandga koʻtarilolmaydi. Navoiyni oʻz zamonida ham, bugun ham faqat xos kishilar, koʻnglida ijodiy mahsulotga ehtiyoji bor kishilar tushungan, tushunadi. Lekin bu holat Navoiy dahosiga zarracha daxl qilolmaydi.  Ijod adabiyotning ilohiyatga daxldorligi, ilohiyat bilan bogʻlanuvchi, bogʻlab turuvchi mahsulot ekanini belgilaydi.  Takror boʻlsa ham, aytish kerakki, ijodkorlik ilohiyatga daxldorlik, ilohiyatni, gʻayb va koʻz oldimizdagi moʻjizani anglash, oʻzini shu ilohiyatni, shu moʻjizaning bir qismi ekanini his etish, ana shu  his etilganlarni boshqalarga yetkazish  degani. Men fikrimga diniy-ruhoniyona tus bermoqchi emasman. Ijodkorlikning asl mohiyatini taqvodorlaru diniy tasavvurlar ham tushuntirib berolmaydi. Taqvodorlik ham buni anglashga ojiz. Chunki ijod  mutaassiblik, badbinlik, xudbinlik, dinlar oʻrtasidagi chegaralar bilan ham kelisholmaydi. Agar asar haqiqiy va biz tushungan ijod namunasi ekan, u eskirmaydi,  yoʻqolmaydi,  boy berilmaydi. Uni nechta kishi oʻqishidan qatʼi nazar,  yashab qolaveradi. Insoniyat adashib-adashib boʻlsa ham, baribir, bu mahsulotlarga ehtiyoj sezadi, Kamyu aytmoqchi, doʻzaxda ham ijod insonni oʻz koʻngliga qaytaradi, orzu-istaklarini qaytadan bunyod etadi, uning nomini va sharafini yana yuksaklikka olib chiqadi.

Ijodkor oʻzini oʻrab turgan olamdan, oʻzi yashayotgan muhitdan, atrofidagi odamlardan, oʻzining koʻnglidan, ruhidan  “oʻqigan”larini boshqalarga yetkazish uchun yozadi. Har bir davrning oʻz bitigi bor. Uni oʻqish va yozish ijodkorlikdir. Kiyimlar, qurollar, badiiy vositalar, shiorlar, odatlar, urflar davrlar oʻtishi bilan eskiradi, ammo ezgulik va yovuzlik, goʻzallik va xunuklik, ulugʻlik va tubanlik, yaʼni dastlabki badiiy asarlar majoziy tarzda taʼriflagan “Rahmon va shayton oʻrtasidagi kurash” mavzusi eskirmaydi.  Bu kurash jarayoni shaklini, qiyofasini, ismini oʻzgartirib, davrga moslashib, davr talab qilgan niqoblarga, koʻrinishlarga oʻtib turadi, xolos. Inson koʻnglida ezgulikka, goʻzallikka, shafqatga, mehrga, muhabbatga ozgina ehtiyoj turar ekan va bularga qarshi xavf-xatar mavjud ekan, ijodkorga ish topiladi. Faqat ijodiy ifodaning shakli oʻzgarishi mumkin, lekin mohiyat oʻzgarmaydi. Hatto virtual olam ham, baribir, ijodga suyanadi, undan kuch-quvvat oladi. Agar ijodkorlik boʻlmasa, virtual olam faqat fizik olam boʻlib qoladi, tasavvurlar, moʻjizalar, ilohiy kechinmalarni tuyish va zavq olami emas.  Inson koʻnglini oʻziniki qilishni istasa, virtual olam ham azaliy quvvat boʻlgan ijodga suyanadi,  u bilan oʻzining imkoniyatlarini kengaytiradi, u bilan bitim tuzadi, shunday ekan, kelajakda ham, garchi bizning tushunchamizdagi bosma adabiyotning shakli oʻzgarsa-da, yangi davrning oʻz qiyofasidagi adabiyoti boʻladi. Chunki adabiyot insonga oʻz qalbini, oʻz ildizini, oʻz mohiyatini eslatib, bogʻlab turadi – bu ildizdan uzilgan taraqqiyot esa muqarrar tanazzulga qarab ketadi.   Qanchalar daho boʻlmasin, qanchalar buyuk sanalmasin, shu masʼuliyat unutilib yozilgan har qanday dahoning yozganlari – adabiyot emas. Shu sababli men Dostoyevskiyni, Joysni va ular kabi turli qutbga taalluqli asarlar bitganlarni behad hurmat qilaman, ularning asarlarini har yili bir marta qarab, oʻzim uchun kerakli narsalarni olaman, ammo ularning men tasavvur qilgan adabiyotdan tashqaridagi qarashlariga, yozganlariga qoʻshilmayman. Men uchun adabiyotdan tashqaridagi qarashlarda Dostoyevskiy shunchaki bosqinchi yurt vakili, imperiyaning maddohi va mafkurachisi, xolos. Shu narsa maʼlumki, bu ulugʻ adib haqiqiy adabiyotga qaytganda, haqiqiy goʻzallikni madh etganda, “Aka-uka Karamazovlar”, “Jinlar”, “Jinoyat va jazo”, “Telba” kabi buyuk asarlarni yaratgan pallada adabiyotdagi ilohiy yaxlitlikni koʻra olgan, ilohiy goʻzallikni his qilgan, ana shu yaxlitlik va olamiy goʻzallikka tayanib, “Dunyoni goʻzallik qutqaradi!” degan, aslo imperiyaning maddohi boʻlgan pallada emas. Biz daho va ijodkor Dostoyevskiy bilan bosqinlar evaziga oʻzini qudratli qilib olgan mamlakat vakili boʻlgan, oʻljaga koʻz tikkan bosqinchilar qatorida turgan Dostoyevskiyni farqlashimiz kerak. Nachora, uning – boshqa buyuk isteʼdodlarning qismati buyuklik bilan birga zamon, davr xudbinligi, badbinligi qutbida oʻzini namoyon qilib turadi.

Ijod masʼuliyati unutib yozilgan va bizga adabiyot qiyofasida taqdim etilgan bitiklar koʻp.   Aynan shuning uchun ham kitobni farqlab oʻqitish kerak. Bu zarur. Ayniqsa, bolalarga, hali Gʻarb tafakkur tarzi, adabiy oqimlari va uslublarining farqiga  bormaganlar tanlab, saralab oʻqishi kerak. Gʻarb tafakkurining qanchalar ohanrabo boʻlmasin, barcha namunalari hamma uchun birdek oʻqishli va tushunarli emas. Xususan, men Joysning siz keltirgan bobi manzaralariga umuman eʼtibor bermayman, meni bu sahnadagi shahvoniy mayllar tasviri emas, adibning inson ongu shuurini qanchalar chuqur, mahorat bilan, tabiiy tasvirlayotgani, adibning ustamonligi  qiziqtiradi va men Joysga xos boʻlgan ong oqimi osti tasvirlaridagi erkin ifodaga va tabiiylikka mahliyo boʻlaman. Albatta, kimdir shu sahifalardagi siz keltirgan manzaralarga eʼtiborni qaratar?!  Shuning uchun ham Joysni oʻqishdan oldin uni oʻqishga tayyorgarlik kerak. Doʻkondan pichoq sotib olayotgan xaridorlarning maqsadi har xil boʻladi: kimdir oddiy roʻzgʻor uchun, kimdir esa qotillik uchun, boshqa birov yana boshqa maqsad uchun. Pichoq – sotib olayotgan odamning barcha maqsadiga xizmat qila oladi. Shuning uchun kitob oʻqishdan maqsad oʻzi nima? Kitobdan odam oʻzi izlagan narsasini  topadi. Mabodo shunday ekan, inson qalbini zabt etish uchun abadiy kurashning qutblari boʻlgan “Rahmon” soʻz orqali oʻzining qudratini, goʻzalligini, taʼsirini namoyish etgani kabi,  “shayton” ham soʻz sanʼatidan   oʻz maqsadi yoʻlida foydalanishga urinadi. Shuning uchun soʻz sanʼati, maʼlum maʼnoda, eʼtiqodlar, maqsad va manfaatlar, mayl va istaklar kurash tushadigan sahna hamdir. Bu sahnaga ijod masʼuliyatidan kelib chiqib baho berish, farqlash mumkin. Shu sababli ham kitoblarni saralab oʻqitish zarur va shart. Yoshga qarab, saviyaga qarab, tayyorgarlikka qarab. Koʻpgina Gʻarb mamlakatlarining maktab darsliklarida, mutaxassislik boʻlmagan kollej va universitetlarda Kafka, Joys, Folkner kabi ulugʻ adiblar asarlari oʻqitilmaydi. Ular haqida umumiy tushuncha berish bilan chegaralanadi. Ularning asarlari  hali tafakkur tarzi bu adiblar badiiy uslubi va hayotga qarashlaridan bexabar bola, yoshlar ruhiyatiga salbiy taʼsir qilishi mumkinligi inobatga olingan.   Bu bilan mazkur adiblar ijodi inkor qilinmagan, aksincha, tayyorgarligi yoʻq yoshlar ihota qilingan. Bu tajriba barcha millatga xos. Hazrat Navoiy Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini bolaligida oʻqib, mutaassir boʻlib qolgani uchun ota-onasi bu kitobni oʻqishni taʼqiq qilganini eslashning oʻzi kifoya. Hamma ham hazrat Navoiy kabi Attor falsafasini bolalikdan toʻgʻri anglayvermaydi. Aslida, Mansur Xallojning “Analhaq” degan eʼtirofi va unga berilgan hukm tagida ham ana shu taʼqiqni buzgani, xos kishilar tushunishi mumkin boʻlgan haqiqatni ommaga oshkor qilgani uchun jazo yotadi. Bu tarixiy voqelik bizga abadiy ibrat boʻlishi kerak. Xos kishilar tushunadigan masalalarni ommaga oshkor qilish – ommani jazavaga tushirish degani. Jazava esa shaytoniy junbushdir.  Xos kishilar va omma didi orasida farq hali yoʻqolgani yoʻq, afsuski, bugungi olomonchilik davrida yoʻqolish haqida soʻz ham boʻlishi mumkin emas.   Aksincha, olomonchilik bugun hukmron didga, hukmron saviyaga aylanayapti: chinakam sanʼat asari qolib, olomon kayfiyatiga mos dumbul, moʻrt asarlarni adabiyot deb targʻib qilish, didni moslashtirish jarayoni keng miqyosda davom etayapti. Bugun bu muhorabaga haqiqiy sanʼat asarlari dosh berolayotgani yoʻq. Bu – achinarli hol. Lekin, baribir, umid bor. Did bir kuni chinakam moʻjizaga, chinakam hayratga, ilohiy zavqqa  – yaʼni chinakam ijodga va ijodkorga muhtoj boʻladi: muhtojlik ehtiyojni keltirib chiqaradi. Ehtiyoj esa chinakam didni, chinakam adabiyotni tugʻib beradi…

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-tarbiya-vositasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x