Abu Nasr Forobiy (873-950)

Forobiy uning taxallusi boʻlib, toʻliq nomi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ Tarxon – jahon madaniyatiga katta hissa qoʻshgan Markaziy osiyolik mashhur faylasuf, qomusiy olim. Oʻrta asrning bir qancha ilmiy yutuqlari, umuman Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida taraqqiyparvar ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji uning nomi bilan bogʻliq. Forobiy oʻz zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilganligi va bu ilmlar rivojiga katta hissa qoʻshganligi, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitganligi tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulugʻlanib, “Al-Muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim” (Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” deb yuritilgan.

Forobiy turkiy qabilalardan boʻlgan harbiy xizmatchi oilasida, Sirdaryo qirgʻogʻidagi Forob – Oʻtror degan joyda tugʻilgan. U tugʻilgan hudud Somoniylar tomonidan boshqarilib, arab xalifaligining shimoliy chegarasi hisoblangan. Forobiy boshlangʻich maʼlumotni ona yurtida oldi. Soʻng Toshkent (Shosh), Buxoro, Samarqandda oʻqidi. Keyinroq oʻz maʼlumotini oshirish uchun arab xalifaligining madaniy markazi boʻlgan Bagʻdodga keldi. Bagʻdodda bu davrda musulmon dunyosining turli oʻlkalaridan, xususan Markaziy Osiyodan kelgan koʻp ilm ahllari toʻplanishgan edi. U yerga bora turib Forobiy Eron shaharlari – Isfahon, Hamadon, Rayda va boshqa joylarda boʻldi. Forobiy Bagʻdodda al-Mutaddil (829–902), al-Muqtafiy (902–908), al-Muqtadir (908–932) xalifaliklari davrida yashadi. U bu yerda oʻrta asr fani va tilining turli sohalari, yunon falsafiy maktablari bilan chuqur tanishib, oʻzga diniy eʼtiqod, falsafiy fikrdagi kishilar bilan ilmiy muloqotda boʻldi. Abu Bashar Matta ibn Yunusdan (870–940) yunon tili va falsafasini, Yuhanna ibn Xiylon (860–920)dan tabobat va mantiq ilmini oʻrgandi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, u 70 dan ortiq tilni bilgan.

Taxminan 941 yildan boshlab Forobiy Damashqda yashagan. Shahar chekkasidagi bogʻda qorovul boʻlib, kamtarona kun kechirib, ilm bilan shugʻullangan. Soʻnggi yillar u Halab (Aleppo) hokimi Sayfuddavla Hamdamid (943–967) iltifotiga sazovor boʻldi. Tadqiqotchilar uning Halabdagi hayotini eng samarali davr hisoblaydilar. Chunki bu hokim hurfikrliligi, ilm-fanga eʼtibor berganligi bilan ajralib turgan. U Forobiyni saroyga taklif etadi, lekin Forobiy bunga koʻnmaydi, oddiy hayot kechirishni afzal koʻradi.

Forobiy 949–950 yillarda Misrda, soʻng Damashqda yashab, shu yerda vafot etgan va “Bob as-sagʻir” qabristoniga dafn qilingan deyiladi.

Forobiy oʻrta asr davri tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilimlarining qariyb barcha sohalarida 160 dan ortiq asar yaratgan. U turli bilimlarning nazariy tomonlari, falsafiy mazmuni bilan koʻproq qiziqqanligi uchun uning asarlarini 2 guruhga ajratish mumkin: 1) yunon faylasuflari, tabiatshunoslarining ilmiy merosini izohlash, targʻib qilish va oʻrganishga bagʻishlangan asarlar; 2) fanning turli sohalariga oid mavzulardagi asarlar.

Forobiy qadimgi yunon mutafakkirlari – Platon, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Porfiriylarning asarlariga sharhlar yozgan. Ayniqsa, Aristotel asarlari (“Metafizika”, “Etika”, “Ritorika”, “Sofistika” va b.)ni betafsil izohlab, qiyin joylarini tushuntirib bera olgan, kamchiliklarini koʻrsatgan, ayni vaqtda bu asarlarning umumiy mazmunini ochib beruvchi maxsus asarlar yaratgan. Forobiy sharhlari Oʻrta va Yaqin Sharq ilgʻor mutafakkirlarining dunyoqarashini shakllantirishda, ularni Aristotel gʻoyalari ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Abu Ali ibn Sino Forobiy sharhlari (“Metafizika” – “Mobaʼdiy tabiat”)ni oʻqib, Aristotel asarlarini tushunganligini alohida taʼkidlaydi. Forobiyning sharh yozish faoliyati faqat Sharqnigina emas, oʻrta asr Ovroʻposini ham yunon ilmi bilan tanishtirishda katta rol oʻynadi. Bu faoliyat uning ilmiy faoliyati taraqqiyotining birinchi bosqichini tashkil etadi. Bu bosqich Forobiyga oʻziga xos maktab xizmatini oʻtagan va yangi mavzularda tadqiqotlar olib borish uchun zamin hozirlagan.

Forobiyning bunday asarlarini mazmuniga qarab quyidagi guruhlarga boʻlish mumkin:

1) falsafaning umumiy masalalariga, yaʼni bilimning umumiy xususiyatlari, qonuniyatlari va turli kategoriyalariga bagʻishlangan asarlar: “Substansiya haqida soʻz” (“Kalom fi-l javhar”), “Masalalar manbai” (“Uyunul masoil”), “Qonunlar haqida kitob” (“Kitob fi-l navomis”), “Falak harakatining doimiyligi haqida” (“Kitob fi-l harakat al-falaka doimatun”) va b.;

2) inson bilish faoliyatining falsafiy tomonlariga bagʻishlangan, yaʼni bilishning shakllari, bosqichlari, usullari haqidagi asarlar. Mantiq (logika)ning turli muammolariga doir asarlari ham shunga kiradi: “Kattalarning aqli haqida soʻz” (“Kalom fi-l aql al-Kabir”), “Yoshlarning aqli haqida kitob” (“Kitob fi-l aql as-sagʻir”), “Mantiq haqida katta qisqartma kitob” (“Kitob al-muxtasar al-kabir fi-l mantiq”), “Mantiqqa kirish kitobi” (“Kitob al-madxal ila-l mantiq”), “Isbot kitobi” (“Kitob al-burxon”), “Sillogizm shartlari kitobi” (“Kitob sharoit al-qiyos”), “Jon (ruh)ning mohiyati haqida risola” (“Risola fi mohiyat an-nafs”) va b.;

3) falsafa va tabiiy fanlarning fan sifatidagi mazmuni, tematikasi haqidagi asarlar: “Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi” (“Kitob fi ixso al-ulum va at-taʼrif”, qisqacha nomi “Ixso al-ulum”), “Falsafa tushunchasining maʼnosi haqida soʻz” (“Kalom fi maʼoni ism al-falsafa”), “Falsafani oʻrganishdan oldin nimani bilish kerakligi haqida kitob” (“Kitob fi ashyo allati yaxto-ju antallama kabl al-falsafa”). “Falsafaga izohlar” (“Taoliq fi-l hikmat”) va b.;

4) moddaning miqdori, fazoviy va hajmiy munosabatlarini oʻrganishga bagʻishlangan, yaʼni matematika fanlari – arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqaga oid asarlar: “Hajm va miqdor haqida soʻz” (“Kalom fi-l xiyz va-l miqdor”), “Fazo geometriyasiga kirish haqidagi qisqartma kitob” (“Kitob al-madxal ila-l handasat al-vaxmiyati muxtasarsan”), “Astrologiya qoidalari haqida mulohazalarni toʻgʻrilash usuli haqida maqola” (“Maqola fi-l jihat allayati yassexxu alayxo al qavl bi axkom an-nujum”), “Musiqa haqida katta kitob” (“Kitob ul-musiqa al-kabir”), “Musiqa haqida soʻz” (“Kalom fi-l musiqiy”), “Ritmlar turkumlari haqida kitob” (“Kitob ul fi ixso-il-iqo”) va b.;

5) modda xossalari va turlarini, noorganik tabiatning, hayvonlar va inson organizmining xususiyatlarini oʻrganuvchi, yaʼni tabiiy fanlar – fizika, kimyo, optika, meditsina, biologiyaga bagʻishlangan asarlar: “Fizika usullari haqida kitob” (“Kitob fi usul ilm at-tabiat”), “Alkimyo ilmining zarurligi va uni inkor etuvchilarga raddiya haqida maqola” (“Maqola fi vujub sanoat al-kimyo va-r radd ala mubtiluho”), “Inson aʼzolari haqida risola” (“Risola fi aʼzo al-insoniya”), “Hayvon aʼzolari toʻgʻrisida soʻz” (“Kalom fi aʼzo al-hayvon”) va b.;

6) tilshunoslik, sheʼriyat, notiqlik sanʼati, xattotlikka oid asarlar: “Sheʼr va qofiyalar haqida soʻz” (“Kalom fi sheʼr va-l qavofi”), “Ritorika haqida kitob” (“Kitob fi-l xitoba”), “Lugʻatlar haqida kitob” (“Kitob fi-l lugʻat”), “Xattotlik haqida kitob” (“Kitob fi sanʼat al-kitobat”) va b.;

7) ijtimoiy-siyosiy hayot, davlatni boshqarish masalalariga, axloq, tarbiyaga bagʻishlangan, yaʼni huquqshunoslik, etika, pedagogikaga doir asarlar: “Baxt-saodatga erishuv yoʻllari haqida risola” (“Risola fi-t tanbih ala asbob as-saodat”), “Shaharni boshqarish” (“As-siyosat an-madaniya”), “Urush va tinch turmush haqida kitob” (“Kitob fi maoyish va-l xurub”), “Fazilatli xulqlar” (“As-siyrat al-fazila”) va b.

Forobiyning ilmiy merosi, umuman, oʻrta asr Sharqining madaniy-maʼnaviy hayotidan, tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-siyosiy masalalaridan juda boy maʼlumot beradi. Mutafakkir oʻz asarlarini oʻsha davrda Sharq mamlakatlarida ilmiy-adabiy til hisoblangan arab tilida yozadi. Forobiy shuningdek, arab va fors tillarida falsafiy mazmundagi sheʼrlar ham yozgan.

Forobiy asarlari XII–XIII asrlardayoq lotin, qadimiy yahudiy, fors tillariga, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, dunyoga keng tarqalgan. Soʻnggi asrlarda koʻchirilgan nusxalari koʻp mamlakatlarning qutubxona va muassasalarida saqlanadi. Toshkentda Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida qadimgi Sharq faylasuflari asarlaridan jami 107 risolani, jumladan, Forobiyning 16 risolasini (arabcha) oʻz ichiga olgan “Hakimlar risolalari toʻplami” (“Majmuat rasoil al-hukamo”, Qoʻlyozmalar fondi, 2385-in.) bor. Bu noyob qoʻlyozma Forobiy asarlarini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Toʻplamdagi Forobiy risolalari 1975 yili qisman oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi.

Forobiyning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari “Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi” asarida batafsil yoritilgan. Kitobda oʻrta asrda maʼlum boʻlgan 30 dan ortiq fanning taʼrifi, ahamiyati koʻrsatib beriladi. Barcha fanlar 5 guruhga ajratiladi: 1) til haqidagi ilm (7 boʻlim – grammatika, orfografiya, sheʼriyat); 2) mantiq va uning boʻlaklari; 3) matematika (arifmetika, geometriya, optika, astronomiya, musiqa, ogʻirliklar haqidagi ilm, mexanika); 4) tabiatshunoslik va metafizika (8 boʻlim – bashorat qilish, tibbiyot, alkimyo); 5) shahar haqidagi fanlar – siyosiy ilm, fiqh, kalom (etika, pedagogika).

Fanlarning bu tasnifi oʻz davrida ilmiy bilimlarni maʼlum tizimga solishning mukammal shakli boʻlib, bilimlarning keyinga rivoji uchun katta ahamiyatga ega boʻldi.

Shu narsa diqqatga sazovorki, Forobiy tabiiy va ijtimoiy fanlarni vazifasidan kelib chiqib toʻgʻri farqlagan. Uning talqinicha, matematika, tabiatshunoslik, metafizika fanlari inson aqlini bilimlar bilan boyitish uchun xizmat qilsa, grammatika, mantiq, sheʼriyat kabi ilmlar fanlardan toʻgʻri foydalanishni, bilimlarni boshqalarga toʻgʻri tushuntirish, yaʼni aqliy tarbiya uchun xizmat qilgan. Siyosat, axloq, taʼlim-tarbiyaga oid bilimlar esa kishilarning jamoalarga birlashuvini, ijtimoiy hayotga tegishli qoidalarni oʻrgatadi.

Forobiy insonning amaliy faoliyati uchun tabiiy fanlarning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Bunday fanlarni u real narsalar haqidagi ilmlar deb ataydi. U yunon tabiatshunoslari Evklid, Ptolemey, Galen kitoblariga yozgan sharhlarida, oʻzining geometriyaga doir kitobida antik dunyo, oʻrta asr matematik gʻoyalarining yirik bilimdoni sifatida maydonga chikdi, matematikaning bir qancha murakkab kategoriyalari va mavhum tushunchalarini ilmiy nuqtai nazardan hal etish yoʻllarini qidirdi, xususan son haqidagi ehtimollik nazariyasi toʻgʻrisidagi gʻoyalarni boyitdi.

Forobiy “Yudduzlar haqidagi qoidalarda nima toʻgʻri va nima notoʻgʻriligi toʻgʻrisida” risolasida osmon jismlari bilan yerdagi hodisalar oʻrtasidagi tabiiy aloqalarni, xususan bulutlar va yomgʻirlar paydo boʻlishining Quyosh issiqligi taʼsirida bugʻlanishga sababiy bogʻliqligini yoki Oy tutilishi Yerning Kuyosh bilan Oy oʻrtasiga tushib qolishiga bogʻliq ekanligini koʻrsatgan edi. Bu bilan u osmon jismlariga qarab “fol ochuvchilar”ni fosh qildi. Forobiy arzon metallarni qimmatbaho metallarga aylantirishga urinuvchilarni (q. Alkimyo) tanqid qilib, kimyoga tabiiy ilmlarning bir qismi sifatida qaradi. Forobiy tabiblik bilan bevosita shugʻullanmagan boʻlsa-da, nazariy tibbiyotni yaxshi bilgan. Uning tibbiy qarashlari “Inson aʼzolari haqida” risolasida bayon qilingan. U inson aʼzolarini, turli xil kasalliklar sababini, ularning paydo boʻlish sharoitlarini alohida-alohida oʻrganishni, organizmning salomatligini tiklash uchun kerakli oziq-ovqatlarga eʼtibor berishni qayd etadi. Insonning ruhiy va jismoniy holati tashqi omillar, muhit taʼsiriga bogʻliqligiga eʼtibor beradi. Uning tibbiyot vazifasi, maqsadi haqidagi qarashlari Ibn Sinoning bu haqdagi qarashlariga katta taʼsir koʻrsatdi.

Forobiy dunyoqarashining shakllanishiga asosan Sharqning qadimgi ilgʻor madaniyati anʼanalari, arab xalifaligiga qarshi xalq harakatlari, oʻrta asr tabiiy-ilmiy tafakkur yutuqlari, Yunonistonning falsafiy merosi taʼsir koʻrsatdi. Forobiy avvalambor Aristotel taʼlimotini tiklash, asoslash va ilgʻor tomonlarini soʻnggi ilmiy yutuqlar asosida rivojlantirishga harakat qilib, Sharq aristotelizm oqimini vujudga keltirdi. Bu oqimning uslubi, muhim masalalari, kategoriyalarini ishlab chikdi.

Forobiyning falsafiy taʼlimoti mohiyat-eʼtibori bilan anʼanaviy ilohiyot – kalomdan tubdan farq qilib, ilmiy gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgandir. Forobiy falsafasiga koʻra, olam yagona mavjudotdan iborat, yagona vujud – vujudi vojib, yaʼni azaliy vujud – birinchi sabab hamda vujudi mumkin – yaratilgan, kelib chiqqan vujudlar natijalaridan iboratdir. Alloh – azaliy vujud (vujudi vojib) hamma narsaning ibtidosi, barcha vujudlar – vujudi mumkin undan asta-sekinlik bilan pogʻonama-pogʻona kelib chiqadi, buning soʻnggi pogʻonasi moddadir. Uning fikricha, tabiat moddaning turli shakllarining paydo boʻlishi, sabab-oqibat munosabatlari asosida, muayyan izchillik va zarurat boʻyicha kechadigan tadrijiy jarayondir. Forobiy “Masalalar mohiyati”, “Oʻzgaruvchan narsalar haqida” risolalarida modda fazoda ham, vaqtda ham cheklanmagan, intihosiz degan fikrni ilgari suradi. Shu tarzda panteizmning Sharqdagi koʻrinishi vujudiyun taʼlimotini yangi gʻoyalar bilan boyitdi.

Borliqning kelib chiqishi haqida Forobiy taʼlimotida – mavjudot 4 unsur – tuproq, suv, havo, olovdan tashkil topadi; osmon jismlari ham shu unsurlarning birikuvidan vujudga keladi. Moddiy jismlarning oʻzaro farq qilishiga sabab, ularning ibtidosidagi unsurlarning turlicha boʻlishidir: olov – issiqlik sababi; suv – sovuqlik, namlik; tuproq – qattiqlik sababi. Forobiy butun mavjudotni sabab va oqibat munosabatlari bilan bogʻlangan 6 daraja (sabab)ga boʻladi: Alloh (as-sabab al-avval), osmon jinslari (as-sabab as-soniy), aql (al-aql al-faol), jon (an-nafs), shakl (as-surat), materiya (al-modda). Bulardan Alloh – vujudi vojib, yaʼni zaruriy mavjudliqdir, qolganlari esa – vujudi mumkin, yaʼni imkoniy mavjud narsalardir. Bular bir-birlari bilan sababiy bogʻlangan.

Forobiy uchun dunyo gʻuncha boʻlib, asta-sekin oʻzining rang-barang tomonlarini va bitmas-tuganmas boyliklarini tobora koʻproq namoyon qilib ochila boradi. Borliqning bunday talqini tabiiy-ilmiy gʻoyalarning yanada rivojlanishi uchun keng yoʻl ochdi. Abu Ali ibn Sino va undan keyingi mutafakkirlar oʻzlarining falsafiy qarashlarida shu borliq tizimi asosida ish olib bordilar.

Ilm, bilish va aql haqidagi taʼlimot Forobiy asarlarida izchil va mukammal ishlangan. Ilm olish masalasiga u inson mohiyatini tushuntirib berishning tarkibiy qismi sifatida qaradi.

Forobiy fikricha, insonning bilishini, ruhiy qobiliyatlarini miya boshqaradi, yurak esa barcha aʼzolarni hayot uchun zarur boʻlgan qon bilan taʼminlovchi markazdir, barcha ruhiy “quvvatlar”, jumladan bilish qobiliyati muayyan aʼzoga bogʻliq.

Forobiy “Ilm va sanʼatning fazilatlari” risolasida tabiatni bilishning cheksizligini, bilim bilmaslikdan bilishga, sababiyatni bilishdan oqibatni bilishga, sifatlardan aksidensiya (al-oraz)dan substansiya – mohiyat (javhar)ga qarab borishini ilmning borgan sari ortib, chuqurlashib borishini taʼkidlaydi.

Insonning ibtidosida, avvalo “oziqlantiruvchi quvvat” paydo boʻlib, uning yordamida inson ovqatlanadi. Shundan soʻng “tashqi quvvat”, yaʼni bevosita tashqi taʼsir natijasida sezgi organlari orqali vujudga keluvchi “quvvat”lar – 5 turlidir: teri-badan sezgisi; taʼm bilish sezgisi; hid bilish sezgisi; eshitish sezgisi; koʻrish sezgisi. Bularning hammasini Forobiy “hissiyot quvvati” (“quvvai hissiyya”) deb atab, hissiy bilish qismlari sifatida qaraydi. “Ichki quvvat”ga esda olib qolish, xayol (xotira, tasavvur), his-tuygʻu, nutq (fikrlash) “quvvat”lari kiradi. “Ichki quvvat”da Forobiy aqliy bilish bosqichini nazarda tutadi. Ilmni egallash shu quvvatlar orqali amalga oshiriladi.

Forobiy bilish jarayoni har 2 bosqichga bogʻliqligini, aqliy bilish hissiy bilishsiz vujudga kelmasligini alohida taʼkidlaydi.

Forobiy “Aql maʼnolari haqida” risolasida aql masalasini chuqur talqin qiladi. U aql bir tomondan, ruhiy jarayon, ikkinchi tomondan, tashqi taʼsir – taʼlim-tarbiyaning natijasi ekanligini uqdiradi. Forobiy fikricha, aql faqat insongagina xos boʻlgan tugʻma quvvat – ruhiy kuch bilan bogʻliq.

Forobiyning aql, umuman bilish haqidagi taʼlimotida mantiq (logika) ilmi muhim oʻrin tutadi. “Mantiq sanʼati kishiga shunday qonunlar haqida maʼlumot beradiki, – deb yozgan edi u, – bu qonunlar vositasida aql chiniqadi, inson sogʻlom fikr yuritishga oʻrganadi”. Forobiy mantiq ilmi bilan grammatika oʻrtasidagi mushtaraklikni qayd etadi: mantiqning aqlga munosabati grammatikaning tilga munosabati kabidir. Grammatika odamlar nutqini tarbiyalagani kabi, mantiq ilmi ham tafakkurni haqiqiy yoʻldan olib borish uchun aqlni toʻgʻrilab turadi.

Forobiy logikasi musulmon Sharqidagi soʻnggi mantiqqa oid fikrlarning rivojiga katta turtki berdi.

Forobiyning bilish, mantiq, aql haqidagi fikrlari uning inson haqidagi taʼlimoti uchun xizmat qiladi, unga boʻysundirilgandir. Aqlga ega boʻlish, bilimli, mantiqli boʻlish bilan chegaralanmay, u maʼlum axloqiy prinsiplarga, axloqiy madaniyatga egalik bilan yakunlanishi kerak.

Forobiy aqlli inson haqida gapirib bunday yozadi: “Aqlli deb shunday kishilarga aytiladiki, ular fazilatli, oʻtkir mulohazali, foydali ishlarga berilgan, zarur narsalarni kashf va ixtiro etishga zoʻr isteʼdodga ega, yomon ishlardan oʻzini chetga olib yuradilar. Bunday kishilarni oqil deydilar. Yomon ishlarni oʻylab topish uchun zehn-idrokka ega boʻlganlarni aqlli deb boʻlmaydi, ularni ayyor, aldoqchi degan nomlar bilan atamoq lozim”.

Forobiy oʻrta asrlar sharoitida birinchi boʻlib jamiyatning kelib chiqishi, maqsad va vazifalari haqida izchil taʼlimot yaratdi. Bu taʼlimotda ijtimoiy hayotning koʻp masalalari – davlatni boshqarish, taʼlim-tarbiya, axloq, maʼrifat, diniy eʼtiqod, urush va yarash, mehnat va boshqalar qamrab olingan.

Forobiy “Fozil shahar aholisining maslagi” risolasida jamiyat (“inson jamoasi”)ning kelib chiqishi haqida bunday yozadi: “Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi, u bir oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi, ularga ega boʻlish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tugʻiladi… Bunday jamoa aʼzolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur boʻlgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari koʻpaydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga oʻrnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi”.

Forobiy shaharni ijtimoiy uyushishning yetuk shakli, insoniyat kamolotga erishishining zaruriy vositasi, deb hisoblaydi. Butun insonlarni oʻzaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona inson jamoasini tuzish haqida orzu qiladi. mutafakkir inson qadr-qimmatini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqadi. “Davlat arbobining hikmatlari” risolasida esa u doimiy urushlar va bosqinchilikka asoslanuvchi jamiyatni adolatsiz, johil jamiyat sifatida qoralaydi.

Forobiy oʻzining fozil jamoasida odamlarni turli belgilarga qarab guruhlarga boʻladi. Kishilarning diniy mazhabiga, millatiga, irqiga qarab emas, balki tabiiy xususiyatlariga, qobiliyatlariga, avvalo aqliy iqtidoriga hamda ilmlarni oʻrganish, hayotiy tajriba toʻplash jarayonida orttirgan bilim va koʻnikmalariga katta ahamiyat beradi. Itoatkorlikka daʼvat etuvchi taʼlimotlarni keskin qoralaydi.

Forobiy “Baxt-saodatga erishuv yoʻllari haqida risola”, “Baxt-saodatga erishuv haqida risola” asarlarida oʻzining orzu qilgan fozil jamiyatini yana ham yorqin tasvirlaydi. “Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, – deb yozadi u, – bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qoʻlga kiritiladi”. Forobiy davlatni yetuk shaxs (monarxiya), yetuk xislatlarga ega boʻlgan bir necha shaxslar (aristokratiya) va saylangan shaxslar (demokratiya) yordamida boshqarish shakllarini qayd etadi.

Forobiy jamiyat oʻz rivojida yetuklikka tomon intilishi, shuning uchun kurash olib borishi va nihoyat fozil jamiyat, fozil shahar darajasiga koʻtarilishi haqida fikr yuritadi.

U shunday yozadi: “Fozil jamiyat va fozil shahar (yoki mamlakat) shunday boʻladiki, shu mamlakatning aholisidan boʻlgan har bir odam kasb-hunar bilan shugʻullanadi. Odamlar chin maʼnosi bilan ozod boʻladilar… Ular orasida turli yaxshi odatlar, zavq-lazzatlar paydo boʻladi”. Forobiy bunday fozil jamoani boshqaruvchi podshoh, rahbarlarga ham maʼlum talablar qoʻyadi. U xalq haqida doimo gʻamxoʻrlik qilishi, boshqalar manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻya bilishi zarur. Bunday jamoani idora etuvchi yoki idora etuvchilar guruhi oʻzlarida muhim olti xislatni ifodalashlari kerak, yaʼni adolatli, dono boʻlishi, qonunlarga rioya etishi va qonunlar yarata olishi, kelgusini oldindan koʻra bilishi, boshqalarga gʻamxoʻr boʻlishi kerak.

Forobiyning fozil jamoa haqidagi taʼlimoti, uning komil inson haqidagi fikrlari bilan uzviy bogʻlanib ketadi. Fozil jamoada komil inson xislatlari vujudga keladi. Masalan, axloq-odobli yetuk inson oʻn ikki fazilatga ega boʻlmogʻi lozim. Bu fazilatlar insonlarning oʻzaro munosabatlari mustahkamlanib, yaxshilik tomon yoʻnalishida vujudga kela boradi. Forobiyning fozil jamoa va komil inson haqidagi taʼlimotlari soʻnggi olim-mutafakkirlarga katta taʼsir koʻrsatdi.

Umuman olganda Forobiyning fozil jamiyati, komil insoni baxt-saodat, oʻzaro yordam, dono boshliq, tenglik haqidagi fikrlari oʻz davri uchun xayoliydir. Lekin insonni maʼnaviy ozod etishga, uning imkoniyatlarini ochishga, gumanistik yoʻnalishni asoslashga qaratilgan bu taʼlimot ilgʻor ijtimoiy tafakkur taraqqiyotiga buyuk hissa boʻlib qoʻshildi. Umumbashariy intilishlarni ifodaladi. Uning ijtimoiy gʻoyalari keyinchalik soʻnggi mutafakkirlar: Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino, ibn Rushd, Baxmanyor, Nizomiy, Saʼdiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bedil, Iqbol, Ahmad Donish va boshqalar ijodida rivojlantirildi.

Forobiy “Musiqa haqida katta kitob” degan koʻp jildli asari bilan oʻrta asrning yirik musiqashunosi sifatida ham mashhur boʻldi. U musiqa ilmini nazariy, amaliy tarmoqlarga, kuylarning ichki tuzilishi, qonuniyatlarini hisobga olib taʼrif va ilmi iqoga ajratadi.

Forobiy musiqa nazariyasida tovushlar vujudga kelishining tabiiy-ilmiy taʼrifini beribgina qolmay, kuylar garmoniyasining matematik prinsiplarini ochadi, turli jadvallar, geometriya qoidalari asosida koʻplab murakkab chizmalar keltiradi. U Sharq musiqasining ritmik asosini dalillar bilan sharhlab beradi. U ritmlarni tashkil etgan zarb birliklari boʻlmish naqralar, ularning birikmasidan hosil etiladigan ruknlarning turli xillari asosida yaratiladigan ritm oʻlchovlari va turlarini yoritib bergan.

“Musiqa haqida katta kitob”da faqat musiqa nazariyasi va tarixi bayon etilmay, Sharqda maʼlum boʻlgan rubob, tanbur, nogʻora, ud, qonun, nay kabi musiqa asboblari hamda ularda kuy ijro etish qoidalari tafsiloti ham berilgan. Forobiyning oʻzi mohir sozanda, bastakor, manbalarda yangi musiqa asbobini ixtiro etganligi, unda nihoyatda taʼsirchan kuylar yaratgani qayd etiladi. Forobiy musiqaga inson axloqini tarbiyalovchi, sihat-salomatligini mustahkamlovchi vosita deb qaragan. Uning musiqa sohasida qoldirgan merosi musiqa madaniyati tarixida olamshumul ahamiyatga ega.

Forobiy oʻz davridayoq buyuk olim sifatida mashhur boʻlgan. Sharq xalqlarida u haqda turli hikoya, rivoyatlar vujudga kelgan. Oʻrta asr olimlaridan ibn Xallikon, ibn al-Qiftiy, ibn Abi Usabiʼa, Bayhaqiylar oʻz asarlarida Forobiy ijodini oʻrganib, uning gʻoyalarini rivojlantirganlar. Xususan, ibn Rushd Forobiy asarlarini oʻrganibgina qolmay, ularga sharhlar ham (“Sillogizmga nisbatan al-Forobiyning fikri”, “Abu Nasrning mantiqqa doir asarida ifodalangan fikrning bayoni” “Al-Forobiy, xususan uning “Organon” izohlariga turli sharhlari” va b.) yozdi. Averroizm nomi bilan mashhur boʻlgan uning falsafiy taʼlimotining shakllanishi dastlab Forobiy va ibn Sino faoliyati bilan bogʻliq. Averroizm ilmiy tendensiyalarni ifodalovchi ilgʻor yoʻnalish sifatida keng yoyilgan va Uygʻonish davrining koʻp ilgʻor mutafakkirlari dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatgan.

Taraqqiyparvar insoniyat Forobiy ijodiga hurmat bilan qarab, uning merosini chuqur oʻrganadi. Ovroʻpo olimlaridan B. M. Shtrenshneyder, Karra de Vo, T. U. Buur, R. Xammond, R. de Erlanje, F. Deteritsi, G. Farmer, N. Rishar, G. Ley, Sharq olimlaridan Nafisiy, Umar Farrux, Turker, M. Maxdi va boshqalar Forobiy merosini oʻrganishga muayyan hissa qoʻshdilar. Keyingi yillarda uning ijodi va taʼlimotiga bagʻishlangan bir qancha tadqiqotlar, asarlar yuzaga keldi.

Oʻzbekiston va Qozogʻistonda Forobiy nomiga qoʻyilgan koʻcha, maktab va kutubxonalar mavjud.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/abu-nasr-forobiy-873-950/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x