ABBOSOV Shuhrat Solihovich

ABBOSOV Shuhrat Solihovich (1931.16.1, Qoʻqon) — oʻzbek rejissyori. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1965). Oʻzbekiston xalq artisti (1974). Toshkent davlat sanʼat in-tini tugatgan (1954), shu in-tda prof. (1983-y. dan), kafedra mudiri (1991-y. dan). M. Uygʻur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida (Yangiyoʻl sh.) bosh rej. (1954-56). «Yurak sirlari» (B. Rahmonov), «Nurxon» (K. Yashin), «Ogʻriq tishlar» (A. Qahhor) kabi pyesalarni sahnalashtirgan. 1958—91 ylar «Oʻzbekfilm»da rej. (1982—86 y. larda direktor). 1996-y. dan Oʻzbekiston kino arboblari birlashmasining rais muovini. «Mahallada duv-duv gap» kinokomediyasi (1960) ilk yutugʻi boʻldi. 2-jahon urushi yillari ota-onasiz qolgan turli millatga mansub 14 bolani tarbiyalagan toshkentlik Shomahmudov oilasining jasorati haqidagi «Sen yetim emassan» (1963; Xalqaro kinofestival mukofoti, Frankfurt-Mayn, 1963), odob-axloq haqidagi «Qalbingda quyosh» (1965) filmlari rej. ijodida alohida oʻrin tutadi. «Toshkent — non shahri» (1967; kinofestival sovrindori, Olmaota, 1973), «Sevgi mojarosi» (1971; 5-kinofestival sovrindori, Tbilisi, 1972) filmlari bilan eng yaxshi kinorej. sifatida taniddi. Tarixiy-biografik mavzuda «Abu Rayhon Beruniy» (2 qismli, 1974, 8-kinofestivalning bosh mukofoti, Kishinyov, 1975, Xalqaro kinofestivalning «Oltin Delfin» sovrindori, Tehron, 1977), «Olovli yoʻllar» (Hamza hayotiga bagʻishlangan 17 qismli telefilm, 1975—84), urush yillari front ortidagi qiyinchiliklar haqida hikoya qiluvchi «Katta urushdagi kichik odam» (1989) filmlari ham mashhur. Mustaqillik A. ijodida burilish yasadi. 14 qismli «Kamolot choʻqqisi sari» hujjatli (1995) va 2 qismli «Otamdan qolgan dalalar» badiiy (ssenariysini M. Toʻychiyev bilan hamkorlikda yozgan, 1998) filmlarni yaratdi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1974). «El-yurt hurmati» ordeni (1998) va «Shuhrat» medali (1994) bilan taqdirlangan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x