Yusuf Shomansur (1936–1978)

Yusuf Shomansur 1936 yilda Toshkentda, ishchi oilasida tugʻilgan. U mudhish fojia sabab, bor-yoʻgʻi qirq ikki yil umr koʻrgan, ammo anchagina boy adabiy meros qoldirgan ijodkordir. U oʻrta maktabni tugatib, Toshkent davlat pedagogika institutiga oʻqishga kirdi va 1960 yilda tugatdi. Yusuf Shomansurda adabiyotga, xususan, sheʼriyatga boʻlgan havas ancha erta uygʻongan, birinchi sheʼriy toʻplami 1957 yilda “Gorn sadolari” nomi bilan chop etilgan edi.

U dastlab Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻayratiy boshchilik qilgan adabiy toʻgarakda Erkin Vohidov, Xayriddin Saloh, Toʻlqin kabi doʻstlari bilan ijod sirlarini oʻrgandi. Soʻng insitutda Maqsud Shayxzodadek allomaning maʼruzalari unga adabiy bilim va mahorat maktabi boʻlib xizmat qildi.

1965–1967 yillarda Moskvadagi Oliy adabiyot kursida oʻqidi. Uning “Mehringga toʻymayman” (1962), “Oydan kelgan bolalar” (1964), “Sheʼr dardida” (1965), “Akrom va makaron”, (1966), “Qalam va umr” (1968), “Yuragim” (1970), “Tabassum” (1971), “Holva” (1972), “Qiziq-qiziq” (1975), “Dostonlar” (1977) kabi bir qator sheʼr, doston va ertaklardan tashkil topgan kitoblari bosilib chiqdi.

Bularning ayrimlari bolalarga bagʻishlangan boʻlib, ulardan begʻubor va pokiza yoshlar olami tasvir doirasiga tortiladi. Shoirning kattalarga bagʻishlangan koʻpchilik sheʼrlarida xalqimizning zahmatli mehnati, bunyodkorlik ishlaridan soʻz yuritiladi, mehnat azobidan qaddi lol kishilarga hamdardlik bildiradi, koʻp hollarda sevishgan-sevilganlar baxtiyu fojiasi qalamga olinadi.

Vafotidan keyin uning “Kulguga ne yetsin” (1979), “Qoʻsh yurak” (1981), “Men oʻtqazmagan daraxt” (1986), “Qoʻzivoy” (1987) kabi toʻplamlari nashr etildi.

Yusuf Shomansur yetuk shoir boʻlishi bilan birga, romannavis sifatida ham qalam tebratdi. U oʻzining “Qora marvarid” romanida neftchilarning fidoyi mehnati va zahmati haqida jiddiy mushohadalarini bayon qiladi.

Yusuf Shomansur umrining soʻnggi yillarida dramaturg sifatida ham oʻzini sinab koʻrib, “Yor qayrilib boqmaydi” nomli komediyasini yozdi. Unda bosar-tusarini bilmay qolgan, kibr-havoga berilgan ayrim yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tubanligi oxir-oqibat ularning insoniy qiyofasiga putur yetkazishi haqidagi qarashlar ustuvorlik qiladi.

Yusuf Shomansur adabiyotshunos sifatida qator adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan, badiiy ijod bilan ilmiy faoliyatining mushtarak nuqtalariga bagʻishlangan nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan edi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/yusuf-shomansur-1936-1978/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x