Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bundan besh asr oldin tillarning oʻzaro chogʻishtirma tadqiqiga asoslangan “Muhokamatu-l-lugʻatayn”(“Ikki til muhokamasi”) monografiyasi bilan dunyo tilshunosligida mutlaqo yangi ilmiy yoʻnalish – komprativistikaga asos solgan edi. Alloma ushbu asari orqali chogʻishtirma tilshunoslikning tadqiq yoʻllari, tahlil usullari, metodologik asosini ishlab chiqdi. Hozirga qadar zamonaviy tilshunoslikda ushbu ilmiy izlanish oʻz oʻrnini, tahlil va tadqiq usullari, qadri va ahamiyatini yoʻqotgan emas.
Lingvistika tarixida Alisher Navoiy boshlab bergan mutlaqo yangi ilmiy yoʻnalishga asoslangan komprativistik tadqiqotlar Ovrupoda XIX asrning birinchi yarmiga kelibgina yaratila boshladi; tilshunoslik tarixida qiyosiy-tarixiy tilshunoslik nomi bilan oʻrin egalladi. Hozirda ushbu yoʻnalish zamonaviy tilshunoslikning yirik sohalaridan biriga aylangan.
Hazrat Navoiy ilmiy tafakkurining gultoji hisoblangan ushbu tadqiqot oʻzbek fani tarixida ham tengsiz maqomga ega. Ushbu asar bizgacha yetib kelgan ilmiy ishlar orasida oʻzbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqot hisoblanadi. Kezi kelganda qayd etish kerakki, Nizomiddin Mir Alisher Navoiyga qadar turkiy tillar tadqiqiga bagʻishlangan oʻnlab ilmiy asarlar yaratilgan. Biroq ular arab tilida yozilganligini hamda ularning katta boʻlagi oʻquv qoʻllanma xususiyatiga ega ekanligini esdan chiqarmaslik kerak. Navoiy ushbu asari bilan oʻzbek lafzida tilshunoslik boʻyicha ilmiy ish yaratish uslubini, yozma ilmiy bayon texnikasini yaratib berish bilan birga, uning ilmiy terminshunosligini ham ishlab chiqdi. Shu jihatlari bilan ushbu asar oʻzbek va jahon fani uchun gʻoyat qadrli fundamental tadqiqot sanaladi.
Yaqinda ana shu asarning yangi nashri turkiy tillar tarixining bilimdonlaridan biri Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida chop etildi (Alisher Navoiy. Muhokamat ul-lugʻatayn. – Toshkent: “Akademnashr”, 2017).
Kitobda asarga bagʻishlangan tadqiqot, “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning ilmiy transkripsiyasi, hozirgi oʻzbek tiliga soddalashtirilgan oʻgirmasi, asarda ishlatilgan ilmiy istilohlar soʻzligi berilgan. Ilova sifatida Parij va Toʻpqopi nusxalarining faksimili ham keltirilgan.
Hozirda dunyo qoʻlyozmalari fondida “Muhokamatu-l-lugʻatayn”ning toʻrtta qoʻlyozmasi maʼlum.
Nusxalardan birinchisi Istanbuldagi Toʻpqopi saroyi muzeyi Revan kutubxonasida saqlanayotgan Navoiy kulliyotidan oʻrin olgan. Ushbu qoʻlyozma, taxminlarga qaraganda, mavjud nusxalarning eng eskisidir.
Asarning yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih boʻlimida saqlanayotgan Navoiy kulliyotiga kirgan.
Parij nusxasi. Ushbu nusxa Milliy kutubxonada saqlanayotgan Navoiy kulliyoti tarkibida. Qoʻlyozma 1526–1527 yillari koʻchirilgan.
Asarning yana bir qoʻlyozmasi Budapeshtda saqlanmoqda. Yangi nashr ana shu nusxalarni oʻzaro qiyoslash natijasida yaratilgan.
“Muhokamatu-l-lugʻatayn”ning qoʻlyozmalari orasida Toʻpqopi va Parij nusxalari matniy jihatdan bir-biriga juda yaqin: Toʻpqopida qaysi joylari tushib qolgan boʻlsa, Parij qoʻlyozmasida ham aytarli shunday.
Asarning Fotih kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozmasi boshqa nusxalardan birmuncha farq qiladi. Muhimi shundaki, Toʻpqopi va Parij qoʻlyozmalarida uchramaydigan soʻz va jumlalar ushbu nusxada toʻldirilgan; tekstologik jihatdan bu nusxaning oʻziga yarasha afzalligi ham bor.
Navoiy oʻz asarida komprativistikaning tayanch usullarini ixtiro etgan. Chunonchi, u tillarning qanday birliklari va qatlamlari solishtirilsa, asosli ilmiy natijalarga erishish mumkinligini ham koʻrsatgan. Ana shu maqsadda Navoiy oʻzbek tilining soʻz boyligini koʻrsatish orqali forsiyda muqobili boʻlmagan yuzta feʼlni keltirgan. Qizigʻi shundaki, asarning Toshkent nashrida ushbu feʼllar toʻqson toʻqqizta. Buning sababini Q. Sodiqov toʻgʻri koʻrsatgan. Uning yozishicha, asarning bizga yetib kelgan qoʻlyozmalarida feʼllarning soni turlicha: Toʻpqopi va Parij nusxalarida toʻqson toʻqqiz, Fotih va Budapesht nusxalarida yuztadir. Ushbu ikki nusxada boshqa qoʻlyozmada tushib qolgan yuzinchi feʼl ham bor. U chimdilamoq feʼli boʻlib, ketma-ketlikda qichigʻlamaq soʻzidan keyin keladi. Bundan koʻrinadiki, haligi nusxani koʻchirayotgan kotib bu soʻzni tasodifan tushirib qoldirgan. Toshkent nashrida ushbu feʼlning uchramasligining sababi ham shunda, nashr uchun Parij qoʻlyozmasi asos boʻlgan.
Yangi nashrda ana shu feʼl ham keltirilgan.
Q.Sodiqovning taʼkidlashicha, baʼzi oʻrinlarda jumlalarning tuzilishida ham farqli jihatlari bor. Masalan, Toʻpqopi va Parij qoʻlyozmalaridagi ayrim jumlalar Fotih qoʻlyozmasida tahrir qilingan yoki avvalgi ikki qoʻlyozmada uchramaydigan jumlalar Fotih qoʻlyozmasida toʻldirilgan. Bir-ikkitasini koʻchirish chogʻida tushirib qoldirilgan, deyish mumkindir, lekin orada muhim maʼlumotlar ham kiritilgan boʻlib, ular til va uslub jihatidan Navoiyning jumlalari, bularni asarga muallifdan boshqa kishi kiritishi imkonsiz. Masalan, Toʻpqopi qoʻlyozmasidagi “Forsiygoʻy turk beglar-u mirzodalar “boʻxsamaq”ni forsiy til bila tilasalar-ki, ado qilgʻaylar”, degan gap Fotih qoʻlyozmasida “Forsiygoʻy turk beglar-u mirzodalar “boʻxsamaq”ni forsiy til bila tilasalar-ki, ado qilgʻaylar, ayo ne navʼ qilgʻaylar”, deb berilgan.
Orada yirik-yirik jumlalar ham farq qiladi. Ular kitobning tadqiqot boʻlimida roʻparama-roʻpara qilib jadvalga solib berilgan.
Navoiy asarlari tilida singarmonizm(tovushlar uygʻunligi) “temir qonun” sifatida amal qilgan. Bu narsa tovushlar sistemasini anglashga ham imkon beradi. Masalan, muallif keltirgan misollarda “yoʻgʻon” oʻzak-negizli soʻzlarga masdar koʻrsatkichining —maq varianti qoʻshiladi: qurugʻsamaq, aldamaq, qistamaq, yalinmaq singari; “ingichka” talaffuzli soʻzlarga esa —mdk varianti qoʻshiladi: igirmak, indamak, surkanmak, oʻrtanmak singari. Koʻrinadiki, Navoiy tilida orqa qator, “yoʻgʻon” a bilan old qator, “ingichka” aning har ikkovi mustaqil fonemalar sifatida amal qilgan.
“Muhokamatu-l-lugʻatayn”da jonivorlarning harakatini anglatuvchi feʼllar bilan bogʻliq qiziq bir misol bor. Asarning Anqara nashrida bu misol shunday berilgan: “uy mungramagiga va ishak ingramagʻigʻa va it tegishmagʻigʻa va ulimagʻigʻa lafz yoʻqtur”. Muhimi shundaki, ushbu jumla asarning Toʻpqopi qoʻlyozmasida yoʻq, Fotih qoʻlyozmasida esa bor, nashrga oʻsha qoʻlyozmadan olingan.
Ushbu jumladagi kelishik qoʻshimchalarining qoʻshilish tartibiga eʼtibor qaratilsa, quyidagi holatga duch kelamiz: tegishmak soʻzi “ingichka” oʻzakli boʻlishiga qaramay, unga qoʻshimchaning “yoʻgʻon” varianti qoʻshilmoqda: tegishmagʻigʻa. Anglashiladiki, nashrda bu oʻrinda xatoga yoʻl qoʻyilgan. Q.Sodiqov turkcha nashrdagi bu xatoni asar qoʻlyozmasiga asoslanib toʻgʻri beradi.
Uning yozishicha, qoʻlyozmada tegishmagʻigʻa emas, mingashmagʻigʻa ekan. Mingashmaq “yoʻgʻon” oʻzakli soʻz, shuning uchun unga qoʻshimchaning ham “yoʻgʻon” varianti qoʻshilmoqda.
Tuzatilgan jumlaning oʻqilishi shunday boʻladi: uy mungramagiga va eshak ingramagʻigʻa va it mingashmagʻigʻa-vu ulimagʻigʻa lafz yoʻqtur.
Bu jumlada kechgan mungramagi soʻzi “ingichka” oʻzakli boʻlgani uchun unga joʻnalish kelishigining “ingichka” -ga varianti, ingramagʻi, mingashmagʻi, ulimagʻi soʻzlari “yoʻgʻon” talaffuzli soʻzlar boʻlgani uchun esa qoʻshimchaning ham “yoʻgʻon” talaffuzli —gʻa varianti qoʻshilmoqda. Agar eski oʻzbek tilida “temir qonun” boʻlmish tovushlar uygʻunligiga eʼtibor berilmaganda, yuqoridagi nashrda uning xato oʻqilganini sezmay ham qolardik.
Ushbu qonun qoʻlyozmalarni oʻqiyotganda soʻzlarni toʻgʻri oʻqishimizda, hatto ularning maʼnosini bilib olishimizda ochqich vazifasini bajaradi.
Qoʻlyozmalar orasidagi ushbu tekstologik farqlarga tayangan holda, Q.Sodiqov shunday xulosaga kelgan. Uning fikricha,“Muhokamatu-l-lugʻatayn” asarining ikki xil varianti boʻlgan: Navoiy asarni yozib tugatgach, uni kotibga topshirgan; kotib ana shu variant asosida matnni koʻchirgan. Keyinchalik, chamasi bir oz fursatdan soʻng, muallif asarni qayta koʻrib chiqib, unga baʼzi-bir qoʻshimchalar ham kiritgan. Aytish mumkinki, asar Navoiyning oʻz qoʻli bilan tahrirdan oʻtkazilgan. Shunday qilib, “Muhokamatu-l-lugʻatayn” asari, muallifning koʻzi tirikligidayoq, ikki xil variantda yoyilgan edi.
Olimning taʼkidlashicha, bugungacha yetib kelgan nusxalar asarning u yoki bu variantidan koʻchirilgan chamasi. Masalan, Toʻpqopi va Parij nusxalari asarning ilk variantidan, Fotih qoʻlyozmasi esa asarning keyingi, Navoiyning qayta tahriridan oʻtgan variantidan koʻchirilgan koʻrinadi. Shuning uchun ham, Toʻpqopi va Parij nusxalari tekstologik jihatdan, ayrim juzʼiy farqlarni aytmaganda, bir-biriga juda yaqin. Fotih qoʻlyozmasi esa ulardan farq qilib turadi.
Olimning xulosasiga koʻra, asarning ilmiy va ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratishda qoʻlyozmalardagi ushbu tekstologik farqlar inobatga olinmogʻi kerak.
Q.Sodiqov nashrining avvalgi nashrlardan farqi katta. Olim asarga tilshunos koʻzi bilan qarab, turkologiyadagi eng soʻnggi ilmiy qarashlarga tayangan holda soʻzlarning oʻqilishi, talaffuz shakllarida ham oʻzgarishlar kiritgan.
Kitobning yana bir yutugʻi, unda asar matni lotin alifbosi asosidagi xalqaro ilmiy transkripsiyada berilganligidir. Bunda hozirgi Sankt-Peterburg va nemis turkologiya maktablari tomonidan ishlab chiqilgan transkripsiya asosga olingan. Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekistonda Navoiy asarlari birinchi bor ana shu transkripsiyada berilmoqda.
Yangi nashrning yuzaga kelishi oʻzbek navoiyshunosligida katta hodisa boʻldi. Nashrda ota-bobolarimizdan qolgan yozma yodgorliklarni chop etish yoʻnalishida zamonaviy turkshunoslikda ishlab chiqilgan tugal qolipga asoslanilgan. Bunga koʻra, nashrda boshlab matnning xalqaro transkripsiyasi, keyin oʻzbekcha oʻgirmasi, asrdagi istilohlarning ochiqlama soʻzligi hamda asarning fotonusxasi(faksimili) joylashtirilgan. Bu bilan nashr manbashunoslik va matnshunoslik sohasida bundan buyon yaratilajak ishlarga namuna boʻla oladi.
Qudratulla OMONOV,
filologiya fanlari doktori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ilmiy-tafakkur-gultoji/