Havaskor bedana

Uni menga bedana deb taqdim etdilar. Qimmatbaho likobchada butlarini bedanavor tarvaytirib yotgan chumchuq hol tili bilan arzi hol qildi.

– Ey odamzod, sabr qilib menga tish urmay tursang, oʻz tariximni aytib berar edim.

Uning kutilmagan bu faryodini eshitib, rozilik maʼnosida bosh irgʻadim va qoʻlimni tortdim. U gapida davom etdi:

– Men aslida bedana emas, oddiy chumchuq boʻlib dunyo koʻrgan edim. Kunlarning birida shoxdan shoxga uchib oʻynab yurganimda nogahon chittak bilan doʻstlashib qoldim. Yangi doʻstim serharakat boʻlish bilan birga gʻoyat soʻzamol ham edi. Uning soʻzlari qandaydir ruhlantiruvchi, koʻzlari ishontiruvchi, oyoq-qanotlari gʻoyat chaqqon edi. Maqtash borasida unga teng keladiganini topish qiyin. Shu bilan birga, u doʻstlarining ham oʻziday uddaburon boʻlishini istar edi. Oʻzining va doʻstlarining mavjud holatidan aslo qoniqmasdi. Yana nimalardir qilgisi, nimalardir degisi, qoʻyingki, dunyoni oʻzgartirgisi kelardi. Binobarin, u boshqalarni ham shunga undar, sira tinib-tinchimas, hovliqib chirqillaganicha u shoxdan bu shoxga sakragani sakragan edi.

Banogoh bir kuni u meni ham maqtadi:

– Sening ajoyib ovozing bor, bedanaday sayray olasan.

Men avaliga uncha ishonqiramadim.

– Mening sayrogʻim boshqacha-ku, – dedim ikkilanib.

– Hechqisi yoʻq, bora-bora oʻrganib ketasan, – dedi ishonch bilan u. – Hech kim tuxumdan sayrab chiqmagan, hamma ham keyin oʻrgangan. Qolaversa, sening ajoyib ovozing bor, rang-roʻying ham bedanavor.

Menga uning bu gapi maʼqulday tuyuldi. Jon-jahdim bilan “Chip-chiriq” oʻrniga “Bit-biliq” deb sayray boshladim. Mening ovozim oʻzimdan gʻayri ixtiyoriy tarzda “Bit-bildiriq” boʻlib chiqa boshladi. Ammo yangi doʻstim meni yana ruhlantirdi.

– Hechqisi yoʻq, “Bit-bildiriq” boʻlib chiqsa, yanayam yaxshi. Seniki “Jaz” yoʻnalishi boʻldi. Yaʼni faqat oʻzingga xos yangi bir ohang qoʻshding. Dunyoda birorta bedana bu tarzda kuylay olmaydi. Odamlar orasida shinavandalari bor. Ular buni nihoyatda qadrlashadi. Agar biror bir shinavanda bedanavozning nazariga tushib qolsang, butun umring rohat-farogʻatda oʻtadi. Hozirgiday bir chigirtka uchun yarim kun halak boʻlib yurmaysan. Ozuqaning eng saralarini oʻzlari yigʻib kelib berishadi. Yeganing tumshugʻingda, yemaganing dumingda boʻladi.

– Bu nima degani? – Ilgari bunaqa gapni eshitmaganim uchun hayron boʻlib soʻradim.

– Bu shunaqa bir ibora, gʻalchamisan?.. Don serob boʻlganda qari chittaklar shunday deydilar.

Kaminangiz mashqqa zoʻr berdi. Oldingi “Chip-chiriq”larim esimdan chiqa boshladi. Chittak doʻstim meni boʻliq bedazorga olib bordi. Endi chigirtkalari serob bedazorda biroz toʻlishib, bedanalarga ham gap bermay qoʻydim. Ishim rivojda edi. Oldingi chumchuq doʻstlarim endi koʻzimga gʻarib koʻrinardi. Kundan-kun semirib bordim. Xursandchiligimni izhor etish uchun har zamon-har zamonda “Bit-bildiriq”, “Bit-bildiriq”, deb qoʻysam, atrofimdagi qushlar menga havas va hasad bilan boshlarini yonboshga burib, qarab qoʻyardilar. Ayniqsa, mendan ikki par oldin tukkan chumchuqlarga rosa alam qilar edi. Buni sezganim sari yanada gʻurur bilan koʻksimni kerib, sayraydigan boʻldim.

Bu ishimdan bedanalarning gʻashi kelar, meni insofga chaqirmoqchi boʻlishardi. Ammo shuhrat mayidan mast boʻlgan qushning qulogʻiga gap kirarmidi? Doʻstim chittak bilan tobora boʻliq bedazorlarda sayron qila boshladim. Kunlarning birida koʻzlarimni chirt yumgancha oʻz ovozimga oʻzim mahliyo boʻlib, “Bit-bildiriq”, “Bit-bildiriq”lagancha sayrab turganimda nogahon tepadan koʻlanka yoprilganday boʻldi. Qoʻrqqanimdan hushimni yoʻqotdim, koʻzimni ochsam, ovchining toʻridaman. Oʻzimni oʻngga-soʻlga urib har qancha chiranmay, toʻrdan xalos boʻla olmadim. Meni tutib bedanabozorga keltirdilar. Bedanavozning rangdoru guldor qafaslarini koʻrib, bir yengil nafas oldim. “Xayriyat, kunim bor ekan. Bu joyning sharoiti ham bedazordan kam emasdir, har qalay, ishqivoz odam qushlarga ozor bermas…”. Bir tunni unda oʻtkazdim. Tong otdi. Yonimdagi qushlar besh-olti, hatto oʻn martagacha “bit-biliq” ota boshladi. Men ham butun kuchimni toʻplab “bit-bildiriq”, “bit-bildiriq”, deb sayray boshladim. Ammo meniki zoʻrgʻa uchtagacha borar edi. Shunda ham nafasim qaytib, koʻzlarim tinib ketar edi. Bir payt ichkaridan sochini taqir qilib oldirgan, semiz bir odam chiqib keldi-yu, toʻgʻri mening qafasim oldida toʻxtadi. Men oʻzimcha sayrogʻim bu odamga maʼqul boʻldi, deb oʻyladim-u, yana qatorasiga uch bora “bit-bildiriq” tortvordim. Haligi odam menga bir zum hayron qarab turdi-da, qafasning tuynugidan qoʻlini yuborib, meni tutib oldi. Soʻngra koʻzlariga yaqin oborib, qanotlarimni ushlab tortib, yozib koʻrdi va sherigini chaqirdi.

– Jonmurod, buni qara, oʻzi chumchuq-ku, bedanaga oʻxshab, bezanib olgan ekan. Ovozini ham oʻxshatibdi-yu, baribir oxirida “chiriq” deganga oʻxshash “diriq” degan joyi bor. Sherigi ham yoniga keldi, meni qiziqib tomosha qildi. Soʻng oʻychan gapirdi

– Joyiga qoʻy-chi, sayrashini eshitaylik…

Qaytarib guldoru shokilador qafasga qoʻydilar. Men lik etib shoxga qoʻndim-u, sayray boshladim. Bor kuchimni yigʻib “bit-bildiriq”ni toʻrttaga yetkazmoqchi boʻldim, axir hazil gapmi, butun koinotning gultoji, hayvonlarning eng aʼlosi – inson eʼtibor berayotgandi. Oxirgi sayrogʻimda havo yetishmay qoldi. Nafasim tiqilib, boshim aylanib, oʻtirgan shoxchamdan “shilq” etib yerga tushdim. Ogʻzimni kappa-kappa ochib yutoqib nafas ola boshladim. Ikki oyogʻim osmonda boʻlib qoldi. Odamlar baravariga xo-xolab kulib yubordilar.

– Bu oʻzimizning ayrim yosh sanʼatkorlarga oʻxshar ekanmi? – dedi sochi qoʻqigani.

– Toʻgʻri, – uning gapini quvvatladi sherigi, – xuddi oʻzi. Oʻzi aytib, oʻzi mast boʻlib raqsga tushadigan, joyi kelsa, tappa yerga yotib oladigan, pitir-pitir harakatlar qiladigani bor-ku, oʻshaning xuddi oʻzi.

– Barakalla-e, “Chiranma gʻoz, hunaring oz”, degan gap bor edi, endi “Chiranma chumchuq, hunaring yoʻq!” deymizmi, buni?

Xullas oʻsha dargohda bir necha kun ermak boʻldim. Oxir bir kun taqirboshning otasi kelib qoldi. Taqirbosh meni otasiga ham maqtadi. Otasi avvaliga hayron boʻlib turdi. Soʻngra birdan feʼli aynidi.

– Yoʻqot buningni! – dedi gʻazab bilan. – Kimki oʻz holini oʻzgartirib boshqalarga taqlid qilsa, Xudoning qahri keladi. Albatta bir balo yuboradi.

– Bu bir chumchuq-da, ota, vahima qilavermang, – taqirbosh meni himoya qila boshladi.

– Yoʻq! – dedi chol kesib. – Maxluqning katta-kichigi boʻlmaydi. Bu Xudoning gʻazabiga uchragan. Uyingda saqlasang, senga ham zarari tegib qoladi. Kasofati uradi. Uni bugunoq yoʻq qil. Pishakka berib yubor, – dedi chol jahl bilan.

Oʻgʻil otasining jahli chiqqanini koʻrib, birdan rozi boʻldi.

– Xoʻp boʻladi, bugunoq oshxonaga joʻnatib yuboraman.

Bugun ertalab oshxona dastyori bedanaboznikiga bordi. Bu yogʻini oʻzingiz koʻrib turibsiz. Endi sizdan bir iltimos, shu haqda bir nima yozib qoldirsangiz, toki bundan keyin hech bir jon oʻziga tagʻyir berib, birovlarga taqlid qilaman, deb mening holimga tushib yurmasa…

– Xoʻp boʻladi! – deb yubordim beixtiyor, uning nolalariga bardosh qila olmay.

Qishloqdan kelgan havaskor qalamkash roʻparamda oʻtirgancha, oʻz kosasidagi bedana shoʻrvani xoʻrillatib-xoʻrillatib icharkan, menga hayrat bilan qarab qoʻydi. Bir soʻz demasdan kosasini boʻshatdi. Uzun tillarini tepaga pastga tez harakatlantirib, antiqa tarzda labini yaladi. Soʻngra peshonasidagi reza-reza terlarini kirchil qoʻlroʻmolchasi bilan artgancha, savol berdi:

– Nega bedana shoʻrvani ichmayapsiz, domullo? Sizga maʼqul boʻlsin, deb ataylab, shoʻrva aytuvdim. Yo maʼqul boʻlmadimi?

– Rahmat, bugun kechroq nonushta qiluvdim. Oʻzingiz, bemalol… – shunday degancha kosani u tomonga surib qoʻydim.

– Bay-bay, shunday laziz taomni-ya… Xafa boʻlmang-u, ogʻzingizning taʼmini bilmas ekansiz.

Qalamqosh tomogʻini taqqillatgancha, chumchuq shoʻrvaga non toʻrgʻay boshladi.

Aftidan, u shundoq koʻzining oldida bedana – chumchuq bilan boʻlib oʻtgan suhbatimizdan bexabar edi.

 

Orif HOJI

 

“Yoshlik”, 2017–12

https://saviya.uz/ijod/nasr/havaskor-bedana/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x