***
Ot minib shaharni kezib yuribman,
Boshim tegay-tegay deydi quyoshga.
Tulporim odimlar magʻrur, hurkmay,
Gʻalati qaraydi modernist Toshkan.
Yoʻl bermoq istamas agʻyor avtolar,
Ortimga qaytmoqni qilishar talab.
Mahbus simyogʻochlar boqar aftoda,
Men hamon boryapman oldga yoʻrgʻalab.
Koʻcha toʻla odam, birida havas,
Burnini jiyirib qarar qay biri.
Ular bizni yoʻldan qaytara olmas,
Choʻchima Tarlonim! Turkiy aygʻirim!
Maqsadga yetguncha qaddingni bukma,
Tepangda keng osmon, ostda ena yer.
Tosh otgan kaslarga (nuqimay, soʻkmay),
Jaydari shevangda kishnab oʻtaver.
Koʻksingda gupurar togʻliklar oʻti,
Tuyogʻing zarbidan ezilar asfalt.
Barcha qiyinchilik, gʻovlardan oʻtib,
Kelguncha sabr qil, o, senga navbat.
Mayda-chuydalarga sarflama kuching,
Bilaman, koʻpkari qilyapti xumor.
Hozircha yoʻrgʻala, otishsin piching,
Oldinda pishqirib chopmak gali bor!
Faqat sen choʻchima, choʻchima Tarlon.
Suyanchiq
Toʻlqindek, pishqirdim, koʻpirdim,
Oʻzni oʻtga urdim ataylab.
Ogʻriqsiz yuzlarga tupurdim,
Yashamadim boshim avaylab.
Yigitligim yoʻl tortib oldi,
Oʻtgan kunlar asrlarga teng.
Yuragimda bir suluv qoldi,
Yuz suluvning yuragida men!
Kechdi yillar shiddatlar aro,
Tavakkal deb Parvardigorga.
Jallod bilan simirdim sharob,
Goho borim tikdim qimorga.
Qay koʻngilda kaʼba tikladim,
Qay eshikdan topdim malomat.
Unutmadim Tangri hikmatin,
Faqat unga aytdim salovat.
Botinimda zilzila qoʻpib,
Qurshaganda ongni gʻam-yogʻi.
Peshonamdan ohista oʻpib,
Tinchlantirgan ruhni ilohiy.
Kuch sezardim ichimda mudom,
Qoʻllayapti derdim Ona Yer.
Neʼmatlarin qilaru inʼom,
Soʻragani arzimagan sheʼr…
Demak bari behuda emas,
Chekinmayman zinhor-bazinhor.
Hali yetti iqlimga sigʻmas,
Kuylanmagan qoʻshiqlarim bor.
***
Pianino klavishlari uzra
Harakatlanayotgan
sehrgar barmoqlar –
Yomgʻir koʻl yuzin chertar ohista.
Taralayotgan kuy
(Balki kuy emasdir, balki…)
Uyqudagi bokira qizday
Shu qadar osuda,
Shu qadar goʻzalki…
Dirijyor daraxtlar silkir shoxini,
(Jonsiz yaproqlarni yopinvolgan yoʻl.)
Osmondan tushyotgan
erni sogʻinib,
Millionlab notani
chalayapti koʻl.
Soyabonli oʻrindiqda jim,
Yurak darvozasin ochib qoʻyib lang.
Sigar tutatgancha chorlayman
Ismma-ism
(do, mi, sol),
Yoprilib kiradi qalbimga ohang.
Men xuddi Betxoven.
Eshitmaymanu
His qilaman ich-ichimdan, bas.
Axir bu –
Ilohiy kuyning
Bastakori zaminlik emas.
Yomgʻir koʻl yuzin chertar ohista…
***
Kulgularing sigʻmas hobimga,
Qushlar uchmish bagʻrimdan, yanib.
Ogʻiroyoq iztirobimga,
Nur hoʻplatgan qoʻllaring qani?!
Oyogʻida channagan chorigʻ,
Koʻngil daydir, behush, shirakayf.
Tuygʻularning lablari yoriq,
Hissiyotlar visolsiragan.
Simiraman tunni, tugamas,
Chorlaydi bezovta tovushlar.
Ingrar ruhim ololmay nafas,
Yolgʻizlik anqigan ogʻushda.
Senli kunlar endi koʻp qadim,
Hamon zulmat soladi qutqu.
Suv oʻtlari misol chayqalib,
Vido aytgan sochlaringmi bu?..
***
Xayr Toshkent,
Endi men boray,
Togʻlarimdan olayin xabar.
Buloqlardan kechirim soʻray,
Choʻzilgani uchun bu safar.
Xayr metro, avtobus, bekat,
Archa koʻcha…
Olovlangan his.
Men hatto ismin bilmaydigan,
Xayr senga moviy koʻzli qiz.
Jigarlarim, chehrasi tiniq,
Shavqqa toʻla billur qadahlar.
Oʻrda. Anhor. Tanish oʻrindiq,
Omon boʻling shoir daraxtlar.
Bas deguncha daydidim senda,
Qarzdorman oldingda, poytaxt.
Lek qaytmasam boʻlmaydi endi,
Chorlayapti qishloq otli baxt.
Unda mangu uyquda bobom,
Hovlimiz ham yotmish huvillab.
Oh, munkillab qolgandir momom,
Dodor oʻgʻlin erta-kech oʻylab.
Tanbehlarga quloq ilmadim,
Shaharda deb shoir hayoti…
Eshitdimu oʻkrab yigʻladim,
Soʻyilipti togʻamning oti.
Judoliklar aytsam bir talay,
Tong otyapti, o, vaqtim tigʻiz.
Quchogʻingdan qalbga oʻt qalab,
Olib ketar sahargi poyezd.
Esim qursin, ha, yana bir gap,
Men ketarman, chamadonim taxt.
Faqat sheʼr deb bagʻringda yurgan,
Majnunlarni oʻksitma, poytaxt.
Xayr Toshkent,
Endi men boray…
* * *
Yomgʻir.
Tuygʻular raqsi.
Yomgʻir.
Qizil atirgul.
Yomgʻir.
Ezgin xotira.
Yomgʻir.
Ishqning koʻzidan
Tomchilayotgan qoʻshiq.
Yomgʻir.
Yaproqlar kuylar joʻshib,
Takrorlaydi maysalar,
Hatto toshlar shivirlab…
Yomgʻir.
Faqat mengina
Yodlay olmadim seni.
JONTEMIR
“Ijod olami”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/nazm/senli-kunlar-endi-kop-qadim/