Eng muhimi – oʻzingizni aldamang

Fyodor Dostoyevskiy

 

***

Isteʼdodga avvalo xayrixohlik va hamdardlik kerak, atrofdagilarning uni tushunishlari esa hammasidan ham zaruridir.

 

***

Agar sen dunyoni zabt etishni istasang, avvalo oʻzingni yengishni oʻrgan…

 

***

Oqil va mulohazali kishilar yuradigan koʻpgina yoʻllarni aslida tentaklar barpo etishadi.

 

***

Eng muhimi – oʻzingizni aldamang.

 

***

Baxt baxtning oʻzidagina emas, balki unga erishish yoʻlidagi zahmat va mashaqqatlarda hamdir.

 

***

Kimki tabiatni sevmasa, u odamni ham seva bilmaydi, demak u hech qachon chin maʼnodagi grajdanin boʻla olmaydi.

 

***

Vaqt deganlari – borliqning yoʻqlikka nisbatan munosabatidir xolos.

 

***

Afsuski, haqiqat aksariyat hollarda u qadar oqilona boʻlmaydi.

 

***

Uyatga qolgan odam odatda beixtiyor jahl otiga minadi va ayni holatda surbetlikka moyil boʻladi.

 

***

Erkinlik – oʻzingni hech narsadan tiymasliging emas, balki oʻz-oʻzingni boshqara olishing deganidir.

 

***

Balandparvoz va tumtaroq soʻzlar bilan har qanday narsani ham xunuk va tuban qilib qoʻyish mumkin.

 

***

Agar siz chindan-da ezgu, haqqoniy va adolatli nimadir ish qilsangiz, hayot qanchalar goʻzal va shirin ekanini anglab yetasiz…

 

***

Omadsizlik kelganida har narsa ahmoqona boʻlib tuyuladi.

 

***

Odamning quvnoqligi – uning eng ulugʻ fazilatidir.

 

***

Men jaholat va gʻazab odamlar uchun odatiy hol boʻlib qolishini istamayman va bunday boʻlishi mumkinligiga ishonmayman ham.

 

***

Oʻzing bilmagan, anglamagan narsani sevib qolishing mumkin emas.

 

***

Sevib qolish degani bu hali sevgi degani emas. Baʼzan inson nafratlana turib ham sevib qolishi mumkin.

 

***

Hayotning oʻzini uning mazmunidan ham koʻra koʻproq sevmoq kerak.

 

***

Sharob insonni hayvonga aylantiribgina qolmasdan, uni shafqatsiz qilib qoʻyadi, yorugʻ va ezgu fikrlaridan chalgʻitib, aqlu shuurini oʻtmaslashtiradi.

 

***

Pul – bu zarb qilingan erkinlikdir.

 

***

Aql-idrok ham baʼzan shu qadar yaramaski, u istalgan narsani oqlashi mumkin.

 

***

Ishq-muhabbat shu qadar qudratliki, u hatto oʻzimizni qaytadan dunyoga keltirishi mumkin.

 

***

Bilim insonni qayta tugʻiltirmaydi: u insonni oʻzgartiradi xolos, oʻzgartirganda ham hamma uchun umumiy boʻlgan shaklda emas, balki har bir odamning ichki feʼl-atvoriga muvofiq oʻzgartiradi.

 

***

Dunyoda sofdillikdan qiyinroq va tilyogʻlamalikdan osonroq ish boʻlmasa kerak.

 

***

Yumor – eng hassos va teran tuygʻular qaʼridagi zakiylikdir.

 

***

Bizning odamlar nima qilayotganiga eʼtibor bermang. Siz koʻproq ularning nimaga qarab intilayotganliklariga diqqat qarating.

 

***

Hech narsadan hayratlanmaslik – aqlning emas, aksincha ahmoqlikning alomatidir.

 

***

Oʻzining ahmoqligini tan olgan ahmoqni, endi sirayam ahmoq deyish mumkin emas.

 

***

Asarlari muvaffaqiyat qozona olmagan yozuvchi, osonlik bilan tili achchiq tanqidchiga evriladi: buni bamisoli kuchsiz va taʼmsiz musallasning ajoyib sirkaga aylanishiga oʻxshatish mumkin.

 

Rus tilidan

Muhiddin OMON

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/nasr/eng-muhimi-ozingizni-aldamang/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x