Fathnomai sultoniy

Muallif: Muhammad Mir Olim Buxoriy. Amir Nasrulloxonning eʼtiborli kishilaridan edi. Tarjimai holiga oid maʼlumotlar deyarli yoʻq. Bu uning shaxsi va asari maxsus oʻrganilmaganidan dalolat beradi. «Fathnomai sultoniy» (Sulton fathnomasi) kitobini Gʻuzorda Muhammad Olimbek huzurida yozishga kirishadi. Mazkur asar “Tarixi amir Nasrulloh” nomi bilan ham ataladi. Muallifning bosh­qa asarlari borligi bizga hozircha maʼlum emas.

Asar ahamiyati: Qoʻl­yozmalar xazinasi asosiy boʻlimida asarlarning №1838 raqamli yagona nusxasi saqlanadi. Forsiyda yozilgan, qattiq muqovali, mahalliy qogʻoz, xati nastaʼliq, 194 varaq, hajmi 26x15sm. Hijriy 1256 yili (1840) yili koʻchirilgan.

Asar anʼanaviy tarzda boshlanadi, 5a-sahifada maqsadga oʻtiladi va yozilish sabablari bayon qilinadi. 8b-sahifadan amir Doniyolbiy davrida jamiyatda nazorat sustlashib qolgani, amaldorlarning oʻzboshimcha boʻlib ketgani, poraxoʻrlik avj olgani va soliqlar oshib, xalq qiynalib qolgani toʻgʻrisida soʻz boradi. Shohmurodbiy davlat tepasiga kelgach, davlat nazoratini kuchaytirib, barcha tartibsizlarga barham berishga kirishadi. U «xatti tarxoniy» joriy etib, soliqlar belgilangan muddatga bekor qilinadi.

Asarning 56b -sahifasiga qadar amir Nasrulloning taxtni egallashigacha boʻlgan voqealar hikoya qilinadi. Soʻnggi tarixiy hodisalar hijriy 1248 yilgacha (1832) yetkazilgan. Amir Nasrullo davri toʻliq yoritilmagani sababli koʻpchilik tadqiqotchilar asarni tugallanmagan, deb hisoblaydi. Balki muallif bu paytlarda hayot boʻlmagandir ‑ bunga keyingi tadqiqotlar aniqlik kiritadi.

Muhimi, asar katta tarixiy ahamiyatga egadir. Unda amir Nasrulloxon shaxsi va uning atrofida toʻplangan tarixiy shaxslar, turli viloyatlar hokimlarining markaziy davlat oliy boshqaruvi bilan munosabatlariga taalluqli muhim axborotlar berilgan. Shoʻrolar davrida jallod, yovuz va zolim qiyofasida tasvirlangan amirning koʻpgina ijobiy tomonlari ham koʻzga tashlanib qoladi. Uning mamlakatni birlashtirish yoʻlida olib borgan tinimsiz kurashlari, Bahovuddin Naqshband mozorida amalga oshirgan obodonchilik ishlari, otasi amir Haydar qabri yonida madrasa qurdirishi va unga vaqflar ajratishi, Ayub alayhissalom mozoriga ajoyib sandiq yasattirgani kabi koʻplab ishlariga oid maʼlumotlar tarixga boʻlgan munosabatimizni qayta koʻrib chiqishga undaydi.

Tadqiqotchilar Denov shahridagi Sayyid otaliq madrasasining XV – XVII asrlarda Alouddin Attor avlodlari tomonidan bunyod etilgani va boshqa maʼlumotlarni qayd etishadi. «Fathnomai sultoniy» asari madrasalar tarixiga bagʻishlangan ishimizda bu muammoni hal etishga yordam berdi. Uni amir Haydarning qaynotasi Sayyid otaliq XIX boshlarida qurdirgani aniqlandi. U bir necha yillar Denovda hokimlik vazifasini bajargan ekan.

Asarda XVIII asr ikkinchi yarmi va XIX asr oʻrtalarigacha Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Gʻuzor, Sherobod, Boysun, Denov, Jizzax, Yakkabogʻ va boshqa bekliklar tarixiga oid koʻplab qimmatli maʼlumotlar bor. Ushbu asar Muhammad Vafo Karmanagiy maʼlumotlarini toʻldiradi va muvaffaqiyatli davom ettiradi.

Akademik Boʻriboy Ahmedovning taʼkidlashicha, O.D. Chexovich «Fathnomai sultoniy» asarining birinchi qismini rus tiliga tarjima qilgan, ammo nashr etilmay qolgan. Mazkur qism amir Nasrullo hukmronligiga qadar davr voqealaridan iboratdir.

Bu asarning taqdiri ham oldingisi kabidir. Mamlakat tarixini oʻrganishda qimmatli axborotlarga boyligiga qaramay, hozirgacha oʻzbek tiliga oʻgirilmagan.

 

* * *

Oltin zinalar… Ularni topmay, zamonlar kemtik qilgan joylarini butlamay, unga qanday qadam qoʻyib boʻladi?

Yaxshiyamki, ajdodlar kitoblar yozib qoldirishgan. Bitta, ikkita emas, minglab. Aytmoqchi boʻlgan zinalarimiz oʻshalar. Har biri Millatni oʻziga, uning qalb saroyiga olib borishga xizmat qiladigan oxiri koʻrinmas uzun zinaning bitta pillapoyasidir. Ularni koʻrmasdan, bilmasdan biror tarixiy-badiiy asar yozib boʻladimi? Tadqiqotlar oʻz yoʻliga. Ular bugunning ishlari. Ularning yaxshilari bugunning kishisiga imkoni yetganicha koʻmak berar, ammo manbalar uddalaydigan ishlarni aslo bajara olmaydi.

Biz, hozir nimani kutyapmiz oʻzi?

 

Abdusattor JUMANAZAR,

OʻzRFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

 “Yoshlik”, 2018/5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/fathnomai-sultoniy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x