-ni va -ning qanday farqlanadi?

Soʻz bilan ishlagan, kitob koʻrgan kishilar yaxshi biladi, baʼzi hollarda -ni va -ning qoʻshimchalari xato qoʻllanadi. Bunday xatolardan xoli boʻlish uchun soddagina bir qoidani bilish kifoya.

-ni feʼl va uning shakllari bilan bogʻlanadi, -ning esa ism soʻzlar (ot, olmosh, harakat nomi) bilan. Masalan,

Kitobni oʻqidim, kitobni oʻqish. Bu oʻrinda -ning ishlatish xato.

Kitobning muqovasi, kitobning oʻqilishi. Bu oʻrinda -ni ishlatish xato. “Kitobning muqovasi” birikmasini “Kitob muqovasi” deb qoʻllagan maʼqul. Loʻndalashadi. Umuman, agar qisqartirish imkoni boʻlsa, hatto qoʻshimchalardan ham voz kechish kerak. Maʼnoga taʼsir koʻrsatmasligi sharti bilan, albatta.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, -ning qoʻshimchali soʻzlar ham, -ni qoʻshimchali soʻzlar ham feʼlning noaniq (oʻqish) yoki bosh shakliga (oʻqimoq) bogʻlanishi mumkin. Lekin -ni dan soʻng albatta aniq nisbatdagi harakat nomi (oʻqish), -ning dan soʻng esa majhul nisbatdagi harakat nomi (oʻqilish) kelyapti va unga egalik qoʻshimchasi (-i) qoʻshilyapti.

Demak, kitobning oʻqish yoki kitobni oʻqilishi deyish xato boʻladi.

 

Orif Tolib

 

oriftolib.uz

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/ni-va-ning-qanday-farqlanadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x