El dardin chek, yakka darding dard emas

Har bir davrda milliy adabiyot vakillarining qay birovi oʻz isteʼdodining yoʻnalishi, asarlarining ruhi va hatto ijodiy taqdiriga koʻra boshqa bir xalqning shoiri yo yozuvchisiga monand boʻlib qoladi. Bunday “egizak” adiblar haqida gap ketganda, “sloven adabiyotining Pushkini”,  “ispan soʻz sanʼatining Shekspiri” degan taʼriflar qoʻllanadi.

Ijodiy yoʻnalishi va taqdiri bizning maʼsum shoirimiz bilan bir xil boʻlgan Aliqul Oʻsmonovni qirgʻiz adabiyotining Usmon Nosiri deb atash mumkin. Bularning biri atigi oʻttiz ikki yil (1912–1944) yashagan boʻlsa, undan uch yosh kichik boʻlgan ikkinchisi oʻttiz besh yil umr koʻrgan (1915–1950).

Ajabki, har ikkovi ham ogʻir turmush sharoiti tufayli sil kasalligiga duchor boʻlgan. Biri Magadan turmasida, ikkinchisi esa Bishkekda, sheʼr yozayotgan chogʻida stolga bosh qoʻygan holda hayot bilan vidolashgan. Ikkovi ham milliy soʻz sanʼatiga oʻta joʻshqin va hassos ruh olib kira olgan. Shuning barobarida, Usmon Nosir “Bogʻchasaroy fontani”, “Demon” poemalarini, Aliqul Oʻsmonov esa Navoiyning “Layli va Majnun” dostonini, Sh.Rustaveli, V.Shekspir, I.Krilov, A.Pushkin asarlarini oʻgirib, soʻz sanʼatining bu turini yuksak darajalarga koʻtara olishgan. Qirgʻiz sheʼriy tarjimachiligining choʻqqisi deb tan olingan “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” dostoni hozirgacha sakkiz bora bosilgan.

Biz koʻpincha, uzoq-uzoq ellar adabiyotiga maftun boʻlamiz, shundoq yonimizdagi xalqlar sheʼriyatini, nazmini esa “haminqadar” deb bilamiz. Kimnidir eʼtirof etar boʻlsak, oʻshanda ham uzoqdagilar tasanno aytganidan soʻng qabul qilamiz. Misol izlab oʻtirishning hojati yoʻq – Chingiz Aytmatov, Oʻljas Sulaymonov… Aslida, qardosh adabiyotlar bizning oʻquvchiga ruhan yaqinroq, unga koʻproq taʼsir etadi. Masalan, xuddi shu sababga koʻra, Togʻay Murod ijodini qoʻshnilarimiz payqashmayotganday.

Aliqulga qaytaylik. Qirgʻiz shoiri Aliqul Oʻsmonov hozirgi Panfilov tumanidagi Qaptalariq qishlogʻida tugʻilgan. Ota-onasidan erta yetim qolib, Pishpek va Toʻqmoq shaharlaridagi bolalar uylarida tarbiyalangan. 1932 yildan boshlab turli gazeta va jurnal tahririyatlarida ishlagan. Ilk sheʼri 1930 yilda matbuotda bosilib chiqdi. Dastlabki sheʼriy toʻplami 1935 yilda chop etilgan. 1937 yilda yosh shoirning yana ikki kitobi bosiladi. Ammo 1945 yilda nashr etilgan “Maxabat” (“Muhabbat”) toʻplami Aliqul Oʻsmonov ijodi qirgʻiz soʻz sanʼatida favqulodda hodisa ekanini koʻrsatdi. Shoirning juda koʻp asarlari qirgʻiz adabiyotining durdonalari hisoblanadi. Yuzlab sheʼrlar, koʻplab dostonlar, dramatik asarlar ana shular jumlasidan.

Qirgʻiziston yozuvchilar uyushmasi 1986 yilda Aliqul Oʻsmonov nomidagi mukofot taʼsis etgan. Shoirning sheʼrlari A.Voznesenskiy, M.Sinelnikov kabi shoirlar tomonidan ruschaga oʻgirilgan.

Aliqul oʻta hassos shoir. U qirqinchi yillarda – milliy adabiyotlarimizni “baxt taronasi” ruhi butkul qoplab olgan bir zamonda eng insoniy tuygʻular inja bir shakllarda ifoda etilgan yuzlab eng sara sheʼrlarini yozdi va adabiyot, eng avvalo, inson qalbining tarjimoni ekanini, hech qanday siyosat uni oʻzi tanlagan ushu bosh yoʻlidan chalgʻita olmasligini dalilladi. Shu fazilati bilan Aliqul Oʻsmonov, garchi atigi oʻn besh yil ijod qilgan boʻlsa-da, qirgʻiz adabiyotining eng yirik vakillaridan biriga aylandi, uning asarlari qirgʻiz sheʼriyatining eng nodir, mumtoz namunalaridan hisoblanadi.

Shoirning asarlari koʻplab tillarga, jumladan oʻzbek tiliga ham tarjima qilinib, toʻplamlarda bosilib chiqqan. Shoir tavalludining yuz yilligi munosabati bilan 2015 yilda uning sheʼrlari Arslonboblik shoir Qurbon Sattor tomonidan uning yetmishga yaqin sheʼri va bir poemasi oʻzbek tiliga tarjima qilinib, “Koʻl toʻlqini” nomi bilan Bishkekda kitob qilib chop etildi. Aliqulning oʻzbek adabiyoti bilan yana bir aloqador tomoni – uning xotini Zaynab Savronboyeva keyinchalik Toshkentga kelib yashagan va oʻtgan asrning elligincha-oltmishinchi yillarida Zaynab taxallusi bilan qirgʻiz adiblarining bir qancha asarlarini  oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 

Qurbon Sattor shoir va tarjimon Tursunboy Adashboyev (1939 –2017)ning shogirdi va izdoshi. Aslida, Aliqulning sheʼrlarini oʻgirish ham Tursunboy akaning tashabbusi, ragʻbati bilan amalga oshgan edi. Binobarin,  Aliqul Oʻsmonov asarlarining tarjimalarini havola etar ekanmiz, qirgʻiz soʻz sanʼatining bizdagi eng otashin targʻibotchisi Tursunboy Adashboyev (Alloh rahmatiga olsin)  nomini ham minnatdorlik bilan yodga olamiz. U kishi butun umri davomida ikki xalq adabiy aloqalarini rivojlantirish, jahon adabiyotining sara asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirish hamda oʻzbek bolalar adabiyoti rivojiga baholiqudrat hissa qoʻshdi.

Ushbu tarjimalar Siz aziz oʻquvchiga ham maʼqul keladi, deb ishonamiz va Qurbon Sattor bundan keyin ham Aliqul Oʻsmonovdan, boshqa qirgʻiz adiblarining asarlaridan yana koʻplab asarlarni ona tilimizga oʻgirib, oʻzbek tarjima adabiyotini boyitishidan umidvormiz.

 

Zuhriddin Isomiddinov

 

“Jahon adabiyoti”, 2018/1

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x